SAVDO ABDULQODIRXOʻJA

SAVDO ABDULQODIRXOʻJA

(1823/24-1873)

 

Savdo Abdulqodirxoʻja  taxminan 1824-25-yillarda tug‘ilib, yoshligidan ilm o‘rganishga qiziqdi. Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Musiqa ilmi, ilmi nujum va astronomiyani chuqur oʻrgangan.  20-22 yoshlarida madrasani tugatganiga qaramay, uning aniq vazifa va mansabi yo‘q edi. Shu boisdan hayoti faqirona kechdi.  Bunga «Bepul» taxallusi bilan yozgan she’rlari guvohlik beradi.

Vozeh ma’lumoticha, Savdo 20-22 yoshlarda madrasani xatm qilib, nafaqat ilmu donishda, balki sohibhunarlikda ham e’tibor qozongan. Savdo otashnafas shoirgina emas, balki Vozeh, Hashmat va Sadr Ziyo kabi zamondoshlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra,  zamonasining diniy ilmlarini, fiqh, tafsir, nujum, matematika ilmlarini puxta bilgan, xattotlik, lavvohlik  (kitob ziynatlovchi) va tarrohlik (binolar tarhini chizuvchi, loyihalovchi) hunarlarini mukammal o‘zlashtirgan, “Shashmaqom” sho‘balarini mahorat bilan tanburda nafis ijro etgan, eng muhimi, tanburda xilma-xil kuylarni g‘oyat go‘zal pardalarda cherta olgan va hatto advorlik (musiqa notanavisligi) va  me’morlikda shuhrat qozongan ko‘p qirrali faoliyat sohibi bo‘lgan. U inson sifatida bag‘oyat xushfe’l, xushxulq, suxanoro va hozirjavob bo‘lib, har qanday suhbatga fayz kiritgan. Shu fazilatlari tufayli amir Muzaffarxon nadimi, aniqrog‘i, mirzoxonasida munshiylik darajasigacha ko‘tarilib, o‘roq (amirlikdagi faxriy rutba, mansab va unvon bo‘lib, asosan, ilmu adab ahliga berilgan)1 martabasiga erishgan, hatto darborda me’morlik vazifasi ham uning zimmasida bo‘lgan.

Amir Muzaffar uni saroyga tortib, oʻziga nadim (hamsuhbat) qilib olgan. U amirning safarlarida hamrohlik qildi. Savdo 1873-yili Buxoro amiri topshirig‘ini bajarish uchun borayotganida Baljuvon tomonda, 50 yoshida fojiaviy tarzda suvga g‘arq bo‘lib halok bo‘ladi.

Savdo  oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. U nafaqat tojik tilini, balki o‘zbek va arab tillarini ham mukammal bilganidan shu tillarida go‘zal badihalar yaratib, Buxoroda ming yillik an’anaga aylangan zullisonnaynlikni davom ettirdi.Uning 1450 bayt sheʼrlari (gʻazallar, masnaviylar, qasidalar va boshqalar) bizgacha yetib kelgan. “Muzhikot” nasriy asari esa XIX asrdagi tojik realistik prozasi rivojlanish tamoyillarini belgilashda ayricha ahamiyatga ega.

Savdo  adabiy merosini 3 qismga: ishqiy sheʼrlar, qasida va marosimlar; taomlar tarixiga bagʻishlangan sheʼrlar; hajviyalarga boʻlish mumkin. Savdoning asarlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.

 

She’rlaridan namunalar

 

G‘AZALLAR

Xush kelibsan, tilga pinhon gaplarim bir bor, o‘tir.

Senga so‘ylar dardi hijron, hasratim bisyor, o‘tir!

 

Bir nafas sabr aylagil, ketgali qilma shitob,

 Qonli dilning qissasini aylayin izhor, o‘tir!

 

Boru yo‘g‘im ayladim sarf men sening savdong uchun,

 Jonni yarmi qoldi, endi ol shuni, dildor, o‘tir!

 

Jon-jahondin seni ortiq ko‘rdimu lek, naylayis,

Jonni yarmi qoldi, endi ol shuni, dildor, o‘tir!

 

Keldingu boshimga bu kun bir tarahhum aylading,

Yuzlarim surtay oyog‘ing kaftiga oshkor, o‘tir!

 

Ayladi oshufta ul zulfi oshuftang g‘ami,

Qil muruvvat, bu jahondin o‘tmasin dil zor, o‘tir!

 

Necha yilki, maxmuri shul nigohi mast edim,

Kel, yiroqlashsin boshimdan ranji shu xumor, o‘tir!

 

Xatlaring yodi dilimning maktabin sarmashqidir,

Kecha-kunduz ushbu sheva tilda ming takror, o‘tir!

 

Etaging qoqma va hokim changidan jirkanmagil,

 Pokladi bodi fano qoldirmayin g‘ubor, o‘tir!

 

Har kishi dil qayg‘usin o‘z yoriga etsa bayon,

Menga yo‘qdir sendan o‘zga mahrami asror, o‘tir!

 

Dilga vaslingdan bo‘lak zarra tasallo yo‘q erur,

Yo‘q erur hajringda oromu qarorim, yor, o‘tir!

 

***

Ulki, rangi boru xushbuy hidlari bor, gul erur,

Ulki, nola cheksa gulning shavqidan, bulbul erur.

 

Ulki, yuk ortgaysanu ustiga mingaysan o‘zing,

U eshakdir, orqasiga yopganing-chi, jul erur.

 

Parcha oy ham non ko‘ringaydir qanoatli uchun,

 Tashnalarga suvli kosa may jomiday maqbul erur.

