Xotira

YETMISH YOSHNING BOYLIGI

Yoshing o‘tgani sari ko‘ngil noziklashib borar ekan. Buni yaqinlardan ayrilganda ko‘proq his eta boshlaysan. Har bir o‘lim yurakning qay bir tomirini uzib ketganday bo‘ladi. Eng muhimi, o‘z umringning ham ko‘pi o‘tib, ozi qolganini, shoshilish, ko‘proq ezgu ishlar qilishga ulgurish kerakligini o‘ylaysan.

Xotira

 

YETMISH YOSHNING BOYLIGI

 

Yoshing o‘tgani sari ko‘ngil noziklashib borar ekan.  Buni yaqinlardan ayrilganda ko‘proq his eta boshlaysan. Har bir o‘lim yurakning qay bir tomirini uzib ketganday bo‘ladi. Eng muhimi, o‘z umringning ham ko‘pi o‘tib, ozi qolganini, shoshilish, ko‘proq ezgu ishlar qilishga ulgurish kerakligini o‘ylaysan.

Jurnalist, publitsist,  shoir, tarjimon, tadqiqotchi, diplomat, jamoat arbobi Nasriddin Muhammadiyevning vafot etganlari haqidagi noxush xabar ham dilga shunday qattiq botdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida aka bilan birga ishladik. 1994-yilning 1-noyabri kuni “Spich rayter” (“Nutq yozish”) guruhi rahbari sifatida ishga qabul qilindim. 4-qavatdagi eshiklarning birida akaning ism-familiyalari yozilgan ekan. Lekin ishga kiribdilaru Vazirlik u kishini Germaniyaga ikki oylik o‘qishga jo‘natibdi. Boshqa-boshqa bo‘limda edik.

1996-yilning 1-noyabridan Vazirlik huzuridagi “Jahon” axborot agentligining u kishi boshqaradigan Tarjimalar xizmatiga qarashli  “O‘zbek tahririyati” mudiri bo‘lib o‘tdim.

Bir xonada besh kishi o‘tiramiz. Kim ko‘p, u kishining tanish-bilishiyu yoru birodari – ko‘p. Mana bu satrlari bekorga bitilmagan:

 

                       Yarim asr yo‘l yurib, topgan boyligim – do‘stlar,

                       Tashvishu quvonchimda barin jamuljam ko‘rdim.

 

Chindan ham, xonadagi telefonning qulog‘i bo‘shamaydi hisob. “Nasriddin aka  borlarmi?” – degan savolga: “Borlar”, – deyishga ham, “Yo‘qlar”, – deyishga ham hayronsiz. Chunki: “Borlar”, – deguningizcha lip etib chiqib ketib qoladilar, “Yo‘qlar”, – deb turgan joyingizda chopqillab kirib kelayotgan bo‘ladilar...

Rosti gap, kamina umrimda bunday chaqqon odamni kam ko‘rganman. Eng muhimi, bu chaqqonlik akani umrlarining oxirigacha tark etmadi. Shuni inobatga olib bo‘lsa kerak, yaqinlari u kishi haqlarida hazillashib: “Ko‘hna va hamisha navqiron”, – degan ta’rifni ishlatishar edi.

Qalamkashlik – Nasriddin akaga ota meros kasb edi.  Rahmatlik Misriddin Muhammadiyev naqd o‘ttiz besh yil Yakkabog‘ tumani gazetasiga muharrirlik qilganlar.

Nosir Muhammad – avvalo, shoir. Ko‘p-ko‘p she’riy kitoblari bosilgan. Shirin-shirin g‘azallari bor. Aksari qo‘shiq ham qilib kuylanadi. “Sumalakdan tosh chiqdi” degan she’rlari o‘tgan asr oxirlarida juda mashhur qo‘shiqlardan biri edi.

Millionlab teletomoshabinlar u kishini xalqaro sharhlovchi sifatida biladi. Ayni soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shdilar. Bu kasbning ham o‘ziga xos injiqliklari bor. Xalqaro sharhlovchi – butun jahon bilan hamnafas yashashga majbur. Dunyoda esa nima ko‘p, axborot – ko‘p, voqea-hodisa – ko‘p. Shuning hammasidan boxabar bo‘lib, ularni saralab, tahlil etib, el oldiga chiqish oson ish emas.

Xalqaro hayotdagi har bir voqea-hodisaga, avvalo, o‘z davlatimiz va xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildirish zarur. Shu tariqa bu qalam sohibi publitsistikasida yangi bir yo‘nalish paydo bo‘ldi. U xorijdagi hayot, turli voqea-hodisalardan kelib chiqib, bevosita o‘zimizga aloqador masalalar topar va shu yo‘l bilan o‘ziga xos ta’sirchanlikka erishar edi. 

