Imom Al-Buxoriy
(810- 870)
Imom al-Buxoriy asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al Buxoriy 810- yil Buxoro shahrida tug’ilgan. U islom olamining yirik mutafakkiri. Muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni deb ham yuritiladi. Otasi Ismoil o‘z davrining yetuk muhaddislaridan, Malik ibn Alasning shogirdi va yaqinlaridan biri bo‘lib, tijorat ishlari bilan shug‘ullangan. Onasi taqvodor, diyonatli, oqila ayol edi. Otasi vafot etgach, uning tarbiyasi volidasi zimmasiga tushgan. U 5—6 yoshidan islomiy ilmlarni, Muhammad (s.a.v)ning hadislarini o‘rganishga va yodlashga kirishadi. Taniqli muhaddislar — alDoxiliy, Muhammad ibn Salom al Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad al Masnadiy va boshqalardan saboq olgan. Buxoriy 16 yoshga yetguncha, o‘z yurtidagi mashoyixlardan hadis eshitib, yozib olib, xalifalikning turli viloyatlari tomon yo‘l oladi. 825- yil Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Makkaga kelib, haj ibodatini ado etadi. Onasi va akasini Buxoroga qaytarib, o‘zi Makkada qoladi. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan mashoyixlarning ilmiy yig‘inida qatnashadi. 827- yil Madinaga boradi. Madinadagi mashhur ulamolardan Ibrohim ibn alMunzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza va boshqa bilan muloqotda bo‘lib, ulardan hadislar bo‘yicha saboq oladi. Bu vaqtda Rasulullohning sahobalari, sahobalarning izdoshlari turli mamlakatga tarqab ketgan edilar. Bir necha tarixchilarning taʼkidlashicha, Buxoriy Hijoz, Makka, Madina, Toif, Jiddaga qilgan rihlati 6 yil davom etgan. So‘ng Basra, Kufa va Bag‘dodga safar qiladi. Shom va Misrga o‘tadi. Bundan tashqari Xuroson, Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlarda bo‘lib, bu shaharlardagi olimlardan saboq oldi va hadislar to‘pladi. Xorijiy yurtlardagi safardan keyin Buxoroga qaytgach, hadis ilmini targ‘ib etishga kirishadi. Buxoriy yaratgan „Kitob alfavoid“ („Foydali ashyolar haqida kitob“), „Al Jomi’ al kabiyr“ („Katta tayanch“), „Xalq af’ol alibod“, („Alloh bandalari ishlarining tabiati“), „AlMusnad alkabiyr“ („Katta tayanch“), „Attafsir alkabiyr“ („Katta tafsir“), „Kitob alxiba“ („Xayrehson haqida kitob“) va boshqa asarlarning baʼzilari bizgacha yetib kelmagan, baʼzilari jahonning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotganligi haqida maʼlumotlar bor. Buxoriyning boshqa asarlari orasida „Tafsir alQur’on“ („Qur’on tafsiri“) kitobini ham alohida taʼkidlash kerak. Buxoriy asarlari musulmon dunyosining barcha madrasa va dorilfununlarida payg‘ambar (as) sunnatlari bo‘yicha asosiy darslik, qo‘llanma hisoblanadi. Buxoriy 870 -yil Samarqand yaqinidagi Hartang qishlog‘ida vafot etdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Imom alBuxoriy tavalludining hijriy qamariy taqvim bo‘yicha 1225- yilligini nishonlash to‘g‘risida“gi qarori (1997- yil 29- aprel) asosida Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar qilindi. Istiqlol sharofati bilan Buxoriyning o‘lmas merosi el-yurti bag‘riga qaytdi. 1998-yil 23- oktyabrda Samarqandda yubiley to‘ytantanalari bo‘lib o‘tdi. Alloma abadiy qo‘nim topgan Chelak tumanidagi Hartang qishlog‘ida ulkan yodgorlik majmui ochildi.
Yana shunisi diqqatga sazovorki, mazkur olti muhaddisning deyarli hammasi Markaziy osiyolik bo‘lib, ular: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj (206/819 – 261/874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (209/ 824 – 279/892), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy (202/817 – 275/880), Imom Ahmad An-Nasoiy (215/830 – 303/915), Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazib ibn Mojja (209/824 – 273/886) kabi siymolardir. Shular ichidan “Hadis ilmida amir al-mo‘miniyn” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Imom al-Buxoriy alohida e’tiborga molik buyuk olimdir.
Alloma ibn Salohning ta’kidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta bo‘lib, takrorlanmaidigan holda esa 4000 hadisdan iborat.
Bu sharafli ishni birinchi al-Buxoriy boshlab bergan bo‘lib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar to‘plamini yaratganlar.
Imom al-Buxoriy Islom olami va muhaddislar orasida “Imom ul-Muhaddisiyn” (Barcha muhaddislarning peshvosi) deb hurmat bilan tilga olinadi. Imom al-Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” (Ishonarli to‘plam) asari haqida so‘z ketganda shuni aytish mumkinki, mazkur manba Islom dini ta’limotida Qur’oni karimdan keyin asosiy manba sifatida foydalaniladi. Imom al-Buxoriy yashagan davrdan oldin ta’lif etilgan hadis kitoblarida sahih va g‘ayri sahih hadislar aralash holda berilgan bo‘lib, o‘quvchi ulardagi biror hadisni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini, hadis rivoyat qiluvchining ahvolini tekshirmay va aniqlamay turib, bilolmasdi. Buning uchun o‘quvchi o‘sha hadisga aniqlik kiritish maqsadida ulamolardan so‘rashga majbur bo‘lardi.
Mana shunday og‘ir davrda Imom al-Buxoriy “Al-Jomi’ as-Sahih” kitobini 16 yilda yozib tugatib, unga 7275 dan ortiq sahih hadislarni boblarga ajratib tartibli ravishda jamladi.
Ko‘pgina manbalar va tarix kitoblarida imom al-Buxoriyning aql-zakovati va quvvai-hofizasini sinash maqsadida qilingan imtihon (sinov) xususida aniq ma‘lumotlar zikr qilingan. Darhaqiqat, bunday jiddiy bir imtihon Bag‘dodda Dor ul-xilofat (Xalifalik uyi)da Bag‘dod ulamolari tomonidan uyushtirilgan. Bag‘dodlik olim Abu Bakr al-Kaluzoniy (vafoti 249 hijriy yil) "Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyga o‘xshash hech bir olimni ko‘rmadim. Biror ilmga oid har qanday kitobni olib sinchiklab mutolaa qilardida, unda keltirilgan barcha hadislarni bir martaning o‘zidayoq yodlab olardi",-deb yozgan.
Qachonki imom al-Buxoriy hadis ilmi bo‘yicha mukammal ilmga ega bo‘lib ilmiy majlislar uyushtirib, saboq bera boshlagach va uning bu tarzdagi majlislarining dovrug‘i har tarafga tarqab, el orasida yoyilgach, ilm toliblari-yu, ahli donish uning saboqlariga shunchalik ko‘p yog‘ilib kela boshladiki, hatto majlislariga odamlar sig‘may ketardi. Bu tartibdagi ilmiy majlislar bir qancha-Basra, Bag‘dod, Hijoz, Balx kabi shaharlarda uyushtirilib, alloma umrining oxirlarida o‘z vatani Buxoroda ham hadislardan dars bergan.