Saidjon Aliyev
(1920-2002)
XX asr o‘zbek adabiyotshunosligi faniga munosib hissa qo‘shgan yetuk olim, fidoyi murabbiy Saidjon Aliyev - ilmu ma’rifat maskani, tarixiy obidalar makoni Buxoroyi sharif farzandi bo‘lganligidan bir umr uni sevib yashadi, o‘z hayotini Buxorosiz, Buxoro davlat universiteti (ilgari pedagogika instituti) siz tasavvur eta olmas, o‘zini Buxorodan ayri ko‘ra bilmasdi. Shu sababli umrining so‘nggi yillarida yozilgan asarlarining nomlarida ham ona yurti Buxoroga mehri bo‘lakchaligi bo‘rtib ko‘rinadi : “Buxoroda bitilgan baytlar”, “Buxoro nidosi”, Buxoro farzandi Abu Ali ibn Sino haqidagi roman, tarixda o‘tgan buxorolik olimlar, ijodkorlar haqidagi tadqiqotlar, piesalar fikrimizning yaqqol dalillari bo‘la oladi.
Saidjon Aliyev 1920-yilning 8-noyabrida Buxoro shahrida dunyoga keldi. Qatag‘on qurboni bo‘lgan otasidan besh yoshligida judo bo‘lgan Saidjonga onasi - o‘qimishli, ma’rifatli Zuhra aya alohida e’tibor bilan qaradi. Saidjon boshlang‘ich ta’limni Buxoro shahridagi maktabda, keyin esa Buxoro tumanidagi maktab- internatda oldi. 1936- 1938 yillarda Buxoro pedagogika bilim yurtida tahsil oladi.
Tirishqoq, izlanuvchan, ilmsevar bo‘lgani tufayli u Buxoro davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti fakultetining kechki bo‘limiga kirib o‘qishini davom ettirdi, shu bilan birga o‘zi tahsil olgan maktabda o‘qituvchiligini davom ettirdi.
S.Aliyevda bilimga chanqoqlik va tirishqoqlikni payqagan professor Bertels unga hatto sirtqi aspiranturadan kunduzgisiga o‘tib o‘qishni tavsiya etdi. S.Aliyev 1944-47 yillar orasida Buxoroda muallimlik qilish bilan birga sirtqi aspiranturada o‘qib, nomzodlik dissertatsiyasi ustida O‘rta Osiyo davlat universiteti professori A.Sa’diy rahbarligida tadqiqot ishi olib bordi. Saidjon Aliyev 1948-yilda “Zahiriddin Muhammad Boburning poetik ijodi” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqladi. Bu ishga akademik Oybek va fan nomzodi, dramaturg Izzat Sulton rasmiy hakamlik qilishadi.
Olimning “O‘zbek dramaturgiyasining shakllanishi va rivojida o‘zaro adabiy aloqalarning roli” deb nomlangan doktorlik dissertatsiyasi o‘zbek dramaturgiyasining taraqqiyot yo‘llarini belgilab berdi. Tadqiqotning ilmiy qimmati yana shundaki, S.Aliyev ozarbayjon va tatar dramaturgiyalari ta’siri ham beqiyosligini daynu dalillar bilan asoslab, muhim umumlashma xulosalarni o‘rtaga tashladi. Ishning rasmiy hakamlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, dramaturg Izzat Sulton, akademik V.Abdullaev, professorlar Mirali Sayidov, J.Sharipov va M.Yunusovlar yuqori baholadilar.
S.Aliyevning adabiyot nazariyasi sohasidagi urinishlari davriy matbuotda e’lon qilingan maqolalarida va “Yozuvchi novatorligi” (1983), “Jamiyat va adabiyot” (1988), “Adabiyot nazariyasi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar”( 1994), ustozlari - professor Abdurahmon Sa’diy xotirasiga bag‘ishlangan “Mumtoz adabiyotda badiiy san’atlar” (1994), akademik Vohid Abdullaev xotirasiga bag‘ishlangan “Aruz ilmi” ( 1995), “O‘zbek komediyalari” ( 1-qism.1997) , “O‘zbek komediyalari” ( 2-qism. 2004.vafotlaridan keyin) kabi tadqiqotlari va risolalarida o‘z ifodasini topgan.
“Unutilmas sahifalar” (1986), “Buxoroda bitilgan baytlar” (1992) deb nomlangan kitoblarini eslamaslikning iloji yo‘q. Muhimi, ular qaysi janrda bo‘lmasin, hammasida ustoz beshigini tebratgan Buxoroyi sharif bilan bog‘liq yorug‘ nuqtalarning ko‘pligi ularni bir tizimga birlashtiradi. Ularda Fitrat, Hamza, Ayniy, Oybek, Mirbobo Muhsinzoda, Sharif Nurxon, Sulton Jo‘ra singari adiblar hayoti va asarlarining Buxoro bilan bog‘liq nuqtalari, o‘zbek- tojik adabiy aloqlarining nisbatan kam o‘rganilgan qirralari o‘ziga xos yo‘sinda qalamga olingan.
