Shavkat Buxoriy
Shavkat Buxoriy manbalarda Shoh Shavkat Qalandar (“Muzakkir-ulas’hob”
Maleho), Mavlono Shavkat va Muhammadsiddiq Shavkat Buxoroiy (Shavkat Buxoroiyning qo‘lyozma devonlarida), Muhammad Is’hoq Shavkat Buxoroiy (“Tojik adabiyoti namunasi” Ayniy) Muhammad Is’hoq yoki Muhammad ibn Is’hoq Buxoroiy, taxallusi Shavkat sifatida tilga olinadi. Demak, shoirning ismi Muhammad Is’hoq, Shavkat esa uning adabiy taxallusidir. Shavkat Buxoroiyning tug‘ilgan yili noma’lum. Hech bir adabiy, badiiy va tarixiy manbalarda bu haqda ma’lumot berilmagan. Shoirning o‘zi she’rlarida bu borada so‘z yuritmaydi. Adabiyotshunos Z.Rizayev shoirning tavallud yilini XVII asrning birinchi yarmi oxirlariga to‘g‘ri kelishini aytadi Muhammad Is’hoq Shavkat Buxoroiy XVII asrning 20-yillarida Buxoroda o‘rtahol savdogar oilasida tug‘ilgan. Otasining sa’y-harakati va xohishi bilan maktabda boshlang‘ich ta’lim hamda diniy va dunyoviy tahsil oladi. Otasi unga ilm o‘rgatish barobarida kasbining nozik jihatlarini – pul almashtirish (sarroflik) savdosini ham o‘rgatadi.
Shavkat Buxoroiyning o‘rta maktabdan keyingi ta’limi manbalarda ko‘rsatilmagan. Muhammad Is’hoq balog‘at yoshiga yetganidan so‘ng otasi vafot
etadi. Shoir Buxoroda ota hunari bilan shug‘ullanadi, shu orqali maosh oladi, kam
xarajat va daromad bilan kun kechiradi.Shavkat Buxoroiy hayoti taxt va toj o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, hukmron tabaqalarning zulmi va eksplutatsiyasi kuchaygan XVII asrning 20- yillaridan to XVIII asr oxirigacha bo‘lgan eng notinch davrni qamrab oladi. Muhammad Is’hoq Shavkat Buxoroiy, taxminan 1676-1677-yillar Buxorodan Eronga hijrat qilgan. Lekin Safaviylar va ularning hokimlari hukmronlik qilgan bu davrdagi Eron va Xurosonning ahvoli ko‘p jihatdan Ashtarxoniylar davridagi Movarounnahr hayotiga o‘xshash edi. Safaviylar hokimiyati shoirlarni Ali bin Abu Tolib, Imom Hasan va Imom Husayn oilalari, Karbalo dashtidagi voqealar sharafiga qasida va marsiya yozishga majbur qilganlar.
Movarunnahrda esa vaziyat boshqacha edi. Buxoro va Samarqand adabiy markazlarida, asosan, shahar va san’at doiralari mavjud bo‘lgan joylarda badiiy ijod hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Bu faktlarni keltirish bejiz emas. Umrining ikkinchi yarmini Xurosonda o‘tkazgan Shavkat Buxoroiy siyosiy vaziyatga ko‘ra,
Ali bin Abu Tolib, Imom Hasan va Husayn, Fotima va Karbalo dashtidagi voqeani
sharaflab madhiyalar yozadi. Shavkat Buxoroiy shirinso‘z so‘fiy shoir, hind uslubining mashhur namoyandasi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, uning ta’rifi va samarali adabiy faoliyatining ko‘p jihatlari ilmiy jihatdan to‘liq tadqiq etilmagan. Shavkat Buxoroiy haqida ma’lumot beruvchi manbalar unchalik ko‘p emas. Ularni
mohiyatiga ko‘ra ikki guruhga bo‘lish mumkin: ilmiy adabiyotlardagi ma’lumotlar hamda adabiy-tarixiy manbalardan olingan ma’lumotlar. Manbalarning birinchi guruhiga Samarqandlik Malehoning “Muzakkir-ul-as’hob” (XVII asr), Mirzo Muhammad Tohiri Nasrobodiyning “Tazkirai Nasrobodiy” (XVII asr), Muhammad Haziniyning “Tazkirat-ush-shuaro” (XVII asr), Mavlono G‘ulomalixoni Ozodi Bilgiromiyning “Xizonai Omira”, Shamsuddin Somiyning “Qomus-ul-a’lom” (XVIII asr), Husaynqulixon Azimobodiyning “Nashtari ishq”, Rizoqulixon Hidoyatning “G‘iyos-ul-orifin”, Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik”, Shibliy No‘moniyning “She’r-ul-ajam” asarlarini kiritish mumkin. Fitrati Zardo‘zi Samarqandiyning “Tolibu Matlub” dostoni, Nosehi Xatloniyning “Majlisafro‘z” masnaviysi, Forig‘i Hisoriyning she’rlari ikkinchi guruhga kiradi.
