Sharifjon Maxdum – Sadr Ziyo
Sharifjon Maxdum Sadr – Ziyo 1865 yil 24 fevralida Buxoro amirligiga qarashli Ziyouddin tumanida davlat tomonidan qozilik mansabida turgan Domla Abdishukur bin Abdirasul oilasida dunyoga kelgan. Ismi tug‘ilgan joyiga nisbatan “Ziyouddin” va tug‘ilgan sharif ramazon oyi nazarda tutilib “Muhammad Sharif” deb atalgan. Keyinchalik, ya’ni Sharifjon o‘qimishli ziyoli bo‘lib yetishgach, bu ism yoniga naslu nasabiga ko‘ra “maxdum” va mohir xattotligi va mansabi sababli “mirzo”, Buxoro davlatida erishgan yana bir lavozimi bo‘yicha “sadr” va “qozi” nisbalari hamda she’rda qo‘llagan adabiy taxallusi bo‘lmish “Ziyo” so‘zi qo‘shilib, hujjat, adabiy asar va xalq tilida “Mirzo Muhammad Sharif”, “Muhammad Sharif maxdum”, “qozi Sharifjon”, “Muhammad Sharifjon maxdum sadr – Ziyo” tarzida tilga olingan. Sharifjon maxdum o‘z muhriga “Qozi mirzo Muhammad Sharif Sudur” so‘zlarini o‘ydirib yozgan, Buxoro hukmdori amir Olimxon esa bir hujjatda uning nomini “Qozi mirzo Muhammad Sharif sadr” shaklida qayd etgan ekan. Keyinchalik sadrlik lavozimi va she’rdagi taxallusi sabab bo‘lib, Sharifjon maxdum “Sadr Ziyo” nomi bilan tanilgan. Sho‘ro davri hujjatlarida esa alloma nomi “Sharif Shukurov” shaklida rasmiylashtirilgan.
Sharifjon maxdumning hunarmandlar oilasidan chiqqan otasi Domla Abdishukur o‘z davrining ziyoli va ma’rifatparvar kishisi bo‘lib, she’rda “Oyat” taxallusini qo‘llagan. Domla Abdishukur ko‘p yillar Buxoro amirligiga qarashli yerlarda qozilik va Buxoroda qozikalonlik mansabida turgan. Oyat 1887 yili Buxoroda ro‘y bergan yalpi vabo kasaliga yo‘liqib, kichik yoshdagi qizi va singlisi hamda qarindosh-tuqqanlaridan yana 33 nafari bilan bir paytda vafot etgan.
Dastlabki ilmni otasi qoshida olib, so‘ng turli ilmlarni Buxoroning bir nechta madrasalarida taniqli ustozlardan puxta o‘zlashtirgan Sharifjon maxdum 26 yoshida yetuklik guvohnomasiga ega bo‘lgach, amir Abdulahad (1885 – 1910) davlati ishlariga jalb etilib, 1893 yil 9 mayida Xayrobod tumaniga qozi etib tayinlangan va to 1920 yilda ro‘y bergan Buxoro inqilobigacha Peshku, Vog‘onzi, G‘ijduvon, Yangiqo‘rg‘on, Chahorjo‘y, Qarshi, Shahrisabz kabi tumanlarda ana shu mansabdagi ishini davom ettirgan. 1917 yil 27 martida amir Olimxon uni ma’rifatparvar vazir Mirzo Nasrulloh Qo‘shbegi tavsiyasiga binoan Buxoro shahri qozikaloni qilib ham tayinlagan. Chunki bu paytda Rossiyada fevral to‘ntarishi ro‘y bergan va davlat tuzumi o‘zgargan bo‘lib, amir o‘sha yil aprel oyida majbur holatda chiqargan manifestga ko‘ra xalqqa bir nechta erkinliklar berishni va’da qilib, Sharifjon maxdum singari hurfikrli ziyolilarni hukumati tarkibiga kiritgandi. Ammo Ziyo Sadr jadidlarga xayrixoh bo‘lgani sababli ikki yuzlamachi amir va unga tarafdor johillar taz’yiqiga uchraydi. Amir Olimxon johillar talabiga ko‘ra Nasrulloh Qo‘shbegini ishdan bo‘shatib, Ziyo Sadrni Qarshiga qozi qilib yuboradi. Sal o‘tib esa amir Olimxon yangicha qarashdagi “yosh buxoroliklar” tashkilotiga a’zo ziyolilarni qarindosh-urug‘lari bilan birga, jumladan, sobiq vazir Nasrulloh Qo‘shbegini ham yaqinlari bilan birga o‘lim jazosiga hukm etadi. Bu paytda Qarshida turgan Ziyo Sadr ham bir necha kundan so‘ng oilasi bilan hibsga olinadi va mol-mulki musodara qilinib, kutubxonasining bir qismi va asarlari qo‘lyozmalari yondirib yuboriladi. Sal o‘tib u ozod etiladi va Shahrisabzga qozi etib tayinlanadi, biroq doim kuzatuv ostida bo‘ladi.