Bir yorqin dalil keltirish mumkin. AQShning Alabama shtatidagi Enterprayz shahrida 1915-yili bir g‘aroyib haykal o‘rnatilgan. Unda  paxtaga qiron keltirgan qo‘ng‘izni ko‘tarib turgan bir ayol aks ettirilgan. Xo‘sh, nega? O‘shanda bu shtatda paxta yakkahokimligi hukm surar edi. Qo‘ng‘izlar paxtaga qiron keltira boshladi. Uni bartaraf etishning hech yo‘li topilmadi. Oxiri yerlarga paxta emas, boshqa ekinlar ekishga majbur bo‘lishdi. Kutilmagan natija yuz berdi. Xalq paxtadan ko‘ra ko‘proq daromad ola boshladi. Haykal alabamaliklarning qo‘ng‘izdan minatdorliklari ramzi edi...

Qissadan hissa esa – ma’lum: paxta yakkahokimligidan qutulish O‘zbekistonimiz uchun ham ana shunday foyda keltirishi – aniq. 

Bundan chorak asr muqaddam ko‘tarilgan bu muammo qisman hal etildi. Paxta yetishtirish mamlakatimizda qariyb ikki barobarga kamaydi. Ammo paxta o‘rniga boshqa ekin ekib, undan ko‘ra ko‘proq foyda olish uchun kurash hamon jadal davom etayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ko‘p-ko‘p sersuv va serhosil tumanlarimiz paxta maydonlari o‘rniga boshqa serunum ekinlar ekishga qattiq kirishgan. Hatto, yetti uxlab, tushimizga kirmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtira boshladik. Axir, bosh maqsad – iqtisodiy foyda ko‘rish. Paxta bosh maqsad emas-ku. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-8-iyul kunlari Namangan viloyatida bo‘lganlarida yaqin uch yil ichida Chortoq tumanida paxta yetishtirishga butunlay chek qo‘yib, o‘rniga boshqa serunum ekinlar ekishga o‘tilishini aytdilar.

Xalqaro sharhlovchilik Nasriddin akani Tashqi ishlar vazirligi sari yetakladi. Uchinchi kotib diplomatik martabasiga ham ega bo‘ldilar. Harbiy unvonlarga qiyoslasak, bu leytenantga to‘g‘ri keladi.

Xalqaro mavzularda yozadigan, radio va televideniye orqali chiqishlar qiladiganlar uchun til bilish – suvu havodek zarur.  Aka, rus tilidan tashqari,  fors-tojik, nemis va turk tillarini puxta o‘zlashtirgan edilar.

Tashqi ishlar vazirligidagi taomilga ko‘ra, bir xorijiy tilni bilganlarga  20, ikkitasini  bilganlarga  esa 30 foiz qo‘shimcha haq to‘lanadi. Ammo buning uchun har ikki yilda bir bor maxsus komissiyaga imtihon topshirib, yetarli ball to‘plashingiz kerak.  Aksariyat diplomatlar bir tildan imtihon topshirar va bu imtiyozdan bir til bo‘yicha foydalanar edi. Ammo Nasriddin aka  ham turk, ham olmon tilidan imtihon topshirib, 30 foiz qo‘shimcha haq olar edilar. Aytmoqchi, 1976 – 1979-yillari Eronda tarjimon bo‘lib ishlagan ham edilar. Boya eslaganimizdek, 1994-yili Germaniyaning Berlin shahridagi Xalqaro jurnalistika institutida ikki oylik kursda ham o‘qib keldilar. 1996 – 1999-yillari O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi elchixonasida press-attashe bo‘lib mehnat qildilar. “Dunyo ko‘rgan yigit” degan ta’rif shu kishiga juda mos tushar edi.

Fors-tojik tilidan Abu Ali ibn Sino, Abdulloh Ansoriy, Jaloliddin Rumiy, Amir Xusrav Dehlaviy, Alisher Foniy (Navoiy), nemischadan Haynrix Hayne, Yohann Volfgang Gyote, Yohannes Bexer, ozarboyjonchadan Mirzo Aliasqar Navras, Baxtiyor Vahobzoda, tatarchadan Abdulla To‘qay, qoraqalpoqchadan To‘lepbergen Matmurodov asarlaridan namunalar tarjima qilgan edilar. Tojikcha she’riy mashqlari ham bor edi.  Ayrim asarlarini o‘zlari tojikchaga o‘girgan edilar. SHe’rlari rus, ozarboyjon tillarida ham chop etilgan.

