Baxshulla Rajab
(1950-2024)
Taniqli shoir, dramaturg va jurnalist Baxshulla Rajab 1950- yilda Buxoro viloyati Buxoro tumanida tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutining (hozirgi BuxDU) filologiya fakultetini tugatgan. Iste’dodli dramaturg Baxshulla Rajab “Yallama – yorim”, “Handak”, “Tavba” kabi dramalar yaratgan. Uning dramalari sahnalashtirlgan bo’lib, tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo’lgan. Baxshulla Rajabning turli yillarda “Rangin chaqmoqlar”, Xayolimda yulduzlar”, “Chor bakr”, “Yurakka sig’magan dunyo”, Ko’ngil Ka’basi”, Sog’inch suratlari”,Taskin”, “Gullayotgan O’zbekiston bu” kabi she`riy to`plamlari ham nashr etilgan. Uning ijodi yuzasidan taniqli adabiyotshunos olim Oxunjon Safarov “Ilg’or fan uchun” nomli universitet gazetasiga “Oq yo’l, Baxshulla” nomli maqola e’lon qilib, muallifning she’rlarini tahlil qilgan. Hamda shoirga ijodiga yuqori baho bergan. Shoir va dramaturg Baxshulla Rajab ijodiy faoliyatiga oid ilmiy – adabiy qaydlar yig’ilgan kitob e’lon qilindi. Bu kitob “Mavjlanayotgan mehr mash’ali” deb nomlangan. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. U yillarda davomida “Galaosiyo Ovozi” gazetasining muharriri bo’lib faoliyat yuritgan.
Iste`dodli shoir va dramaturg 2024-yil 15-aprelda vafot etgan.
She`rlaridan namunalar
ELIM
Sharqning tomirida oqar daryosan,
Amu, Sir qo‘rg‘onin quchgan dunyosan.
Daholar yaratgan ulkan dahosan,
Xudoga topingan mo‘tabar elim.
Qalb qasrin nurlatding muhabbat bilan,
Erk tug‘in bezatding qanoat bilan,
Yurt qadrin tiklading saodat bilan,
Ruhing samolari poklanar, elim.
Jannatni joniga joylagan jonsan,
Do‘zaxiy dillarga mangu armonsan,
Yomonga nayzasin sanchgan qalqonsan,
Qahri – tig‘, mehri – nur, dilovar elim.
Baxt bog‘in gullatar erking quyoshi,
G‘arbu Sharq, Osiyo mangu yo‘ldoshi,
Olamni lol etgan pirlar qo‘ldoshi,
Toleyi Quyoshdek munavvar elim.
Or-nomus, g‘ururing bo‘lsin poyindor,
Qadr-qimmat, obro‘ying, shoning ustivor,
Baxtingdan taxt yarat boqiy, ulug‘vor,
Ta’rifi dunyoga zar-zevar elim...
Sharqning tomirida oqar daryosan,
Amu, Sir qo‘rg‘onin quchgan dunyosan.
Daholar yaratgan ulkan dahosan,
Xudoga topingan mo‘tabar elim.
ORZULARNING SURATI
G‘unchalarning suratini chizayotir qizaloq,
G‘unchalagan orzularin suratidir balki u.
Quyoshni ham chizayotir g‘unchalarga yaqinroq,
Alvon-alvon lablarida porlab tursin deb yog‘du.
Moviy osmon etagida Quyosh kulib beg‘ubor,
G‘unchalarning dudog‘idan simirmoqda shabnamni.
Pok tuyg‘ular mavjlaridan farishtadek beozor –
Jilolanib tug‘ilmoqda qizaloqning olami…
Nafis, gulgun chehrasida to‘lqinlandi tabassum,
Endi uning olami bor bu olamdan bepoyon.
Endi uning xayollari tinim bilmasdan bir zum,
Olamining osmonini bezatgusi begumon.
Orzularin suratlari olam kabi rang-barang,
Behzod qoni oqayotir balki uning tanida.
Orzularin suratini chizmoq uchun izlab rang,
G‘unchalarning suratini yonib-kuyib chizmoqda.
Siz – dunyoning tashvishlarin ko‘rgan, bilgan odamlar,
Uning nozik qo‘llariga tuting nurdek mo‘yqalam.