Ziyo Sadr Buxoroda ro‘y bergan sho‘ro inqilobi (1920 yil 2 sentyabri)dan keyin Buxoro Xalq Jumhuriyatining Vaqf ishlari boshqarmasi xizmatchisi, shariat boshqarmasi raisi o‘rinbosari va Ibn Sino nomli kutubxona xodimi kabi vazifalarda turadi. 1923 – 1924 yillarda esa ishsiz qolarkan, ijod va yo‘qolgan asarlarini qayti tiklash bilan shug‘ullanadi.
Sharifjon maxdum sadr 1932 yil aprelida ilgari amirlikda vazir bo‘lgan Mirzo Nizomiddin Urganjiyning NKVD qamoqxonaga aylantirgan uyida vafot etgan va Buxorodagi Shayx Jalol darvozasiga yaqin Xoja Ismat Buxoriy qabristoniga (sho‘rolar davrida bu qabriston buzib tashlangan) dafn etilgan.
Sharifjon maxdum ikki marta turmush qurgan bo‘lib, birinchi oilasidan Zarif ismli o‘g‘li 1980 yilda o‘zi bir umr yashagan G‘ijduvonda vafot etgan va hozirgi kunda mazkur Zarif Shukuriyning Buxoro, G‘ijduvon, Navoiy va Toshkent shaharlarida yashamoqdalar. Ziyo Sadr ikkinchi turmushidan olti nafar farzand ko‘rgan. Hozir ulardan faqat Tojikistonda yashayotgan adabiyotshunos akademik olim Muhammadjon Shukurov hayotdir.
Ziyo Sadr hayoti va ijodi asosan uning o‘z asarlarida bayon etilgan bo‘lib, biroq bu asarlardan ayrimlari, yuqorida ko‘rganimzdek, o‘sha davr hodisalari oqibatida – amir Olimxon davridagi mansab o‘zgarishi natijasida ro‘y bergan darbadarlik va hurfikrli ziyolilarga nisbatan yuzaga kelgan badbinlik qarashlari, shuningdek, sho‘rolar inqilobidan keyingi siyosiy taz’yiq, ya’ni hibsga olinib, asarlarining musodara qilinishi natijasida nobud bo‘lgan.
Shu sababli Ziyo Sadr haqida ma’lumot bergan zamondosh do‘stlari Shar’iyning “Tazkirat ush-shuaro”, Qori Rahmatulloh Vozihning “Tuhfat ul-ahbob fi tazkirat al-as’hob” (Toshkent: 1914), Afzal Pirmastiyning “Afzal ut-tazkor fi zikr ash-shuaro va-l-ash’or” (Toshkent: 1918), Abdiyning “Tazkirat ush-shuaroi mutaaxirini Buxoro”, Ne’matulloh Muhtaramning “Tazkirat ush-shuaro”, Sadriddin Ayniyning “Tarixi amironi mang‘itiyayi Buxoro” (Toshkent: 1923), “Namunai adabiyoti tojik” (Moskva: 1926) asarlari muhim manba sanaladi. Biroq bizgacha qo‘lyozma holida yoki bosma (arab alifbosida, forscha) shaklida yetib kelgan bu asarlarning hech biri o‘zbekchaga tarjima qilingan emas. Professor Shodmon Vohidov yozshicha, Ziyo Sadrning tarix, geografiya, shaharsozlik, tabiatshunoslik, bog‘dorchilik, Buxoro madrasalari tarixi va adabiyotshunoslik, xattotlik sohasiga oid yaratgan asarlari soni 75 taga yetadi. Ayniqsa uning alohida mavzulardan iborat beshta asarni o‘z ichiga olgan “Navodiri Ziyoiya” kitobida muallif tarjimai holi; saljuqiylar, temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar, mang‘it hukmdorlari davlatida faoliyat ko‘rsatgan mashhur vazirlar (Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Hasan Maymandiy, Nizomulmulk, Alisher Navoiy va hakozolar.); Buxoro inqilobi (1920) sabablari; zamondosh mansabdorlar va shoirlar hayotiga oid qiziqarli hikoyalar; o‘sha davrning 23 nafar saroy shoirlari haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.
