Oxunjon SAFAROV
(1940 yil 18 fevral, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Dodbog‘ni qishlog‘i ‒ 2014 yil, Buxoro shahri)
Zarafshon vohasi folklorining fidoyi to‘plovchisi, noshiri va tadqiqotchisi Oxunjon Safarov 1946-1956 yillarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Shofirkon tumanidagi Dodbog‘ni qishlog‘idagi boshlang‘ich maktabda, so‘ng qo‘shni qishloq – Chandirdagi Abu Ali ibn Sino nomli o‘rta maktabda o‘qigan. 1961 yilda Buxoro davlat pedagogika institutining (hozirgi universitetning) tarix-filologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlab, 1961-62 yillarda Jondor tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilik qildi. 1962 yilda Buxoro davlat pedagogika institutiga ishga o‘tib, 1962-1966 yillarda Pedagogika va psixologiya kafedrasida, 1967 yildan O‘zbek adabiyoti kafedrasida o‘qituvchi, 1972 yildan katta o‘qituvchi, 1974 yildan dotsent vazifalarida ishladi. Ayni paytda 1971-1976 yillarda institutning ko‘p tirajli «Ilg‘or fan uchun» gazetasiga muharrir bo‘lgan. 1977-1979 yillarda Musiqa-pedagogika fakulteti dekani, 1988-2005 yillarda O‘zbek adabiyoti kafedrasi (pedinstitut universitetga aylantirilgach, Folklor va yangi o‘zbek adabiyoti kafedrasi) mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. 2005 yildan Pedagogika va jismoniy madaniyat fakulteti Til va adabiyot kafedrasining mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
1968-1971 yillarda Samarqand davlat universiteti sirtqi aspiranturasida tahsil olgan Oxunjon Safarov 1971 yilda «Shukur Sa’dulla – bolalar adibi» mavzusida nomzodlik, 1986 yilda esa «O‘zbek bolalar poetik folklorining janriy tarkibi va badiiyati» mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 1989 yilda unga professorlik ilmiy unvoni berildi.
Oxunjon Safarovning tadqiqotchilik faoliyatida folklorshunoslik alohida o‘rin tutadi. Bu sohaga u 1970 yilda e’lon qilingan «Quddus Muhammadiyning folklordan foydalanishiga doir» maqolasi bilan kirib keldi. Binobarin, o‘sha paytlardayoq o‘zbek bolalar adabiyotining o‘ziga xos badiiy olami va taraqqiyot tamoyillariga oid tadqiqotlari bilan ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan bu olimning adabiyotshunoslikdan folklorshunoslikka «o‘tish» jarayoni birdaniga ro‘y bergani yo‘q. U o‘tgan asrning 60-yillaridayoq Buxoro viloyatida saqlanib qolgan va o‘zining jonli ijro holatini davom ettirayotgan folklor asarlarini to‘plashga kirishib, ushbu hudud folklorining betakror jozibasini o‘zida mujassamlashtirgan kattagina faktik materiallarni yozib olishga muvaffaq bo‘lgan edi. U Shukur Sa’dullaning bolalar adibi sifatidagi ijodiy faoliyatini tadqiq etar ekan, uning «Kachal polvon» haqidagi og‘zaki drama syujeti asosida yaratgan asari hamda adabiy ertaklarining folklordagi zaminini aniqlash asnosida adib badiiy mahoratini xalq og‘zaki badiiy ijodiyoti an’analari bilan bog‘liqlikda o‘rgangan edi. Shu tariqa, 70-yillardan boshlab, O.Safarov bolalar adabiyoti tadqiqoti sohasidagi jiddiy izlanishlari natijasida g‘oyatda boy ijodiy tajriba orttirgan yetuk mutiaxassis sifatida folklorshunoslikka kirib keldi. U bolalar ruhiy olamning teran ildizlarini kashf etish ishtiyoqida tinimsiz izlandi va Zarafshon vohasi folklori, xususan, Buxoro viloyati hududida istiqomat qiluvchi xalqning kichkintoylarga atalgan badiiy tafakkur durdonalarini to‘plash, yozib olib, nashr etish va tadqiq qilishga kirishdi.
