TILAK JO`RA

O‘z she’rlari, tarjimalari va ilmiy ishlari bilan o‘zbek adabiyotiga katta hissa qo‘shgan, qisqa umri davomida xalqning sevimli  shoiriga  aylanib  ulgurgan Tilak Jo‘raning  tarjimayi holi bir necha kitoblarga jo  bo‘lishi shubhasiz.

Rasmiy hujjatlarda  qayd  etiladigan ushbu  raqamlar  esa Tilak  Jo‘ra  umrining  bekatlarini anglatadi, xolos. 

Ismi  sharifi: Jo‘rayev Tilak  Ro‘ziyevich.

Tug‘ilgan yili: 1947-yil 26-may.

Tug‘ilgan joyi: Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Sayyod qishlog‘i.

U 1954 – 1965-yillarda  5-son umumiy o‘rta maktabda, 1966 – 1972-yillarda ToshDU ning jurnalistika fakultetida sirtqi bo‘limida, 1978 – 1981-yillarda ToshDUning  aspiranturasida tahsil oladi.

Mehnat faoliyati: 1961 – 1965-yillar, ya’ni o‘quvchilik davrida kolxozda ishladi. 1969 – 1970-yillar Qorako‘l tumani “Olg‘a” (hozirgi “Qorako‘l sadosi”) gazetasida avval radiotashkilotchi, keyin bo‘lim boshlig‘i vazifalarida xizmat qildi. 1970-yil sentabridan umrining oxiriga qadar, ya’ni 1994-yilning apreligacha ToshDUning tarjima nazariyasi kafedrasida  G‘aybulla  Salomov,  Najmiddin Komilov  singari alloma  olimlar bilan birga yosh avlodga dars berdi.  O‘nlab  yosh  olimlarga  ustozlik qildi. 1982-yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 1986-yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 

Go‘yo hammasi mana shulardan iboratday. Lekin Tilak  Jo‘ra o‘zining dilbar she’lari, qalblarga olov tutashtiradigan  ma’ruzalari bilan bir necha avlodning  ruhiy  takomiliga, adabiy – ijtimoiy tarbiyasiga  benihoya katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbek  adabiyotida sho‘ro hokimiyatiga qarshi  o‘z so‘zini  aytishdan cho‘chimagan sanoqli shoirlar bo‘lgan bo‘lsa,  shularning  old  safida Tilak  Jo‘ra  ham bor  edi.

U ozodlik va erk, Vatanga  muhabbat, millatparvarlik ruhidagi she’rlari  bilan  xalqni ozodlik sari yetaklagan ziyolilardan  edi. U  biror narsaga  xizmat qilay,  xalqimga yodgorlik qoldiray, keyin meni eslasin degan shoir emas edi,  uning  hayot tarzi har bir nafas olishi va so‘zi  ana shu muhabbatdan, mehrdan iborat edi.  Shunday  shoirlar bo‘ladiki, ular tirikligida  millat uchun qanday xazina ekanligini, hayotbaxsh  ruh bag‘ishlaydigan mayoq ekanligini   anglayvermaymiz.   Ular  oramizdan ketgach, adabiyotdagi, xalq  ruhiyatidagi  ulkan  o‘rni  bilinadi qoladi. Tilak  Jo‘ra  shunday  shoirlardan  edi. Uning nomini yodlab  turish  uchun abadiylashtirish,  ulkan bir  qarzning kichkina  qismini uzish,  xolos. Xolbuki,  undan  xalqimizga  katta  meros  qoldi: “Rayhon”  (1977), “Olam  ostonasi”  (1980),  “Yulduzlar  tabassumi”  (1981),   “Chorrahadagi uy” (1983-yil),  “Sanduvoch”  (1988),  “Ruhiyat” (1990), “Saylanma” (2011)  she’riy majmualari nashr etildi.  1991-yil bir guruh  shoirlar tomonidan bitilgan  “Mustaqillik  qasidasi” ning hammualliflaridan biri bo‘ldi. Tilak Jo‘ra turk, ozar, fransuz, qoraqalpoq, tojik va uyg‘ur, qrim-tatar she’riyatidan  tarjimalar qildi, “Hozirgi  turk  she’riyati”,  “Nozim Hikmat va O‘zbekiston” singari  ilmiy asarlar yaratdi. Uning bir qator she’rlari Tatyana Gutinoy, Markova Mixaila, L. Chaykovskoy kabi moskvalik tarjimonlar tomonidan rus tiliga tarjima qilingan.

Tilak Jo‘ra 1994-yilning 21-aprelida  Toshkent  shahrida vafot etdi. U Buxoro viloyati  Qorako‘l  tumanidagi Hazrati Mastali bobo qabristoniga  dafn  qilingan.

Tilak Jo‘ra  haqida kitoblar  yozilmoqda,  filmlar  olinmoqda, ijodi  haqida  ilmiy  ishlar  qilinmoqda. Bir  so‘z  bilan  aytganda  Tilak  Jo‘ra  oramizdan ketgani yo‘q, u  biz  bilan  yashamoqda. 



TILAK JO`RA Adibimizga tegishli asarlarimiz

VISOL

Abdulla She`r she`riy to`plamiga taqriz

Navoiy va Nozim hikmat

Tilak Jo‘ra, Sultonmurod OLIM. “Xalq so‘zi” gazetasi, 1991-yil 11-iyun

OHANGLAR OG‘USHIDA O‘TAYOTGAN UMR

Hassos shoir, filologiya fanlari nomzodi Tilak Jo‘ra(1947 – 1994)ning bir she’rida: Umrimni gulga o‘rab, nurga o‘rab yaratdim, Ohanglar og‘ushida qolajak mening umrim, – degan satrlar bor. Har qachon umrini musiqa san’ati ravnaqiga bag‘ishlagan kishilar haqida o‘ylasam, beixtiyor shu yorqin misralar yodga tushadi...

YETMISH YOSHNING BOYLIGI

Yoshing o‘tgani sari ko‘ngil noziklashib borar ekan. Buni yaqinlardan ayrilganda ko‘proq his eta boshlaysan. Har bir o‘lim yurakning qay bir tomirini uzib ketganday bo‘ladi. Eng muhimi, o‘z umringning ham ko‘pi o‘tib, ozi qolganini, shoshilish, ko‘proq ezgu ishlar qilishga ulgurish kerakligini o‘ylaysan.

Tilak Jo'ra. Ruhiyat

Tilak Jo'ra. Ruhiyat

Tilak Jo'ra. Saylanma

Tilak Jo'ra. Saylanma

Visol. Tilak Jo'ra

Visol. Tilak Jo'ra