hayoti va ijodi

Qozi Qurbonxon Fitrati Vardonzehiy (Hayoti va ijodiga oid ayrim qaydlar)*

XIX asrdagi Buxoro adabiy muhitining e’tiborli vakili Qozi Qurbonxon Fitrat hayoti va ijodiga oid ma’lumotlarning behad kam qismi bizgacha yetib kelgan. Mavjud manbalarda uning nomi turlicha qayd qilingan. Tazkiranavis Muhtaram “Tazkirat ush-shuaro” asarida Qozi Qurbonxon Fitrat desa , Sadr Ziyo “Navodiri Ziyoiya” asarida Mullo Qurbon Fitrat tarzida yozib, qozilik amalida ishlaganiga ishora

Qozi Qurbonxon Fitrati Vardonzehiy

(Hayoti va ijodiga oid ayrim qaydlar)*

 

 

Manba: O. Safarov, Buxoro adabiy harakatchiligi tarixining ayrim manzaralari

 

 

     XIX asrdagi Buxoro adabiy muhitining e’tiborli vakili Qozi Qurbonxon Fitrat hayoti va ijodiga oid ma’lumotlarning behad kam qismi bizgacha yetib kelgan. Mavjud manbalarda uning nomi turlicha qayd qilingan. Tazkiranavis Muhtaram “Tazkirat ush-shuaro” asarida Qozi Qurbonxon Fitrat desa[1], Sadr Ziyo “Navodiri Ziyoiya” asarida Mullo Qurbon Fitrat tarzida yozib, qozilik amalida ishlaganiga ishora qila turib, “husnu jamolda, fazlu kamolda betimsol, tengsiz shoir, muammo yechishda yagona” bo‘lganligini qayd etadi[2]. Ustod Sadriddin Ayniy esa “Namunahoi adabiyoti tojik” antologiyasida uning ismini Qozi Qurbonxon Fitrati Vardonzehiy tarzida yozib, vafoti hijriy 1305 (1887/88) yilda voqe bo‘lganini qayd etadi[3]. Bu ma’lumotdan uning Shofirkon tumanining Vardonze dahasida tug‘ilganligi ayonlashsa-da, ammo qachon va qaysi oilada tug‘ilgani  hozirgacha aniqlangani yo‘q. (Shoirning Shofirkon tumanidagi Qumbosti qishlog‘ilik nevarasi Akram Ahmadjonovning onasi Fazilat Qurbon qizidan eshitganlari asosida guvohlik beradiki, Qozi Qurbonxon bir o‘g‘il va ikki qiz ko‘rgan. O‘g‘li yoshligidayoq nobud bo‘lgan. Katta qizi qumbostilik Ahmadjonga uzatilgan. Ular Risolat, (1908-1986), Salima (1910-1986), Rahima (1925-1987) otlig‘ uch qiz va Akram otlig‘ o‘g‘il ko‘rishgan. Risolat dodbog‘nilik Nurnazar To‘ra o‘g‘li bilan turmush qurib, 4 farzand ko‘rsa-da, uchtasi bolaligidayoq nobud bo‘lgan, faqat Hojimurod otlig‘ o‘g‘li ulg‘ayib, Buxoro pedagogika institutining fizika-matematika fakulteti 3-bosqichida o‘qiyotganida ikkinchi jahon  urushi boshlanib qolgan va u urushga safarbar etilgan. 1943 yilda bedarak yo‘qolganligi haqida qora xat kelgan. Salima Qarshiyon qishlog‘ida turmushga chiqqan, uch qizu ikki o‘g‘li bor. Rahima Kelachi qishlog‘ida turmushga chiqqan, bir qizu bir o‘g‘li bor.

     Akram – ikki o‘g‘ilning otasi, o‘nlab nevaraning bobosi.

     Kichigi – Ruxsat Qurbon qizi Buxoro shahriga turmushga uzatilgan. Yakkayu yagona Olima ismli qiz ko‘rgan. Olimaning Salima, Usmon va Farhod ismli farzandlari Buxoro shahrida yashamoqdalar).

     A. Abibov esa “Fitrat – taxallusi Qozi Mullo Qurboni tumani Vardonzihist…”[4] qabilida mulohaza yuritib, shoir nomidan ilgari har ikki kasbni ifoda etuvchi atamani baravariga nomga tirkab, o‘zicha yangilik yaratmoqchi bo‘ladi. Holbuki, shoirning asl nomi Qurbon bo‘lib, “mullo”, “qozi” nisbasi – shu amallarda ishlab, e’tibor qozonganini anglatsa, “Fitrat” adabiy taxallusidir. Buni Sadr Ziyoning tubandagi mulohazasi tasdiqlaydi: “Fitrat – mullo Qurboni Buxoriyning taxallusidir”[5]. Chindan ham u yuksak aqlu zakovat sohibi edi, so‘zni behad nozik tuyardi, tabiatan latif inson bo‘lgan. Sadr Ziyo u bilan “sodiq do‘st va shafiq muhib”ligidan faxrlanardi, binobarin, uning qator shaxsiy fazilatlarini qayd etib o‘tadi.

