Sodiqxo`ja Gulxaniy

MULLA MUHAMMAD SODIQXOJA GULSHANIY

Gulshaniy taxallusi bilan ijod etgan Mulla Muhammad Sodiqxoja 1861-yilda Buxoroda Muhammad Mir Sayyid muftiy oilasida dunyoga kelgan. Uning hayoti va ijodiga doir juda ko‘p ma’lumot saqlanmagn bo‘lsa-da, Buxoro amirligining tarixiy geografiyasiga doir «Tarixi Humoyun» asarida o‘ziga doir bir qancha ma’lumotlar keltirilgan. O‘zining ma’lumotlariga ko‘ra ajdodlari Mir Sayyid Ali Hamadoniy bilan bog‘lanadi. Muhammad Sodiqxoja tarixnavis va shoirlikda mashhur bo‘lgan.

Gulshaniy tahsilni Buxoroda madrasalarida oldi. Gulshaniy kamtarona hayot kechirgan va bir muddat 1885-1910-yillarda hukmronlik qilgan amir Abdulahadning qo‘l ostida bo‘lgan. Amir Abdulahad Buxoro davlat ishlarini tartibga solishga harakat qilgan bo‘lsa-da, bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchradi va otasi Amir Muzaffar ilgari olib borgan siyosatni davom ettirdi. Natijada Buxoro amirligi muhitini qamrab olgan salbiy ko‘rinishlar, xurofotlar keng tarqaldi. Va mamlakatdagi mazkur holatlar Gulshaniy ijodiga tanqidiy ruh olib kirdi.

 XIX—XX-asr boshlaridagi adabiy-tarixiy manbalarda Gulshaniyning olimlik fazilatlari, Ahmad Donish, Sadr Ziyo, Nazrullo Lutfiy, Yahyoxo‘ja, Mirzo Azim Somiy, Abdullaxo‘jai Tahsin va boshqalar bilan adabiy to‘garaklardagi ishtiroki, shuningdek, ijodkorlik mahorati xususidagi ma’lumotlar mavjud. Gulshaniyning rus tilini yaxshi bilishi va til o‘rganishdagi ishtiyoqi borasidagi ma’lumotlar ham bor. S.Ayniyning yozishicha, Gulshaniy Buxoro madrasalari talabalari orasida birinchi bo‘lib “rus tilini puxta egallagan” shaxsdir. U “Sodiqxo‘ja o‘z davri zamonaviy ilmini o‘rgangan, geografiya fanini juda sevgan” deb alohida ta'kidlagan. Sadri Ziyo ham Gulshaniyning rus tiliga bo‘lgan rag‘bati haqida yozib qoldirgan.

Sadridin Ayniy Sharifjon-Maxdumning uyida xizmat qilgan vaqtida Gulshaniy bilan yaqindan tanishgan. Uni o‘sha davrning fazilatli kishilaridan biri sanagan. U shunday ta'kidlaydi: “Sharifjon maxdumning xonadoni ilgari shoirlar, nosirlar va olimlar bilan to‘lar edi. Abdulvohid bilan birga xizmat qilgan men ham shunday suhbatlarda doim mehmonxonada bo‘lib, adabiy suhbatlarda bemalol ishtirok etar edim. Aytishim mumkinki, o‘zimning asosiy, muhim adabiy manbalarimni o‘sha hovlidan yig‘ib olganman. O‘sha hovlida Mulla Nazrullo Lutfiy, Abdumajid Zufunun, Yahyoxo‘ja, Sodiqxo‘ja Gulshaniy... va boshqalarni uchratdim, ularning aksariyati shoir yoki nosir edi. Gulshaniy oppoq chehrali, ko‘z qoshlari qora, kelishgan qomatli kishi edi. U kabi go‘zal suratli kishi kam uchraydi. U qimmat emas, lekin juda ozada kiyinar edi. U hikoyachi, tarixchi va shirinso‘z edi”. Sadri Ziyo ham Sodiqxo‘ja Gulshaniyning juda ozoda, kelishgan, kamtarin, mehribon, xushmuomala, suhbatdosh bo‘lganligini ta'kidlaydi. Gulshaniy o‘zini maqtashlarini va maqtanishni yoqtirmasligi va hatti-harakatlari va nutqi, ham go‘zal bo‘lib, kiyimlari oddiy va nafis matodan tikilganini aytadi.

Gulshaniy qisqa, ammo samarali umr ko‘rdi. Ustoz S. Ayniy Gulshaniy vafot etgan yilni ham aniqlab, shunday deydi: “Erkin va ma'rifatli hayotga o‘rgangan Sodiqxo‘ja 1910-yilda vafot etadi”.

Gulshaniydan bir qancha lmiy-badiiy me’ros qolgan. Uning she’rlaridan ba'zilari “Tarixi Humoyun”, Sadri Ziyoning “Tazkori ash'or”, S.Ayniyning “Tojik adabiyoti namunalari” kitoblariga  kiritilgan. Gulshaniy she’rlari sodda va nafis uslubida yozilgan. Shuningdek, u “Tarixi Humoyun” nomli tarixiy-geografik risola muallifi bo‘lib, uning yagona asl nusxasi Tojikiston Fanlar akademiyasining Sharqiy qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi.

“Tarixi Humoyun” Mulla Muhammad Sodiq Gulshaniyning 1909-1910 yillarda tojik tilida yozilgan asaridir. Mazkur asar Buxoro amiri – Abdul Ahadxon hukmronlik qilgan davrni nazarda tutadi. Asarda 19-asr oxirigacha Buxoro amirligi va uning hududlari haqida qisqacha tarixiy, geografik va demografik ma'lumotlar ham o‘rin olgan. “Tarixi Humoyun” sakkiz maqola (bob) va bitta alohida bobdan iborat:

1.        Buxoro sharif o‘lkalari

2.        O‘rtako‘l o‘lkalari

3.        Suv bo‘yi uezdlari

4.        Qarshi va G‘uzor tumanlar

5.        Shahrisabz tumanlari

6.        Hisor bekliklari

7.        Xutalon o‘lkalari

8.        Qorategin o‘lkalari

Alohida bob - Darvaz hukumati.

Har bir bob mintaqaning geografik joylashuvi tavsifi bilan boshlanadi va tabiiy resurslar manbalari, odamlarning faoliyati va mahalliy xo‘jalik haqida muhim ma'lumotlarni beradi.

Gulshaniy “Tarixi Humoyun” asarida amirlikning har bir viloyatida nechta shahar, qasaba, qishloq borligi, aholisi haqida yozadi. Macalan, Shahrisabz shahri haqida shahar ikki qator devor bilan o‘ralgani, shahar devorining 3 darvozasi (Kitob, Charmgaron, Qarshi) borligi, Qarshi darvozasi yana La’liston ham deb atalishi, darvozadan bir yarim chaqirim yerda amirning La’liston deb ataluvchi chorbog‘i bo‘lgani, shaharda 45 Madrasa, 64 masjid, 4 xonaqoh, ikki hammom, 15 karvonsaroy bo‘lganligi aytiladi. Har viloyat, shahar, qasaba aholisining soni va ularning mashg‘uloti haqida ham ma’lumot beriladi.

Gulshaniy she'rlari ifoda jihatidan sodda va ravon. U mumtoz fors-tojik shoirlari, xususan, Sa'diy va Hofiz uslubi va an’analarining izdoshi edi.

 



Sodiqxo`ja Gulxaniy Adibimizga tegishli asarlarimiz