Muslihabegim Miskin
Muslihabegim Miskin XIX asr Buxoro adabiy muhitida yashab ijod etgan iste’dodli zullisonayn shoira. Ijodkorning o‘z ismiga ohang jihatidan muvofiq tushuvchi «Miskin» taxallusi bilan ijod qilgani ham uning yuksak qobiliyat egasi ekanligiga ishora qiladi. Turk olimi Baytulloh Oqtosh «kambag‘al», «muhtoj», «ehtiyojmand», «bechora», «notavon», «faqir» singari ma’nolarni anglatuvchi «Miskin» so‘zining Qur’oni karimdagi ma’no qirralarini kengroq yoritishga e’tibor qaratadi. Uning aniqlashicha, 9 ta Makkada, 14 ta Madinada nozil bo‘lgan, jami 23 ta suralardagi oyatlarda keltirilgan «Miskin» so‘zi Qur’oni karimning nozil bo‘la boshlashidan ayni jarayonning so‘ngiga qadar ko‘zga tashlanuvchi tushunchadir. «Miskin» tushunchasi uchrovchi oyatlarda asosan bu so‘z ovqat bilan to‘ydirilishi kerak bo‘lgan kishilarni ifodalaydi[1]. Bu ma’nosiga ko‘ra u yuqorida keltirilgan so‘zlarga ma’nodoshlik hosil qiladi. Biroq «Miskin»ning «ehtiyojmand» ma’nosining botinida Allohning lutfiga, Payg‘ambar (s.a.v.)ning shafoatlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ifodalanadiki, ayni ma’no hamda «faqir» ga ma’nodoshlik uning tasavvufiy ma’nosiga nisbatan qiziqish uyg‘otgan. Shu bois ulug‘ mutasavvuf Xoja Ahmad Yassaviyning hikmatlarida bu so‘z shoir ismining sifatlovchisi bo‘lish bilan bir qatorda, uning taxalluslaridan birini ham anglatib kelgan. Muslihabegim Miskin she’riyatida yassaviyona motiv va ohanglarning kuzatilishi shoiraning bu taxallusni o‘ziga tanlashida ismiga ohang jihatdan uyg‘unlik bilan bir qatorda e’tiqodiy qarashlariga, yashash tarziga uyg‘unlik borligini ham sezdiradi.
Muslihabegim Miskin ko‘p asrlik e’tiqodiy qarashlarimiz asosida tarbiya topib, Xoja Ahmad Yassaviy va uning izdoshlari she’riyatida kuzatilgani kabi toat-ibodatga chorlovchi she’rlar bitgani, shu asosda osiylikdan qutulib, Muhammad (s.a.v.)ning shafoatlariga noil bo‘lish, Allohning lutf-u marhamatiga sazovor bo‘lishni targ‘ib qilgani bois uning ijodi uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolib keldi. Shoiraning bir-biridan keskin farqlanmaydigan 3 devoni bizgacha yetib kelgan bo‘lib, qiyosiy o‘rganilganda, ushbu devonlarda Muslihabegim Miskinning o‘n ming misradan ortiq she’riy merosi mavjudligi kuzatiladi. Ularning biridagi devonning sarlavhasi ostida keltirilgan quyidagi fardda shoira o‘zini tavoze’ bilan tanishtirib, nomining oshkor bo‘lmasligi tarafdori ekanligini ta’kidlaydi:
Nomi man Muslihabegim buvad guftam: «Yod dor»,
Guft Miskin: «Nomi xudro to nagardad oshkor» .
Mazmuni: Mening nomim Muslihabegimdir, buni mudom yodingizda saqlang, deb aytaman. Miskin aytadi: «Bu ismni aslo oshkor etma».
