OYDIN HOJIYEVA
(1942- 2023)
O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli ijodkor, jamoat arbobi Oydin Hojiyeva 1942 yil 22 aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan.
1966 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. U 1965−1976 yillarda «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1976−1985 yillar «Saodat» jurnalida bo‘lim mudiri, 1985−1995 yillarda «Gulxan», 1995 yildan esa «Saodat» jurnali muharriri lavozimida ishlagan.
Oydin Hojiyeva 2023 yil 14 may kuni vafot etgan.
Oydin Hojiyeva ijodi 60-yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan. Uning birinchi she’riy to‘plami 1970 yilda «Shabnam» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng 20 ga yaqin ortiq she’riy kitoblari nashr qilingan.
She’riy to‘plamlari:
«Men sevgan qo‘shiq» (1972)
«Zar kokil qiz va quyosh»(1972)
«Manzillar» (1975)
«Navo» (1977)
«Tarovat» (1978)
«Buvisining o‘z qizi» (1979)
«Dostonlar» (1980)
«Tamal toshi» (1980)
«Saylanma» (1989)
«Najot» (1991)
«Olisdan kelgan ovoz» (1991)
«Ko‘zimning oqu qarosi» (1996)
«Panohim» (1998)
Oydin Hojiyeva - tarjimon. U Shandor Petefi, A.Mtskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognetsvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova va boshqa ko‘plab jahon hamda qardosh xalqlar adabiyot vakillarining ijod namunalarini o‘zbekchaga o‘girgan. O‘zining she’rlari rus, ukrain, qozoq, qirg‘iz, tojik, belorus, fransuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan.
Oydin Hojiyeva badiiy ijodni ijtimoiy faoliyat bilan qo‘shib olib borgan shoiraning «Ruhimizga yong‘in tushmasin», «Meni iztirobga solar bu o‘ylar», «Millatning qayg‘usi nima?» kabi publitsistik asarlarida til masalalari, o‘zbek xotin-qizlarining og‘ir dala mehnati muammolari aks etdi.
Mukofotlari:
1975-yilda Yoshlar ittifoqi mukofoti sovrindori bo‘lgan.
1992 yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoni
1999 yil «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.
She’rlaridan namunalar
BUXORO
Minorida oq laylaklar qishlagan,
Ark maydonda oq jiyronlar kishnagan,
Jahongir to‘p sarbozlarni xushlagan,
Eslayversa, dilim sanchur, Buxoro.
Rastalarda kundal-kimxob tovlanur,
Dashtlarida qulon-kiyik ovlanur.
Yigitlari Vatan uchun dovlanur,
Yovlarining boshin yanchur, Buxoro!
Darvozasi qulfu kalit ko‘rmagan,
Tosh ko‘chasi makru palid ko‘rmagan,
Otinlari davrada so‘z bermagan,
Kimlar soldi senga zanjir, Buxoro!
Yetti uying yetimxona qildilar,
Sakkiz uying somonxona qildilar,
Masjidlaring o‘tinxona qildilar,
O‘ylayversam, dilim ranjur, Buxoro.
Mezanada miltiq o‘qlar kufr zot,
Chigirtkaday chirmab kelar och sallot,
Soxta sanam keldi, so‘ndi e’tiqod,
Dinu iymon-ay muhojir, Buxoro!
Yosh qizlarni berkitarlar xumlarga,
Kelinchaklar o‘zin otar gumlarga,
Navqironlar aylanadir chimlarga,
Sariq devdan qayon qochur Buxoro?
Yo‘l-yo‘lakay tillo sochib qochdi kim,
O‘z yurtiga aza ochib qochdi kim,
Shahidlikning sharobidan ichdi kim,
Loshing cho‘qir cho‘lda g‘ajir, Buxoro…
Sanoch-sanoch tillo-kumush oldilar,
Mil tortishib, ko‘nglingni ko‘r qildilar,
Bitinggacha terib, tering shildilar,
O‘zi sag‘ir, yelka yag‘ir Buxoro…
Mullolaring chiqardilar «quloqqa»,
Bulbul ketib, boyqush chiqdi qo‘ndoqqa,
Oriflaring solib ming bir qiynoqqa,
Zulm qushi bola ochur, Buxoro!
