Hassos shoir, filologiya fanlari nomzodi Tilak Jo‘ra(1947 – 1994)ning bir she’rida: Umrimni gulga o‘rab, nurga o‘rab yaratdim, Ohanglar og‘ushida qolajak mening umrim, – degan satrlar bor. Har qachon umrini musiqa san’ati ravnaqiga bag‘ishlagan kishilar haqida o‘ylasam, beixtiyor shu yorqin misralar yodga tushadi...
OHANGLAR OG‘USHIDA O‘TAYOTGAN UMR
O ch e r k
Hassos shoir, filologiya fanlari nomzodi Tilak Jo‘ra(1947 – 1994)ning bir she’rida:
Umrimni gulga o‘rab, nurga o‘rab yaratdim,
Ohanglar og‘ushida qolajak mening umrim, –
degan satrlar bor. Har qachon umrini musiqa san’ati ravnaqiga bag‘ishlagan kishilar haqida o‘ylasam, beixtiyor shu yorqin misralar yodga tushadi...
Ilgarilari Buxoroning qaysi xonadoniga kirmang, devorda osig‘liq doyraga ko‘zingiz tushar edi. Childirma chalingan uyga g‘am dorimaydi, deb qaralar edi. Bir paytlar doyra chertolmagan qizlarga dashnom berilgan. Chunki kuy-qo‘shiqqa mehr bolalikdan boshlanmasa – qiyin.
Yashirib nima qilay, rahmatli dadam menga rubob sotib olib kelganlarida azbaroyi hayajonimdan umrimda birinchi marta tun bo‘yi uxlamay chiqqanman. O‘shanda 3-sinfda o‘qirdim. Tuman markazidagi yagona madaniy mollar magaziniga rubob kelishini yillab kutishning ham o‘zi bo‘lmagan-da. Aksiga olib, musiqa muallimimiz – Homid aka Haydarov bizga bir oycha darsga kirib, armiya xizmatiga ketib qolganlar.
Har hafta shanba kunini shunday intizorlik bilan kutar edimki... Qo‘shnimiz – Salomat opa Valiyeva Buxoro davlat pedagogika institutida o‘qir edilar, bo‘lajak boshlang‘ich sinf muallimi sifatida ularga rubob ham chaldirar ekan. U kishi shanba-yakshanba kunlari kaminaga kuy o‘rgatar edilar. O‘tgan asr 60-yillarining birinchi yarmida chekka bir qishloqda bu shunchalar sehrli, zavqli bir dunyo ediki...
Vobkentdagi 8-musiqa va san’at maktabining shinam hovlisiga kirib borar ekanmiz, o‘z-o‘zidan shularni esladim. Biz o‘qigan paytlar bunday maktab qayoqda edi! Xuddi ko‘nglimdan kechgan fikrni uqqandek, maktab direktori Ozod Yo‘ldoshevich Odilov ham bolaligida ne azoblar bilan dutor chertishni o‘rgangani haqida so‘ylay ketdi:
– Besh-olti yoshlarimda otam bilan Ko‘hna Urganch shahrining bozoriga borardim. Rastaning bir yonida turkmanlar dutor, ikkinchi yog‘ida qozoqlar do‘mbira sotar edi. Har gal o‘zimni qumlarga tashlab: “Dutor olib bering!” – deb yig‘lardim. Otam: “Hali yoshsan”, – deb paysalga solaverar edilar. Oxiri niyatimga yetdim: otam turkman dutori olib berdilar. To‘y-hashamlarda san’atkorlar yonidan jilmay, ularning soz chalayotgan chaqqon barmoqlariga tamom mahliyo bo‘lib o‘tirar edim. Bizda u paytlar musiqa maktabi qayoqda edi. Keyin mashhur Bola baxshi Abdullayevning shogirdi – Shomurod baxshidan kuy o‘rgana boshladim. U kishi bo‘lmaganda, men bolalikdan sevgan kasbimni egallay olmas edim. Shuning uchun biz bu yerga yuragida kuy-qo‘shiqqa mehr yilt etgan yigit-qizlarni tanlab olamiz. Uzoq-uzoq qishloqlardan ham kelib o‘qishadi. Boringki, maktabimizni bitirganlarning bari san’atkor bo‘lib ketmasin ham, deylik, lekin san’at hech kimga ziyon qilmaydi. Yuksak madaniyatli xalqlar farzandlariga, asosiy kasbidan qat’i nazar, musiqa o‘rgatishadi. Ko‘nglidan yomonlikni quvolmagan odamning kuy tinglab, farog‘at olganini, haz etganini ko‘rgan emasman...