Taxallusini «Miskin» deya tanitgan Muslihabegim nomini oshkor bo‘lishini u qadar istamaydi. Ayni choqda bu uning she’riyati bilan xalq orasida tanilishi ma’nosini ham anglatadi. Biroq Buxoro xalqi orasida hanuzgacha to‘y va bazmlarda an’anaga aylangan muxammasxonliklarda shoira ijodidan namunalar aytilishi uning taniqli shoira ekanligidan dalolat beradi. Shunday bo‘lsa-da, shoiraning o‘zi yashagan davrda yaratilgan manbalarda u haqda ma’lumot berilgani kuzatilmaydi. E’tirof etish joizki, Miskinning hayoti va ijodi haqida undan bizgacha yetib kelgan uchta devondagi ikki she’riy hikoyat va qator baytlar misolida muayyan taassurot hosil qilish mumkin. «Man na shayxam, na avliyo, na izom» («Men na shayxman, na avliyo, na ulug‘lardan» ) satri bilan boshlanuvchi masnaviyda bitilgan she’riy hikoyat aytilganlar nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir. Unda shoira o‘zini quyidagicha tanishtiradi:
Kaminai nom shud Muslihabegim,
Ba Miskin nomi xudro guft tayin.
Ki mavludi zi farzandi Buxoro,
Padarro nom shud mullo Nurillo.
Ki jaddam nomi Abdulloh xoja eshon,
Zi farzandi Buxoro buvad, ey jon
Ki, budand doimo jo‘yoni Alloh,
Ki holo raftaand Ka’batulloh[2] [972/1, 121b varaq].
Mazmuni: Kaminaning ismi Muslihabegimdir. O’zimni Miskin deb atadim, ya’ni taxallusimni Miskin deb tanitdim. Buxoro farzandiman, shu yerda tug‘ildim. Otamning nomi Mullo Nurillo bo‘ldi. Bobomning nomi esa Abdulloh xoja eshondir. U ham Buxoroning farzandi bo‘lgan. Doimo Allohning xayoli bilan band bo‘lgan, Ka’batullohga ketgan, hanuz qaytmagan.
Mazkur masnaviydan anglashiladiki, shoiraning asli nomi Muslihabegimdir, u devonlarini Miskin taxallusi bilan tartib bergan. Shoiraning ota-bobolari buxorolik bo‘lib, taqvodorlar bo‘lishgan. Xususan, otasining ismi Nurullo mulla sifatida e’tirof etilganligiga e’tibor qaratilsa, uning dindor kishi bo‘lganligiga ishonch hosil qilish mumkin. Abdulloh xoja eshon shoiraning bobosi bo‘lib, uning nomiga «xoja», «eshon» singari nasab va nufuzni ifodalovchi so‘zlarning qo‘shib aytilishi ham shunday xulosaga kelishga asos bo‘ladi. Ka’ba sari otlanganligidan anglash mumkinki, u ham Alloh yo‘liga ixlos qilganlardan bo‘lgan. Ayniqsa, masnaviydagi «Ki, budand doimo jo‘yoni Alloh» misrasi Abdulloh xoja eshonning Alloh ishqi bilan yonib yashaganligidan dalolat beradi.
Muslihabegim Miskin «Agar go‘yand: «In shaxs az kujost?» («Bu shaxs qayerdanligini aytsam» ) satri bilan boshlanuvchi 12 baytli masnaviysida o‘zining nasl-nasabi xususida fikr yuritadi. Masnaviyning ikkinchi satri «Base dar Xiyobon ham du bobost» [1962, 25a varaq] tarzida ifodalangan bo‘lib, unda «Ikkala bobo ham Xiyobondandir» mazmuni o‘z ifodasini topgan. Xiyobon qadimgi Buxoro shahrining 16 dahasidan biri bo‘lib, u eski shahar hududida, Buxoro qal’asining «Qorako‘l darvozasi» tarafida joylashgan[3]. Ushbu ifoda shoiraning ona tarafdan ham, ota tarafdan ham buxorolik bo‘lganini anglatadi. Masnaviydagi hasbi hol talqinlariga ko‘ra, shoiraning katta bobosi hoji Habib nomi bilan atalgan. Uning «Jarohathoyi dilhoro tabiband» [1962, 25a varaq], ya’ni «Jarohatli ko‘ngillarning tabibi» tarzida tavsiflanishi ham diniy ilmlarning bilimdoni bo‘lganiga ishora qiladi. Masnaviy davomida badiiy talqinga ko‘ra, hoji Habibning pok xokini kishilar ko‘zga surma