LAYLO SHARIPOVA
Shoira va olima Laylo Sharipova 1968-yil 11-noyabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1990-yilda Buxoro davlat pedagogika institutini (hozirgi BuxDU) tamomlab, shu oliygohda mehnat faoliyatini boshlagan. Bugun pedagogik va ilmiy hayotini mazkur oliygohga baxshida etgan olima ayni vaqtda Buxoro davlat universiteti professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Laylo Sharipova yoshligidan she’yatning rangin olamiga asir bo‘lib, she’rlar mashq etdi. Talabalik yillarida M.Mirzayev, S. Aliyev, H.Zikriyayeva, O.Rasulova, M.Qosimova, H.Ne’matov, E.Qilichev, O.Safarov, R.Vohidov kabi o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan ma’ruzalarini tinglab, ilm sirlarini o‘rgandi. SHe’riyatga oshufta, xalqi uchun ijod qilishni, xalqning sevimli shoirasi bo‘lishni maqsad qilgan talabaning qalbida xalq og‘zaki ijodiga mehr ayricha edi. Shu sabab fidoyi ustoz Oxunjon Safarovga shogird bo‘lib xalqning badiiy merosini chuqur o‘rganishga kirishdi va ilmning mashaqqatli yo‘liga kirdi. Uzoq yillar ilmiy izlanish, o‘rganish va tadqiq etish samarasi o‘laroq professor Oxunjon Safarov ilmiy rahbarligida 2008-yil “XX asrning 70-80 yillari o‘zbek she’riyatida folklorizmlar” mavzusida nomzodlik ishini himoya qildi. Ilm tubsiz dengiz, uning tubiga yetish imkonsizligi sabab olima ilmiy izlanishdan to‘xtamadi. 2019-yilda professor Shoira Axmedova ilmiy maslahatchiligida “20 asrning ikkinchi yarmi o‘zbek she’riyati badiiy taraqqiyotida folklor” mavzusida doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
O‘zining uzoq yillik ilmiy va ijodiy faoliyati davomida bir qancha ilmiy va badiiy kitoblarini adabiyot va ilm ahliga taqdim etdi. Uning “Oq armonlar” (she’rlar, 1993), “Qismat surati” (she’rlar, 1996), “Shodlik sohili” (she’rlar, 2003), “Bu shunday dunyoki...” (she’rlar, 2009), “XX asrning 70-80 yillari o‘zbek she’riyatida folklorizm” (monografiya, 2011), “Onamga tortiq” (she’rlar, 2012), “Onam o‘zing” (she’rlar, 2017), “Aruz saboqlari” (uslubiy qo‘llanma, 2018), “She’riyat va folklor” (monografiya, 2019), “Tahlil va talqin” (adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalar to‘plami, 2021) kitoblari chop etilgan.
Laylo Sharipovaning ijodidagi muvaffaqiyatlar zamirida nafaqat bilimi, balki shogirdlari, adabiyot ixlosmandlari uchun fidokorona mehnati ham mujassam. Laylo Sharopova 2016-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 2023-yilda “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Mehnatkash, samimiy va qalbi nafis Laylo Sharipova mustahkam bir qo‘rg‘onning fidoyi bekasi, 4 farzandning onajoni va 2 nafar nevaralarning mehribon buvijoni.
She`rlaridan namunalar
NAVRO‘ZOYIM
Soylarida oqqan suvi oynalikka yaraydi,
Majnuntollar qizlariga qarab sochin taraydi,
Ona quyosh qirlariga sog‘inch bilan qaraydi,
Navro‘zoyim, yurtimizga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!
O‘ksib tursam, qaddimni tog‘, ko‘nglimni bog‘ qilgan el,
Sahrodayin kunlar kelsa, daryo kabi to‘lgan el,
Dushmaniga ozor bersa, gunoh deya bilgan el,
Navro‘zoyim, yurtimizga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!
Otam kabi suyab turgan, g‘ururim – orim – Vatan,
Onam kabi beminnatim, dilda gulzorim – Vatan,
Ko‘ksimdagi urib turgan yuragim, borim – Vatan,
Navro‘zoyim, yurtimizga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!
Obod elga obod kunlar olib kelgin Navro‘zim,
Shu Vatanda tog‘day o‘ssin, bog‘ bo‘lsin o‘g‘il-qizim,
Ulug‘larning bitigiga farzand bo‘lsin hur so‘zim,
Navro‘zoyim, shu chamanga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!
ONAJONIMGA
Ko‘ngli kabi ko‘ngil topmagan,
Bo‘yiga teng bo‘y topgan, onam.
Dil deb chopgan, gul deb chopmagan,
Koshonamu mardonam, onam.
Bu dunyosi lahzaga tengdir,
Torga toru kenglarga kengdir.
Ikki dunyo aro sarsitma,
Quvvat bergil, g‘amlarni yengdir.
Onam bedor bo‘lgan tunlarning
Lahzalarin qaytarolsaydim,
Sabrga jon bergan kunlarning
Nurlarini dilga solsaydim.
Dalda bo‘lsam, loaqal dalda,
Aritolsam, qani, dardlarin.
Chorlaganda borsaydim har gal,
Ko‘zga surtsam poyin gardlarin.
Ko‘ngli kabi ko‘ngil topmagan,
Bo‘yiga teng bo‘y topgan, onam.
Gul o‘stirib, dur deb chopmagan,
Dilda durim, mehri durdonam.
BOBODEHQONIM
Dala bolang, daladir onang,
Chanqasa gar suv tutish farzing.
Minnat qilmay bo‘lar parvonang,
Jim tinglaydi aytolsang arzing.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Dardkashi yer bobodehqonim!
Cho‘zilasan yerga, sezasan,
Ona yerning namchil taftini.
Oftob sabab qizigan boshing
His qiladi yerning kaftini.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Kafti qadoq bobodehqonim!
Issiqda tan lovullaganda
Mayli, deding, taftiga ko‘nding.
Bug‘doyzorlar shovullaganda
To‘lib ketar, to‘liqar ko‘ngling.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Keng fel’lginam, bobodehqonim!
Mehnat qilsang dam olasan, rost,
Tiniming yo‘q, topganing – mehnat.
Bedazorlar iforidan mast
Oyga boqib, uxlamoq ham baxt.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Baxti kulgan bobodehqonim!
G‘o‘zalarga cho‘zasan qo‘ling,
Chanoqlarda o‘zbaki salom.
Paxtaday oq bo‘ladi yo‘ling,
Bog‘-rog‘ bo‘lib gurkirar kalom.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Kalomi pok bobodehqonim!
SOG‘INCh
Ona, sizni sog‘inganimni
Samodagi qushlar bildilar.
Lol qoldirib do‘stu g‘animni
Ergashtirib parvoz qildilar.
Men qush bo‘lib siz tomon yeldim,
Ko‘zim bahri to‘la marvarid.
Poyingizga cho‘kmoqqa keldim,
Dardingizni qilayin xarid.
Ona, sizni sog‘inganimga
Lojuvard ko‘k, ona yer guvoh.
Ko‘nglim qanday sig‘sin tanimga,
Sog‘inch o‘sib, bo‘ldi bir chorbog‘.
Kutib qoldi onam – Shofirkon,
Bolaligim qochar mo‘ralab.
Diydor istab shoshdim, onajon,
Borayapman yillar oralab.