    Kunlarning birida u do‘stidan “niholiy” so‘zi ma’nosini sharhlashni so‘ragan ekan, Fitrat darhol tubandagi ruboiyni aytib qolibdi:

                                     Ey rangi ruhat ba rangi oli mashhur,

                                     Yoqut labat ba xushkamoli mashhur.

                                     Az nahli qadi tu bahravar shud to‘shak,

                                     Gardad az on ro‘ ba niholi mashhur.

    Mazmuni: Ey yuzingning rangi qizilligi bilan mashhur, yoqut lablaring xushguftorlikda mashhur. Qadding niholidan nafaqat to‘shagim-gilamim (gilamga solingan nihol naqshiga ishora) bahramand, balki niholday qomatingdan xonadonimni ham yashnatib, mashhur qilib yubording.

    Shoir bunda iyhom san’atini qo‘llab, dastlab gilamga solingan nihol naqshiga ishora qilsa, so‘ngra shu vosita bilan qomatning niholday nazokatligiga ishora qila turib, so‘zning omonimik ma’nolarini izohlashga mavaffaq bo‘lgan.

    Fitrat so‘zni fasohat bilan anglashda zamondoshlari orasida e’tibor qozonganini Sadr Ziyoning yana bir e’tirofi tasdiqlaydi. U Fitratdan tag‘in bir kuni “bag‘o” so‘zi ma’nosini so‘rab qolibdi. Shoir hozirjavoblik bilan tubandagi ruboiyni aytib, o‘sha so‘z ma’nosini matnda sharhlabdi:             

                                        Az yor jafo tama’ nameboyad kard,

                                        Yo tarki jafo ta’ma nameboyad kard.

                                        Az charx umedi poymardy g‘alat ast,

                                        Mardi zi bag‘o tama’ nameboyad kard.

    Mazmuni: Yordan jafoni tama qilmaslik lozim. Yo jafoni tark etmaslikni tama qilish ham nomunosib. Charxdan madadkorlikni umid qilish g‘alatdir, chunki bevafo (bag‘o)lardan mardlikni tama qilib bo‘lmaydi-ku[6].

    Qozi Qurbonxon Fitrat nihoyatda shirinsuxan, dilkash va samimiy inson bo‘lgan, ammo hazil-mutoyibani ham behad xush ko‘rgan. Qay bir xatti-harakati bilan o‘ziga yoqmaganlarni hazil she’rlarida chimdib olishdan tiyilmagan, undaylar bilan hatto o‘tirib ham turmagan. Hoji Ne’matullohning shahodaticha, kunlarning birida amir Muzaffar uning zamondoshi, shoir Foiq mullo Muhammadzufarni ziyofatga taklif qilib, bunga Fitratni ham chaqiribdi. Fitrat esa Foiqni yoqtirmaganidan amirdan uzr so‘rab, tubandagi baytni yozib yuborgan ekan:

                                     Bo muxolif mashrabon yak jo nishastan xub nest,

                                     Z-in g‘alat majmuaro sheroza bastan xub nest.

     Mazmuni: Muxolif fe’llar bilan bir joyda o‘ltirmoq noxushdir, shu bois yig‘iningizga ziynat bag‘ishlamoqning imkoni yo‘q.

     So‘ngra buning sababini tubandagi ruboiyda izohlaydi:

                                    Miro, agar ba ko‘yat Fitrat naraft shoyad,

                                    Boyad g‘ubori xohish az xotirat baroyad.

                                    Fitrat farishtaxo‘est, kal chun sagi gazanda,

                                    Dar xonae, ki sag ast, on jo farishta n-oyad.

    Mazmuni: Amirim, agar ko‘yingda Fitrat bormagan ekan, bundan koyinish g‘uborini xotiringdan ko‘tar. Bilasan: Fitrat farishtaday fe’li yumshoq, u kal qopag‘on it, qay uyda it bo‘lsa, unda farishta nima qilsin?