– Shuning uchun Alisher Navoiy zamonasida soz chala olish komil inson bo‘lishning asosiy shartlaridan biri qilib qo‘yilgan, – deb, suhbatdoshimning fikrini quvvatlagan bo‘laman.
Ozod Odilov – asli, turkmanistonlik. U Toshhovuz viloyatidagi qadimiy Ko‘hna Urganch shahrida tug‘ilgan. Darvoqe,Ko‘hna Urganchda buyuk avliyo va shoir Shayx Najmiddin Kubro dafn etilgan. Ozod aka ta’lim olish uchun Xorazmga kelgan. Matyusuf Xarratov nomidagi Urganch musiqa bilim yurtini tugatib, institutda o‘qish uchun Buxoroga yo‘l olgan. Hozirgi Buxoro davlat universitetida o‘qigan.
Ozod aka – fidoiy inson. U qishloq tumanidagi musiqa maktabi ahamiyatini juda teran anglaydi. Zora ana shu ta’lim maskani xizmatlari tufayli azaldan san’atkor zamin – Vobkentning qadim shuhrati qayta tiklansa, degan fikr kechadi ko‘ngildan. Chunki Sadriddlin Ayniy o‘z “Esdaliklar”ida: “G‘ijduvon kabi, Buxoro viloyatini san’atkorlar bilan shu rayon (ya’ni Vobkent) ta’minlardi”, – deb yozadi. Atoqli adib vobkentlik mashhur xonanda Iskandar, mohir tanburchi Karimcha va to‘rt zabardast doyrachi haqida hikoya qiladi. Iskandar bolshavoylar to‘ntarishidan burun “Buxoroning yetti tumanida”, ya’ni butun vohada dovrug‘dor hofiz ekani, uning, hatto, g‘ijduvonlik nomdor qo‘shiqchi, sho‘ro davrida Boboqul Fayzullayevdek (Ittifoq xalq artisti Ahmad Boboqulovning otasi) zo‘r-zo‘r shoirdlar yetishtirgan usta Ergashdan o‘tganini ham bilib olamiz.
Vobkentdan ikki mashhur san’at namoyandasi – Tojikiston xalq artisti Shohnazar Sohibov bilan uning shogirdi – O‘zbekiston xalq artisti Sattor Yarashev yetishib chiqqani ham bejiz emas.
– Shohnazar Sohibov 1903-yili o‘zimizning Kumushkent qishloq fuqarolar yig‘inidagi Badoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Badoy – o‘zbek urug‘laridan birining nomi, – deydi Ozod og‘a. – U texnikumni Buxoroda, institutni Samarqandda, konservatoriyani – O‘zbek opera studiyasini Moskvada bitirgan. 1947-yili Tojikiston hukumatining taklifiga binoan qo‘shni respublikaga ishga ketganiga qadar o‘zi o‘qigan txnikumda muallim, Buxoro va Samarqand teatrlarida musiqa rahbari, O‘zbekiston filarmoniyasida, respublika radiosi qoshidagi xalq cholg‘u asboblari ansamblida badiiy rahbar bo‘lib ishlagan. Toshkentdagi musiqa ilmiy-tadqiqot institutini boshqargan. Umrining oxiri(1973-yil)gacha o‘zbek va tojik musiqasi rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Fazliddin Shahobov, Boboqul Fayzullayev bilan birgalikda Buxoro “Shashmaqom”ini yozib olib, besh jildli kitob qildi.
Odil aka Shohnazar Sohibovning O‘zbekiston va Tojikiston san’at arbobi, Rudakiy nomidagi Tojikiston davlat mukofoti sohibi, Tojikiston xalq artisti bo‘lgani, ordenlar bilan taqdirlanganini ham faxr bilan gapirdi.