Ta’kidlash joizki, ikkala manbaning ma’lumotlari har xil va ayrim o‘rinlarda qarama-qarshi fikrlarni ham uchratish mumkin. Shavkat Buxoroiy haqida ma’lumot beruvchi birinchi manba Samarqandlik Malehoning “Muzakkir ul-as’hob” tazkirasidir. Maleho Shavkat Buxoroiyning zamondoshi bo‘lib, u bilan yetti oy birga bo‘lgan. Bu holat ma’lumotlar ishonchli ekanligidan dalolat beradi va shoir ijodi, hayoti faoliyatini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Bu manbada shoir nomi Shoh Shavkat Qalandar timsolida tasvirlangan bo‘lib, muallif Shoh Shavkat haqida ma’lumot beradi. “Shavkat Buxoroiy Buxoro shahrida savdo-sotiq bilan shug‘ullangan: o‘sha paytda uning tabiati zavqli, begona ijodga oshno edi. U uzoq o‘ylardi. Shu bois uni suhbatdoshlari inkor etib, Shavkat Iroqining she’rlarini
o‘g‘irlab olganini aytishardi. U Buxoroda ekan, uning so‘zlarini hech kim qabul qilmadi, ayniqsa, Mirsharif Nasim. Shu sababdan yuragi og‘rib, Iroq saltanatiga ketdi”. Bu iqtibosdan ma’lum bo‘lishicha, Shavkat Buxoroiyning hijrat qilish sabablaridan biri uning iste’dodi va nafosatiga hasad qiladigan ba’zi zaif fikrli kishilarning tuhmatlaridir. Samarqandlik Maleho o‘z tazkirasida 1088-yilda (1676- 1677) Isfahonda Shavkat Buxoroiy taqdirini alohida ta’kidlagan. Shavkat Buxoroiy haqida ma’lumot beruvchi manbalardan yana biri Mirzo Tohir Nasrobodiyning “Tazkirai Nasrobodiy” asaridir. Nasrobodiy ham shoirning zamondoshi. Malehoga o‘xshab Buxorolik ekanini ta’kidlaydi. Tazkirada shoir nomi Mavlono Shavkat sifatida ko‘rsatilgan. Shoirning o‘z ona shahri Buxorodan Hirotga jo‘nab ketgan sanasi ham 1088-yil deb qayd etilgan. Har ikki muallifning shoir zamondoshi bo‘lgani va u bilan uchrashganligi inobatga olinsa, bu fikrlarning haqiqatiga shubha qolmaydi.
Uning vafoti hijriy 1107-yilda Isfahonda sodir bo’lib, nomi yuqorida tilga olingan o’sha maqbaraga dafn etilgan. Shavkat Buxoroiy vafot etgan sanani Muhammad Hazin hijriy 1107-yil (1695), “Mirot-us-safo” muallifi esa hijriy 1111 (1699) deb qayd etgan. Adabiyot mutaxassislari M.Ahmadov va Z.Rizayev shoir vafot etgan yilni 1695-1699-yillar o’rtalarida deb ko’rsatadilar.