 

Ulki, kafti bor oyoqda, egni but, bo‘ynida zar,

Garchi nodon, hamma deydi: «Shu kishi oqil erur».

 

Xoh qanoat qil jahonda, xohi bo‘l ochkuz xasis,

To kuning bitguncha nafsing parcha nonga qul erur.

 

Xushnavo bizning saroyda, hatto boyqush bonga ham,

Va qozon «biq-biq» sadosi bazm aro «qul-qul» erur.

 

Ulki, la’natga chidab kelgay, uni hindu sanang,

Ulki, betoqat, g‘azabkor, olami Kobul erur.

 

Ulki, ohu ko‘z bilan boqqay, uni nargis atang,

Ulki, xublar zulfiday xushbo‘y sochar, sunbul erur.

 

Garchi puldor e’tibor topmish jahonda.

Bepulo, G‘am yema bepulliging-chun, daryo ham bepul[1] erur.

 

***

Keldi ayyomi bahoru mohi Ramazon ham,

Uylovdim shuni, bosdi g‘ami dilni yomon ham.

 

Sarvlar bo‘y cho‘zdiyu gulzor bo‘ldi muzayyan,

Ham qumri navo boshladiyu bulbul figon ham.

 

Ey, mohi muborak, haqqi Xudo, bu faslda -

Bir necha kuni aylamagil rangni somon ham.

 

Ko‘rding-ku bahor keldiyu choran may yo‘q,

G‘ussada kabob bo‘ldi dilu kuydi bu jon ham.

 

Uzrimni qabul ayla, bu yil xizmat etolmam,

Kelgusi yili ro‘za tutay tun to azon ham.

 

Yo ahd aylaki, shartingga xalal bermas aslo

Goh-goh suv simirib, goh-goh tishlasam non ham.

 

Insof qil, ey mohi muharram, tarahhum ayla,

Bu mardumi darvish qiynalib qoldi chunon ham.

 

Bildiki, nazarga ilmading bizni, valekin,

Andishang kutib sarg‘aydi-ku piri mug‘on ham.

 

Bu ro‘zaki, biz tutdik bu yil payoni yo‘qdir,

Ey qosh, buzsak agar yetkazmasang zarra ziyon ham,

 

Mastlarni kutar fasli bahor gulzoru bo‘ston,

Jom qo‘lda ko‘tar nargisu lolai xandon ham

 

Ham ro‘za tutib, ham mahrumi boda bo‘lsak,

Yo rab, bormi ekan biz kabi bir notavon ham,

 

Bir yon alami ro‘zayu duoyu tasbeh.

Bir yon g‘ami mayxonayu vasli g‘uncha dahon ham.

 

Alqissa, kelib birga bu yil ikki mukarram,

Talx bo‘ldi menga kayfiyati ikki jahon ham.

 

Savdoga bu yil bersa firib mohi Ramazon gar,

 Kelmog‘ining hojati yo‘q bundan buyon ham.

 

***

 

Kimniki bu dahr aro da’voi ehsoni bor,

 Shubhasiz hamma uchun dasturxonida noni bor.

 

Kim baxildir pastligidan toshga aylangay suvi,

 Xaltasining og‘zida ming tugun arqoni bor.

 

Yodga tushgaydir salaflar bitgani shu bitta bayt.

 Uzi ikki misrayu unda hikmat koni bor:

 

«Nutqu soqolu jon birla hamma odam emas,

To‘ti, echki, eshakning ham nutq, soqolu joni bor»...

 

MASNAVIY

Ey charx, ayt, bu ne holi nochor,

Tokay menga buncha ranju ozor?

Alholki, bo‘libdi bnaga taqdir.

Sen osmon erursan, men esa yer.

Pul top, menga sahovat ayla,

Yuz burma mendan, muruvvat ayla.

Buncha bukilib, sudralmagil sust.

Tik ayla qading, raftorlaring buz.

 Bu zulmu sitaming jondan o‘tdi.

Bedodliging ustixondan o‘tdi.

Qanchaki menga jafo qilding.

Pastlarga shuncha vafo qilding.

Tokay mag‘ruru, mastdursan,

Kelgaymu dame, xokdan pastdursan?

Topgaysan shikast erta sen ham,

 Topmaysan biror xaloskor ul dam.

Mendek seni ham sindirurlar,

Hasrat otashida yondirurlar.

Qandoqki meni sen xarob qilding.

 Bo‘lgayki, shundayin xarob bo‘lding,

Gar ko‘rmoq uchun sendin muruvvat,

Siflayu past bo‘lish ersa fazilat,

 Ko‘rgil, mana biz ham sifla bo‘ldik.

Mehru muruvvating orzu qildik.

 Garchi biz uchun yuraging sangdir.

Ko‘rgil holimizni, qancha tangdir.

Tokay bu eshakmijoz mardum,

Ko‘rgay sendan karam, tarahhum?

Biz ham eshak bo‘ldik, bizga ber jul,

Biz ham ahmaq bo‘ldik, bizga ber pul,

Eshak bo‘ldigu bermading jul,

Axmaq bo‘ldigu bermading pul...

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

1 O‘roq - amirlikdagi faxriy rutba, mansab va unvon bo‘lib, asosan, ilmu adab ahliga borilgan. Ahmad Donish ham shunday unvonga sazovor bo‘lgan edi.

[1] Бу ерда «пул» кўприк маъносида.

 



SAVDO ABDULQODIRXOʻJA Adibimizga tegishli asarlarimiz

Abdulqodir Savdo

Abdulqodir Savdo