– Sattor Yarashevni gapirib o‘tirmasam ham, bo‘lar. Chunki bu ustozning o‘zbek san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini hamma biladi, – deya qo‘shib qo‘ydi suhbatdoshimiz.
1975-yili tuman xalq ta’limi bo‘limining o‘sha paytdagi mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, rahmatli Yaxshimurod Ahmedovning tashabbusi va yelib-yugurishlari natijasida Vobkentda ham musiqa va san’at maktabi ochildi. Tuman muallimlari rahbari o‘sha paytdagi Buxoro davlat pedagogika institutiga shu maktabga rahbarlikka yetuk mutaxassis so‘rab, murojaat qildi. Ozod Odilov shu tariqa yo‘llanma bilan Vobkentga ishga yuborildi. 13-avgust kuni u amalda hali tashkil etilmagan maktabga direktor etib tayinlandi. Hamma ishni boshidan boshlash kerak edi. U Buxoro musiqa bilim yurtini bitirgan uch nafar mutaxassisni ham o‘zi bilan birga olib keldi.
Qishloq tumani sharoitida ilk musiqa va san’at maktabini ochish oson kechgani yo‘q. Avval sobiq kashshoflar uyining eski binosida 40 o‘quvchiga dars bera boshlashdi. Sinf xonalari yetarli emas edi. Chunki musiqa o‘rgatish uchun bir muallimu bir o‘quvchiga bir alohida xona kerak. Hatto, maktabda farroshlik qilayotgan Po‘latoy Hikmatovaning ikki xona uyini ijaraga olib, o‘sha yerda ham darslar tashkil etildi. Shu sharoitda uch yil ishlandi. Keyin yangi qurilgan pionerlar saroyining ikkinchi qavatiga, so‘ng esa xalq ta’limi bo‘limi eski binosiga ko‘childi.
Direktorni bu sharoitlar yetarli emasligi bezovta qilar edi. Uning yelib-yugurishlari, idorama-idora sarsonliklari bekor ketmadi – 1977 – 1983-yillar mobaynida maktab uchun yangi bino qurib bitkazildi. SHo‘ro davrida, ochig‘i, kimningdir fidoiyligi, asablarini ayamasligi, tinmay yelib-yugurishi, o‘rni kelsa, cho‘ntakdan pul sarflab ketaverishi bo‘lmasa, lof emas, bir bekat ayvonchasini qurish ham qiyin edi.
San’at – xalqniki. Xoh poytaxtda bo‘lsin, xohiki chekka bir qishloqda, el – o‘z san’ati bilan tirik. Bundan tashqari, hozir musiqa sohasida o‘qish uchun ham avval maxsus maktabni tugatishingiz kerak. Agar musiqa maktabi bo‘lmasa, kelajakda ana shu qishloqlardan mashhur san’atkorlar qanday yetishib chiqadi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalar musiqa va san’at maktablarining imoddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009 – 2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida” 2008-yil 8-iyulidagi qarori qabul qilindi. Bu qonunosti hujjati musiqa va san’atni mamlakat bolalariga o‘rgatishning mazmun-mohiyati ham, saviya-sifati ham keskin o‘zgardi. Chunki ta’limning bu turiga munosabatning o‘zi butunlay boshqa darajaga ko‘tarildi.
Ana shu Davlat dasturi doirasida jami 278 ta bolalar musiqa va san’at maktabi tamoman yangi qiyofa kasb etdi. Jumladan, Vobkentdagi musiqa va san’at maktabi ham tubdan isloh qilinib, bu yerda talay yangi qulayliklar yaratildi. Maktab binosi 2010-yili qayta rekonstruksiya qilindi. Jami 368 million so‘mlik moddiy-texnikaviy baza yaratib berildi. Jumladan, 200 o‘rinli yangi o‘quv zali bunyod etildi. Bu yerda har qanday ma’naviy-ma’rifiy tadbirni ko‘ngildagidek o‘tkazish mumkin. O‘quv dargohiga 10 ta kompyuter olindi. Davlat tarafidan har biri 55 million so‘mdan turadigan ikkita royal berildi. Uncha-buncha san’at tashkilotida bunaqasi bo‘lavermaydi. Bu o‘quv zalida har dushanba kuni soat 16 da ota-onalar ishtirokida o‘quvchilarning konserti qo‘yib beriladi. Ota-onalar farzandlarining qay darajada musiqiy ta’lim olganiga bevosita guvoh bo‘lishadi. Bunday o‘ziga xos imtihon esao‘quvchilarnimusiqa va san’at turlarini yanada puxta-pishiq o‘zlashtirish uchun muhim omil hisoblanadi.