Qizillarga tilmoch bo‘lgan otam-a,
Qilich emas, omoch bo‘lgan otam-a,
Ota yurti toroj bo‘lgan otam-a,
Aytsam, boshdan hushim uchar, Buxoro!
Nayrang qilib goh «oq»lar, goh «qizil»lar,
Johillarning quli bo‘ldi fozillar,
Avrab keldi meni zulmat-bozingar,
Gumrohlaring bir yo‘l kechir, Buxoro!
Bir g‘ishtingga dunyo mahr bo‘lmagay,
Shariflikda senday shahr bo‘lmagay,
Hech bir avlod bizcha g‘ofil bo‘lmagay,
G‘ofillaring bir yo‘l kechir, Buxoro!
Aytsam, boshdan hushim uchar, Buxoro!
G‘AZAL
Qayon borsam, jahon ichra borur ul yon Buxoro ham,
So‘rab baxtim somon bo‘lsam, bo‘lur somon Buxoro ham.
Niholim, munisim, dardkash, tanamda qatrai jonsan,
G‘animga o‘q otar bo‘lsam, bo‘lur kamon Buxoro ham.
Agar xayru savob o‘lsam, bo‘lur osmon Buxoro ham,
Ki men xoku turob bo‘lsam, bo‘lur giryon Buxoro ham.
Shahidon, sarvaron, do‘ston, Xojayi Bo‘ston Buxoro ham,
Valiyul komili a’zam oliyul unvon Buxoro ham.
Base zebu bu ziynatlar xasu xoshok bo‘lur, Oydin,
Senga mulki xudodan ganj xalqi rahmon Buxoro ham.
SITORI MOXI XOSSA
Usta Shirin naqsh chekkan Oq qasr.
Gulganchlarda o‘rmalaydi shohi sir.
Alloh bilan shivirlashgan ulug‘ Pir,
Sizni Buxoroday afsona ko‘rdim.
Ganchlarda gapirgan yaproqlar so‘lim,
Tomirlari tillo yantoqlar so‘lim,
Kiprikdan to‘kilgan titroqlar so‘lim,
Moniy nazar solgan koshona ko‘rdim.
Hikmat mehrobidir zarrin ravoqlar,
Jannat ustunidir munaqqash toqlar,
Har g‘uncha qatida yoqut chiroqlar,
Hunar farishtasin parvona ko‘rdim.
Chorqirra g‘ishtlarda Xizr panjasi,
Niliy koshinlarda nur alangasi.
Mung isi, dard isi, ter va qon isi
Qullik mehnatini shohona ko‘rdim.
Ko‘ksingni toptalab o‘tgan tuyoqlar,
Joynamozing tepgan manfur oyoqlar,
Qubbangga to‘p otgan Chingizsiyoqlar—
Beklarni dardingga begona ko‘rdim.
Tovuslar qichqarar telba yig‘ida,
Dog‘ ko‘rdim zamonning qorachug‘ida,
Go‘zal hayratlarning hayron tug‘ida
Jaholatdan tamg‘a-nishona ko‘rdim…
Sulton-ku suyagin asli xor etmas,
Mohi Xossam, senga ming bahor yetmas,
Qay bir xalq o‘z erkin ustivor etmas—
Yetti pushtini sho‘rpeshona ko‘rdim!
«Qazi bilan qarta yedim, og‘zimda yo‘q,
Kimxob bilan adras kiydim, egnimda yo‘q»,—
Deganlardan meros mulkim, tenging-da yo‘q,
Ziynat hadisida farzona ko‘rdim!
Buxoroday ajib afsona ko‘rdim.
