Hayoti va faoliyati
Ubaydullaxon, Ubaydulla Sulton, Ubaydiy (to‘liq ismi: Abulg‘oziy Ubaydulloh Bahodirxon ibn Mahmud Sulton ibn Shoh Budog‘ Sulton ibn Abulxayrxon) (1486, Xorazmning Vazir shahri yaqinidagi Tirsak mavzesi — 1540.17.3, Buxoro) — Buxoro xoni (1533—40), shoir. Shayboniylar sulolasidan. Muhammad Shayboniyxonning jiyani, Mahmud Sultonning o‘g‘li. Otasining iltimosiga ko‘ra, unga Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z ismini bergan. Tasavvuf bo‘yicha dastlabki saboqni otasining piri Mavlono Muhammad Qozidan olgan. Ubaydullaxonga o‘z davrining mashhur ulamolari Fazlulloh ibn Ro‘zbehon, Maxdumi A’zam, Mavlono Muhammad Azizon, Mavlono Xoja Muhammad Sadr va boshqalar ustozlik qilgan. Xususan, unga davlat arbobi va sarkarda amir Abdulla Yamaniy (Buxoroda Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan) harbiy san’atdan saboq bergan va o‘ziga murid qilib olgan.
Xorazm va Buxoro hokimi bo‘lgan otasi Mahmud Sulton Qunduzda vafot etgach (1504), unga O‘rusbek Do‘rmon (1512 yil Ko‘li Malikda bo‘lgan jangda o‘ldirilgan) otaliq qilib tayinlangan. Ubaydullaxon amakisi Shayboniyxonning Xorazm (1505), Balx (1506), Hirot va Mashhad (1507)ga qilgan harbiy yurishlarida qatnashgan. Dastlab safaviylar qo‘shinining Movarounnahr ichkarisiga bostirib kirishidan cho‘chigan Ubaydullaxon va Muhammad Temur Sulton (Shayboniyxonning o‘g‘li) shoh Ismoil I bilan elchilar almashib, sulh tuzishga uringanlar. Shayboniylar sulolasining xoni Ko‘chkunchixonikng asosiy noibi (1510 yildan) va Buxoro hokimi (1504 yildan) sifatida Ubaydullaxon dushmanga qarshi kurashga otlangan. 1511 yilda bo‘lgan jangda yengilgan Ubaydullaxon va Ko‘chkunchixon, Samarqand hokimi Suyunchxo‘jaxon, shuningdek, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton o‘z yaqinlari bilan Turkiston shahriga chekinadilar.
1512 yil 28 aprelda Ko‘li Malik jangida Ubaydullaxon g‘alaba qozonib, Buxoro va Samarqandni egallaydi. 1512 yili bahorida Ubaydullaxonning shijoati natijasida Movarounnahr yana shayboniylar qo‘liga o‘tdi. Biroq Ismoil I yuborgan Najmi Soniy boshchiligidagi 60 ming kishilik safaviylar qo‘shiniga suyangan Bobur 1512 yil kuzida G‘uzor va Qarshini egallaydi. Najmi Soniy qo‘shini G‘ijduvonni qamal qilishga kirishdi. Ubaydullaxon va Jonibek Sulton Karmanaga; Kuchkunchixon va Temur Sulton Miyonkolga chekinib, hal qiluvchi jangga tayyorgarlik kurishadi. 1512 yil 24 noyabrdagi G‘ijduvon jangida Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin g‘alaba qozongan.
1513 yil yanvarda Ubaydullaxon boshchiligidagi qo‘shin Xurosonga harbiy yurishlar qilib, safaviylarga kuchli zarbalar berdi. 1513 yil 11 martda Ubaydullaxon Marvni egallaydi. Bu orada Ubaydullaxon Xorazmni ham egallab, o‘g‘li Abdulazizxonni hokim qilib tayinlaydi. Uzoq davom etgan harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng Mashhad, Hirot (1529) va b. shaharlar egallandi. Ubaydullaxon Hirotdagi murakkab vaziyatni tartibga solish (bu yerda shialarning ta’siri kuchayib ketgan edi) va uning Buxoro bilan aloqalarini mustahkamlashga katta e’tibor qaratgan. Kuchkunchixon vafot etgach, uning o‘g‘li Abu Saidxon davrida ham Ubaydullaxon noiblik vazifasida qolgan.
1533 yilda Abu Saidxon vafotidan so‘ng, turkiy an’anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i Ubaydullaxon Buxoroda shayboniylar sulolasining xoni qilib ko‘tarilgan. Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilib, davlatning nomi rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb atalgan. Ubaydullaxon hukmronligi davrida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavkei kuchaydi. Buxoroda Mir Arab madrasasi, Mirak Sayd G‘iyos bog‘i, Ko‘hak (Zarafshon) daryosi ustida Mehtar Qosim ko‘prigi va boshqalar inshootlar qurildi.