    Ko‘rinadiki, Foiq kalligidan tashqari badgo‘yligi bilan ham Fitratga yoqmagan, shu bois amir taklif etganiga qaramay, uzrxohlik bilan bormagan. Chindan ham u amir Muzaffar bilan yaqin va samimiy munosabatda bo‘lgan, unga bag‘ishlab qasidalar yozgan. Taassufki, uning ijodi hanuz ana shu mantiqdan kelib chiqqan holda bir tomonlama baholanib kelindi. Unga saroy shoiri tamg‘asi yopishtirildi. Shunisi ajablanarliki, milliy istiqlolimiz tantanasi tufayli adabiy qadriyatlarimiz qayta baholanayotgan ayni kezlarda ham shu tamg‘ani pesh qilib, shoir ijodini kamsitish hollari ro‘y bermoqda. Jumladan, professor S.Alievning 1993 yilda chop etilgan “Buxoroda bitilgan baytlar” risolasida o‘qiymiz: “XIX asrda yashab ijod etgan Qozi Qurbonxon Fitrat, Afzal Maxdum Pirmastiy, Siyrat, Muhammad Sharif Anvar kabi saroy shoirlari amirlar va amaldorlarga muddohlik qilar edilar...

     Qozi Qurbonxon Fitrat o‘z qasidalarida zolim va xasis amir Muzaffarni:

                                     Imomi ahli hidovu kiromi ahli ato,

                                     Livoi adl avsoti dahr karda alam, -

     (Hadya beruvchilarning eng hurmatlisi, jahonda adolatni bayroq qilib ko‘targan shaxs),- deb ko‘klarga ko‘taradi. Shoirning uslubi ham g‘aliz, tumanli manzaralarga ruju  qo‘yish kuchli”[7]. Albatta, bunday aybnomani qo‘yishdan avval qasidachilikka xos xususiyatlarni mushohada qilib ko‘rish lozimmidi? Chunki har qanday qasida bag‘ishlovdan iborat tantanali she’riy madhiya bo‘lib, unda podshohu amirlar o‘ta mubolag‘alar bilan ta’riflanib, ularning obro‘-e’tiborini oshirish ko‘zlangan. Shu asosda o‘sha hukmdorlarda bor xislatu fazilatlar oshirib – toshirib maqtalgan, hatto yo‘q xislatlar ham bor fazilatga aylantirilib ko‘rsatilgan va shu zaylda o‘sha shaxslar ideallashtirilgan. Bunday kezlarda tasviriy vositalar qancha mavhum bo‘lmasin, unga e’tibor qilinmagan. Chunki bu qasidada tantanavorlik ruhini ta’minlagan. Ommaviy matbuot  bo‘lmagan o‘sha zamonlarda hukmdorlar o‘z huzurlarida tashkil etgan she’rxonlik bazmlarida shoirlar qasidaxonlikda o‘z iste’dodlarini namoyish etishga, o‘sha hukmdor nazariga tushishga, buning evaziga oladigan mukofot yo martaba hisobiga ro‘zg‘or tebratish va jamiyatdagi mavqelarini tiklashga, mustahkamlashga intilganlar. Binobarin, har bir ijodkor o‘z davri farzandi sifatida undan ayri yashay olmaydi, o‘z zamonasi g‘oyalaridan ilhomlanib ijod etadi. Uning ijodiy qiyofasini zamon kontekstida ko‘rib baholamoq – insoniyatga qilgan xizmatini o‘lchash mezonidir. Qolaversa, qasidaning birgina bayti misolida shoirning butun ijodiga “uslubi g‘aliz, tumanli majozlarga ruju” qo‘yilgan qabilida baho berish ham asossiz. Shoir devonining asosini tashkil etgan g‘azallari, muxammaslari, ruboiylari, fardlari bu fikrini to‘la-to‘kis tasdiqlaydi. Birgina misol:

                                 Hamchu dastor, ki az girdi sarat megardam,

                                 Chu kamarband gahe az kamarat megardam[8].

                   Mazmuni:

                                 Salla singari boshing atrofidan aylanurman,

                                 Belbog‘ yanglig‘ goho belingdan aylanurman.

      Qani bunda uslubiy g‘alizlik? “Tumanli majoz” nishonasi qani? Aksincha, eng ommabop o‘xshatishlar vositasida poetik fikr sodda va ravon, teran va jozibali ifodalangan. Uning biz o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan asarlarining barchasida shu ruh ustivor. Nihoyat, endilikda “feodal-saroy adabiyoti vakillarini aniqlashda shoirning qaysi guruhda, qaysi joyda ijod qilganligi jihatidan emas, balki uning g‘oyaviy va ijodiy-estetik pozitsiyasi, uning asosiy ijodiy tendensiyasi nimada ekanligi nuqtai nazaridan yondashish” (G‘. Karimov)[9] va baholash mavridi keldiki, Qozi Qurbonxon Fitrat ijodi ham shunday qayta baholanishga munosibdir.