LAYLATUL QADR
Manim laylu nahor tilovatlarim
Temir tom toqiga urilib qaytar.
Bu dunyoda topgan halovatlarim
Mehrim tolasidan eshilgan baytlar.
Boshimga yog‘ilgan nuri hidoyat
Bir hovuch chag‘ir tosh bo‘ldi ne zamon.
Takbir saslaridan uyg‘ondi karaxt,
Qulog‘i tom bitgan dahriy olomon.
Yaratganga yig‘lab aytdim salovat,
Oydan, yulduzlardan xushxabar esdi.
Qadr kechasidan tilab saodat,
Tushlarimda gulixayrilar o‘sdi.
Ko‘zlarni bog‘lagan afsun-sinoat,
Temir tom ustuni tutday to‘kildi.
Gunohlardan forig‘ Yerga inoyat,
Barakot gulxayri misli ekildi.
Eshigimni tutsam, tillo bo‘lardi,
Beshigimni tutsam, tillo bo‘lardi.
Bir qultum suv yutsam, tillo bo‘lardi,
Nima niyat etsam, tillo bo‘lardi.
Elimga chirog‘i Iymon tiladim,
Dilimga shifoyi Qur’on tiladim.
Chekil, g‘aflat kufri, zulmat yuhosi,
Erk degan eng ulug‘ Ehson tiladim!
UMR BU…
Umr bu—Allohdan bizga omonat,
Allohning farzi bor aziz jonlarda,
Omonatga qilma hargiz xiyonat.
Umr—yombi oltin, bug‘doy doniday
Maydalama uni tegirmonlarda,
Allohning farzi bor aziz jonlarda.
Omonatga hargiz qilma xiyonat,
Uni pullab yurma mayxonalarda,
Umr—bu Allohdan qarzi qiyomat.
Umr—bu toledan baraka, xirmon,
Yellarga sovurma, tufroqqa sochma,
Allohning mulki bul har don, har somon.
G‘urbat-g‘iybatlarga talosh aylama,
Yo‘lingda uchragan nokasu nodon
Kimsalarni unga farrosh aylama.
Senga bir hadiyat bul feruza tosh,
O‘zing zargarisan, zahhobi—o‘zing,
Qalloblarni-da sangtarosh aylama…
Umr—bu Allohdan bizga omonat…
YoShLARGA DEGANIM
Ko‘ngilda qulf urgan gulshanlarim Siz,
Nafasi muborak gulxanlarim Siz,
Ertan har kiftida bir tog‘ni tutgan
Alpomish haybatli ulkanlarim Siz.
Toju taxt egasi—shahzodalarim,
Orzu-xayollari ozodalarim,
Ot bosmagan izni bosgan toylarim,
Yalpizli, rayhonli shabbodalarim!
Qoshu ko‘z orasi qabog‘imdasiz,
Jon piligim yongan ravog‘imda Siz!
Yetti shajaramning shoh halqasida
Xizr nazar solgan tuyog‘im-da Siz!
Vatan qoyasida lochin bo‘lgaysiz,
Yovlar yelkasiga—qamchin bo‘lgaysiz,
Bulutsiz beg‘ubor ochun bo‘lgaysiz,
Fikri hur, maslagi nekbin bo‘lgaysiz!
It teksa bulg‘anar oqar daryo ham…
Buzg‘un xayollardan asrasin egam,
Onaga tik boqib, bo‘lmang boshi ham,
Zanglamas, aynimas oltin bo‘lgaysiz.
Vatanni bir tovoq kepakka sotib,
Bir umr xiyonat loyiga botib,
Durday jigarlarin balchiqqa qotib,
Yurgan nokaslardan yiroq bo‘lgaysiz…
Yigitlik davroni—taxtu tojlidir,
Inson yurti bilan baxtli, bojlidir,
Begona ellarda sulton bo‘lguncha,
Ostonada bir kaft tufroq bo‘lgaysiz,
Qarg‘ish-kohishlardan yiroq bo‘lgaysiz.