Hozirgi zamon tojik olimlaridan R. Hodizoda, Sahobiddin Siddiqiy, M. Shakuriy va eronlik olim S. A. Mo‘joniy va o‘zbek olimlari U. Hamroev, Sh. Esonova, A. Jumanazarov, Taxmina Vohidova hamda rus, ingliz, fransuz tillarida Ziyo Sadr hayoti va ijodi haqida muhim ma’lumotlar havola etgan Sh. Vohidov, B. Bobojonov, A. Mo‘minov, A. Erkinov, Z. Choriev, E. Axunjonov, M. Saidjonov, D. Yangiboeva singari olimlar ham bu sohaga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Mohir xattot A. Murodov esa Ziyo Sadrning “Tazkirai xattoton” asariga ergashib va uning xattotlik tarixiga oid asarlaridan muhim manba sifatida foydalanib “O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan” (Toshkent: Fan, 1971) kitobini yaratdi.
Ammo shu paytgacha Sharifjon maxdumning ulkan merosidan faqat bir nechta asarigina Tojikiston va Eronda (arab alifbosida) nashr etildi, xolos.
O‘zbekistonlik olimlardan Sh. Vohidov, Z. Choriev ham Ziyo Sadr qalamiga mansub “Asomi al-kutubi kitobxonai xususii Sharifjon maxdum” (Sharifjon maxdumning shaxsiy kutubxonasi kitoblari nomlari) asari ustida olib borgan tadqiqotining ruscha nashrida Ziyo Sadr shaxsiy kutubxonasiga mansub bo‘lib, hozirda esa O‘zFAShI qo‘lyozma va bosma asarlar fondida saqlanayotgan mazkur kitoblar bo‘yicha bu olimlar tuzgan jadval va Ziyo Sadrning mazkur “Asomi al-kutub” asarining forscha matni havola etildi.
Sharifjon maxdumning ilmiy merosini to‘la o‘rganish va ayrim asarlarini o‘zbek tilida nashr etish olimlarimiz oldida turgan navbatdagi vazifalardan biridir. Ayni chog‘da shuni eslatib o‘tish lozimki, Ziyo Sadrning Eronda nashr etilgan “Ruznomai Sadr Ziyo” (Ziyo Sadrning kundaligi) kitobiga allomaning o‘g‘li akademik Muhammadjon Shukurov tomonidan kirish so‘zi sifatida yozilgan “Sadr Ziyo va uning “Ruznoma” asari” maqolasini o‘zbek tilida chop etish niyatimiz borligi uchun bu yerda Sharifjon maxdum tarjimai holiga mufassal to‘xtalmadik.
Qolaversa, kelajakda Ziyo Sadrning vatanimiz tarixiga oid asarlaridan ayrimlarini o‘zbekchaga tarjima qilish asnosida ham tag‘in mazkur mavzuga to‘xtalib o‘tishimiz ehtimoldan xoli emas. Ba’zi bir ma’lumotlarni esa ushbu risolaga yozgan izohlarimizda aytib o‘tdik.
E’tiboringizga havola etilayotgan asar qadimiy qo‘lyozma kitoblarning shunchaki ro‘yxati yoki muallifga zamondosh kotiblar faoliyati haqidagi ma’lumotnoma bo‘lib qolmay, balki u uzoq o‘tmishdagi kitobat san’ati va ayrim tarixiy voqealar hamda Ziyo Sadr yashagan davrdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotda qatnashgan ziyolilar taqdiri haqida ham faktik ma’lumotlar beruvchi manba sanaladi. Ziyo Sadr bu kitobida inson omilini birinchi o‘rinda tutib, asarda nomi zikr etilgan ayrim shaxslar axlqidagi yaramas jihatlar yoki ba’zilarining oliyjanoblik xislatlarini ko‘rsatib o‘tishni lozim toparkan va ibrat tariqasida mavzuga oid she’riy qit’alarni misol keltirib o‘tarkan, o‘quvchiga bu orqali pandu nasihat ham berishga intilgan. Shu sababli asarda odobnoma ohanglari yangrab, bu kabi ma’lumotlar kishi ongiga har jihatdan ta’sir qiladi.