qilishi, qabrini ziyorat qilib turishlari ham shunday xulosaga kelishga asos bo‘ladi. Muslihabegim Miskin ikkinchi bobosini Imlo eshon deya tanishtiradi. Odamlar bu kishining ham qabrlarini ziyorat qilib turishgan. Shoira ikkinchi bobom deganda, ona tarafidagi bobosini nazarda tutgan ko‘rinadi. Buxoroda Xiyobon mavzesida Eshoni Imlo (1686-1748/1749) va Xoja Habibullo yoki Eshon xoja (vafoti 1699/1700) nomlari bilan atalgan kishilar yashagani haqida ma’lumotlar keltiriladi[4]. Ushbu ishoralar shoiraning nasl-nasabi ham e’tiqodli eshonlarga borib taqalishidan dalolat beradi. Afsuski shoiraning tug‘ilib, vafot etgan sanalariga oid aniq ma’lumotlar uning devonlari tarkibida uchramaydi. Birgina Miskinning 972/1 raqamli devonining 143a varag‘ida bitilgan «Tamom shud in noma 1295» ( ya’ni ushbu noma 1295-yilda tugadi» ) qaydi o‘ziga xos tarixiy fakt sifatida qimmatlidir. Mazkur hijriy sana milodiyga aylantirilganda devonning 1878-yilda tartib berilganligi ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, yuqoridagi masnaviydan so‘ng devondan o‘rin olgan quyidagi fard esa shoiraning qaysi zamonda yashaganligini anglab olishga yordam beradi. Unda Buxoro amirlaridan birining nomi keltiradi:
Dar zamoni Mir Sayyid Muzaffar Bahodir Sulton,
In g‘azalhoro bexono ba jigar kardam bayon [972/1, 121b varaq].
Mazmuni: Mir Sayyid Muzaffar Bahodir zamonida bu g‘azallarni o‘qib, jigar (yaqin kishim)ga bayon qildim.
Shu o‘rinda shoiraning yashagan yillarini taxmin qilishga ishora paydo bo‘ladi. Tarixiy faktlarga ko‘ra, Buxoro hukmdori Mir Sayyid Muzaffar Bahodir (1859-1885) chorak asr davomida hukmdorlik qilgan.
Buxoro amiri Nasrulloxon vafotidan so‘ng, uning o‘g‘li Sayyid Muzaffariddin Karmanadan kelib, 1859-yil Buxoro taxtiga o‘tiradi. U 25 yildan ortiqroq davr mobaynida 1885-yilga qadar turli viloyatlarda hukmdorning farmonlariga bo‘ysunmay isyonlar sodir etilayotgan, ayni choqda ruslarning Turkiston tuprog‘iga yurishlari boshlangan g‘oyatda tahlikali zamonda Buxoro amirligini idora qildi.[5] Shoira bu davrda Turkistonda sodir bo‘layotgan voqealardan yaxshi xabardor, qator nazmiy asarlar muallifi va sohibdevon ijodkor sifatida kamolot yoshida bo‘lgan, deyish mumkin.
Shoiraning 972/1-raqamli devonida «Bismillohir rahmonir rahim» ilohiy kalimasidan so‘ng shayx Abdulvohid haqida masnaviyda bitilgan 42 baytli hikoyat keltirilgan bo‘lib, ushbu hikoyat ham Muslihabegim Miskinni tanishtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Shoira asar qahramonini quyidagicha tavsiflaydi:
Ki dar shahri Buxoro buvad yak darveshi donoye
Ki, shayxi nomdor buvad on mahbubi donoye.
Davomat dar payi jud-u saxo-yu adl ko‘shida,
Libosi ashxiyoro dar badani on shayx po‘shida.
Tamomi muflis-u miskin zi xonash bahravar budand,
Mudom on shayx az tarsi xudo bo chashmi tar budand.
Ki sultoni Buxoro doimo mekard in’ome,
Ki budand mardumi shahri Buxoro muxlisi joni [1962, 2a varaq].
Mazmuni: Buxoro shahrida bir dono darvesh bo‘lgandi. U dono mahbub nomdor shayx edi. Saxovat-u adolat, in’om-ehson yo‘lida doimo harakat qilib, jismida ashxiyorlar libosini kiygandi. Barcha kambag‘al bechoralar uning xonadonidan bahramand bo‘lar, u shayx xudodan qo‘rqqani bois doim ko‘zi nam bo‘lardi. Buxoro sultoni doimo unga in’om qilib turar, shahar aholisi jonining muxlisi edi.