Oxunjon Safarovning ilmiy faoliyatiga razm solgan kishi unda chinakam folklorshunosga xos bo‘lgan uch xususiyat: to‘plovchilik, ya’ni xalq ijodi asarlarini yozib olish, eng sara asarlarni nashrga tayyorlab chop ettirish hamda tadqiqotchilik faoliyati yaxlit holda uyg‘unlashganligini ko‘radi.
O‘zbek folklorshunosligida xalq ijodi asarlarini to‘plash ishlari asosan ekspeditsion tadqiqotlar yo‘li bilan amalga oshirilayotgan 70-yillarda o‘zining qadimiy folklor an’analarini saqlab kelayotgan muayyan hududlarni statsionar o‘rganish, o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodining hududiy rang-barangligi va lokal xususiyatlarini aks ettiradigan bunday joylardagi ko‘p yillar mobaynida izchil kuzatishlar olib borish ehtiyoji yuzaga kelgan edi. Folklorshunoslik ana shunday izlanishlarga muhtoj bo‘lib turgan bir vaziyatda Oxunjon Safarov birinchilardan bo‘lib Buxoro vohasi bolalar poetik folkloriga doir materiallarni statsionar usulda to‘plash ishlarini boshlab yubordi. Uning to‘plovchilik faoliyati ham janrlar nuqtai nazaridan, ham jo‘g‘rofiy jihatdan g‘oyat keng qamrovlidir. Olim Buxoro viloyatining o‘ziga yaqin va juda tanish bo‘lgan qishloqlarini qadamba-qadam kezib chiqib, «qumquloq» bobolaru, chechan momolar tafakkurining «oltin sandig‘i»dagi «bisot»ni daftarga ko‘chirish bilangina cheklanmay, quyi Zarafshon vohasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Tojikiston Respublikasining bizga qo‘shni bo‘lgan tumanlari bo‘ylab uzluksiz ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etdi. Natijada, o‘zbek bolalar poetik folklori, marosim qo‘shiqlari, ertak, afsona, rivoyat, naql, latifa, maqol, topishmoq, irim-sirim, aytim hamda alomatlarga oid juda katta hajmdagi bebaho materiallar to‘plandi. Bu izlanishlar samarasi o‘laroq bola tug‘ilishi va beshik davri bilan bog‘liq urf-odat va rasm-rusumlar, nikoh to‘yi marosimi folklorining ilgari aniqlanmagan «kuyov eltish», «kelin eltish», «kuyov o‘tirsin», «kelin o‘tirsin» kabi janrlari, shuningdek, o‘zbek dafn va ta’ziya marosimlari folklori yozib olindi. O.Safarovning tashabbusi va bevosita faol ishtiroki tufayli faqatgina Buxoro vohasida saqlanib qolgan g‘oyat nodir bir folkloriy hodisa - xalq qo‘shiqlarining ko‘p asrlik an’anaviy ijrosi jarayonida yuzaga kelgan «Buxorcha» va Mavrigi» turkumlarining matni to‘la yozib olinib, ularning kuyi notaga tushirildi. Quyi Zarafshon vohasi va Janubiy O‘zbekistondan yozib olingan bu noyob folklor materiallarining qamrovini shundan ham bilsa bo‘ladiki, folklorshunoslar tomonidan to‘plab, nashr etilgan alla matni 460 misradangina iborat bo‘lgan bir paytda O.Safarovning 1970-1980-yillar oralig‘ida 2000 satrdan ziyod alla namunalarini yozib olganligi uning to‘plovchilik faoliyati naqadar salmoqli va mahsuldor bo‘lganligidan dalolat beradi.