Toki gulday yuragini kemirmasin alamlar,
Orzularning suratiga to‘lib ketsin bu olam!
HAYOT ChOLNING SAVOLLARI
– Hey, yigit! Bir nafas to‘xta, javob ber,
Naslu nasabingning menga daxli yo‘q.
Kasb-koring o‘zingga, makoning qaer,
Mol-mulking kammi-ko‘p, hecham farqi yo‘q.
Iymoning butunmi?
Vijdoning pokmi?
Aldov-yolg‘onlardan uzoqmi qalbing?
Halollik umringga mangu mayoqmi,
Ona suti kabi sofmi matlabing?
Erk,
Vatan,
Nomus-or,
Haqiqat uchun
Yurakda qonlaring urgaymi tug‘yon?
Nafrating raqibga sochgaymi uchqun?
Muhabbat ko‘ksingda qurganmi makon?..
Insonlik sha’ningni etdim men so‘roq,
Qalbingda bormi shu tuyg‘u-tug‘yonlar?
Rost aytsang – baxtlarga ko‘milgin mutloq,
Aldasang – tilingdan chaqsin chayonlar.
BEZOVTA DUNYO
Dovullar, bo‘ronlar, o‘kirmang bir pas,
Dolg‘ali tug‘yondan nedir muddao?
Shunday ham jumbushda Yer olar nafas,
Shunday ham g‘alvadan bezovta Dunyo.
Dunyo bezovtadir,
Yurak bezovta,
Nafrat olovida gurillaydi qon!
Asab taranglashar mahzun va xasta,
Qafasga aylanar bag‘ri keng jahon.
Zamin asabi ham tortilgan tarang,
Metin sabr kosasi to‘la qanoat.
Fozillar qahrini bosmoqda arang,
Yo‘qsa bo‘larmidi mash’um qiyomat?
Eh, mangu hujumkor –
Dovul, bo‘ronlar,
Sizga ham xitobim nojoiz, albat.
Ne qilay, ba’zi bir olchoq nodonlar
Dunyoga, Zaminga etsa xiyonat?!
O‘zi farzand bo‘lgan Zamin, Dunyoning
Bag‘rin kuydirmoqqa etolsa jur’at.
O‘q-dori, bombayu tahqir-nizoning
Tig‘idan mavjudot topsa jarohat!..
Bu dardga toparmiz bir kun biz chora,
Sizdagi shashtga ham bo‘lar chek, oxir.
Oybolta ushlagan jalloddan ko‘ra,
Qurolsiz telbalar xavfsiz-ku, axir!
Ne bo‘lsa, tinch turing, o‘kirmang birpas,
Dolg‘ali tug‘yondan nedir muddao?!
Shundoq ham junbishda Yer olar nafas,
Shundoq ham g‘alvadan bezovta Dunyo.
ShARShARALAR ShEVASI
Sharsharalar shevasida so‘ylaganda ishq dardin
Saratonning gulbog‘lari xushbo‘y atrin sochdilar.
Daraxtlarning sochlaridan taralguvchi gul atrin
Sipqorganda, dil qushlarim dilginamni ochdilar.
To‘lib ketdi umr bo‘stonim sirli olam sehriga,
Dalayu dasht ufqlari bo‘ldi gohi jizg‘anak.
Xayollarim tulporlari to‘ymas hayot mehriga,
Qo‘rqaman-ey, portlab ketsa dardga to‘la mo‘rt yurak.
Quvgum gohi dardga to‘la tuyg‘ularim karvonin,
O’ylarimning kaptarlari tor kulbada patirlab.
Turmush degan to‘qmoq urar gohi ojiz sarbonin,
Bol o‘rniga zahar yutar adashgan go‘l erktalab.
Tunlar aro tinim bilmas xayollarim tulpori,
Kimdir baxtli, kimdir baxtsiz, kimdir mehrga tashna, zor.
Kimga bag‘rin keng ochgusi ko‘hna dunyo bozori,
Kimdir esa parcha nonga kunda, tunda intizor.
Sog‘inaman sharsharalar shevasida ishq bolin,
Nozik-nafis tuyg‘ularim boshin gulga o‘rsam ham.