Masnaviyning keyingi baytlarida hikoyat qahramonining tavsiflari tadrijiy rivojlantirilgan bo‘lib, u o‘z davridagi nomdor shayxlardan biri ekanligiga e’tibor qaratiladi va nomi Abdulvohid ekanligi ta’kidlanadi:
Har on kasro ki pesh oyad agar yak qissai mushkil,
Ravad dar nazdi o‘ro on zamon on muddao hosil.
Jahon fayzi futuhi u ki mashhuri Buxoro shud,
Banazdi podshoh on shayxro martabai a’lo shud.
Shuda nomi sharifi o‘ ba Abdulvohid mashhur,
Ki buvad doim ba zikri on xudovandi jahon mag‘rur [1962, 2a varaq].
Mazmuni: Har qanday kishining taqdirida biror mushkul qissa bo‘lsa, uning nazdidan qiyinchilik o‘sha zamon barham topib, muddao hosil bo‘lar edi. U jahonning fayz-u futuhi, Buxoroning mashhur kishilaridan biriga aylandi. Podshoh nazdida u yuksak martabali shayxlardan biri edi. Abdulvohid nomi bilan mashhur bo‘lgan bu kishi doimo Xudoni zikr etish bilan mag‘rur edi.
Masnaviydagi ta’rif-u tavsiflardan ayonlashadiki, Abdulvohid nomi bilan tanilgan bu shayx taqvodor, in’om-u ehson, saxovat-u adolati bilan nom qozongan. Faqir-u bechoralarga uning xonadoni ochiq bo‘lgan. Xudodan qo‘rqish tuyg‘usi uning namli ko‘zlarida doimo o‘z ifodasini ko‘rsatib turgan. Bu fazilatlari uning Buxoro hukmdori nazariga tushishiga bois bo‘lgan. Hukmdorning unga in’omlar berib turishi, shahar aholisining unga bo‘lgan yuksak ehtiromi shayxning chinakamiga maqomi yuksakligidan dalolat beradi. Ayniqsa, undagi har qanday kishilarning mushkulini oson qilish fazilati martabasini yanada yuksalishiga sabab bo‘lgan. Bu hol hukmdor nazdida uning martabasi a’lo bo‘lganida yaqqol namoyon bo‘ladi. Manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, XIX asr Buxoro amirligida amaldorlardan tashqari diniy ulamolar ham hukmron mavqega ega edi. Ular orasida Muhammad (s.a.v.)ning avlodlariga mansub bo‘lgan sayyidlar hamda Choriyor xalifalar: Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali avlodlaridan sanalgan xo‘jalar (Jo‘ybor shayxlari)ning ham nufuzi nihoyatda baland edi. Ular katta yer-suvga, savdo do‘konlariga, hunarmandchilik ustaxonalariga ega edilar. Amirlikda Jo‘ybor shayxlari alohida mavqega ega bo‘lib, XIX asrda ular Buxoroda 16 mahalla bo‘lib yashardi[6]. Abdulvohid haqidagi she’riy hikoyatning dastlabki baytlaridanoq uning ana shunday maqomga munosib ko‘rilganini taxmin qilish mumkin. Hikoyatdagi talqinlar Muslihabegim Miskinning Avdulvohiddek katta mavqega ega bo‘lgan shayx bilan taqdirdosh bo‘lganidan darak beradi. Biroq bu shayxning ko‘ngliga doimo Ka’batullohni ziyorat qilish istagining mavjudligi va uning voqelanishiga qaror qilgani so‘ng Muslihabegim Miskinning musibatli kunlari boshlanadi:
Bigufto: «Meravam dar in zamon dar Ka’batulloh man,
Ki joni xud fido sozam bar poyi anbiyoulloh man» . [1962, 2a varaq]
Zan-u farzandi har chand bo o‘ iltijo ovard,
Nayomad korgar ro‘y so‘yi Ka’batulloh kard. [1962, 2a varaq]
Mazmuni: Shayx: «Men endi Ka’batullohga borib, anbiyoullohning poyiga jonimni fido qilaman» , -dedi. Xotini va farzandi har qancha iltijo qilishmasin, uning xohishiga mone’lik qilolmaydi, u baribir Ka’batulloh sari yo‘l oladi.