– Bir narsaga diqqat qildim: musiqa va san’at maktablarining konsert zallari O‘zbekistonimiz bo‘yicha bir xil qilib bunyod etilyapti, – deydi maktab direktori. – Quruvchilarimiz shunday tez va sifatli ishladiki, ba’zi joylarda, hatto, olti oyda uch qavatli yangi maktab binosi qurib bitkazildi ham. Davlatimizning bu e’tiborini ko‘rib, kasbimdan, shu maktabda ishlayotganimdan faxrlanib ketaman.
Ozod aka – juda bag‘rikeng, xushmuomala, kirishimli, odamoxun, oqibatli kishi. Uni Vobkentda hamma – keksayu yosh yaxshi ko‘radi. Bunday obro‘yga esa o‘z-o‘zidan erishilmaydi, albatta.
U ikki marta tuman kengashi deputati bo‘ldi. Bir gal qariyalar choyxonasida keksalar davrasida unga Xorazm, uning tarixi va hoziri, bu yurtda nega musiqa bu qadar ravnaq topgani haqida ko‘p savollar berishdi.
– Shoshmanglar, yoshullilar, – dedi shunda deputat, – bir avtobus bo‘lib, Xorazmga sayohatga borib kelmaymizmi?
Bunday dono taklif qaysi nuroniyga yoqmaydi, deysiz! Shu tariqa ikki marta sayohat tashkil etib, vobkentlik bir guruh otaxonu onaxonlarni Xorazmga sayohatga olib bordi.
“Keksalarni e’zozlash yili”da yana Xorazmga olib borasiz, – deyishyapti vobkentlik nuroniylar unga.
Havolar isisin, albatta, tashkil qilamiz, – deydi Ozod og‘a.
Ozod akaning fikricha, har kim avval o‘z Vatanini yaxshi bilishi kerak. Vatanni yaxshi bilish uchun mamlakat bo‘ylab ko‘p sayohat qilish zarur. Shuning uchun yozgi ta’til paytlarida maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun ham turli yo‘nalishdagi sayohatlar uyushtiriladi. Shuning uchun, Xorazm sayohatidan tashqari, bir gal keksalarni Samarqand shahri, Imom al-Buxoriy majmuasi va Nurota shahriga olib bordi. Bir safar Buxoro viloyatidagi naqshbandiya tariqati yetti piri qabrlari ziyoratini tashkil etdi.
Yana maktab direktorining o‘zini gapirtiraman:
– Mana, o‘quvchilarimiz musiqa va san’at sirlarini o‘rganadi. Kelajakda ayrimlari shu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga ham kiradi. Shuni o‘ylab, o‘quvchi va o‘qituvchilardan iborat 50 kishilik guruh tuzib, Toshkent shahriga uch kunlik sayohatga borib keldik. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdik, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari hammamizni quvontirdi. Orada Toshkent davlat konservatoriyasiga bordik. U yerda suhbat va uchrashuvlar o‘tkazdik. Ustoz va shogirdlarimiz taniqli musiqa ustalari bilan tanishdi. Bu yerda musiqa ta’limi uchun yaratilgan qulayliklardan xabardor bo‘ldik.
Qahramonimiz – har jihatdan faol fuqarolarimizdan. Talabalik yillari talabalar kengashining raisi bo‘lgan. Maosh olib ishlagan. Kechqurunlari Sadriddin Ayniy nomidagi musiqali va komediya teatrida g‘ijjak chalgan. Galaosiyo musiqa maktabida bo‘lim mudiri bo‘lib ham ishlagan. 1995 – 2001-yillari tuman madaniyat bo‘limini ham boshqardi. U hozirgi paytda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi. Maktabda bu partiyaning boshlang‘ich tashkiloti ham mavjud. Kotibi – o‘qituvchi Nozim Jo‘rayev.
