Samandar Vohidov
Samandar Vohidov 1942-yil 12-sentyabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talisafed qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. Otasi – Vohid Rahmonov, onasi – Orzubegim mullo Abdurahim qizi. Shoir oilada 6 o‘g‘il va bir qiz farzand bo‘lgan. Uning uch akasi yoshligida vafot etgan. U paytlarda Samandar Vohidov juda yosh bo‘lgan bo‘lsa-da, bu judolik uning she’rlarida chuqur qayg‘u bilan eslanadi. U “Ado bo‘lmas ona armoni” she’rida onasining eng quvonchli kunda ham g‘amboda ahvolda ekanligining sababini shunday yozadi.
“Homidim o‘lmasa, qirqqa to‘lardi,
Senlarga akalik qilardi.
O‘ttizga kirardi Sulaymonginam,
(O… Taqdirdan ko‘p erur ginam…)
Normurodim bo‘lsaydi agar,
Jo‘ralari bilan barobar
Armiya yoshiga yetardi,
Xaltasin ko‘tarib ketardi…”[1]
Samandar Vohidov ana shunday farzandiga mehri, muhabbati cheksiz ayolning o‘g‘li edi. Onasi Alisher Navoiy, Fuzuliy she’rlaridan ko‘pini yod bilgan va oila davrasida mudom o‘qib bergan. So‘z sehriga oshuftalik shoirga ona suti bilan hamroh bo‘lgan. Ehtimol, shoirning bolaligidan qulog‘iga kirgan, ixtiyorsiz ravishda qalbiga muhrlanib qolgan mumtoz she’riyat ohanglari keyinchalik uning ham g‘azallar, muxammaslar bitishiga sabab bo‘lgandir.
Bolalik yillari II Jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgan shoirning bola onggi o‘zi tanigan, bilgan kishilarining mahzun nigohi, dardli qalblarini tuyish bilan o‘tdi. Bu hislar keyinchalik uning “Go‘daklikdan qolgan xotira”, “Ijobatsiz duolar”, “G‘alabaning ilk kuni”, “Etilmay yanchilgan donlar”… kabi she’rlarida “Lekin go‘daklikning pok daftarida, Bir qora sahifa yig‘laydi hamon”[2] tarzidagi nolalarga aylandi. Garchi shoir “Man, boshqa tengdoshlarimdan farqli o‘laroq, ijodiy muhitga kechroq kirgaman”[3], degan bo‘lsa-da, “Ilk she’rim 5-sinfda o‘qib yurganimda “Buxoro haqiqati”da chop etildi”, deya eslaydi shoir. O‘rta maktabni tugatgan Samandar Vohidov 2-3 yil qurilishda ishlab, so‘ng uch yil Rossiyaning eng sovuq o‘lkasi – Sibirda harbiy xizmatda bo‘ldi. Harbiy xizmatdaligida – 1964-yili “Sharq yulduzi” jurnalida ham she’ri bosiladi. Bu S.Vohidovga dalda bo‘lgan katta matbuotdagi ilk ko‘rinishi edi. O‘sha yillardagi matbuot sahifalaridan biz uning nasrda ham qalam tebratganligini ko‘ramiz. U “Munofiq”, “Qadrlanmagan qadr”, “Ona mehri”, “Odobli bola” singari hikoyalar ham yozgan. Ammo ilk ijodiy harakatlarning kattagina qismini she’rlar tashkil eta boshlagan edi. Uning harbiy xizmat chog‘ida yozilgan, hozirgacha she’riy to‘plamlariga kiritilmagan “Nega shoshar shalola?” she’riga diqqatni qaratsak:
Sharqirab, hayqirib boshini toshdan
Toshlarga uribon tortib oh-nola,
Sarflab yuragida bor bardoshini
Ajab, nega buncha shoshar shalola?
Zarra tomchilarga bo‘linar goho,
To‘lqinga aylanib chopadi ravon.
Misoli bolasin yo‘qotgan ona
Ne sabab shalola uradi javlon?
To‘siq toshni etmay zarracha pisand,
Faqat olg‘a, olg‘a chopmoqni o‘ylar.
O‘z jonini, nechun, qaysi boisdan
Kumush soch malika – shalola qiynar?
Bilsamki, oshiqib, oshiq shalola
Visol ishqi bilan to‘lib tosharkan.