       Rost, shoir umrining oxirlarida qozilik martabasiga erishgan. Keksalarning xotirlashlaricha, u Xatirchida qozilik qilgan. Adolatni o‘z faoliyati mezoni hisoblagan, shundanmikin, “qozi” nisbasi uning nomini ziynatlovchi mazmun kasb etgan. Yana shunday rivoyat ham bor: Qozi Qurbonxon Fitrat o‘z mirzosi nima yozayotganini qalamining shitirlashidan o‘qib va uqib bilarkan. Ehtimol bu hamma qozilarni bir xilda badnom qilish yo‘lidagi urinishlar oldini olish ehtiyojidan tug‘ilgan va shakllangan ichki ma’naviy tadbir bo‘lgandir. Har holda shu nazorat nishonasida ham uning o‘tkir zehni va odilligini payqash mumkin.

       Ammo Qozi Qurbonxon Fitrat Buxoroning dong qozongan muddarrislaridan edi. Bu haqda Sadr Ziyo shunday yozadi: “... nomdor mudarrislarning biri va shul diyorning e’tiboriga loyiq dars aytuvchilarining bir nafari, behad darajada tadqiq qiluvchi, aniqlovchi va nozikfahm, “Mirzoxon” va “Tatimmat” darsliklarini tushuntirishda so‘zi ishonchli, zavqbaxsh (bilimdon, sertajriba) ustozlardan edi”[10]. Shu vajdan “Mullo” nisbasi ham uning taxallusi sifatlovchisiga aylangan.

      Sadr Ziyoning guvohlik berishicha, o‘sha davrdagi Buxoro madrasalari talabalarining aksariyati mullo Qurbon Fitratga shogird tutinishga intilishgan, unga ergashishgan, uning atrofida parvona bo‘lishgan. Albatta, bunda o‘sha talabalarning qay biri tushunib shunday yo‘riq tutgan, qay biri esa shunchaki, ko‘r-ko‘rona ergashgan. Bu hol, hali yoshi kichikligiga qaramay, o‘z aqlu farosati bilan odamga va olamga nazar sola boshlagan va shu fazilati bilan boshqa talabalardan ajralib turadigan Shamsiddin Shohinga yoqmagan, u o‘z g‘ururini yuksak tutgan va talabalarning Fitratga bu qadar ergashishlaridan taajjublanishini yashirmagan, Fitrat buni diqqat nazari bilan ilg‘agan. Shohinning ham shu ergashuvchi talabalar qatorida bo‘lishini juda-juda istagan, uningday shogird bilan faxrlanish mumkinligini ich-ichidan tuygan. Lekin Shohin ham har qanday sayyodning domiga ilinadiganlardan bo‘lmagan, bunday kezlarda o‘zini balandda tutishni juda o‘rniga qo‘yabilgan. Bundan g‘ashi kelgan Fitrat bir gal “noumid bo‘lgan kishining tili uzayar” yo‘rig‘ida ish tutib, Shohin haqida shunday bayt aytadi:

                                 Xudfuro‘shi kasali ko‘hna buvad Shohinro,

                                 Mekunad ishva ba har jo zani dallola barin[11].

                    Mazmuni:

                                 O‘ziga bino qo‘yish Shohinning eski kasalidir,

                                 Dalla ayollarday har joyda noz qilaveradi.

     Buni eshitgach, Shohin ham bo‘sh kelmaydi, g‘azabga to‘lib-toshib ustoziga shunday javob yozadi:

                                 Xudfuro‘shi nakunam, lek zi da’vi xoly,

                                 Nabuvad on ki suxandonu suxanvar boshad. 

 

                                 “Zani dallola” mago‘, ma’nii bikram dar lafz,

                                 Chun aro‘sest furo‘hishta  ba chodar boshad.

 

                                 “Kasali ko‘hna” gar edun ba kase hast, bigo‘,

                                 Ba man oyad, ki dami isavy edar boshad.

            Mazmuni:

                         O‘zimga bino qo‘yganimcha yo‘q, bu da’voying asossiz,

                         Chunki suxandonligu suxanvarlikda ham yo‘q emasman.

                         “Dalla ayol” dema, ma’nolarim so‘zda pinhon,

                         Chodir (chimildiq)da yoshiringan kelinchak misol.

                         Endi “eski kasal” har kimda bo‘lsa, aytgin,

                         Menga kelsinki, isaviy nafasim bilan o‘sha joyini davolayman.

