Toshpo‘lat Xakimovich Hamidov 1927-yil 12-dekabrda O‘zbekiston SSR Buxoro viloyatining Bo‘ston qishlog‘ida (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati Qiziltepa tumani) tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, o‘qishni Buxoro davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida davom ettirib, 1945-1949 yillarda shu yerda tahsil oldi. Institutni tugatgach, Shofirkon tumanidagi Shota Rustaveli nomidagi maktabda ishladi. (1949-1951); Qiziltepa viloyati xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasini bajaruvchi (1951-1955); Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi (1955-1970) kabi lavozimlarda ishladi.
1960-1962 yillarda Moskvadagi Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Oliy adabiy kurs talabasi bo`ldi. Soʻngra Buxoro pedagogika institutida oʻzbek adabiyoti kafedrasini boshqargan, viloyat “Buxoro haqiqati” gazetasida adabiyot boʻlimi mudiri, muharrir oʻrinbosari (1962-1969) boʻlgan. 1969- yilda Samarqand Davlat universiteti aspiranturasining sirtqi bo‘limini tamomlagan va shu yili Asqad Muxtorning she’riy mahorati yuzasidan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1970-1979- yillarda “Buxoro haqiqati” gazetasi bosh muharriri, 1979- yildan jamoat va davlat ishlarida ishtirok etgan; 1983-yilda yana viloyat “Buxoro haqiqati” gazetasi bosh muharriri lavozimiga tayinlandi.
1983-yilda ijodiy xizmatlari uchun Toshpo‘lat Hamid O‘zbekiston SSR Hamid Olimjon nomidagi adabiy mukofoti bilan taqdirlangan. 1984- yil 9- fevralda Essentuki shahrida vafot etdi.
Toshpoʻlat Hamidning “Quyosh shaʼniga”(1960), “Mening asrim” (1965), “Asrorqulning qoʻchqori” (1969), “Binafsha ufqlar” (1973), “Gumbazlar sadosi” (1974), “Boʻston navolari” (1979), “Quvgʻin” (1981), “Togʻlarga boq, togʻlarga” (1982) va rus tilida “Lastochka” (1969), “Volshebniʼy barashek” (1974), “Zolotiʼe vorota” (1975), “Rodina aistov” (1982), “Yurtim gullari”, “Manzil” (vafotidan keyin) kabi sheʼr va dostonlar toʻplamlari nashr etildi. Tarjimon sifatida esa Stepan Shchipachev, Sergey Orlov, Zubayda Abduqodirova, Fayzulla Ansoriy, Gulchehra Sulaymonova singari turli millatga mansub shoirlar asarlarini ona tilimizga oʻgirdi. Toshpoʻlat Hamid oʻtgan asrning 50-60-yillarida oʻzi rahbarlik qilgan Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati boʻlimi huzurida “Nilufar” adabiy toʻgaragini tashkil etib, birnecha yillar unga rahbarlik qildi.
Toshpoʻlat Hamid Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1977) unvoni bilan taqdirlangan.