Yo‘liga intizor dildori – dala
Vaslini sog‘inib unga shosharkan.[4]
Shoirning badiiy fikrlashga, o‘ziga xos tasviriy ifodalar, o‘xshatishlar, sifatlashlar bilan (Kumush soch malika - shalola, Misoli bolasin yo‘qotgan ona, Yo‘lida intizor dildori – dala, oshiq shalola) tasvirlashga urinayotganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. She’r yozilgan yillar bilan bog‘liq shoirning xotiralariga tayanadigan bo‘lsak, she’rning mazmun-mohiyatini, shoir o‘z hislarini shalolaga qiyos etayotganligini ko‘ramiz. S.Vohidov o‘zining institutdagi uztozlaridan biri shoir Toshpo‘lat Hamid bilan ilk uchrashganida ustozning: “She’r yozishni esa bo‘shashtirmang…”, - degan so‘zlari shalolaning o‘z dalasi tomon shoshgani singari Samandar Vohidovni ham ijod maydoni sari shoshirgan edi. Uni goh zarra tomchilarga bo‘linib, goh to‘lqinlarga aylanib olg‘a intilishga undagan edi. Albatta, biz bu she’rni mukammal asar sifatida baholashdan yiroqmiz. Aslida maqsadimiz shoir poetik tafakkurining qanday falsafiy g‘oyalar bilan shakllanib borganligiga, o‘z ichki olamidan so‘zlashda qanday usullarni tanlaganligiga e’tibor qaratishdir.
Samandar Vohidov 1965 - yilda Buxoro davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillari S.Vohidov ijodiy faoliyatining davom etishi, mukammallashishida yangi bosqich vazifasini o‘tadi. Toshpo‘lat Hamid, Mustaqim Mirzaev, Said Aliev, Toji Qoraev singari professorlardan bilim oldi. S.Vohidovga oq yo‘l tilagan ustozlaridan biri professor Toji Qorayev III kursda o‘qiyotgan shogirdining ijodiga shunday baho bergan edi. “Samandarning she’rlarida uchrab turadigan original tasviriy vositalar, tafakkurimizga ta’sir qiladigan yorqin fikrlar, she’r uchun muhim sanalgan ravonlik va tabiiylik uning kelajagidan dalolat beradi. Samandar yaxshi izlanyapti, fikr va so‘zlarning yangi qirralarini ochishga, hayotdagi voqea va hodisalarga mushohada bilan qarashga intilyapti. Ana shu xislatlar tufayli uning she’rlari sekin-sekin originallik kasb etmoqda, g‘oyaviy-tematik doirasi kengaymoqda”[5] .
S.Vohidovning radiojurnalistika sohasidagi, “Ilg‘or fan uchun” gazetasida mas’ul kotib, keyingi 35 yilda viloyat teleradiokompaniyasida dastlab muharrir, bosh muharrirlik faoliyati uni qizg‘in ijod jarayoni bilan band etdi. Uning tashabbusi bilan “Meros”, “Hikmatlar sarchashmasi”, “Buxoriylar bo‘stoni”, “Tabarruk ziyoratgohlar” va boshqa ko‘rsatuvlar joriy etildi. Hayot nafasini tuygan, qadim va navqiron Buxoro va buxoroliklar olamini yaxshi bilgan Samandar Vohidov har bir ko‘rsatuvida shu zaminda yashagan va yashayotgan zamondoshlarga nisbatan ayricha mehr va faxr tuyg‘ularini ifoda etdi. Radio va televideniya hayoti unga ijod imkoniyatlarini hadya etdi. O‘z she’rlari bilan matbuotda tez-tez ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, ilk kitobi 1976-yilda chop etildi. Bolalarga bag‘ishlangan “Qorboboning istagi” deb nomlangan bu ajoyib kitob shoir Usmon Temur bilan hammualliflikda chop etilgan. Unda S.Vohidning “Minora afsonasi” nomli ertak-dostoni o‘rin olgan. Samandar Vohidovning tom ma’nodagi birinchi she’riy to‘plami “Kaftimdagi gul” nomi bilan 1977-yilda bosilib chiqdi. 1978-yili esa, bolalik xotiralari, jonajon qishlog‘i sog‘inchi va uning samimiy insonlari qiyofasi aks etgan she’rlar bilan yo‘g‘rilgan “Qatralarda nur yonar” kitobini o‘z o‘quvchilariga tortiq etdi.