Vatan, farzandlar, shogirdlarga bitilgan baytlar ( “Buxoro nidosi”. Buxoro. 1996) ustoz qalamining so‘nggi tuhfasi bo‘ldi. Ustoz hech qachon o‘zini shoir deb hisoblamasa - da, Ona Buxoroga nisbatan so‘nmas muhabbati uni qo‘liga qalam olishga undab turar edi.
Uzoqlashsam - ko‘zimga bog‘dayin ko‘rinasan,
Tushlarimga kirasan, tog‘dayin ko‘rinasan,
Mo‘tabar nonu tuzu yog‘dayin ko‘rinasan,
Senga toabad ta’zim , o‘stirgan ona tuproq!
She`rlaridan namunalar
ShUBHA
Shubha yomon – kemiradi yurakni,
Shubha og‘u - zaharlaydi tilakni.
Ishonch guli sarg‘ayadi gumondan
Gumon seni bezdiradi jonondan .
Shubha buzar rohatingu kuvonching ,
Susayadi ixlosingu , ishonching .
Behudaga chulg‘asa u boshingni,
Do‘stingga ham chimirasan koshingni .
Chetda qolar asl dushman fosh bo‘lmay,
Yegan tamok azob berar osh bo‘lmay .
Ranjitasan asl do‘stni behuda,
Iztirobdan uxlolmaysan osuda .
Aqlli bo‘l, shubhalarga berilma,
Asos ko‘rmay taxmin bilan kerilma.
Ishonch bo‘lsin hamroxing-u, hushyor bo‘lgin,
Mardlarga sen mehribonu yor bo‘lgin .
1972-yil, 24-iyul.
SENING FARZANDLARING
Sening farzandlaring Hotam ekan, bildim.
Sening o‘g‘lonlaring tam - tam ekan , bildim.
Sening barnolaring ko‘rkam ekan, bildim.
Buxoro, otajonimsan ,
Buxoro, onajonimsan .
Kayon ketsam xayoling dilda yakkashdir,
Haroratli, fayzli huddi otashdir,
Shafiq-u mehrubonu ajab dilkashdir .
Buxoro, otajonimsan ,
Buxoro, onajonimsan .
Ajab zardo‘zu, zargar ishladi senda,
Yangi dorulfunun ish boshladi senda,
Muhayyodek malika yashnadi senda .
Buxoro, otajonimsan ,
Buxoro, onajonimsan .
Minordek komating xam bo‘lmasin hargiz,
Adolatpeshalik kam bo‘lmasin hargiz,
Kishilar boshiga g‘am kelmasin hargiz.
Buxoro, otajonimsan ,
Buxoro, onajonimsan .
1992-yil, 2-noyabr .
FITRAT monologi
( Qatl oldidan )
Vatan mehri badanimga jon bo‘lib kirdi,
Vatan ishki tomirimga qon bo‘lib kirdi.
Onaginam allasi - yu otam o‘giti,
Xalkim g‘ami ko‘z oldimda, non kabi turdi .
Bir tomonda ma’rifatu odobni ko‘rdim ,
Bir tomonda jaholatu, azobni ko‘rdim.
Ma’no izlab bilmoq bo‘ldim har bir jumboqni,
Haqiqatni ko‘p izladim, savobni ko‘rdim .
Ma’rifatning nuri bilan zulmatni yordim ,
“Uyg‘oning !” deb sayha torttim, xalqimga bordim .
Darra, zindon dahshatidan qo‘rqmadim aslo,
«Yosh buxoriy» bug‘doyidan xamirlar qordim .
Jadid - qadim nizolari bag‘rimni ezdi ,
Ayg‘oqchilar ta’qib etib ortimdan kezdi .
Bilim izlab, qadam qo‘ydim Turkiya tomon ,
Shaydo ko‘ngil yangilikning hovurin sezdi .
Asoratdan qutulolmay oyokda kishan ,
«Og‘olar» dan madad izlash taqdirda ekan ,
Birlasholmay yurak bag‘rim zardobga to‘ldi ,
Yo‘rg‘a otga o‘xshab qoldim, og‘zimda yugan .
Kelgindilar «Inkilob» deb bizni aldashdi ,
«Noningni ber, tuya beray» debon avrashdi .
«Tenglik» deya mutelikni qo‘ydi gardanga ,
Hakorat-la ta’qib qilib, jerkib tashlashdi .
Xizmatlarim evaziga mukofot minnat,
Shogirdlarim sotqin ekan qildilar tuhmat .
Asarlarim koldi sarson, yetim, bechora ,
- Ey Xudoyim, kechir meni, shu ekan qismat .
Ey Ollohim, kechir meni adashgan bo‘lsam,
Murtadlarga ergashibon sotoshkan bo‘lsam,
Kalimani o‘giraman jallod oldida,
Iymonimla kayta boshdan yarashgan bo‘lsam.
Yangi avlod! Unutmangiz, bo‘lingiz hushyor,
Men sizni deb tirishdimu, kurashdim bisyor .
Sodiq bo‘ling Ona - yurtga , Mustaqillikka ,
Kelar albat, u kutilgan zamon baxtiyor .
1995-yil, 6-iyul .