Saidburhon Qodirov
Saidburhon Qodirov 1964-yil 8-dekabrda Buxoro viloyatining Peshko‘ tumani, Kuyovxo‘ja qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq she’rlari va maqolalari turli nashrlarda e’lon qilingach, tuman gazetasi muharriri e’tiboriga tushadi. Ishni musahhihlikdan boshlagan yigit ko‘p o‘tmay, qalami charxlanib, dolzarb mavzularda maqolalar yoza boshlaydi. Harbiy xizmatdan keyin Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida ham tahsil oladi. Dastlab "Peshko‘ ovozi", "Buxoro haqiqati" (hozirgi "Buxoronoma") gazetalarida ishlab ko‘nikmalarini boyitadi. Respublika yoshlari nashri "Turkiston" gazetasining Buxoro viloyati bo‘yicha muxbiri sifatida ham faoliyat yuritgan.
Keyinchalik u "Buxoro yoshlari", "Ibn Sino vorislari", "Buxoro shifokori" singari gazetalarni tashkil etib, muharrirlik qilib keldi. Ko‘plab yosh jurnalistlar va ijodkorlar uchun bu nashrlar chinakam minbar vazifasini o‘tagan.
Saidburxon Qodirov ham nazm, ham nasrda ijod qildi. Uning "Buxorxudotlar" nomli tarixiy romanini Buxoroning qadim tarixiga bag‘ishlangan. Mazkur tarixiy roman munosabati bilan Pirimqul Qodirov muallifga maktub yo‘llab, uni ulkan ijodiy yutuq bilan tabriklagan. Shuningdek, ayrim she’rlari xususida Abdulla Oripov, Oxunjon Safarov, Toshpo‘lat Ahmad, Samandar Vohidovlar ham bir qator risola va gazetalarda fikr bildirganlar.
Bundan tashqari ijodkorning “Muhabbatning tosh asri” nomli qissasi ham chop etilgan. Ijodkorning dastlabki she’rlari "Ruhiyat" deb nomlangan nazmiy kitobidan o‘rin olgan.
Shuningdek, 2024-yilda shoir o‘zining “Qalam” nomli she’riy to‘plamining kitobxonlarga havola qildi. Respublikamizning yetakchi nashri bo‘lgan “Sharq yulduzi” jurnalining” “Nazm” va “Mushoira” ruknida 2023 yilda bir qator she’rlari e’lon qilingan va ular haqida jamoatchilik tomonidan yaxshi fikrlar bildirilgan: “Said Burhon o‘z iqtidorini aruz kengliklarida ham namoyon etmoqda. Tizim talablarini chuqur his qilgan shoir biror o‘rinda qoqilmaydi, so‘z boyligi oz emas. Jurnalda Said Burhonning ikkita g‘azali, Mirzo Bedil g‘azaliga muxammasi va barmoq vaznidagi beshta she’ri bosilgan:
To hanuz topmay seni, bir umr armondaman,
Sen qayu sahrodasan, o‘tguvchi bir karvondaman, -
singari satrlarida ishq va oshiqlik sifatlari ulug‘lanadi. Mirzo Bedilning “Bizim dil” g‘azaliga bog‘lagan muxammasi ham ulug‘ shoirning dil rozlarini takomillashtirishi jihatdan diqqatga sazovordir. “Rimning qulashi” she’rida buyuk davlatning tanazzulga yuz tutishi sabablari poetik talqin etiladi.”
She’rlaridan namunalar
Salom, Ona!
Mana, men keldim.
Dahr to‘zonida tentirab, horib.
Kechir, men kimligim kechikib bildim,
O‘zimdan ketgancha o‘zimga borib.
Kechir,
Sen kutgandek o‘g‘il bo‘lmadim,
Behuda sovurdim kun-tunlarimni,
Umr bino ersa,
Hali qurmadim,
Iymon deb atalgan ustunlarimni.
To‘rt o‘g‘il o‘stirding....
Og‘aynilarim -
Bag‘ringda qoldilar topishib o‘rin.
Faqat men...
Faqat men noshud va g‘arib,
Seni tashlab ketgan uchinchi o‘g‘il -
Qaldirg‘och qaytgandek intiq inlarga,
Muhabbat qaytgandek sobiq dillarga,
Yuragim to‘ldirib yana sirlarga -
Qaytayotirman...
Kechir, ona,
Mana, men keldim,
Aylanib-aylanib keldim, nihoyat,
Men o‘g‘il bo‘lmadim,
Armoning bo‘ldim.
Sen esa, onajon,
Hamon - She’riyat...
SOG‘INISh
Ota, uyimizni topolmadim man...
Bordim, ko‘rdim. Lekin o‘sha yo‘llar yo‘q.
O‘sha ostonani o‘polmadim man,
Chirigan bo‘lsa ham qolgan cho‘plar yo‘q.