Muhabbatning gultojiga qo‘ndirib baxt xayolin,
Ko‘hna dunyo bozoridan izlayman dilga malham.
Sharsharalar shevasida so‘ylaganda ishq dardin…
TUN
Yulduzlar ko‘zimga qadaydi hayrat,
Xayol qushlarini chorlaydi osmon.
Oyning qadahidan sipqorib lazzat
Ko‘ksimda quvonchlar ko‘tarar tug‘yon.
Farishta oy nurin icharkan xayol,
Bo‘yniga osilar yulduz marjoni.
Bunchalar farahbaxsh ilohiy visol,
Sehridan mavjlanar yurak ummoni.
“Zuhro”ga ko‘z qisar “Yetti qaroqchi”,
“Tarozi” “Cho‘mich”ning shu’lasin o‘lchar.
Kokilin silkitib keng Somon yo‘li
Tong yulduzining qoshida o‘char.
Yulduzlar olami – yozilmagan bayt,
O’qilmay samoda qo‘yilgan kitob.
O’zining bergani har kun tonggi payt
Avaylab yashirar barchasin oftob.
Bu sehru sinoat zavqini tuyib,
Tunlarni tonglarga ulab yashayman.
Xayol tulporida yulduzni quchib,
Uyg‘oq qalb umidin Haqqa ulayman.
DILIM DUNYO AKSIDIR
Muhabbat o‘tidan yurakda isyon,
Quyoshdek lovillab yonar jismu jon.
Dovdirab poyingga tiz cho‘ksam, gulim,
Majnundek holimdan bo‘lma hech hayron.
Telbavor bu dilim dunyo aksidir,
Ishqimning maskani o‘zin qasridir.
Ruhim yulduzlardan sipqorar yog‘du,
Umrimning har kuni sevgi asridir.
IFTIXOR
Qalbim qushlariga qanot bu xilqat,
Ustozlar ruhidan olgayman quvvat.
Mo‘‘tabar zotlarning yoniq ovozi
G’oyibdan baxt sari aylagay da’vat.
Hayot, qalb, muhabbat timsoli bo‘lib,
Haqiqat qo‘rg‘oni nurlarga to‘lib.
G’oliblik tug‘ini ko‘targay baland,
G’urbatu mijg‘ovlik tikonin yulib.
Moziy sasidir: Rumiy, Naqshbandiy,
Navoiyu Bobur, Mashrab, Muqimiy.
Qadr topib Oybegu Abdulla Qahhor,
G’afur G’ulom yanglig‘ Zulfiya boqiy.
Tongda ham, shomda ham bergay aks-sado,
Ijod bulog‘idan oqqan sas, nido.
Har qarich tuproqdan buyuklar izin
Izlagay ko‘zimda mavjlanib ziyo.
Charx urar tegramda ulug‘lar sasi,
Qalb torin siypalar hayrat nafasi.
O’zbegim sha’nini ko‘kka ko‘targan
Zotlarga kelgaydir dunyo havasi.
Oydin baxt cho‘qqisin ko‘zlagan avlod
Shiddatkor ruh ila etmoqda ijod.
So‘nmagay bobolar yoqib ketgan sham,
Muqaddas makonda yangi ruh bunyod!
TAShNALIK
Ruhim ko‘kka sapchir asov tulpordek,
Majnunning ohiday titraydi osmon.
Dardlar azobidan qo‘rqqan bemordek,
Ko‘nglim xobgohini tark etar tug‘yon –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.
Sog‘inch belanchagin tebratar firoq,
Iztirob qilichin ko‘targay hijron.
Qalbim qo‘rg‘oniga tosh otar qiynoq,
Sahrodek sarg‘ayar darddan jismu jon –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.
Otashin ishq mayin tutmangiz darig‘,
Tuyg‘ular torini chertsin orzular.
Takdirlar tilsimin yechgan baxt yanglig‘
Istiqbol ko‘shkidan soching yog‘dular –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.
Yayrasin dilginam xayoliy nurdan,
Tafakkur lochini etsin tinch parvoz.
Malaklar orazi sochgan sururdan
Hayotim gulshani gullasin qiyg‘os –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.