O‘zbekiston Qahramoni, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripov iste’dodli shoir, sinchkov jurnalist va mohir tarjimon Toshpo‘lat Ahmad haqida iftixorga to‘lib, shunday degan edi: «Toshpo‘lat Ahmad - iste’dodli, xassos shoir, zaxmatkash adib. U tarixni yaxshi biladi. Buxoroyi sharifning minoralarini donishmandga, gumbazlarni munajjimga qiyos etadi, shular bilan sizni yuzlashtiradi, toshlarini kuylata oladi...»
Toshpo'lat Ahmad 1942 yil 13 dekabrda Buxoro
viloyatining Shofirkon tumanidagi Denov qishlog'ida tug'ildi. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi (1959-1964). Ish faoliyatini o'rta maktab o'qituvchiligidan boshlagan Toshpo'lat Ahmad, keyinchalik "Buxoro haqiqati" (hozirgi "Buxoronoma") gazetasida (1965-1975; 1993-1996), O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo'limida (1975-1993) xizmat qildi. 1996 yildan yana O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo'limining mas'ul kotibi va ayni paytda "Buxoro mavjlari" jurnalining bosh muharriri vazifasida faoliyat olib bormoqda. Toshpo‘lat Ahmad adib va publitsist sifatida "Qasam va qasos" (1974), "O‘g‘lingman, hayot" (1979), "Ochiq eshik" (1981), "Qalbning oppoq gavhari" va “Qalam va alam” (2008) singari ocherklaru hikoyalar to‘plamlarini, shoir sifatida "Minorlar va chinorlar" (1979), "Oydin xayollar" (1984), "Tabassum bog‘i" (1991), "Imon qal’asi" (1993), "Sharq tumori" (1996), "Ahli muslim mehrobi" singari she’rlar, balladalar qasida va dostonlar to‘plamlarini o‘quvchilarga hadya etdi. Toshpo'lat Ahmad tarjimon sifatida Jalol Ikromiyning "Qora quzg'unlar" romanini, shuningdek, Rasul Hamzatov, Vladimir Solouxin, Avetik Isaakyan, Ovanes Sheroz, Loyiq Sherali, Ahmad Muxtor singari shoirlarning asarlarini o'zbek tiliga tarjima qildi.
Keyingi yillarda shoirning Buxoroning 2500 yilligiga bag'ishlangan "Sharq tumori" (1996), "Fig'on" (1994), "Buxoronoma" (Saylanma, 1997), "Chorbakr" (1996), "Gavhari jonim" (2009), "202 atirgul" (2013) nomli kitoblari chop etildi. "Fig'on" pyesasi sahna yuzini ko'rdi. "Qutlug' ostona" (2006), "Sharq gavhari" (Saylanma, 2007), "Qalam va alam" (2008), "Navro'zingdan o'rgilay" (2010), "Sajdagoh" (dostonlar, 2011) asarlari e'lon qilindi.Toshpo‘lat Ahmad, hammadan avval, shoir sifatida elga tanildi, e’tirof etildi.Toshpo‘lat Ahmad xalq qo‘shiqlarining o‘tlig‘ ohxangi va teran mazmuniga mutaassir bo‘lganligi tufayli ularning poetik intonasiyasiga, mazmuniga hamohang o‘ynoqi she’rlar, qo‘shiqlar, to‘rtliklar, sakkizliklar va hatto ikkiliklar yaratish jarayonida ham o‘z mahoratini charxlab borayotir. Toshpo‘lat Ahmad ijodining yana muhim xususiyatlari shoirning Turonzamin va, umuman, Sharq so‘z san’ati an’analariga ergashib, hikmatnavislikka mayl ko‘rsatishida namoyon bo‘ladi. Shundanmikin, to‘plamda yassaviya, kubraviya, xojagon tariqatlari g‘oyalariga hamohang she’r va to‘rtliklar talaygina. Ularda nafs, xasad, ko‘ngil, qalb, iymon, aql, vijdon, sabr tushunchalari xususidagi orifona qarashlar ruhi ustivor. Ularning yomonidan hazar qilishga, ezgusidan ibrat olishga da’vat bor. Bu jihatdan «Har kalomi injudir avliyolarning» turkumiga mansub she’rlar falsafiy miqyosi va samimiyati bilan alohida ajralib turadi.
Turkumdagi o‘ndan ziyod she’rning har birida islom olamining buyuk shayxlari hayoti bilan bog‘liq ibratli voqealar, ular tafakkuri, pok tiynatini yorqin namoyish qila oladigan falsafiy xulosalar badiiy umumlashtirilgan. Bunda nasixatguylikdan voz kechilib, axlokiy qarashlarning axli ulamo xayot tarzi, yo‘l-yo‘riqlari misolida bayon qilinishi she’riy hadisnavislik an’analarini yodga soladi.