Ona, uyimizni topolmadim man,
Borsam, quchoq ochib chiqar odam yo‘q,
Shunda birdan... Birdan yodimga tushdi:
Mening otam yo‘q-ku, mening onam yo‘q!
Ona, uyimizni topolmadim man...
SEN QAChON BIR YoQLI BO‘LASAN, EY, DIL?!
Ikkita hayotim, ikkita yuzim,
Bir yoqqa o‘tolmay topmadim to‘zim,
Ikki to‘lqin aro girdobda o‘zim,
Sen qachon bir yoqli bo‘lasan, ey, dil?!
Tirikchilik, deyman, ishga ketaman,
Ishdan ko‘ngil to‘lmas, lekin netaman -
Orzu maosh bermas, fikr etaman,
Sen qachon bir yoqli bo‘lasan, ey, dil?!
Olamshumul dardlar yotibdi senda,
Yana illat ildiz otibdi senda,
G‘aflat-u bedorlik ne topdi senda,
Sen qachon bir yoqli bo‘lasan, ey, dil!?
Bir kuni bu tanam bir yoqli bo‘lar,
Shaksiz, havolimas, tuproqli bo‘lar,
Saidburhon shunda gunohli bo‘lar,
Sen qachon bir yoqli bo‘lasan, ey, dil!?
OShIQONA
Bu dalli dil bilan kirdim
Muhabbat otli dunyoga,
Nasihat qilmagil, ey do‘st,
Meningdek telba shaydoga.
Agar ishqimni rad etsa -
O‘zligim rad eturman men,
Xayr dorilfunun, derman,
Xayr, bu shahri a’loga.
Kerakmas ilmu so‘zbozlik,
Kerakmas obro‘yu davlat,
Kelib erdim Buxorodin,
Keturman boz Buxoroga.
So‘rarlar: es-hushing qayda,
qani ul orzuing, Burhon?
Degayman: barchasin berdim
O‘shal gul yuzli Ra’noga.
***
Kel, birga eslaylik, o‘sha kunlarni,
Armon o‘lkasida qolgan qushchalar -
U kunlar, ojizmi edi shunchalar,
Ochmasdan, sochmasdan o‘tdi gullarni!
Kel, birga eslaylik...
O, o‘sha chog‘lar!
(Bizga-ku qolgani xotira endi)
Titrar edi so‘zlar, qo‘llar, dudoqlar...
Hammasi, hammasi, hammasi tindi.
Biz oydin tunlarda maftun kezmadik,
Bir-birovga ko‘ngil etmadik izhor.
Ahdimiz yo‘q edi, yo‘q edi hadik,
Biroq, eslamoqqa nimalardir bor.
Qayg‘ular bir edi, o‘ylar bir edi,
Tunlarimiz o‘xshash - yo‘q edi uyqu.
Shundoq yashar edik yonma-yon, lekin,
Ajratib turardi g‘urur va qo‘rquv.
Hech kim aybdor emas, bu yozuqlikdir,
Taqdir to‘zonida to‘zdi orzular…
Kel, birga eslaylik, o‘sha kunlarni,
Axir, biznikidir, baribir, ular.
ChEKINISh
Men o‘chimni sizdan olaman,
So‘ramang, bu alamlar nechun?
Nega qalbim yonib tursa-da,
Ko‘zlarimda aylanar tutun?
Pok tuyg‘u-la sevdim hayotni,
Bu hayot sevgimni bilmadi.
Balki, o‘zim o‘sha musaffo,
Tuyg‘ularga vafo qilmadim.
Nafratimga o‘chma-o‘ch turib,
Endi shunday sevayki, sizni
Hayratlanib, ko‘zimda ko‘ring,
Ishqdan o‘zin yo‘qotgan qizni.
Sevaman, deb hayqirgum sizga,
Pichirlashni ep ko‘rmas labim.
Hayqiraman, go‘yoki buyuk,
Haqiqatni aytganim kabi.
Buning uchun hech kimsa meni,
Ta’qib qilmas, qilmas nazorat.
Va bundan so‘ng hech kimsa bilan,
O‘rtamizda bo‘lmas raqobat.
Men o‘chimni sizdan olaman,
Keng ma’noda bu sevgi o‘chi.
Sizga yetar muhabbatimning
Ko‘p narsaga yetmagan kuchi.
***
Vatan deb yuragi yig‘laganlarning,
Qo‘lida o‘ynadi yalang‘och qilich.
Vatan, deb belini bog‘laganlarning,
Ketmoni qo‘lidan tushmagandir hech.
Nogahon yurtining quyoshi botib,
Bosh uzra ko‘tardi qo‘llar mash’ala.
Umr so‘ngigacha “Vatanni sev..." deb,
Shoirning qo‘lida kuyladi qalam.
"Sevaman, Vatan!"- deb oh urma quruq,
Yuraging xoh alam, xoh zavqqa to‘lsin.
Vatanni sevgingga ishontirmoq-chun,
Qo‘lingda ishonchli nimadir bo‘lsin.