Nodira Afoqova

NODIRA AFOQOVA
Nodira Afoqova – adabiyotshunos olima va shoira. U  1966 yilda Buxoroda tug‘ilgan. Buxoro universitetida tahsil olgan. Filologiya fanlari doktori. Buxoro davlat universiteti professori.
Nodira Afoqova Bir necha she’riy va tarjima to‘plamlar muallifi. Shoiraning “Bahorning boshlanishi”, “Arosat fasli”, “Ko‘ngil shevasi”, “So‘z ayvoni”, “Qora navo”, “Vatan darslari” kabi to‘plamlari nashr etilgan. 
“Fitratning tushlari”, “Jazo” dostoni; “Muhammad (s.a.v) dedilar…”, “Xayyom  chodirinda”, “Muhabbatnoma”, “Faqat Sen bilursan”, “Hazrat Navoiyning yetti go‘zali”  she’riy turkumlari muallifi. 
Nodira Afoqova – tarjimon sifatida Alisher Navoiyning “Ruh ul-quds” qasidasini forsiydan; Leonid Andreevning “Yahudo Iskariot” qissasi, Gi de Mopassan, Konstantin Paustovskiy hikoyalari ham Mixail Lermontov, Marina Svetaeva she’rlarini rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan.
Nodira Afoqovaning adabiyotshunos sifatida  «Jadid lirikasida musammat», «Jadid g‘azaliyoti», XX asr o‘zbek adabiyotida ruboiy va qit’a», «Shavkat Rahmon olami» (hamkorlikda)   va boshqa bir qator ilmiy-adabiy kitoblarning  muallifi hamdir.
She`rlaridan namunalar
***
Uyg‘otgil o‘shani – uyg‘ot yog‘duni.
Nomus sanalmagan nomuslar haqqi.
Qonimizning alvon tanalarini
Kuyaday yeb ketgan hibslar haqqi,
Uyg‘otgil o‘shani – uyg‘ot yog‘duni.
Rangsiz lablarimda Allohning so‘zi.
Chorasiz uzlatdan so‘rovdim panoh.
Ko‘zimga ko‘milgan haqiqat ko‘zi
Senga termulmakda. Javob yo‘q. Evoh!
Rangsiz lablarimda Allohning so‘zi.
Shodlanmoqqa qo‘ymas nimadir hanuz,
Pisand etmas Vaqtni. Sudralib kelar.
Qichqirib, kul bo‘lgan qaqnusmiz, qaqnus.
Qayta tug‘ilmoqqa yo‘l bermas ular.
Shodlanmoqqa qo‘ymas nimadir hanuz.
Ko‘zyoshdan qo‘rqmagan ayg‘oq ko‘ppaklar,
Qarg‘ishdan qo‘rqmagan bir to‘da kibor,
Xundan qo‘rqmagan shum ko‘rshapalaklar,
Iymon ahlidurkim, eturlar abgor
Allohdan qo‘rqmagan zulmparastlar.
Sen buyuk soyasan. Uyg‘otgil, uyg‘ot!
Ichimizda bir kuch yotar emranib.
Ichimizda Kun bor – ko‘tarolmas bosh.
Kuydirgay ul muhlik, yo qolgay so‘nib.
Sen buyuk soyasan. Uyg‘otgil, uyg‘ot!
Uyg‘otgil o‘shani – uyg‘ot yog‘duni.
“Qonga qon!” na’rasi tortilmay turib.
Bir xalqkim – o‘zini va Haqni tanir –
Vahshat-la qo‘zg‘olur… o‘shandan burun
Uyg‘otgil o‘shani – uyg‘ot yog‘duni.
18.08.2017
ARAFA
Hademay osuda tortadi quyosh.
Zaminni o‘raydi gulday havolar.
Olis kechalarda bamisli ko‘z yosh
Oqib kelaverar g‘amgin navolar.
Olis kechalarda uzooq-uzooqdan
Oy nurida yo‘lga tushadi kimdir.
Erigan zumradlar oqqan soyloqda
Balki mahzun bo‘lar, cho‘kmaydi ko‘ngil.
Ayvondan qaraysan xotirfaromush:
Tuproqqa tushguncha o‘ynar xazonlar.
Qaydandir sokinlik, yot bir osoyish
Ruhingda suzadir moviy oqshomlar.
Har jism shaffofday…
Qa’da ichinda
Ko‘ksingga termulib, chekursan iyzo.
Behuda umidlar qiynamas endi.
Boricha anglaysan – ne bo‘lsa dunyo.
Hademay azaliy sokinlik inar.
Munojot aytasan subhi kozib payt.
Ko‘klardan ilohiy bir nafas enar:
“So‘ragil, so‘ragil… so‘ragil faqat…”
31.08.2017
***
Chaqir meni.
Chaqir ismimni aytib.
Parcha-parcha bo‘lsin bu tun, bu mash’um.
Ehtimol, tugadi umrimiz o‘tib.
Balki, bir soniya qoldi, mahbubim.
Sensiz hayotimni so‘rama ne deb.
Yodimni qaytadan aylama xarob.
Ming yil ko‘zalarning tubida yotib
Muhlik bir og‘uga aylangan sharob.
Shabiston mulkini etdilar barpo.
Xayrsiz istaklar, shaytoniy tug‘yon –
Quyoshning yo‘lida turganday go‘yo…
Ko‘lankaga cho‘mmish biz turgan makon.
Isrofil surini chalganidan so‘ng
