Chorsham’ Ro‘ziyev

Tarjimayi hol

Chorsham’ Ro‘ziyev 1955-yil 8-dekabr kuni Buxoro viloyatining  Kogon tumanidagi Miyonko‘l qishlog‘ida oddiy dehqon Ruziyev Yo‘ldosh oilasida  dunyoga kelgan. Oilada to‘rtinchi farzand bo‘lgani uchun ona tomonidan buvisi Sulhida bibi unga Chorsham’ deb nom berishni aytgan.

          Chorsham’ 1970-yil 7 sinfda o‘qib yurgan paytida “Bahor”  deb nomlangan birinchi she’rini bitgan.U shunday boshlanadi:

Baland tog‘da erir muz qorlar

Quyosh nuri qilganida kor.

Yerni bo‘rtib chiqar maysalar

Yangi fasl boshlanar – bahor.

Maktabni oltin medal bilan tugatgach 1974 – 1980-yillar hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakulteti kechki bo‘limida tahsil oladi va imtiyozli diplom bilan tugatadi.  Ish faoliyati davomida O‘zbekiston radiosi, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi, “Sog‘lom avlod uchun” jurnali, “O‘zbektelefilm” studiyasi va Milliy teleradiokompaniya tahririyatlarida xizmat qiladi.

Shoirning she’riy, hajviy,dramaturgiyaga oid va ko‘plab xotira – esse kitoblari chop etilgan. Tanlangan asarlari, “Ismoil Somoniy” nomli tarixiy dramasi, “Afandi aldamaydi” nomli xajviy kitobi, hayotdagi ustozi Mardon Xolbekovga bag‘ishlangan “Mardona hayot” nomli xotira kitobi, ijoddagi ustozi, O‘zbekiston Xalq shoiri, Halqaro Mahmud Qoshg‘ariy mukofoti sohibi Rauf Parfiga bag‘ishlangan “Abadiyat qo‘shig‘i” nomli essesi shular jumlasidandir. Yaqinda shoirning “O‘zbekning bir oilasi ” nomli xotira kitobi ham chop etildi.

U 1990-yildan beri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning ko‘plab she’rlariga hofizlar tomonidan kuy bastalanib ijro etib kelinmoqda.”Do‘stlik” ordeni va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Oilali, ikki o‘g‘il va uchta nabirasi bor.

She`rlaridan namunalar:

Doim bir mehrni tuyib yashayman,

Shu mehrga ko‘ngil qo‘yib yashayman.

 

“Har yaproqda yashar xudo” deydilar,

Ko‘klamni chunonam suyib yashayman.

 

Musoga havasim kelar bir umr,

Tur kabi tog‘larga to‘yib yashayman.

 

“Haq yo‘ldan adashma” degan haq  so‘zni

Har kuni dilimga quyib yashayman.

 

Taqdirga shukrlar qilib ming bora

Ajab taqdirlardan kulib yashayman.

 

Hayotdan bir ma’ni topa olmagan

G‘amzada kaslardan kuyib yashayman.

 

Dunyodan ketsa ham jismu-jon, Chorsham,

Ruhim qayta-qayta kelib yashayman.

***

Bahouddin bobomga riyozat chekib boray,

Dilimga  ishq , muhabbat  urug‘in  ekib  boray.

 

Unib  chiqqay  bir  kuni  undan mehr-sadoqat

Umrimni  shu  sadoqat  yo‘liga  tikib  boray.

 

Qishu-yozin, tun demay,  ulovlariga  minmay,

Tog‘u-toshlardan  oshib,  daryolar kechib  boray.

 

Tashlab  g‘ayir  o‘ylarni, unutib yot  ko‘ylarni,

Yuragimda  yig‘ilgan  tugunni  yechib boray.

 

Yon-verimdan  chiqsalar  yaxshi-yomon odamlar

Qo‘llariga  nasihat  nomalar  tutib  boray.

 

Najot  makoni  shunda, ko‘ngil  darmoni  shunda,

Dargohiga  doimo  jonimdan  kechib  boray.

 

Ziyoratim  ushalsa, ko‘zlarim  nurga  to‘lsa,

        Go‘zal  hayotga, Chorsham, qaytadan uchib boray.

 

                                                                ***

 Ko‘ngilda  bir  muhabbat  bor ajab  dunyolari  tortar,

Yurakda  ming  jarohat  bor  ajab savdolari  tortar.

 Chiqib  ketmoqni  istar  dil  yana  Majnunni  yo‘lig‘a

Poyoniga  yetib  bo‘lmas  ajab  sahrolari  tortar.

Kuyay  deyman, yonay  deyman peshonamda  bitilgandir

 Ajab  ishqning  ajab  zayli, ajab  g‘avg‘olari  tortar.

 Visoliga  yetishsam  bas, bo‘lardim  bir  umr sarmast,

Sadoqat  taxtiga  payvast  ajab  Zuhrolari  tortar.

Sen-ey, Chorsham, yetarman deb  urinma  ishqni siriga,

 Faqat  talpin,  faqat yongin,  ajab  ma’volari  tortar.



Chorsham’ Ro‘ziyev Adibimizga tegishli asarlarimiz

Saylanma

Saylanma

Tanlangan asarlar

Tanlangan asarlar