Maktabda 40 nafar muallim ishlaydi. Ularning aksariyati – shu maktabning sobiq bitiruvchilari. Ularni Ozod akaning o‘zi o‘qitgan. Har to‘rt o‘qituvchidan biri – oliy ma’lumotga ega. Ozod aka g‘ijjakdan dars beradi. Asli g‘ijjakchi bo‘lgan. Ortiq Otajonov bilan Urganchda texnikumda birga o‘qigan. Xushovoz xonandaning magnit tasmasiga yozilgan ayrim ashulalarida bu g‘ijjak chalgan.
Darvoqe, Ozod aka tufayli mamlakatimizning ko‘plab taniqli san’atkorlari tez-tez Vobkentga tashrif buyurib turadi. Bahonada musiqa va san’at maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari xalqimizning ne-ne mashhur san’at namoyandalari bilan ko‘rishadi. Buning murg‘ak qalbda qanday kurtak otishini oldindan bashorat qilish ham – qiyin, uning darajasini o‘lchaydigan biron-bir asbob ham ishlab chiqarilmagan.
– Vobkent – yaxshi joy. U Toshkent – Xorazm yo‘lining ustida. Ozodning hovlisi shu magistral yo‘lning shundoqqina biqinida. Bizdan boshqa ham Vobkentdan o‘tayotgan har bir xorazmlik uning uyida bir mehmon bo‘ladi, chamamda, – deydi hazillashib O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ortiq Otajonov.
Ozod akaning ko‘p hayotiy qat’iyatlari bor. Birinchisi shuki, aksar san’atkorlardan farqli o‘laroq, mutlaqo to‘ylarga chiqmaydi. Bilmadim, to‘y chinakam san’at targ‘ibotchisi qadrini tushirib yuboradi, deb o‘ylasa kerak. Ikkinchisi shuki, oilani o‘ta muqaddas deb hisoblaydi. Uchinchisi, odamlar bilan do‘stlik-qadrdonlikni yuksak darajada qadrlaydi. Uni Buxoroda ham, Xorazmda ham, Toshkentda ham ko‘pdan-ko‘p do‘st-birodarlari bor. O‘zbekistonimizning hamma burchagida Ozod akani taniydigan, hurmat qiladigan, sog‘inib kutadigan tanish-bilish, do‘st-yorlari, ko‘ngiltortar qadrdonlari topiladi.
– Oila muqaddasligini saqlashni ba’zilar faqat ayolga tegishli masala deb hisoblaydi. Holbuki, bu erkakka ham bevosita taalluqli, – deydi u.
Gulday ayoli bo‘la turib boshqalarga ko‘z olaytiradiganlarni yomon ko‘radi.
– Mana, 40 yildan buyon maktab direktoriman. Qancha-qancha muallima yoki kotiba qizlar ishladi. Ularga o‘zimning qizlarimdek qarayman. Sovchilar avval maktabga – mening oldimga, keyin shu qizlarning uyiga bordi. Hammasi meni hozirgacha xuddi otasidek hurmat qiladi, – deydi ustoz.
Tarix kitoblardan yaxshi bilamizki, yurtimizda javonmardlik deb atalgan bir ma’naviy harakat kuchli rivojlangan. Bu odamlarga oliy darajada yaxshilik qilish, himmat ko‘rsatish, mehmondorchilikni yuksak pog‘onaga ko‘tarish g‘oyasini hayotga tatbiq etgan harakat edi. Xorazmda javonmardlik nihoyat darajada keng quloch otgani ham – ma’lum. Ozod akadagi odamoxunlik, mehmondo‘stlik, jo‘rabozlikni ko‘rib, ich-ichingdan: “Bu odam o‘sha xorazmlik mashhur javonmard insonlarning avlodi bo‘lsa kerak”, – deb ham o‘ylaysan kishi.
Maktabda jami 185 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Viloyatdagi ayrim musiqa va san’at maktablarida mo‘ljaldagi o‘quvchi yig‘ilmaydi. Bu maktabga tuman markazidagi 1-, 2-, 9-, 20- va 23-, shuningdek, qishloq joylardagi 3-, 7-, 12-, 13- va 16-maktablarning o‘quvchilari keladi.