Birga bo‘lajakmiz. Bu taskin – achchiq.
Tobora uzayib ketmoqda-ku tun.
Sen uni parchala ismimni aytib.
Qo‘lingni tushirma. Men tomonga cho‘z.
Aytilmagan So‘zlar tug‘ajak alam.
Parchalab bo‘lmas ul ko‘lkani hargiz,
Birga bo‘lmoq kerak bu dunyoda ham.
Ko‘zlarga sochilgan sho‘r tuproqlar haqqi,
Qonimiz aynitgan titroqlar haqqi,
Isming aytay desam,
Ismim aytay desang,
O‘rtaga tashlangan nifoqlar haqqi;
Muqaddas chog‘larda o‘zimiz aytib
O‘zimiz ishongan yolg‘onlar haqqi,
Yashaylik bu sarob umrimiz bitib,
Faqat bir soniya qolgani kabi.
Chaqir meni. Chaqir ismimni aytib
Ko‘zlarda porlagan o‘limlar haqqi…
2-3.09.2017
***
Shamol tashrifiga darchamni ochdim.
Qonday qizartirdi xonamni shafaq.
Quyosh – tomayotgan tomchi ko‘z yoshdir.
Ruhimda ibtido… yodimda “Alaq”…
Balki, u so‘ng bora bormoqda botib
Parishon yog‘duga chulg‘ab dunyoni.
Balki, Sen olisdan lolalar otding.
Balki, shundan porlar g‘urub osmoni.
Xayollar tubidan solaman nigoh.
Sumbula shomlari hilpirar sarmast.
Bir nasim yelmoqda… qayg‘u nima, o!
Hatto shodliklarga dosh berolmas qalb.
Haqiqat nimadir? So‘rarlar…
Lekin
Bir sado kelmaydi ming yildan nari.
O! ayni soniya haqiqat shulkim,
Ufqni yopmishlar gul yaproqlari.
Yorug‘lik izladik, balki, bu – xato,
Alardan – qalbiga muhr tushganlar.
Qaytadan dunyoga kelsak, mabodo,
Shunday yashar edik… shunday muqarrar.
Xayol dunyosida yasharmiz, haqrost.
Umid solayotir shafaqlar raqsi.
Botib borayotgan quyosh-ku,
Biroq,
Nechun ko‘zlarimda lolalar aksi?
08.09.2017
***
Umrning yana bir quyoshi botdi.
Mana, ey qurbonlik so‘ragan osmon.
Ismi Qizil dengiz lojuvard tortdi.
Qo‘llarini cho‘zib keldi men tomon,
Qo‘llarini cho‘zib cho‘kdi-ku Quyosh –
Sirlar sarvatidir Tangrimning mulki.
Qo‘y meni…
Bermaysan nechun osoyish:
U quyosh, u dengiz Sen eding balki.
Muhlikdir, muhlikdir bo‘hton zarbasi.
Tilarmen yodingni unutmoq faqat.
Ba’zan so‘nsa deyman aql shu’lasi –
So‘nsa edi deyman qilolmay toqat.
Manguday bir kuch bor… Kimman qoshida?
Nimadir sochadir ajaldan yomon.
Mozoriston kabi sokin-osuda
Yo‘llar ilikkacha so‘rdi beomon.
Unutmoq umidi yashatar meni.
Bu yon haydab keldi nokomlik, sabr.
Quyosh, tug‘ilmoqni o‘rgat har kuni,
Singan ruhiyamga yangi bir shavq ber.
Tog‘day qoyim turgan ilohiy suvlar,
Mardud fir’avnni tuflagan dengiz,
Men Sizni taniyman!
Engmay qayg‘ular
Azaliy ruhimga qaytaring hargiz.
…Cho‘kkan quyosh sori termulaman jim.
Bir tanish kuy ichra jismim chayqalar.
O! menga ergashib keldilar balkim.
Aylanib raqs etar darvesh shamollar:
“O‘zi suygan oshiqlarin sarson qilur”…
“O‘zi suygan oshiqlarin sarson qilur”…
25.09.2017
OZODLIK
Na bo‘ldi – ilohiy jaranglar kecha.
Yo Qodir! Billurga to‘ldi-ku osmon.
Boshimni tuproqqa qo‘ydim, tilimga
Eng birinchi kelgan isming – yo Rahmon!
Ko‘zimdan yechildi qayg‘u qorasi.
Arshingmi – ko‘ryapman, yo Kariym!
Azonga qo‘shilib ko‘z yoshim oqdi,
Yo Mujiyb! Yo Mone’! Yo Rahiym!
Singan suyaklarim tushmoqdalar raqs.
Bu raqsi samo’dur, yo Qayyum!
Qancha shoirlaring o‘ldilar, yo Haq!
Yo Jalil! Yo Aliym! Muntaqiym!
“Nusrat ham bormidi, ey g‘ayur dunyo?” –
Oshkora bo‘zladim, yo Sabur!
Ko‘ksimda uyg‘ondi Xaloskor daho .
Yo Ra’uf! Yo Vadud! Yo Shakur!
Tun bilan o‘ralgan kunduzlar.
Asrori mukarram, yo Badiy’!
Bu qaro boshimni to mahshar
Tuproqdan ko‘tarmay, yo G‘aniy!
Ne kunlar o‘tdilar, Ilohim.
Ne Kunlar botdilar, Ilohim.
O‘rtada parda yo‘q, Ilohim,
Ohimiz yetdilar, Ilohim…



Nodira Afoqova Adibimizga tegishli asarlarimiz

Jadid G`azaliyoti

Nodira Afoqova