O‘tgan yilning dekabrida Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘tkazgan xalqaro ilmiy anjumanga qatnashish uchun Dushanbe shahriga borib keldim.

– Qaysi tilda ma’ruza qildingiz? – deb so‘radilar Nasriddin aka.

– Gapni o‘zbekcha boshlab, tojik tilida ma’ruza qildim, – dedim.

– CHyort-yey, menda og‘zakisi – chatoqroq, tojikcha gapirishni ko‘proq mashq qilishim kerak.

Yetmish bir yoshning shashtiga qarang!

Bir g‘azallarida:

 

Navo bo‘lsa, Navoiyning navosidek navo bo‘lsin, –

 

degan misraga duch kelamiz. Navoiydan navo istash uchun esa, shubhasiz, uni obdon mutolaa qilish, vaqt – umr sarflash, lug‘atlar bilan ishlash, asarlari mag‘zini chaqish kerak. Navoiyni o‘qish bilan uqishning o‘rtasida katta farq bor. Ochig‘i, hozirgi zamon o‘zbek qadamkashlarini, hech ikkilanmasdan, “Navoiyni o‘qiganlar” va “Navoiyni o‘qimaganlar”ga bo‘lish mumkin. Shu ma’noda aka birinchi toifa qalamkashlar sirasiga kirar edilar.  SHe’rlaridagi sharqona ruh ham, aruz vazniga moyillik ham, forsigo‘y shoirlar asarlaridan tarjimalar ham shundan dalolat beradi.Nosir bugungi shoirlarimizdan har kimning ham bu ulug‘ bobokalonimiz merosiga tishi o‘tavermaydi. Nasriddin akaning Navoiyga  mehrlari juda baland edi.

Navoiy ijodi shunday ummonki, unga bir sho‘ng‘igan kishi bu keng va buyuk makon tubidan nimadir, ya’ni durmi-marvaridmi topib chiqishi – muqarrar. Keyin, tabiiyki, buni elga oshkor qilish tuyg‘usi uni bezovta qiladi. Shunda shoir beixtiyor shorihga aylanishi ham mumkin. O‘qib, uqqanlari haqida ilmiy yo ilmiy-ommabop maqola-sharhlar bita boshlaydi. Bu esa ikkinchi bir o‘quvchining ishini yengillatishi – aniq.

Nasriddin Muhammadiyev ham buyuk shoir merosi mutolaasida nimanidir aniqlashtirgan, qay bir bayt yo parcha mohiyatini o‘ziga xos tarzda tushungan, qay bir asarlari bilan boshqa qalamkashlar o‘rtasida vobastalik ko‘rgan. Shularni aytgisi, kitobxonlar bilan baham ko‘rgisi kelgan.  

Bir maqolalarida bobokalon shoirimiz g‘azallaridagi  sarg‘ayma (sariq) kasali bilan bog‘liq tasvirlarni erinmay tahlil qilganlar. “Sorg‘oribtur lolaro‘yim...” sarlavhali shu tadqiqotlarini o‘qib, shunga o‘xshash maqolalarini to‘plab, kitob qilish g‘oyasi aytildi.  Ko‘p o‘tmay, “Anqoni  mahram qildingiz... (Navoiynoma)” kitobi tayyor bo‘ldi. Kamina so‘zboshi yozdim, mas’ul muharrir bo‘ldim. 2004-yili “Ma’naviyat” nashriyoti chiqardi. Shu tariqa bu to‘plam navoiyshunosligimizga o‘ziga xos hissa bo‘lib qo‘shildi.

Kamina bundan 21 yil burun  50 yoshga to‘lganlarida u kishi haqlarida “O‘zbekison ovozi” gazetasining 5-dekabr sonida “Yarim asr boyligi” degan maqola  chiqartirgan edim. O‘shanda, jumladan, shunday deb yozgan ekanman: “Mushtum”  jurnali Nosir Muhammad she’rlarini chop etar ekan, muallif haqida: “Fazoviy tezliklarni bir qadamda hal qiladi-qo‘yadi”, – deb qayd etgan edi. Chindan ham, qalamkashning kitoblar, xususan, gazeta-jurnallar sahifalariga sochilgan, radio va televideniye mavjlariga yoyilgan o‘ttiz yillik ijodi mahsullari shunday xulosa qilishga asos beradi. Ayrimlari batartib, ko‘pi betartib sochilib yotgan bu qirqimlarni bir-bir varaqlar  ekanman, ota-bobolarimiz bekorga devon tartib berishni yoki kulliyotlar kitobat qilishni yo‘lga qo‘ymagan ekan, deb o‘ylayman...”