Ushbu asar yaratilgan sana to‘g‘risida yana aytish lozimki, muallifning ayrim xabarlaridan anglanishicha, kitobga Ziyo Sadrning 1920 yildan oldin yaratilgan “Tazkirat al-xattoton” ma’lumotlari ham kiritilgan holda 1923 yilda yozilgan.
Ziyo Sadrning kitobsevarlik xislati borasida o‘ylaganimiz chog‘i quyidagi fikrlar xayolimizni sira tark etmaydi: kitobsevar Ziyo Sadr deyarlik barcha qo‘lyozma kitoblarni o‘z puliga, ya’ni oltin, kumush sarflab sotib olgan. Yoki chet elga ketishga majbur bo‘lgan Mir Siddiq-Hashmat singari shahzodaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib, uning kitob xazinasidagi qimmatbaho qo‘lyozma asarlarni ham qo‘lga kiritganicha, ularning o‘z yurtimizda saqlanib qolishiga ulkan hissa qo‘shgan. Ziyo Sadr bu qo‘lyozma asarlarning barchasini Buxoro kutubxonasiga beminnat topshirgan va Ziyo Sadr kabi ziyoli xislatida mavjud himmat va saxovat sharofatidan mazkur ulkan ma’naviy, moddiy boylikning barisi O‘zFA ShI xazinasida bus-butun saqlanmoqda. Gohida odam o‘yga tolasan – axir Ziyo Sadr o‘sha kitoblar sotib olinishiga sarflangan oltin, kumush pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatsa yoki mazkur kitoblarning ayrimlarini sotib, avlodlariga moddiy meros sifatida qoldirsa bo‘lar edi-ku?
Shu fikrlar qatori yana xayolimizdan kechadi: Yo‘q, biz avlodlar faxr etishiga o‘ta loyiq bu jonkuyar inson uchun milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash asosiy o‘rinda turgan. Ziyo Sadrning ushbu asarini o‘qir ekansiz, Ulug‘bek Mirzo yaratgan va bizgacha yagona nusxada yetib kelgan “Ziji Guragoniy” asari qo‘lyozmasining Ziyo Sadr himmati va beminnat xizmati tufayli avlodlar uchun omon saqlanib qolganidan Xudoga cheksiz shukrlar va Ziyo Sadr hazratlariga ming-ming rahmatlar aytamiz. Hozirgi kunda dunyo qo‘lyozmalari xazinalarida Hasanxoja Nisoriy (1512 – 1598) qalamiga mansub “Muzakkiri ahbob” asarining o‘ndan ortiq qo‘lyozma nusxalari mavjud bo‘lib, ulardan beshtasi O‘zFAShI xazinasida saqlanadi. Bu noyob qo‘lyozmalarning 4282 raqamli nusxasi Nisoriy qo‘li bilan 1588 yilda kitobat qilingan. Bu nusxaning bir nechta varag‘iga Ziyo Sadr o‘z fikrlarini yozib qo‘ygan. Demak, bu qo‘lyozma ham Ziyo Sadrning shaxsiy kutubxonasida saqlangan. Mir Siddiq-Hashmat o‘zining “Tazkirat ush-shuaro” va “Nomayi xusravon” tazkiralarini yaratishda Mutribiy Samarqandiy (tug‘.1556) qalamiga mansub “Tazkirat ush-shuaro” (1605) asaridan foydalangan va bu haqida o‘zi aniq xabar bergan. O‘sha asarning Mutribiy o‘z qo‘li bilan yozgan va o‘sha davr hukmdori Vali Muhammadxonga topshirgan qo‘lyozma nusxasi hozir dunyoda yagona sanalib, u ham O‘zFAShI xazinasida saqlanadi. Qo‘lingizdagi asarda Ziyo Sadr XVI asrda yashagan Qozi Sodiq Halvoiy Samarqandiyga oid xabarni Mutribiy tazkirasidan olganini qayd etadi. Demak, Hashmatning Mutribiy “Tazkirat ush-shuaro”sidan manba sifatida foydalangani dalili va Ziyo Sadrning mazkur qaydidan ma’lum bo‘lishicha, Mutribiyning bizgacha yagona nusxada yetib kelib, hozir O‘zFAShI qo‘lyozmalar xazinasida saqlanuvchi “Tazkirat ush-shuaro” asari dastlab Mir Siddiq to‘ra-Hashmat kutubxonasida saqlangan, 1920 yilda esa bu to‘ra Afg‘onistonga ketar ekan, uni Ziyo Sadrga qoldirgan.