OMON MUXTOR
(1941-2013)
Omon Muxtor (Muxtorov Omon Sulaymonovich) 1941-yil 16-iyulda Buxoroda tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirib, nashriyotlarda, O‘zbekiston davlat radio va televideniye qo‘mitasida, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida va G‘ofur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida adabiy xodim bo‘lib ishlagan, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri bo‘lgan.
Omon Muxtorning ijodi 50-yillar oxirida boshlangan bo‘lsa-da, birinchi she’riy to‘plami “Chorlar quyoshli yo‘llar” 1966 yil chop etilgan. Omon Muxtor “Egilgan bosh” romani uchun 1999- yil Yozuvchilar uyushmasi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Yozuvchining yubileyi sharafiga 1999 yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Omon Muxtor butun ijodiy faoliyati davomida she’riyat bilan jiddiy shug‘ullangan. U, aytib o‘tilganidek, o‘z ijodini she’r yozishdan boshlagan. Dastlabki kitoblari she’riy to‘plamlari bo‘lib, u badiiy adabiyot ixlosmandlariga shoir sifatida ma’lum bo‘lgan. O‘tgan asrning 70-80-yillarida shoir “Chorlar quyoshli yo‘llar” (1966), “Ohang” (1974), “Yog‘du” (1979), “Marvarid” (1985), “Shiddat” she’riy to‘plamlarini nashr ettirdi. Yosh shoirning ijodiy mashqlariga nafaqat oddiy odamlar – so‘z san’ati muxlislari, balki katta ijodkorlardan ayrimlari e’tibor qarata boshladilar. 1975 – yilda O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir “O‘nta bo‘lsa, o‘rni bo‘lak” nomli maqola yozib, unda ikkita navqiron ijodkor – O. Muxtorning “Ohang”, Mashrab Boboevning “Bahor kayfiyati” majmualarini zamonaviy poeziya muammolari nuqtai nazaridan tahlil etgan.
Aruz vaznida O. Muxtor o‘nlab g‘azallar, muxammaslar yozgan. Ayniqsa, A. Navoiy g‘azallariga bitgan taxmislari alohida e’tiborga loyiq.
Shoirning barmoq va erkin vaznlarda yaratilgan aksariyat she’rlarini o‘qib, u takrorlanmas, boshqa nozimlarga o‘xshamagan shoir ekanligiga qat’iy ishonch hosil qilamiz. Omon Muxtor she’r yozish maqsadida qo‘liga qalam olar ekan, hech qachon soxta tuyg‘ularni qog‘ozga tushirishga urinmagan. Bari yozganlarida tuyg‘ular tiniq va haqqoniydir. Shoirning badiiy adabiyot muxlislariga aytadigan so‘zlari bor. U bu so‘zlarni quruq, yalang‘och tarzda ifodalamaydi, aksincha obrazli, ta’sirchan shakllarda, o‘ziga xos ovoz va ohanglarda she’rxonlar qalbiga yetkazishga harakat qiladi. Shu ma’noda O. Muxtor haqiqiy, katta shoirdir.
Ijodkor nasr, ayniqsa, romanchilik sohasida ko‘proq mehnat qilayotganida ham, she’riyatdan uzoqlashib ketmadi: lirik asarlar yozishda davom etdi. Bu bilan kifoyalanmay , ko‘pchilik romanlariga qahramonlarning ruhiy holati bilan bog‘liq she’rlar, she’riy parchalarni kiritish tajribasini davom ettirdi.
«Nigoh» (1968), «Qushlar va tushlar» (1971), «Shaharlik kelinchak» (1973), «Hayot darvozasi» (1978), «Uchqur poyezdlar» (1981), «Bolalikka sayohat» (1984), «Vazifa» (1988), «O‘lmagan jim» (1995) kabi hikoya va qissalarida zamondoshlarimiz hayoti, ularning quvonch va iz-tiroblari falsafiylikka moyil bir tarzda aks ettirilgan.
Omon Muxtorning «Yillar shamoli» (1976), «Egilgan bosh» (1989), «Ayollar mamlakati va saltanati», «Ffu» (1997), «Aflotun» (1998), «To‘rt tomon qibla» trilogiyasi («Ming bir qiyofa», «Ko‘zgu oldidagi odam», «Tepalikdagi xaroba», 2001), «Maydon» (1999), «Ishq axli» (2001) kabi zamonaviy va tarixiy mavzulardagi romanlari o‘zbek nasrining shaklan va mazmunan boyishida muhim o‘rin tutadi. Ulardagi yangicha tasvir usullari, tafakkur tarzi va roman-hangoma, roman rivoyat janrlaridagi shakliy izlanishlar e’tiborga loyiq. «Ayollar mamlakati va saltanati» romani asosida badiiy film ishlangan (2001). Pesalari Xorazm teatrida sahnalashtirilgan («Bosh masala» va b.). Omon Muxtorning “Tepalikdagi xaroba”, “Ming bir qiyofa”, “Ko‘zgu oldidagi odam” romanlari yaxlit holda “To‘rt tomon qibla” trilogiyasini tashkil etgan. So‘nggi yillarda “Afu”, “Ayollar mamlakati va saltanati”, “Aflotun” romanlari chop etilgan. Mazkur asarlar yangicha uslubda yozilgan bo‘lib, kitobxon va adabiy jamoatchilik e’tiborini tortadi.
Omon Muxtor 2013 yil 10 may kuni Toshkent shahrida vafot etgan.