Shoir she’riy to‘plamlarining nomlanishiyoq, muallifning nozik qalbi va undan to‘kilgan satrlar mazmuni haqida dastlabki tasavvurlarni beradi. She’riyat muxlislariga kaftida gul tutgan shoirning har bir qatrasida yendilikda sog‘inch, mehr nuri jilvalana boshlagan edi. Har ikkala she’riy to‘plamda ham barmoq vaznidagi (ba’zan erkin shaklli) she’rlar va sakkizliklar jamlangan.
Mustaqillik yillari S.Vohidovning, nafaqat, ijodiy rivojlanish, balki ijodiy yuksalish davri bo‘ldi. Shoir she’rlari mavzu va janrlar nuqtayi nazaridan yangi pog‘anaga ko‘tarildi. “Xayoling men bilan” (1997), “Buxorom bor, Buxorom bor…” (1997), “Sunbula” (2002), “Umr chorbog‘i” (2003) to‘plamlarida shoir ijodida falsafa quyuqlasha borganligi ko‘zga tashlanadi. Shoirning o‘zi ta’kidlaganidek, badiiy tarjima uning “o‘z qobig‘idan chiqish”ni o‘rgatdi. “Buxoriylar bo‘stoni” (1996), “Izlaringdan aylanay” (2001), “Misli bahor keldik yana” (2005), “Muhammad (s.a.v.) hidi kelgay” (2010) singari tarjimalarida g‘azal, muxammas, ruboiy, masnaviy, qit’a janridagi she’rlarini janr mezonlarini saqlagan holda o‘zbek tiliga tarjima qildi. Tinimsiz izlanishlar shoir ijodining janriy imkoniyatlarini ham kengaytirdi. Natijada shoir ijodida g‘azal, ta’bi xud va taxmis muxammaslar yaratish eeakchilik qila boshladi. Shu bilan birga doston, bag‘ishlov, qasida janrlari yangicha mazmun-mohiyatda namoyon bo‘la boshladi.
S.Vohidov ijodiy shakllanishida ijtimoiy-adabiy muhitning ham ahamiyati katta. Ijtimoy-adabiy muhit chegarasini shoir yashagan davr va hudud bilangina bog‘liq deb belgilash to‘g‘ri emas. Aruziy Samarqandiy «Chahor maqola» risolasida shoir bo‘lishning shartlaridan biri salaflar ijodidan 20 ming, zamondosh shoirlar ijodidan 10 ming bayt she’r yod bilishi kerak ekanligini ta’kidlaydi. Demak, adabiyotimizda shoirning o‘z zamoni va turli davrlardagi badiiyat namunalaridan xabordor bo‘lishi adabiy-badiiy mezon sifatida qabul qilib kelingan. Shu bois har bir ijodkorning ijodiy shakllanishida adabiy me’ros va muhit o‘ziga xos o‘ringa ega. Samandar Vohidov Buxoro adabiy muhiti she’riy merosini har jihatdan boyitgan ijodkordir. Shoir ijodida ta’bi xud va taxmis muxammas janri alohida ahamiyatga ega. O‘zbek adabiyoti tarixida Navoiy g‘azallariga eng ko‘p muxammas bog‘lagan shoir sifatida S.Vohidov nomini e’tirof etish muhimdir. Xususan, u A. Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy” kulliyotidagi 50 g‘azaliga muxammaslar bitdi. Va o‘zining “muxammaslar guldastasini” “Bu bog‘da bahra boqiydur” nomi ostida muxlislariga tortiq etdi.
Iste’dodli shoir, tarjimon 2014-yil 19-oktyabrda 72 yoshida vafot etdi.
[2] Воҳидов С. Айланадир бу дунё. Сайланма. I жилд. 2003. 46 б.
[3] Davr – info.13.01.2011. Samandar Vohidov: Shoirlik – qismat. Maqola.
[4] С.Воҳидовнинг ижод лабораториясидан. Газета ёки журнал парчасида “Самандар Воҳидов, солдат” номи билан чоп этилган шеър.
[5] Қораев Т. Оқ йўл, Самандар! Бухоро ҳақиқати. 1965.9.10.