Turdi Farog‘iy
Turdi, Turdiy (asl ismi va taxallusi; forstojik she’rlaridagi taxallusi esa Farog‘iy) (17-asr, Buxoro – taxm. 1699/1700, Xo‘jand) –shoir. Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Abdulazizxon davrida saroyning amaldorlaridan, yuz urug‘ining ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblaridan bo‘lgan. Subhonqulixon taxtga chiqqach, saroydan uzoqlashtirilgan.
Ashtarxoniylarga qarshi 1685 – 86 yillarda ko‘tarilgan xalq isyonida faol ishtirok etgan. Isyon bostirilgach, Turdi Jizzax, so‘ng Xo‘jandga borib, muhtojlik va uzluksiz ma’naviy tushkunlikda kun kechirgan. Turdi o‘zbek va fors tillarini yaxshi bilgan. «Dar mazammati sipohigari» she’rida o‘zining asosiy kasbkori sipohiylik («harbiylik») bo‘lganini, shu kasbi bilan uzoq yillar nimalarnidir tama’ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxir-oqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus bilan ma’lum qilgan. Lekin harbiylik bilan bir qatorda Turdi o‘z zamonasining o‘qimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega kishilaridan bo‘lgan. Uning jamiyatda tutgan mavqei esa o‘z atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga faol aralashishni taqozo etgan.
Turdining adabiy merosi 18 she’rdan iborat bo‘lib, ulardan 12 tasi g‘azal, 5 tasi muxammas va bittasi fard janriga oid. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon haqidagi mashhur hajviyani tashkil etgan («Subhonqulixon to‘g‘risida hajviya», 1691).
Diqqat bilan nazar tashlansa, Turdi ham o‘z ijodini boshqa shoirlar kabi an’anaviy ishq mavzuidan boshlagani, bu sohada o‘zigacha mavjud ijodiy tajribani puxta egallagani seziladi. Shoirning:
Turkona xirom ayladi ul sho‘xi diloro,
Dil mulkini bir go‘shai chashm ayladi yag‘mo —
matlai bilan boshlangan ishqiy g‘azali lirikaning yaxshi namunalaridan deb baholashga loyiq. Yana diqqatga sazovor tomoni shundaki, Turdining lirik g‘azallari boshqa shoirlarnikidan o‘zining nihoyatda ixchamligi, ya’ni 3—4—5 baytdan iboratligi bilan ajralib turadi. Turdining tasavvufiy she’rlari ham g‘oyat go‘zal va falsafiy teran mazmunga boy.
Turdining shoh asari, albatta Subhonqulixon to‘g‘risidagi hajviy muxammasidir. Shoir fikricha, Subhonqulixon davlat tepasiga kelishi bilan butun mamlakatda ahvol yomon tomonga o‘zgargan, osoyishtalik o‘rnini tartibsizlik, adlu karam o‘rnini o‘zaro nifoq egallagan.
Turdi yozishicha, Subhonqulixonning aybi shundaki, u taxtga o‘ltirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning o‘rniga o‘z atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr-mulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yig‘a boshlagan. Subhonqulixon va uning beklariga xos nuqsonlarni fosh etishda Turdining hajviy qalami satrdan-satrga, banddan-bandga tobora o‘tkirlasha boradi. Shoir bu shoh haqida:
Bid’atu zulm ani xilqatu asli zoti…
Fuqaro bo‘ldi bu shoh asrida ko‘zi zoru nahif,
Zulmdan bo‘ldi raiyat elikim xoru zaif —
deb yozsa, uning beklariga:
Ey yuzi qora, ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar beklar…
Yedingiz barchangiz itdek fuqaroni etini;
G‘asb ila molin olib, qo‘ymadingizlar bitini… deb xitob qiladi.
To‘g‘rirog‘i, Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida qattiqqo‘l, johil shoh timsolini yaratishga harakat qilgan va bunga erishgan. Bunda Subhonqulixon obrazini biz to‘la tarixiy real shaxs sifatida emas, balki adabiy tip sifatida baholamog‘imiz zarur. Bu hajfiy asari bilan Turdi o‘zbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir yuksaklikka ko‘tardi.
Turdi ijodini o‘rganishga A Fitrat, O. Sharafuddinov, H. Yoqubov kabi olimlar katta hissa qo‘shdilar.
G’azallaridan namunalar
Qatrayam nochiz,ammo zoti qulzum Turdiyman,
Kelturan amvojg’a bahri talotum Turdiyman.
Qirq,Yuz,Ming aqrabolar etdilar mandin nufur,
Ne balo,baxti qarou tolui shum Turdiyman.
Rishtadek ming pechu tob chashmi so’zandin o’tar,
Bovujudi e’tibori chashmi mardum Turdiyman.
* * *
Tor ko’ngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling
To’qson ikki bori o’zbak yurtidir, tenglik qiling.
Birni qipchoqu xitoyu, birni yuz,nayman demang,
Qirqu yuz ming son bo’lub, bir xon oyinlik qiling.
Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir to’ng’a kirib,
Bir o’ngurlik, bir tirizlik, bir yaqo, yenglik qiling.
Kim qo’yubdur, uhdai o’z mulkungizdin chiqmayin,
Ikki, uch, to’rt da’vosin etmakni, ko’tahlik qiling.
Mardlar maydon chekib, rangin ko’torib zaxmlar,
Sizga yo’q ul javhare, yuzga upo-englik qiling.
* * *
Turkona xirom ayladi ul sho’xi diloro,
Dil mulkini bir go’shai chashm ayladi yag’mo.
Tufrog’da jon bitsa, ravodur, ne ajab gul,
Cho’x sarvi sihi etdi nihon ko’zlari shahlo.
Har qanda g’ami do’st dilporani istar,
To subh, yaqo yirtmadi mehr o’lmadi paydo.