Oradan yillar o‘tdi. Bugun mamnuniyat bilan ayta olamizki, bu sohibi qalam yozganlarini yig‘ib, aksarini kitoblar tarzida chop etishga ulgurdilar.

Hamisha yelib-yugurib yuradigan bu jonsarak insonga xos bir xususiyatni alohida qayd etish lozim. Ko‘pchiligimizning xayolimizda,  doimo labida xanda, yuzida tabassum bilan yuradigan kishilar hayotning achchiq jihatlari, insonni qiynab tashlaydigan muammolarini yaxshi his etmaydi yoki ataylab o‘zlarini ulardan chetroq olib yuradi, degan xato tasavvur – hukmron. Nasriddin aka ana shu xushchaqchaq kayfiyatu hazil-mutoyibalar orasida ko‘pincha kutilmaganda ajoyib hayotiy xulosalar aytib tashlayverar edilar. Ularni eshitib,  mag‘zini chaqqan kishi maza qilar edi.

Aka jinday erinchoqliklarini, yillar matbuot sohasida ishlayverib, qog‘ozdan bezib qolgandek tuyuladigan kayfiyatlarini yenggan mahallarda ana shu durdona fikr-mulohazayu xulosalarini bitib, gazeta va jurnallarda bostirib ham turar edilar. Ularni, haqli ravishda, o‘tgan umr mevalari, deyish mumkin.

Akada jurnalistik kuzatuvchanlik, sezgirlik, zukkolik kuchli edi. Birgina misol keltiraman.

1998-yili Germaniyaga o‘n kunlik jurnalistik safarga bordim. Birinchi kuni Andrias degan tarjimon:

– Sizga bir syurpriz tayyorlab qo‘yilgan, – dedi.

To‘qqizinchi kun boshlandi hamki, syurprizdan darak yo‘q. Shu kuni Podstam shahridagi ikki asr burun Prussiya knyazi qurdirgan shohona qasr ziyoratiga bordik. Katta bir zalning bir devoriga Amir Temurning Boyazid Yildirimni so‘roq qilayotgani holati shunday katta bir polotno qilib ishlanganki, ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldim.

– Buni Prussiya knyazi: “Ey nemislar, bu zalga kirganda ana shu ulug‘ zotga ta’zim qilinglar, chunki u Prussiyaning xaloskori!” – degan g‘oyani o‘z xalqi ongiga singdirish uchun chizdirgan, – dedi gid.

O‘zbekiston fuqarosi uchun bundan qimmatroq syurpriz bo‘lmasa kerak!  

Bu voqeani aytib bersam, aka ertasiga ana shu polotno haqida yozgan maqolalarini ko‘rsatdilar. 1994-yili Germaniyada bo‘lganlarida uning ziyoratiga borib, ta’sirlangan, shuni qog‘ozga tushirib, chiqartirgan ekanlar.

Nasriddin akaning asarlari, do‘stlari – boyliklari edi. Chinakam boyliklari esa – dilbar ayollari, qizlari, to‘rt o‘g‘illari, kuyovu kelinlari, nevaralari...

Xullas, bularning bari – misqollab yig‘ilgan sarvatlar. Hech kim bir umr ter to‘kib to‘plagan boyligini yelga sovurgisi kelmaydi. Endi ana shu boylikdan foydalanish davri ham yetgan edi...