She`rlaridan namunalar
G‘AZALLAR
Tilimga men bugun soldim va arzni muxtasar qildim,
Sadafdek yoshirib labda sukut muhrin guhar qildim,
Qayon borsam sasim chiqmas, borar osoyishim ortib,
Qachon g‘urbat vatan bo‘lgach unga qayta safar qildim.
Uning yodi xayolimga kelarkan vaqti behushlik,
Hushim joyiga tushganda hayolni zer-zabar qildim.
Chiqolmas toleim avjga, ko‘zim yoshiga botgaymen,
Oyog‘im toyg‘anar, jonga bu yo‘lni purxatar qildim.
Ko‘zimdan sel quyilganda, uni yod aylab men g‘ofil,
Shu sel to‘fonida, evoh, shirin yodini g‘arq qildim.
Suxanni qisqa qil, toki ko‘ngil yo‘li ham qisqarsin,
Ki men muhri sukut qarzi azmi safar qildim.
Zamon achchig‘ini, Shavkat, shirin deb tan olar bo‘ldim,
Shirinlikda ilon og‘zini qanddoni shakar qildim.
***
Mavji sunbul biz kabi holiparishondan kular,
Oynaga boqsam u ham behushu hayrondan kular.
Biz murodlar bandiga boshdin-oyoq bog‘landigu
Endi zanjir erkdan ayru bandi zindondan kular.
Shodligimiz holiga afsusimiz qarsak chalib,
Hayratimiz lablari bizning pushaymondan kular.
Bu junun shavqi taloshida qismat qiynalib,
Ko‘zimizdan basma-bas oqqan qaro qondan kular.
Xonamiz tuynuklari ko‘zi xabarlar yo‘lida,
Mavji selob biz kabi xonavayrondan kular.
Garchi gavhardan erur egnimizda zirhimiz,
Gavhari tig‘ sanchilib tanlarga haryondan kular.
Bu jahondan rizqimiz, Shavkat, quruq nondan ekan,
Suvli kosa suvga zor biz tashna mehmondan kular.
***
Ko‘zlarimga bu kecha zulfing sening mohporadir,
Tungi gullar atridan nazzoralar ovoradir.
Yo‘q bugun yor birla bizning o‘rtamizda ittifoq,
Bulbulimga bu kecha gul novdasi gahvoradir.
Bu jahonning toshligidan tosh qotib uxlay desam,
To‘shagim toshdan iborat, yostig‘im toshporadir.
Tinglamas hech kim mening ko‘kka yetgan ohlarim,
Yerga sig‘mas oh-fig‘onim hamdami sayyoradir.
Beyuraklar, izlamangiz siynalarning chokini,
Siynamas, qismat o‘zi ham ushbu dam sadporadir.
Bu yetim ishqim birovdan ko‘rmadi himmat sira,
Loyga tushgan gavhar u, qutqar deya yolvoradir.
Noumidlik, balki, Shavkat, bir umid baxsh aylagay,
Dardli dil dardiga chora bir dili bechoradir.
***
Bilmagay dardmandi ishqki, ishqda bedardlik nima,
Bilmagay himmatli mardlar ahdda nomardlik nima.
Qayda bo‘lsa ahli ushshoq qismati kuymoq erur.
Anglagaydir sha’mi so‘zon mardda hamdardlik nima.
Bu g‘ariblik shomidan aylar vatan subhi xolos,
Lek quyoshim bilmagay sayru jahongardlik nima.
Fikru yodim shunda, Shavkat, hodisot chaqmog‘idan,
Shu’la ichgan bu giyoh bilmaski rangzardlik nima.
RUBOIYLAR
Hayotsan, qadrla har o‘tar damni,
Go‘zal deb bahola olam, odamni.
«Olam unutmasin meni», desang gar
Zinhor unutmagil o‘zing olamni.
***
Yerga o‘ltir, qilmag‘il charxi gardunni havas,
Ya’ni bo‘lma xoksordan o‘zga birla hamnafas.
Ko‘p baland ostonali bazm sanalgay bu jahon,
To‘rga o‘tma, hammadan pasti ham joiz emas.
Samandar Vohidov tarjimasi