     Qozi Qurbonxon Fitrat shaxsiyati asrlar qa’ridan ana shunday bo‘y ko‘rsatib turibdi. Garchi u sohibdevon shoir esa-da, uning bu devoni ham nashr va tadqiq qilinmay kelinayotir. Holbuki, uning asarlari ilk litografiya va tipografiyalar yuzaga kela boshlagandayoq turli tazkira va bayozlarda chop etilgan. Yozuvchi Rajabboy Ota Turk bu xususda Amir Olimxonning muhojirotdagi o‘g‘li Sayidmuhammad Ibrohim bilan qilgan suhbatida shunday ma’lumotni keltiradi. “Shu o‘rinda bir izoh, – deb yozadi u “Ziyorat” degan maqolasida, - Sayidmuhammad Ibrohim janoblarining qo‘lida bir bayoz (kitob)ni ko‘rdim. Unda “Kogon matbaasi. Foxirai Sharif dorilsaltanati”, deb yozilgan edi. Bayozda ko‘p shoirlarimizning she’rlari to‘plangan. Jumladan: Bedil, Kamol Xo‘jandiy, Shamsiddin Shohin, Nozim, Hasrat, Iso Mahdum, Shoh Abdulahadxon, Mahdum Idris, Qurbonxon Fitrat, Shavkat Buxoriy va boshqalar. Chamasi, kitob Abdulahadxon davrida nashr etilgan. Nashr uchun mas’ullar: eshoni Lutfullaxo‘ja Dastiyoriy va Mullo Nizomiddin” (“Buxoro haqiqati”, 1994 yil, 11 iyun). Shu dalilga tayanib aytish mumkinki, Qozi Qurbonxon Fitrat asarlari o‘sha davrda bosilgan boshqa bayoz va tazkiralarda ham uchrashi ehtimoldan uzoq emas.

     To‘ntarishdan keyingi davrda uning ijodidan ayrim namunalar ustod Ayniyning “Namunahoi adabiyoti tojik” antologiyasida nashr qilingan. Ustod  Ayniy “Sadr Ziyo tazkirasidan” ishorasi ostida shoirning 5 baytli bir g‘azali va 4 bandli bir muxammasini keltirganki, bari 30 satrni tashkil etadi[12]. Shulardan biri “Navro‘z” muxammasi bo‘lib, Qozi Qurbonxon Fitratning Hofiz Sheroziyning “Ishqboziyu javoniyu sharobi la’lfom”, (“Ishqbozligu yoshligu qizil sharob”) satri bilan boshlanuvchi g‘azaliga tazmin shaklida bitilgan. Abdulhay Mahmadamin uni 1993 yili “Adabiyot va san’at” haftanomasining 8 apreldagi sonida izoh bilan e’lon qildi. Shoirning 20 satrlik yana bir g‘azali Vozehning 1977 yilda Asg‘ar Jonfido nashr ettirgan “Tuhfat ul-ahbob fi tazkirat ul-as’hob”idan ma’lum[13]. Sh. Nuriddinov esa, Qozi Qurbonxon Fitratning jami 330 satrni tashkil etadigan 14 g‘azali (188 satr), bir tarje’bandi (100 satr), bir muxammasi (30 satr), ikki ruboiysi va ikki fardini “Gulshani adab”ning 5-jildida 1980 yilda e’lon qilgan[14]. A. Abibov tartib berib, 1991 yilda nashr ettirgan “Ganji Zarafshon” to‘plamida Qozi Qurbonxon Fitratning 141 misrani tashkil etuvchi 9 g‘azali, 1 muxammasi, 1 ruboiysi va 1 ikkiligi keltirilgan esa-da, ulardan g‘azal va muxammas ustoz S. Ayniyning, g‘azal Vozehning yuqorida eslatilgan asarlaridan, shuningdek, “Manu in nolavu afg‘on”, “Oxir, ey sho‘x...”, “Ishtiho garm ast...” satrlari bilan boshlanuvchi uch g‘azali “Gulshani adab”ning 5-jildidan, shoirning amir Muzaffarga maktubi sifatidagi 6 misra esa Sadr Ziyoning 1991 yilda chop etilgan “Navodiri Ziyoiya” tazkirasi orqali kitobxonlarga allaqachon ma’lum edi. Shuni ta’kidlash joizki, A.Abibov yuqoridagi manbalardan ko‘chirar ekan, ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri o‘qib, ma’nosini g‘alizlashtirgan, ohangni saktalashtirgan. Chunonchi, S. Ayniy keltirgan “Navro‘z muxammasi”da 1-bandning 2-satri “Bodi Navro‘zy zi rangi rafta meorad payom” tarzida bo‘lsa, A. Abibovda bu misra “Yodi (?) navro‘zy za rangi rafta meorad payom” shaklida “bod” so‘zi o‘rnida “yod” so‘zi qo‘llangan holda ko‘chirilgan. Xabar-payom, bod-shamol orqali yuborilishi inobatga olinsa, qanaqa ma’no noaniqligiga yo‘l qo‘yilgani ravshanlashadi. Shu muxammasning 3-bandidagi dastlabki ikki misrada “rayohin” va “gasht” so‘zlari “rahoim” va “chashma”  tarzida noto‘g‘ri o‘qilgan va ko‘chirilgan, oqibatda o‘sha misralarda ifodalangan ma’no xiralashgan. “Gulshani adab”ning 5-jildidagi “Oxir, ey sho‘x” satri bilan boshlanuvchi g‘azaldan:                    

