AM’AQ BUXORIY
Shahobiddin Abdulnajo Am’aq Buxoriy (ba’zi manbalarda Abu Najib Shihobiddin Amiq Buxoriy) XІ - XІІ asrda yashab ijod etgan shoirlardandir. Uning laqabi Shihobuddavla, taxallusi esa Am’aqiy bo‘lib, hayotiga doir ma’lumotlar juda oz saqlangan. Yashagan davri Saljuqiylar va Qoraxoniylar hukmronligi zamoniga to‘g‘ri keladi. dastlabki ilmni Buxorodagi ulamolardan tahsil olgan. Falsafa, matematika, astronomiya va adabiyotning yetuk bilimdoni bo‘lgan. Amiq Buxoriy 1068 yil Samarqandga boradi. Nuktadon shoir bu yerda Qoraxoniy xonlaridan Hizrxon (1080-1081-y) saroyida katta ehtiromga sazovor bo‘lib, “Amir - ush shuaro” («Shoirlar amiri») unvonini olgan.
Shuningdek, alloma saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjarning ham iltifotiga sazovor bo‘lgan. Sulton Sanjar 1129-yilda vafot etgan qizi Mohmalak Xotunga atab marsiya yozdirish uchun Movarounnahrdan Amiq Buxoriyni saroyga chaqiradi. U hukmdorning taklifini bajarib, qiziga atab marsiya yozib beradi. Qasidadan mutaassir bo‘lgan Sulton Sanjar unga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatadi.
Uning keyingi hayoti haqida ma’lumotlar manbalarda uchramaydi. Faqat 1147-48-yillarda vafot etgan degan taxminlar mavjud. Bundan xulosa qilish mumkinki, alloma keyinchalik no’malum sabablarga ko‘ra jamiyatdan uzoqlashib, yolg‘iz yashagan.
Shoirning qasida, g‘azal, qit’a, tarkibband va ruboiylar jamlangan 7 ming baytdan iborat devoni saqlanib qolgan. Uning she’rlarini Said Nafisiy 1960-yil “Devoni Amiq Buxoriy” nomi bilan nashr ettirgan. Devon 806 baytdan iborat, shundan 614 bayt Amiq Buxoriyga tegishli deyiladi. Chunki u yerda keltirilgan qasidalardagi tarixiy shaxslar shoir yashagan davrga to‘g‘ri kelgan. Qasidalarda Shamsulmulk Nasr ibn Tamg‘achxon, Ibrohim ibn Nasr, Hizrxon ibn Ibrohim, Ahmad ibn Hizrxon, Mahmudxon ibn Shamsulmulk Nasr, Rukniddin Abu Muzaffar Tamg‘achxon Mas’ud ibn Hasan, Qodirxon Jabroil ibn Umar ibn Ahmad, Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon, Abu Maoliy Hasan Takin Qilich Tamg‘ach ibn Ali ibn Dovud va Sulton Sanjar singlisining o‘g‘li Rukniddin Mahmud ibn Muhammad ibn Sulaymon kabi bir necha hukmdor va davlat arboblarining nomlari madh etilib keltirilgan. U Qoraxoniylar hukmdorlarining hurmat va e’tiboridagi shoir bo‘lgani uchun boshqa shoirlar uni ehtirom qilishlari shart bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Am’aq Buxoriy «Yusuf va Zulayxo» masnaviysini ham yozgan.
Amiqiyning Sharq adabiyotida keng tarqalgan san’atlardan biri “o‘xshatish” san’atini qo‘llashda yuksak mahoratga ega bo‘lgan. Shuning uchun ustozi Anvariy uni “Ustozu suhon” deb atagan.