Shayx olti yoshli qalbi qaynoq farzandini hech qachon o‘zidan yiroqlashishini istamasdi. Shu bois uni ham o‘ziga hamroh qiladi. Shunday qilib, ota-bola besh yil davomida dom-daraksiz ketishadi:
Ki raftand panj sol inho shudand dur ham g‘oyib,
Mudom az intizorii modari bechora menolid [1962, 2a varaq].
Mazmuni: Ular besh yil g‘oyib bo‘lib uzoqlarga ketdilar. Bechora ona ularning yo‘lida intizor bo‘lib, shikoyat qilar edi.
Onayizor to‘qqiz yoshli qizi bilan qoladi. Shayx Abdulvohidning qizi juda ham aqlli, dono «xush xulq-u, shirin suxan-u, zebo-yu porso» bo‘lib ulg‘ayadi. Biroq uning kamolidan bahramand bo‘lib yashash bechora onaga nasib etmaydi. Masnaviydagi quyidagi bayt bu mudhish voqeaning obrazli ifodasidir:
Banogah dar kamoli o‘ zavoli bemahal omad,
Xazon shud navbahori o‘ chunon bodi ajal omad [972/1, 2b varaq].
Mazmuni: Uning kamoliga to‘satdan bemahal zavol keldi, ajal shamoli esib, uning navbahori xazon bo‘ldi.
Qiz bu foniy dunyoni tark etgandan so‘ng, g‘oyibona pinhon kezib yuruvchilardan xabar keladi. Shayx va uning o‘g‘li sog‘-salomat yurtiga qaytib, qarindoshlar bilan ko‘rishishadi:
Salomat omad on darvesh bohamrohi farzand,
Bedidand jumlayi xesh-u tabori o‘ shudand xursand [972/1, 2b varaq].
Ona nihoyatda kelishgan, oqil-u dono bo‘lib voyaga yetgan o‘n bir yoshli o‘g‘li bilan diydorlashishga muyassar bo‘ladi. «Husni jamoli go‘yo Yusufi soniy» bo‘lgan o‘g‘il darvesh otasi pokdamon shayxga juda o‘xshardi. Bu baxt voqe’ bo‘lganidan quvongan ona Parvardigorga shukronalar qiladi, o‘g‘lini bir lahza ham yonidan uzoqlashtirmaydi. Oradan bir yil o‘tgach, «xazoni bemahal» bechora onaning qalbida so‘nmas dog‘ qoldirib, bu farzandini ham navqiron yoshida olib ketadi. Shayx Abdulvohid bu fojealarga ortiq toqat qilolmaydi:
Ki on shayxi jahon dar on zamon dar so‘xti dunyo shud,
Nakarda istiqomat boz so‘yi Ka’batulloh shud.
Biguft: «Bar man harom ast in Buxoro, nest joyi man,
Dar injo nest istodani digar sabr-u qarori man» .
Ba xud hamrah burd o‘ yak-du sola farzandash,
Qazoro dar rasid tiri ajal bar on jigarbandash [972/1, 3a varaq].
Mazmuni: Shayxi jahon o‘sha onda yongan dunyoga aylandi. Bu yerda ortiq turolmay, yana Ka’batulloh sari yo‘naldi. «Endi menga Buxoro haromdir, bu yer mening joyimmas. Bu yerda qolishga ortiq sabr-u qarorim qolmadi», - dedi. Ikki-uch yoshli farzandini o‘ziga hamroh qilib olgan edi, taqdir taqozosi bilan ajal o‘qi bu jigarbandiga ham yetib bordi.
Shayx Abdulvohid Haqning amriga rozi bo‘lib, farzandlarini tuproqqa topshirsa-da, ayriliq dog‘iga chidolmay to‘xtovsiz oh-u fig‘on chekadi. Tasalli topish uchun yana bir ayolga uylanadi. Bir necha yil ko‘zdan g‘oyib bo‘lsa, ba’zan Buxoroda ham ko‘rinib qoladi. Bu hol takrorlanib turadi. Dilbandlarini yo‘qotgan onayizor esa taqdir hukmiga sabr qilib, qolgan umrini toat-ibodatga bag‘ishlaydi.