                      ...Tu ki az xoki man angezi guzashtan kardi,

                     Domani xesh mayolo ba g‘uboram, binishin...

              Mazmuni:

                     Senga xokim toptamoqni aylamishsan qasdi jon,

                     Etagingni qo‘yvoru, g‘anim g‘uborimda o‘tir...

             Va:            

                   ...Xosti chun zi kanoram, zi payat jon barxost,

                   Raft az dast ba dunboli tu koram binishin...

            Mazmuni:

                  Istayursan bag‘rimi, jonim ko‘yingda jon chekar,

                  Sen tufayli qo‘ldan ketsa koru borimda o‘tir...

baytlari tushurib qoldirilib, kemtiklik yuzaga keltirilgan. Shuningdek, “Ishtiho garm ast, daste dar xami ugro zaned” satri “Ishtiho garm ast, daste dar xudi (?) ugro zaned” tarzida g‘alat ko‘chirilgan. Bunda “xam-egik” so‘zi “xuddi-o‘zi” tarzida xato o‘qilgan, natijada ugroni qoshiqqa olganda yarmi unda, ikkinchi yarmi osiq turuvchi to‘ppa holatini ifodalovchi ishoradan asar qolmagan. Ehtimol bunday sahvu g‘alatlar “Nashud bo kunji abro‘ xoli mushkinam qarin, tahsin”, “Kase, ki choyi kabud az labi piyola nano‘shad”, “Dar xonae, ki husni tu gardad jilvagar” va “Do‘sh dar halqai maston zi labat chaq-chaq shud” satrlari bilan boshlanuvchi g‘azallarida ham bordir, ular qaysi manbalardan olinganligi ko‘rsatilmaganligi bois qiyoslashga imkoniyatimiz bo‘lmadi va bu xususda to‘xtamadik. Shunga qaramay, jami 44 misrani tashkil etuvchi bu 4 g‘azal kitobxon hukmiga ilk bor havola etilayotganini ta’kidlash joizdir.

    1989 yilda Saudiya Arabistonida fors-tojik tilida arabcha imloda chop etilgan “Armug‘oni Sabbaq” tazkirasining to‘plovchisi va noshiri Shayx Abdulqodir Karomatullohi Buxoriy Qozi Qurbonxon Fitratning 134 satrdan iborat 11 g‘azali, besh bandlik 1 muxammasini e’lon qilarkan, shoir nomini Qozi Qurbonxon va taxallusini Fitrat deb ta’kidlab turib, tug‘ilgan joyini “Vardonze tumani” deb ko‘rsatadi. Jami 159 satrdan iborat bu asarlardan “Ishtaha karnay erur, ugroga chaqqon qo‘l uring”, “Axir, ey sho‘x, kelginu yonimga birdam o‘ltirgin”, “Tarki ishqingdan bo‘lak, ey sitamkor, chora yo‘q” satrlari bilan boshlanuvchi uch g‘azali avvalgi manbalardan ma’lum. Bular 36 misrani tashkil etadi. Demak, Sabbaq Buxoriy jamoatchilikka shoirning 123 misra she’rini ilk bor ma’lum qilayotir. Bularga Sadr Ziyoning yuqorida eslatilgan tazkirasida keltirilgan ikki ruboiy va uch bayt qo‘shilsa hozirgi kitobxonga yetkazilgan shoir Qozi Qurbonxon Fitrat merosiga oid asarlarning umumiy miqdori 561 satrni tashkil etadiki, ushbu to‘plam ana shu namunalardan iborat holda tartib berildi. Shu asarlarni ko‘zdan kechirgandayoq, uning ijodkorlik salohiyati, nozik didi, fasohatli poetik mushohadasi, serzavq ruhini sezib turish qiyinmas. Ayniqsa, g‘azallarida kutilmagan poetik obrazlarning serobligi, tasvirning jozibadorligi, ifodaning tabiiyligi va teranligi dilni yashnatib yuboradi:

                                      Kas chi go‘yad, ki ruxat shirin ast,

                                      Ham ki halvoi labat qandin ast.