Oxunjon Safarov to‘plagan folklor materiallarining aksariyati hali keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan, ko‘pchiligi esa ilk bor yozib olingan namunalar edi. Ana shunday boy faktik materiallar asosida o‘zbek bolalar poetik folklorini muayyan bir etnofolkloriy hudud asosida tadqiq etishga bel bog‘lagan olimning 70-yillarning oxiri – 80-yillarning boshidagi ilmiy-ijodiy faoliyati juda samarali bo‘ldi. U o‘zbek bolalar folklorining janrlar tarkibini aniqladi va birinchi marta mukammal tasnifini yaratdi. O‘zining «Erkalamalarning janr xususiyatlari», «Cheklashmachoqlar», «Tez aytishlar», «Chandishlar», «Yalinchoqlarning janr tabiatiga doir», «Guldur-guplar» va boshqa ko‘plab maqolalarida bolalar folklorining o‘ziga xos tabiatini ochib berdi.
Oxunjon Safarov o‘zbek bolalar poetik folklori va uning janrlar tizimini tadqiq etishga doir izlanishlarini umumlashtirib, 1983 yilda «Bolalarni erkalovchi o‘zbek xalq qo‘shiqlari» nomli monografiyasini chop ettirdi. Bolalarni erkalovchi o‘zbek xalq poeziyasi namunalarining janr tabiati, tarixiy ildizlari, tadrijiy rivoji va badiiy xususiyatlari tahliliga bag‘ishlangan bu monografiyada alla, erkalama, ovutmachoq va qiziqmachoq janrlari mukammal tekshirildi. Olim jahon folklorshunosligining eng ilg‘or nazariyalari hamda o‘zi yozib olgan materiallar tahlilidan kelib chiqib, allalarni tuzilishiga ko‘ra voqeband hamda parokanda allalar; mavzu-mohiyatiga ko‘ra avaylovchi, maishiy va tarixiy allalarga ajratib tasnifladi. Bolaning beshik davriga oid turli-tuman marosimlar, rasm-rusumlarda ijro etiladigan folklor namunalari, jumladan, chaqaloq besh va to‘qqiz kunga to‘lganda, ilk bor cho‘miltirganda, birinchi marta beshikka bog‘laganda, ilk bora ota-onasi va qarindoshlariga tanishtirilganda, chaqaloqqa isiriq tutatilganda, tish yorganda, birinchi marta oyoq bosganda, bolaga yangi kiyim kiygizganda, qizaloqlar sochini birinchi bor yuvib-taraganda, bolaning tirnog‘i, «chilla sochi»ni olganda aytiladigan aytim-olqishlarni ilmiy o‘rganish ham dastlab O.Safarov tomonidan folklorshunoslik amaliyotiga tadbiq etildi. Olimning bu nazariy qarashlari va tasniflari keyinchalik o‘zbek bolalar folklori hamda bolaning beshik davri marosimlarida ijro etiladigan aytim-olqishlarni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va boshqa viloyatlar materiallari asosida yanada kengroq ko‘lamda tadqiq etilishiga yo‘l ochib berdi.
Olimning ilmiy takomilini ko‘rsatuvchi asarlaridan yana biri 1985 yilda nashr etilgan «O‘zbek bolalar poetik folklori» monografiyasi bo‘lib, unda asrlar davomida yaratilib, har bir avlod badiiy tafakkurining sarchashmasida jilolangan badiiy so‘z durdonalari tahlilga tortilgan. Kitobda bolalar she’riyatining qadimiy ildizlari ajdodlarimizning totemistik va animistik qarashlariga borib taqalishi, bugungi kunda bolalar qo‘shig‘i sifatida ommalashib ketgan «Oftob chiqdi olamga», «Boychechak» kabi talaygina qo‘shiqlar qachonlardir mavsumiy marosimlar chog‘ida ijro etilgan bo‘lib, o‘sha marosimlarni o‘tkazishga ijtimoiy ehtiyoj qolmaganligi sababli bolalar taqvim poeziyasi namunasiga aylanishi kabi masalalar atroflicha tadqiq etildi.
