Shodmon Sulaymon 1975 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Buxoro Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. Shodmon Sulaymon 2015 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari sifatida barakali ijodiy faoliyat yuritib kelmoqda. Shodmon Sulaymon uzoq yillik faoliyati jarayonida adabiy hayot bilan o‘z taqdirini bog‘ladi, iste’dodi va kuch-qudratini ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi murosasiz kurashlar va insoniy kechinmalar mohiyatini yoritishga qaratdi. Ayni shu ruhdagi she’rlarini jamlagan “Oqqush saltanati”, “Xosiyatli kun”, “Kuz xayoli” kabi dastlabki to‘plamlariyoq she’riyat muxlislarining hurmat va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Nazm bilan birgalikda nasrda ham samarali ijod qilib, ruhiy qiynoq, quvonch va surur betakror badiiy vositalar va majozlar vositasida talqin qilingan “Tug‘ilgan kun”, “Odamning soyasi” nasriy asarlari to‘plamlari e’lon qilindi. U adabiyotshunos sifatida filologiya fakultetlari talabalari hamda yosh adabiyotshunoslar uchun yaratilgan “She’riy san’atlar sehri”, “Qaynoq qum kengliklarida” risolalari, “Adabiyot nazariyasiga oid tushunchalar”, “Adabiyotshunoslik atamalarining qisqacha izohli lug‘ati”, “Mutolaa shukuhi”, “Adabiy Buxoro: kecha va bugun” qo‘llanmalari muallifidir. Shodmon Sulaymon Buxoro adabiy muhiti rivojiga faol hissa qo‘shib, bir necha mualliflarning sara ijod namunalarini, yosh ijodkorlarning bayoz va to‘plamlarini jamlab chop ettirishga boshchilik qildi. Uning so‘zboshisi bilan nashr etilgan, yosh ijodkorlarning “Hayrat va talqin”, “Yuragimda porlaydi quyosh”, “Obod yurtning umid daraxti” to‘plamlari, professor Oxunjon Safarov haqidagi “Zakovat ziyosi”, shoir Toshpo‘lat Ahmad ijodiga bag‘ishlangan “Saodatli umr sohibi” kitoblari shular jumlasidandir. 2015 yilda chop etilgan “Men baxtli yaraldim”, 2024 yilda nashr etilgan “Otamning ayvoni” kitoblari adabiy jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi. Ushbu to‘plamlarga muallifning so‘nggi yillarda yaratilgan she’r va dostonlari kiritilgan. 2018 yilda uning “Etti pir” dostoni asosida yaratilgan oratoriya O‘zbekiston davlat konservatoriyasida, “Iste’fo” dramatik dostoni asosida sahnalashtirilgan “Nido” monospektakli O‘zbekiston Milliy akademik drama teatrida taqdimot qilindi. Sh.Sulaymonov faol tashkilotchi, respublika hamda viloyat miqyosida tashkil etiladigan tadbirlarning doimiy ishtirokchisidir.