Musiqa va san’at maktabi – shu ko‘chadagi eng chiroyli bino. U tuman markazi qiyofasiga o‘zgacha fayz bag‘ishlab turibdi. Kiraverish eshigining tepasida skripka va boshqa musiqa sozlari aks ettirilgan bo‘rtma emblema bor. U binoning musiqaga aloqadorligini bildirib turadi.
Buni Olimjon o‘g‘lim Toshkentda maxsus tayyorlatib, maktabimizga sovg‘a qilgan, – deydi direktor mamnuniyat bilan.
Buxoro viloyatida jami 17 ta musiqa va san’at maktabi mavjud. Buxoro shahrida 4 ta, G‘ijduvon tumanida 2 ta. Kogon shahri va qolgan tumanlarda 1 tadan.
– O‘tgan yilning oktabrida Toshkentda 12 – 19 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Ona yurt ohanglari” nomli xalqaro tanlovda Shukrullo Iskandarov degan shogirdimiz maxsus diplom bilan taqdirlandi, – deydi maktab rahbari. – Uning o‘qituvchi-ustozi – O‘tkir Shirinov. Maktabimizda bunday fidoiy muallimlar – ko‘p. Zebo Odilova, Nozim Jo‘rayev, Qodirjon Jo‘rayev, G‘iyos Nurov, Botir Murtazoyev, Rustam Hojiyev, Dilfuza Hojiyevalardan o‘quvchilar ham, ularning ota-onalari ham – behad minnatdor.
Maktabda beshta bo‘lim faoliyat olib boradi. Bular fortepiano, o‘zbek xalq cholg‘u asboblari (rubob, chang, g‘ijjak, dutor, tanbur, dutor-bas, afg‘on rubobi, doira, nog‘ora, morimbo), an’anaviy xonandalik, an’anaviy ijro, tasviriy san’at.
Ozod Odilov – O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi. 2001-yili “O‘zbekiston mustaqilligiga 10 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Kabinetida Xalq ta’limi vazirligining bir nechta Faxriy yorlig‘i qo‘yib qo‘yilgan.
Qahramonimiz – juda oilaparvar. Ikki o‘g‘il, ikki qizi bor. Hammasi – oliy ma’lumotli mutaxassis. Katta o‘g‘li – Olimjon Toshkentda, kichik o‘g‘li – Istamjon Buxoroda ichki ishlar sohasida mehnat qiladi. Katta qizi – Zebo ota kasbini davom ettiryapti. Shu maktabda fortepiano bo‘limi mudiri. “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Ko‘plab shogirdlari nufuzli tanlovlar g‘olibi. Kichkina qizi – Nilufar iqtisodchi bo‘lib ishlaydi.
– Oilaning yutug‘i – ko‘proq onaga bog‘liq. Chunki muhtaram Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida o‘qidimki, bola besh yoshgacha umri bo‘yi oladigan informatsiyaning 70 foizini o‘zlashtirar ekan. Axir, 5 yoshgacha bola ko‘proq onasi bilan bo‘ladi-ku. Ona dono, o‘qimishli, bilimli bo‘lsagina farzandiga ko‘proq narsa o‘rgatadi-da. Yana bir fikrim bor: o‘qituvchining o‘g‘il-qizi maktabda yaxshi o‘qimasa, xalq bolasini unga qanday qilib ishonsin?! – deydi Ozod aka. Bu gapga qo‘shilmay, ilojingiz yo‘q.
Bahonada yangamiz haqida batafsilroq so‘rayman:
– Hozirgi Buxoro davlat universitetida birga o‘qiganmiz. Asli – g‘ijduvonlik. Uzoq yillar boshlang‘ich sinflarga dars berib, nafaqaga chiqdi. Hozirgi paytda Vobkent markazidagi o‘zimiz yashab turgan Do‘stlik mahallasi fuqarolar yig‘inining raisasi. Xalq bilan ishlashdan charchamaydi.
Hash-pash deguncha Ozod aka ham tumanning otaxonlari qatoriga o‘tib qoldi. Keksalar – hamma joyda jamiyatning ma’naviy boyligi, yoshlarning maslahatgo‘yi, elning duogo‘yi. Biron-bir to‘y-marosim va ma’raka ularsiz o‘tmaydi. Ozod akaning vobkentlik nuroniylarning boshini qovushtirib yurishdagi salohiyati ham – diqqatga sazovor. Xorazm taraflarda bunday kirishimli, odamlarni uyushtirib yuradiganlarni “yigit og‘asi” deyishadi. Ozod og‘a – chini bilan vobkentlik otaxonlarning yigit og‘asi.