O‘tgan yilning 4-noyabri kuni G‘ijduvonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev bilan Buxoro viloyati saylovchilari bilan videouchrashuvi o‘tkazildi. Unda Toshkentda yashab,  ijod qilayotgan bir guruh asli buxorolik ziyolilar vakillari qatori ishtirok etish nasib etdi. Shu yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev viloyatdan chiqib, mashhur bo‘lgan ziyolilar tez-tez o‘z tug‘ilib o‘sgan joylariga kelib, kerak bo‘lsa, o‘zlari o‘qigan maktablarda uchrashuvlar o‘tkazishi lozimligini ta’kidladilar. Shundan o‘n-o‘n besh kun o‘tmay Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi asli buxorolik ziyolilardan iborat bir guruhni viloyatga yubordi. Guruh a’zolaridan biri bo‘lgan xonandamiz uzrli sababga ko‘ra bora olmadi. Bir taniqli aktyorimiz Toshkentga bir kun oldin qaytdi. Pul ko‘chirish yo‘li bilan sotib olingan ikkita qaytish bileti guruh rahbari qo‘lida qolib ketdi. Naqd pulga olinmagani uchun uni qaytarish imkoni ham yo‘q ekan. Shunda Buxoro temir yo‘l vokzalida Respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori Nasriddin Muhammadiyev bilan shu Markaz faollaridan bo‘lmish professor Baxtiyor Karimovni ko‘rib qoldik. Tezyurar elektr poyezdiga biletlarning bari sotilib bo‘lgan, xizmat safari bilan borgan bu ikki mehmonning boshlari qotib turgan ekan. Ana o‘sha bo‘sh biletlar hisobidan ularni ham guruhimiz a’zosi hisoblab, birga poyezdga olib chiqdik. Nasriddin akaning bolalarcha samimiyliklarini qarangki, vagonga chiqqandan keyin guruh rahbaridan necha pul to‘lashlari kerakligini so‘rayaptilar-da. Holbuki, bu biletlarning puli oldindan to‘langan, buni guruh rahbari u kishiga aytgan ham edi.

Yashirib nima qildik, poytaxtdan mintaqalarimizga xizmat safari bilan borgan ayrim rahbar shaxslar o‘sha yerdagilarga zug‘um qilib, har qanday yo‘l bilan bilet oldirtiradi. Buxoroda ham milliy madaniy markazlar bormi? Bor. Respublika tashkilotining rahbari bu vazifani viloyat hokimiyati gardaniga yuklab qo‘yishi hollari ham uchrab turadi. Biroq Nasriddin aka undaylardan emas edilar. Umrlarining oxirigacha halollik va poklikni o‘zlariga shior bildilar, hech yerda, hech kimning oldida o‘z qadrlarini tushirmadilar.

Akaning biror marta biror kimsaning g‘iybatini qilganlarini bilmayman. Boshqalar ham u kishining biror-bir dushmani bo‘lganini, hatto, tasavvuriga ham keltira olmasa kerak.

O‘lim – haq. Lekin hamma ham o‘limi yaqinlashganini oldindan sezavermaydi, chog‘i. Sezganlarida edi, o‘limlaridan bor-yo‘g‘i o‘n kuncha oldin qo‘ng‘iroqlashganimizda kaminadan islomshunos Komiljon Rahimovni topib berishimni so‘ramagan bo‘lar edilar. Ertasiga Komiljon u kishi bilan gaplashsalar, Turkiyadan Sohibqiron Amir Temurning Yildirim Boyazidga yozgan fors-tojik tilidagi uchta maktubi nusxasini olib kelganlarini, tili va uslubi murakkabroq bo‘lgani uchun tarjimasiga biroz qiynalganlarini, shunga jindak yordamlashib yuborishni iltimos qilibdilar.

– Kasalxonadan javob bo‘ldi. Hozir sanatoriydaman. Tez kunda ishga chiqaman, qo‘ng‘iroqlashib, uchrashamiz, – debdilar.  

– O‘sha kuni bu bir iltimos edi, endi esa u vasiyatday bo‘lib qoldi. Uylariga bog‘lanib, shu maktublar nusxasini topasiz, tarjima qilasiz, “Naqshbandiya” jurnalida  chiqaramiz, – dedim Komiljonga.

Vafodor do‘st, sadoqatli shogird edilar. Xususan, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovdan  tez-tez xabar olib turar, u kishi bilan bir-ikki qo‘l shohmot o‘ynab qaytar edilar. Ustoz shoirimiz, garchi poytaxtimizning Talabalar shaharchasiga yaqin Bo‘ston mahallasida tursalar ham, ijodxonalari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining sobiq binosi atrofida, ya’ni Baynalmilal madaniyat markazidan piyoda borsa bo‘ladigan yerda edi. Janoza kuni Erkin akaning o‘g‘illari Xurshidjonning yuzida amakisini yo‘qotgan jiyandagi kabi bir mung ko‘rdim.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining farmoni bilan aka “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga musharraf bo‘lgan edilar. Bu yil yanvar oyida Baynalmilal madaniyat markazi tashkil topganining 25  yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida u kishiga  “Mehnat shuhrati” ordeni topshirildi.

Xalq va davlat e’tirofida bo‘lgan zotlar aslo o‘lmaydi. Ular qoldirgan boy meros toabad ezgulikka xizmat qilaveradi.

 

 

Sultonmurod  OLIM,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

📚 Yuklab olish 📖