Mazkur she’riy hikoyat Muslihabegim Miskin hayoti bilan qiziqqan tadqiqotchilarning e’tiborini o‘ziga jalb etgan. M.Qodirova ushbu manzumani debocha deya baholab: «…shoiraning o‘z hayotiga oid avtobiografik ma’lumotga ham o‘xshab ketadi» [7], - deb yozadi. Professor O.Safarov va H.Safarovalar esa masnaviydagi «Ki shayxe nomdor bud on mahbubi donoye» satriga asoslanib: «Muslihabegim Miskin Buxoroda el orasida, hatto amirlik darborida ham e’tibor qozongan shayx Abdulvohidning zavjayi muhtaramasi bo‘lgan» [8],- deya komil ishonch bilan qayd etadi. She’riy hikoyatda tasvirlangan onayizorning ruhiy holati bilan devonlardagi shoiraning hasbi holi talqiniga bag‘ishlangan nazm namunalaridagi o‘zaro uyg‘unlik ham ushbu masnaviyda ijodkorning achchiq qismati badiiy ifodasini topganligiga qanoat hosil qildiradi. Bunday o‘xshashlik, avvalo, lirik qahramonning bekas-u g‘aribligi badiiy talqiniga bag‘ishlangan turli lirik janrlarda bitilgan she’rlarda namoyon bo‘ladi. Sakkiz bandli «Tanho» radifli muxammasning yettinchi bandidagi quyidagi misralar aytilganlar nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir:
Qani yak mehrubon-u hamdam yak dilraboi man?!
Kujo shud hamnishinon ki shudand bovafoi man?!
Qani xesh-u tabor-u yor-u do‘st-u oshnoi man?!
Na modar, na padar, na xesh mond aqraboi man?!
Mabodo misli man hargiz ki hayron mondaam tanho?! [1962, 21b varaq].
Mazmuni: Bir mehribonu hamdam, mening bir dilrabom qani? Menga vafoli, men bilan hamsuhbat bo‘lganlar qayerga ketdi? Qarindosh-urug‘, yor-u do‘sti, oshnolarim (tanishlarim) qani? Na ona, na ota, na yaqinlarim qoldi. Hayron bo‘lib, tanho o‘zim qoldim.
Shoiraning farzandi dog‘ida, ayriliq azobida o‘rtanishi 9 baytli g‘azallaridan birida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, bu g‘azal Husayn nomli o‘g‘lining firoqida yozilganligi undagi quyidagi baytlardan ayonlashadi:
Bigufto on Husayn nuri chashmi man gujo rafti,
Guli on ro‘yi sho‘ri maney boman bisyor purmonam.
Guli noshigufta az bog‘i padar oxir xazon gashti,
Chunon monandai bulbul tu rafti az gulistonam.
Turo domod mekardam bachandin orzuhoi man,
Shudi bo xoki xun og‘ushta ey barnoyi davronam [1277, 4b varaq].
Mazmuni: «U Husayn – ko‘zimning nuri, qayon ketdi?» – deyman. Uning guli – peshonam sho‘ridir, tag‘in men (yig‘idan) juda to‘lib qoldim. Ochilmagan g‘uncha ota bog‘idan xazon sari ketdi. Go‘yo bulbulga o‘xshab gulistonimdan ketding. Seni kuyov qilish ko‘pdan beri orzularim edi. Ey davrim barnosi, qonli tuproqqa giriftor bo‘lib qolding.
Tahlil jarayoniga tortilgan ushbu baytlarni Shayx Abdulvohidga bag‘ishlangan masnaviy bilan qiyoslaganda, «Bigufto chashmi nargiz boz kun, ey nuri chashmonam» («Ey ko‘zlarim nuri, o‘yinga tush, nargis ko‘zli, , -deyman» ) satri bilan boshlanuvchi ushbu g‘azal Muslihabegim Miskinning to‘ng‘ich o‘g‘liga bag‘ishlangani ayonlashadi. Husayn ismli bu o‘g‘lini otasi bilan 6 yoshida Ka’batulloh ziyoratiga yuborgan ona besh yildan so‘ng u bilan diydor ko‘rishadi. Tabiiyki, bo‘yi ancha cho‘zilib qolgan, shoira tomonidan «Yusufi soniy» deya e’zozlangan bu yigitni Muslihabegim uylantirish orzusi bilan yashagan. Biroq bevaqt kelgan o‘lim uni onasidan ajratgan. Ushbu g‘azalda ayni iztiroblar o‘z ifodasini topgan. Shoiraning ikkinchi o‘g‘li 2-3 yasharligida otasi bilan Ka’batulloh ziyoratiga yo‘l olgan bo‘lib, masnaviyda hikoya qilinishicha, unga ham ajal tig‘i yetgan. Garchi shoira bu o‘g‘lining qayerda vafot etganiga aniqlik kiritmagan bo‘lsa-da, uning safardan qaytganiga ham ishora qilinmagan. Shu bois ikkinchi o‘g‘lining Husayn bo‘lish ehtimoli haqiqatdan ancha yiroq ko‘rinadi.