Direktorninng xonasida chiroyli qilib ramkaga solib qo‘yilgan bir ro‘yxatga ko‘zim tushdi. Unda maktab o‘quvchilarining 2008-yildan hozirgi paytgacha mamlakatimizda o‘tkazilgan nufuzli musiqa va san’at ko‘rik-tanlovlarida erishgan yutuqlari aks ettirilgan. O‘tgan ana shu 7 yil mobaynida o‘zbek cholg‘u asboblari, estrada xonandachiligi, fortepiano, tasviriy san’at, an’anaviy ijrochilik, akademik xonandachilik, milliy cholg‘u asboblari, musiqa, baraban bo‘yicha Naqshband To‘xtayev, San’at Norov, Vazira Shamsiddinova, Anora Ma’rupova, Umid Nutfullayev, Alisher Mardonov, Shahzod Shamsiyev, Shahzod Nurmurodov, Farhod Ubaydullayev, Mironshoh Sattorov, Husniddin Hojiyev kabi jami 21 yosh musiqa va san’at ixlosmandi sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan.
– O‘quvchilarimizning o‘tgan 2014-yilgi muvaffaqiyatlari bizni quvontiradi, – deydi maktab direktori. – Urganchda o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan” ko‘rik-tanlovida 3-sinf o‘quvchisi Diyor Qurbonov estrada xonandachiligi bo‘yicha birinchi, Muhiddin Qori-Yoqubov xoirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda an’anaviy ijrochilik bo‘yicha 5-sinf o‘quvchisi Shukur Iskandarov birinchi va 6-sinf o‘quvchisi Ruslan Ismoilov ikkinchi o‘rinni olib qaytdi. 6-sinf o‘quvchisi Shukur Iskandarov o‘tgan yilning oktabrida Toshkentda – Gliyer nomidagi musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan tanlovda an’anaviy ijrochilik bo‘yicha faxriy yorliq bilan taqdirlanib, bu yilning bahorida Surxondaryoning SHo‘rchisida o‘tkaziladigan “Ona yurt ohanglari” xalqaro musiqa tanlovida ishtirok etish huquqini olib qaytdi. Hozir bu shogirdimiz ustozi bilan shu bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti.
Poytaxtimizda ijod qilayotgan san’atkorlar – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov, xonandalar Savriddin Najmiyev. Mirzaxurshid Olimovlar ham Ozod og‘aning sevimli shogridlaridan.
Antik davrning buyuk faylasufi Platon: “Yaxshi musiqa butun dunyoni jonlantiradi, qalbni qanot bilan ta’minlaydi, tasavvurot va yangi g‘oyalar tug‘ilishiga yordam beradi”, – degan edi.
Musiqa ham, barcha san’at turlari singari, hayotni aks ettiradi. Bu inson qalbi orqali kechadi. Voqelik musiqada tovush timsollari vositasida tasvirlanadi.
Yoshlarga musiqa sirlarini o‘rgatish, qadim Buxoroyu ko‘hna Xorazm san’atini uyg‘unlashtirish va Vobkentning ilgarigi san’atkorlik dovrug‘ini qayta tiklash borasidagi ishlarida omadlar tilab, Ozod aka bilan xayrlashdim.
Vobkent – viloyatning eng aholi zich joylashgan tumani. Bu hududda bir qarich ham obod bo‘lmagan yer yo‘q. Ba’zan bir qo‘y bog‘lashga joy topolmaysan. Tumanning el orasida taniqli kazo-kazo odamlari ham – ko‘p. Ular orasida Ozod Yo‘ldoshevichning o‘rni – bo‘lakcha. Bu fidoiy inson umrining xalq xizmatida o‘tayotgani kishilarda, el orasida hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lish uchun kasbu kor birlamchi ahamiyatga ega emas, eng muhimi – xalqqa sidqidildan xizmat ko‘rsatish, degan fikr paydo qiladi.
Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.