                                      Mohi man dar zanaxat norinj ast

                                      Joni man dar bag‘alat norin ast.

                          Mazmuni:

                                     Kim nima desa desunki, yuzing shirindur,

                                     Ham o‘shal lablaring halvosi qandindir,

                                     Man og‘iq oyday bag‘bag‘ang-saqoqingdagi osiq

                                    Lo‘nda norinj (apelsin) manki, hajringda rangim za’faron.

                                    Jonim esa bag‘ringga tutashgan o‘tdir.

     Shoir mahorati darajasini shu ikki bayt yorqin ko‘rsatib turibdi. Unda inson a’zolari: ruh-yuz, lab, zanax-bag‘bag‘a (saqoq) va bag‘al-bag‘rni bir-bir ta’kidlash evaziga ruhiy holatning yaxlit tasviriga erishishdan tashqari, “mohi man dar zanaxat norinj ast” satrida go‘zal iyhom san’atidan ustalik bilan foydalanilgan. Natijada “norinj” ham shakli, ham tusi ma’nolarida qo‘llanib, ma’shuqa qiyofasini – bag‘bag‘asini va uning hajrida rangi sarg‘aygan oshiq holatini ifodalagan. Uning barcha g‘azalu muxammasdarida sevgi iztiroblari akssado berib turibdi. Uning hazil-mutoyibaga moyil quvnoq yumoristik g‘azallari ham bor. Shunisi e’tiborliki, Qozi Qurbonxon Fitrat ham yumor vositasi sifatida taomlar obraziga murojaat qilib, poetik niyatining teran ifodalanishiga erishadi. Bu bilan XIX asrdagi Buxoro adabiy muhitida shu an’ananing ustivorligini ta’minlagan salafi Abdulqodir Savdoga izdoshlik qiladi:

                 Ishtaho garm ast, daste dar xami ugro zaned,

                 Hamchu qoshuq ostini xeshro bolo zaned.

 

                 Sho‘rboi bahalovat mavjai obi baqost,

                 Sarbasar ishkam shavedu sog‘ari daryo zaned.

   Bu satrlar Samandar Vohidov tarjimasida shunday jaranglagan:

                 Ishtaha karnay erur, ugroga chaqqon qo‘l uring,

                 Misli qoshiq yeng shimarib, oz emas, mo‘l-mo‘l uring.

 

                 Bohalovat sho‘rvasi obi baqoning mavjidir,

                 Bosh-oyoq qorin bo‘ling, boqmay o‘ngu so‘l, uring.

   Bunday g‘azallar ajdodlarimizning o‘tmishda amal qilib kelgan taompazliklariga xos xususiyatlarni aks ettirganligidan muhim etnografik ahamiyat kasb etadi.    Shoir ijodkorlik fazilatining yana bir tomoni – so‘z zahmatiga fidoiyligi. U so‘z ma’nolari gavharday tovlanmaguncha tinmaydi, ma’nolar mavjida tarovat ko‘radi. Bu jihatdan tarje’bandda naqarot tarzida takrorlanuvchi quyidagi bayt e’tiborga loyiqdir:                   Domoni tu, ey buti sitamgar,

                                    Sar medihamu nomediham sar.

                      Mazmuni:

                                    Etagingni seni, ey buti sitamgar,

                                    Boshimni beramanu, lekin qo‘yib yubormayman.

    Ko‘rinayotirki, “sar” – bosh so‘zi satr boshi va oxirida qoliplanuvchi tajnisni yuzaga keltirgan, ikkala holdayam ibora tarkibida qo‘llanib, dastlab asl ma’nosi – inson a’zosi ma’nosida, satr oxirida “namediham sar” – qo‘yib yubormayman tarzida ko‘chma ma’noni anglatib kelgan. Uning ruboiylarida ham insoniy tuyg‘ularning teran ifodasi mavjlanib turibdi:

                                   Ey moh, labat ba angubin memonad,

                                   Bo tu suxani kas ba zamin memonad,

                                   In ast suxan, ki bo‘sae ehson kun

                                   Dunyo guzaron ast, hamin memonad.

                   Mazmuni:

                                   Ey oy, labing asalgami o‘xshaydur,

                                   Senga kim gapirsa, so‘zi yerda qoladiganga o‘xshaydur.