Zero, shoira farzandlari vafot etgach tushkunlikka yuz tutadi, ruhiy azoblarni boshidan kechiradi, shu bilan birga baribir tanazzul bo‘hronidan chiqib ketadi, ammo qalban majruh bo‘ladi. Hazrat Og‘oyi Buzurg ostonasiga ziyoratga har gal amalga oshirgan tashrifi bilan shoira o‘zini chalg‘itishga, majmuada kun-u tun qolib, o‘zini pirining tolibi sifatida qadamjo xonaqolarida nola-yu fig‘on bilan tonglar ottiradi. Xuddi shunday e’tiqodiy qarashlar asosida yozilgan she’rlar Boboyi Samosiy va G’avsul A’zam Abduqodir Jiloniyga ham bag‘ishlanganligi kuzatiladi.
Muslihabegim Miskin she’riyatida shoira hasbi holining badiiy talqinlaridan anglashiladiki, u XIX asrda yashab, o‘zbek va tojik tillarida badiiy ijod qilgan iste’dodli sohibdevon ijodkordir. Devonlaridan biri 1878-yilda tartib berilgani, undagi she’rlarda lirik qahramon yosh qiz qiyofasida namoyon bo‘lmay, deyarli barcha o‘rinlarda farzandlaridan ajralgan ona qiyofasida tasvirlanganidan ayonlashadiki, shoira XIX asrning birinchi yarmida Buxoroning Xiyobon mavzesida nasl-nasabi taqvodor eshonlarga borib taqaluvchi mullo Nurillo xonadonida tug‘ilgan. Muslihabegimning taqdiri Buxoro amirlik darborida nihoyatda katta nufuzga ega bo‘lgan shayx Abdulvohid bilan bog‘lanadi. Ular ikki o‘g‘il, bir qiz ko‘rishadi. Biroq Muslihabegimning katta o‘g‘li Husayn 11 yoshida, kichkinasi 2-3 yasharligida, qizi ham balog‘atga yetmay vafot etadi. Shoira shayx Abdulvohidni benihoya yuksak ta’riflasa-da, farzandlari vafot etgandan so‘ng ayolidan voz kechib, uning boshqaga uylangani bu vasflarga u qadar muvofiq emasligidan dalolat beradi. Miskin she’riyatida Xoja Ubon, Og‘oyi Buzurg – Qizbibi, naqshbandiy pirlaridan Boboyi Samosiy ziyoratgohiga tez-tez borib turganining anglashilishi uning Buxorodan boshqa yerlarga oz bo‘lsa-da, safar uyushtirib turganini ko‘rsatadi. Muslihabegimning Miskin taxallusida ijod qilgani ham o‘ziga taxallus tanlash bobida zukko ijodkor bo‘lganligidan dalolat beradi.
Miskin devonlarining tarkibi va janriy xususiyatlari
Muslihabegim Miskin – sohibdevon shoira. Uning adabiy merosi jamlangan uch devonining bizgacha yetib kelgani shoiraning o‘z davrida ham anchagina taniqli bo‘lganidan dalolat beradi. Miskinning 972\1-raqamli devoni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. Shoiraning yana ikki devoni haqida Hamid Sulaymon nomidagi qo‘lyozmalar instituti xodimlari tomonidan tuzilgan katalogda ma’lumot beriladi. Bu devonlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar instituti xazinasida 1962 hamda 1277 inventar raqamlari ostida saqlangan. Mazkur institut tugatilishi munosabati bilan Muslihabegim Miskinning ushbu devonlari ham O‘zRFAShI xazinasiga o‘tkazilgan. Shunday qilib, uning uch devoni Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda.