Bolalar folklorini butun borlig‘icha, yaxlit holda tahlilga jalb qilish folklorshunoslik nazariyasini to‘ldiradigan, uni boyitadigan yangi ilmiy xulosalarning yuziga kelishiga asos bo‘ldi. Binobarin, erkalama, yalinchoq, cheklashmachoq, sanama, chandish, hukmlagich, qiziqmachoq, qiqillama, arazlama, yarashtirgich, masxarama, chorlama, ovutmachoq, guldur-gup, aldanmachoq singari yigirmaga yaqin janrlarini ilmiy jihatdan asoslab bergan olim, har bir janrning o‘ziga xos xususiyati va tabiatidan kelib chiqqan holda maxsus atamalarni ishlab chiqdiki, bu folklorshunoslik fani tarixida muhim ilmiy-amaliy qimmatga ega.
Oxunjon Safarovning folklorshunos sifatidagi tadqiqotchilik faoliyati g‘oyat serqirra va sermahsuldir. Uning o‘zbek marosim folklori janrlari, og‘zaki nasr, Buxoro vohasi folklorining yozib olinishi va o‘rganilishi, folklorshunoslik tarixi, folklor matnshunosligi, musiqa folklori, hozirgi tarixiy-folkloriy jarayon va uning o‘ziga xos xususiyatlari, xalq og‘zaki ijodi asarlarini yozib olish metodikasiga doir har bir maqola va risolasi o‘qimishliligi, masalaga yondashuvning xolisligi va yangi fakt va talqinlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Folklor asarlarini nashr etib, ommalashtirish borasida samarali mehnat qilib kelayotgan Oxunjon Safarovning say’-harakatlari tufayli o‘zbek allalarining bir nechta majmuasi nashr etildi. Ayniqsa, 1999 yilda chop ettirilgan «Alla-yo alla» kitobi o‘zbek allalarining eng yaxshi namunalarini o‘z ichiga qamrab olganligi, ham mazmunan, ham hududiy jihatdan ko‘lamdorligi bilan ajralib turadi. Olimning qashqadaryolik folklorshunos K.Ochilov bilan hamkorlikda nashr ettirgan «Boychechak» to‘plami «O‘zbek xalq ijodi» ko‘pjildligi silsilasida chop ettirilgan eng sara kitoblardan biri bo‘lib, bolalar folklori hamda mehnat qo‘shiqlarining hozirga qadar ommalashtirilgan eng mukammal majmuasi hisoblanadi. 2000 yilda chop etilgan «To‘y muborak yor-yor» to‘plamiga kiritilgan «to‘y muborak» qo‘shiqlari, «jar», «olqish», «yor-yor yorone» turkumlari, «kelin o‘tirsin». «kuyov o‘tirsin» qo‘shiqlari, «kelin salom» va «kuyov salom»lar esa rango-rang rasm-rusumlar va udumlardan tarkib topgan o‘zbek nikoh to‘yi marosimi folklorini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
O‘tgan asrning 70-yillaridan e’tiboran Buxoro davlat pedagogika instituti (keyinchalik universitet) talabalarining an’anaviy folklor va dialektologiya ekspeditsiyasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan O.Safarov vohada keng qamrovli folklor to‘plovchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish bilan bir qatorda yosh, iqtidorli mutaxassislarni fundamental fanga yo‘naltirish orqali malakali kadrlar tayyorlash sohasiga ham samarali mehnat qildi.
Ma’lumki, xalq og‘zaki badiiy ijodining aksariyat namunalari kuylanadi, demakki, ular muayyan bir xalq kuyi bilan bog‘liq. Folklorshunoslar esa asosan folklor badiiy matnini o‘rganish bilan cheklanib kelmoqdalar. Oxunjon Safarov ulardan farqli ravishda o‘z imkoniyati doirasida xalq qo‘shiqlarini ularning kuylari bilan birgalikda tadqiq etishga harakat qilayotgan, musiqashunoslik tarixi bo‘yicha qalam tebratib kelayotgan olimlarimizdan biridir. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, bu iste’dotli olim folklorshunoslikda filologik musiqashunoslik yo‘nalishini boshlab berdi. Bu o‘rinda uning o‘nlab maqolalari va «Buxorcha» va «Mavrigi» taronalari» (2005, O.Atoev va F.To‘raev bilan hamkorlikda), «Shashmaqom vatani ohanglari» (2009) kitoblarini alohida ko‘rsatib o‘tish zarur.