                                   Gapim shulkim, bir bo‘sa ehson qila qol,

                                   Dunyo o‘tkinchidir axir, qoladigani shul bo‘lur

   Ana shu mulohazalarning o‘ziyoq Qozi Qurbonxon Fitrati Vardonzehiy hayoti va ijodini jiddiy tadqiq qilish, uning ilmiy-ijodiy biografiyasini yaratish va XIX asrdagi Buxoro adabiy harakatchiligi hamda tojik adabiyoti tarixidagi mavqeini to‘g‘ri belgilash, istiqlol manfaatlari nuqtai nazaridan qayta baholash, devonini nashr etish, noma’lum asarlarini aniqlash, qolaversa, Shofirkon tumanidagi Xojai G‘ulomte mozoridagi qabrini aniqlash, unga yodgorlik o‘rnatish va shoir xotirasini abadiylashtirishni taqazo etib turibdi. Uning ruhi oldidagi qarzdorlik burchimiz shunga undayotir. Sirasini aytganda, hukmingizga havola qilinayotgan ushbu to‘plam shu maqsaddagi dastlabki urinishdir. Unga Qozi Qurbonxon Fitratning yuqorida eslatilgan turli nashrlardagi parokanda merosiga oid namunalar jamlanib, ilk bor yaxlit bir to‘plam shakliga keltirildi. To‘plamning yana bir fazilati shundaki, unda shoirning har bir asari o‘zbekcha tarjimada tartiblashtirilgan holda berildi.

   Rost, Qozi Qurbonxon Fitrat tojik tilining butun nafosatini his qilib, g‘oyat nazokatli g‘azallaru muxammaslar, tarje’bandu ruboiylar yozgan. O‘zbek tilida esa shu jozibasini saqlagan holda tarjima qilish iste’dodli shoir Samandar Vohidovga nasib etdi. Shoir bisotidan nimaiki to‘plashga ulgurgan bo‘lsak, hammasi o‘zbek tiliga o‘girilgan. Natijada to‘plamni shoir asarlarining ham tojikcha asliyati, ham o‘zbekcha tarjimalari asosida tartib berish maqbul topildi. Kitobatchiligimizda bu an’ana  tobora chuqur singmoqda. Bunday kitoblar turli tilda so‘zlashuvchi kitobxonlar diliga tez yo‘l topib, ularni hamfikru hamkor maslakdoshlarga aylantiradi. Bu esa xalqaro totuvlikning ma’naviy zaminini mustahkamlashda xizmat qiladi. Shoyad, bu to‘plam ham shu maqsadda Qozi Qurbonxon Fitratni zamondoshlarimiz safiga va qalbiga olib kirsa.

                          

 

[1] Muhtaram. Tazkirat ush-shuaro. Dushanbe: “Donish” 1976, 289-b.

[2] Sadr Ziyo. Navodiri Ziyoiya. Dushanbe: “Adib”, 1991, 44-b.

[3] Sadriddin Ayniy. Namunahoi adabiyoti tojik. 1926, 440-446-b.

*Maqola filologiya fanlari nomzodi H.Safarova bilan hamkorlikda yozilgan.

[4] Ganji Zarafshon. Dushanbe: “Adib”, 1991, 414-b.

[5] Sadri Ziyo. O‘sha asar, 38-39-b.

[6] Sadri Ziyo. O‘sha asar, 38-39-b.

[7] S.Aliev. Buxoroda bitilgan baytlar, 116-117-b.

[8] Gulshani adab. 5-jild. Dushanbe: “Irfon”, 1980, 182-b.

[9] Karimov G‘. O‘zbek adabiyoti tarixi. Uchinchi kitob. Teo‘kent, “O‘qituvchi”, 1975, 72-b.

[10] Sadr Ziyo. O‘sha asar. 44-b.

[11] Sadr Ziyo. O‘sha asar, 45-46-b.

[12] Sadriddin Ayniy. Namunahoi adabiyoti tojik. 440-446-b.

[13] “Ey sabo, nakxati jonon na tu doriyu na man” satri bilan boshlanuvchi bu g‘azalning ikkinchi baytidagi 1-misra noma’lum sababga ko‘ra “Ganji Zarafshon” to‘plami tuzuvchisi tomonidan tushirilib qoldirilgan. Qarang: Ganji Zarafshon. Nashriyoti “Adib”, 1991, 419-b.

[14] Gulshani adab. 5-jild. Dushanbe: “Irfon”, 1980, 180-189-b.

📚 Yuklab olish 📖