Miskinning 1962-raqamli devoni uch devon orasida 972\1-raqamli devon singari shoira ijodining salmoqli qismini o‘zida jamlagan. Bu devonlar orasidagi tafovut ulardan o‘rin olgan lirikaning turli janrlarida bitilgan she’rlarning miqdori, muayyan she’r namunalarining matnidagi ayrim farqliliklarida kuzatiladi. Ayni jihatlariga ko‘ra 1962-raqamli devon o‘zining birmuncha mukammalligi bilan ajralib turadi. Ushbu devonning atroflicha tavsifini keltirish asosida qolgan devonlarga xos jihatlarni qiyosan aniqlashtirish mumkin.
Shoira ijodidan namunalar
G`azal
Agar binam ҷamoli ӯ, ҷamoli bo kamoli ӯ,
Kunam ҷonro fidoӣi ӯ ba yodi qomati zebo.
Dilam az nuri diӣdorat munavvar kun ba ruxsorat,
Az on la’li shakari borat ba moyon yak suxan farmo.
Shafoat kun tu dar mahshar hamagi ummaton yaksar,
Dahbedash ob az Kavsar dar on ro‘zi ҷazo moro.
Man Miskini gunahkoram mudom bo nola zoram,
Ki bar mushtoqi diӯdoram shafoat kun dar on fardo [972/1, 26a varaq].
---------------------------------------------------------------------
Xudovando, sani dargohinga man qilmadim toat,
Nazar qilg‘il bu holimga madad aylaki bu soat.
Gunohim ko‘pturur behad, nazar qilg‘il bu holimga.
Umidim bor sani dargohinga qilg‘il manga rahmat.
Ilohi, osiylarg‘a san o‘zing rahmat ato qilg‘il,
Ilohi, jumla mo‘min joyini san aylag‘il jannat.
Agar chandeki osiyman, umidim bor rahmatingdan,
Umid birla borurman, ey Xudoyo, aylag‘il rahmat
Iloho, Miskini bechorag‘a lutfi karomat qil,
Bu foniy dunyoda, parvardigoro, ko‘rmadim rohat [1962,54a varaq].
Ruboiy
Dar har jahon izzati shohon ilm ast,
Behtar az sultonat taxti Sulaymon ilm ast.
Har ki andar in jahon donad agar qadri ilm,
Izzati sultonat zi niyati mardon ilm ast [1972,114 b varaq].
---------------------------------------------------------------------------
Ey bevafo ast dunyo hargiz vafo naboshad,
Umri azizi moro hargiz baqo naboshad.
Pur jurm-u pur gunoham darmonda-yu asiram,
Holi hama xarob ast lutfi xudo naboshad [1972, 117 b varaq].
Soqiynoma
Biyo soqiy, beguzar zi hoy-u havas.
Buvad in jahon oshiqonro qafas,
Dili xud makun moil in jahon,
Ki raftand az in jo hama oshiqon [1972, 120a varaq].
----------------------------------------------------------------------------
Biyo soqiy, vaqti gul-u lolazor,
Bechinem gule dar fasli bahor.
G’animat buvad in gul-u gulsiton,
Rasad oqibat gulsitonro xazon [1972,120a varaq]
[2] Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси Абу Райҳон Беруний номидаги қўлёзмалар фонди. Инв.1972.
[3] Cухарева О.А. Квартальная община позднефеодального города Бухары. – Москва, Наука. –1976. стр.11.
[4] https://rusrav.uz/2018/09/24/kladbishhe-jeshoni-imlo/
[5] Qarang: Саййид Мансур Олимий. Бухоро – Туркистон бешиги. Форс тилидан таржима, таржимон номидан сўз боши ва айрим изоҳлар муаллифи Ҳ.Тўраев. –Бухоро, 2004. –Б. 50-63.
[6] Cухарева О.А. Квартальная община позднефеодального города Бухары. –Москва, Наука, –1976.
–С 11.
[7] Қодирова М. XIXаср ўзбек шоиралари ижодида инсон ва халқ тақдири. –Тошкент:Фан,1977. –Б. 168.
[8] Сафаров О.Бухоро адабий ҳаракатчилиги тарихидан лавҳалар. –Бухоро: Дурдона,2015. –Б.70.