Musiqashunos va bastakorlar Orif Atoev va Fayzulla To‘raevlar bilan hamkorlikda yaratilgan «Buxorcha» va «Mavrigi» taronalari» kitobida raqs va ashulalar birligidan tarkib topgan o‘ziga xos bu ikki turkumning paydo bo‘lish va shakllanish tarixi, kompozitsion tarkibi, taraqqiyoti, ijro usullari, Buxoroda jonli ijroda saqlanib qolish darajasi, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari teran tadqiq etilishi bilan birga qo‘shiqlar uning matni va kuylarining nota yozuvlari ham berilgan. Turkumlashtirishning murakkab vositalari bilan o‘zaro birikkan qo‘shiqlar, kuylar, raqslar silsilasini bir-biriga qiyoslash, bir necha variantlarda yozib olish, turli ijro sharoitlarida kuzatish asosida yuzaga kelgan bu kitob o‘zbek folklorshunosligi va san’atshunosligida ayricha ahamiyatga ega. Kitobda «Buxorcha» va Mavrigi» turkumlarining poetik tabiati, shakllanish bosqichlari va tarixiy ildizlari, asosiy uzvlarining mohiyati va ijro usullari, shuningdek, Buxoro to‘y marosimi qo‘shiqlarining o‘ziga xos xususiyatlari yetarli darajada tahlil etilganki, bu o‘z navbatida kelgusida yangi tadqiqotlarning yuzaga kelishida asos bo‘lishi shubhasizdir.
Olim ilmiy faoliyatida «Shashmaqom vatani ohanglari» kitobi ham alohida o‘rin tutadi. Undan tadqiqotchining turli yillarda uning o‘zi tomonidan yoki hamkorlikda yaratilgan «Buxoro shashmaqomining yozib olinishi tarixidan to‘rt lavha», «Sevgi rozlari tarannumi», «Bazm» g‘azali yoxud ustod Ayniyning musiqa va san’at ahliga munosabati» kabi risolalari, maqolalari va she’rlari joy olgan. Ayniqsa, olimning «Buxoro shashmaqomi»ning notaga yozib olinishi tarixiga bag‘ishlangan risolasi o‘zining xolisligi va har bir faktga adolatli baho berilganligi bilan alohida ajralib turadi. Tadqiqotning dastlab ulkan adib va alloma Fitrat rahbarligida, keyinchalik atoqli san’atkor Yunus Rajabiy tomonidan, shuningdek, Tojikistonda notaga yozib olingan va nashr etilgan «Buxoro shashmaqomi» nusxalarini bir-biriga qiyoslar ekan, ularning har biriga xos afzalliklarni mohirlik bilan tahlil etadi, qay birlariga xos bo‘lgan bir tomonlama yondashuvlarga o‘z munosabatini bildiradi. Hozircha nashr etilmagan Ariel Boboxonov tomonidan notaga ko‘chirilgan «Buxoro shashmaqomi» nusxasi ham uning e’tiboridan chetda qolmagan. Masalaga bu qadar keng va atroflicha yondoshuv Oxunjon Safarov tadqiqotchilik faoliyatiga xos xususiyatdir. Shu sababli ham uning har bir maqolasi yoxud kitobi doimo ilmiy jamoatchilik e’tiborida bo‘lib kelgan.
Ellik yil davomida uzluksiz ravishda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan bu tinib-tinchimas olim darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratishga, o‘zi to‘plagan nazariy bilimlarni ta’lim tizimiga joriylashtirishga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Uning hammualliflikda folklor va bolalar adabiyoti bo‘yicha nashr etilgan o‘nga yaqin darslik, xrestomatiya va o‘quv qo‘llanmalari buning isbotidir.