Ubaydullaxon Buxoro yaqinida joylashgan Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohon (Shoxlar daxmasi)dagi shayboniylar xilxonasida dafn etilgan.
She’riyati haqida
Ubaydullaxon yassaviya va naqshbandiya tariqatlariga e’tiqod qilib, shayx sifatida muridlar ham tarbiyalagan. Ubaydullaxon «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», «Ubaydulloh» taxalluslari bilan uzbek, fors va arab tillarida ijod qilgan. Uning uchala tildagi devonlarini o‘z ichiga olgan kulliyoti keyinchalik Mir Husayn al-Husayniy tomonidan ko‘chirilgan (1583). Ubaydullaxonning turkiy devonida 310 g‘azal, 430 ruboiy, 11 tuyuq, 18 masnaviy, 7 muammo, 2 yor-yor mavjud. Shuningdek, devondan diniy-tasavvufiy va axloqiy-didaktik ruhdagi «Omonatnoma», «Shavqnoma», «G‘ayratnoma», «Sabrnoma» manzumalari o‘rin olgan. Forsiy devonida esa 163 g‘azal, 418 ruboiy, 7 qit’a, 1 fard, 1 masnaviy, 1 tarje’band va 3 muammo bor. Arab tilidagi merosi 35 ga yaqin g‘azal, qit’a va fardlardan iborat. Ubaydullaxon Ahmad Yassaviy asos solgan hikmatnavislik an’anasini rivojlantirgan. Undan 1786 baytdan iborat 220 dan ortiq hikmat yetib kelgan. Ubaydullaxon ijodida diniy-tasavvufiy g‘oyalar yetakchilik qiladi.
Ubaydullaxon o‘zbek va fors adabiyotidagi yirik ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning bu 2 tildagi ruboiylari 850 ga yaqin. Xususan, o‘zbek adabiyotida ruboiyning Boburdan keyingi taraqqiyoti Ubaydullaxon nomi bilan bog‘liq. Shoir she’rlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan, uziga xos xususiyatlaridan mahorat bilan foydalangan.
Ubaydullaxon kulliyoti yagona nusxada O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining qulyozmalar fondida (inv. №8931), «Devoni Ubaydulloxon» qo‘lyozmasi Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida (inv. ye4904), «Masoil us-salot» nomli terma bayozi Ko‘niyodagi Izzatquyun xususiy kutubxonasida saqlanadi.
Muhammad Ubaydulloxon, ya’ni Ubaydiy o‘zining serqirra faoliyati bilan XVI asr ijtimoiy-siyosiy va adabiy-madaniy hayotida katta rol o‘ynagan siymolardan biri. U shariat ilmini o‘rgangan faqih, qolaversa, ilmu ijodga hamisha vaqt topa olgan shoh-shoirdir. Zero, muarrix Hofiz Tanish Buxoriy ta’kidlaganidek, “U g‘oyat fazilatli bo‘lib, fazlu kamol bezaklari bilan ziynatlangan edi”. U o‘z she’rlarini “Ubaydiy”, “Qul Ubaydiy” taxalluslari bilan yozib, “ijod sohasida birinchi ustoz deb Alisher Navoiyni tanir va bu to‘g‘risida faxr bilan shunday degan edi:
She’rlar aytib Ubaydiy ham Navoiy she’ridek,
Ko‘rki, shoirlar aro ul dog‘i shoir bo‘lg‘usi.”
Ubaydiy ijodida diniy-tasavvufiy g‘oyalar, haqiqiy va majoziy ishq tarannumi, charxu falakdan, johil kishilardan shikoyat ohanglari ufurib turadi. Ayniqsa, unda tasavvufga qiziqish va so‘fiylarga bo‘lgan e’tiqod ko‘zga yaqqol tashlanadi. Fitratning qayd etishicha, “o‘zining hukumat ishlariga qaramasdan, shayxliq ham qilar edi”. Shoir she’rlarida ko‘pincha yassaviylik va naqshbandiya tariqatining ta’siri seziladi. Ubaydullohning yassaviylar bilan juda qat’iy bog‘langaniga yana bir dalil yassaviy shayxi Xudoydodning muridi Muhammadiyor No‘g‘ay otag‘a o‘z qizini berganidir. Shuningdek, jangu jadallarda uning Ahmad Yassaviy ruhidan madad tilab, ijodda esa unga ergashib hikmat janrida qalam tebratganini ham qayd etish lozim. Ammo, shoh-shoirning otasi Mahmud Sultonning naqshbandiya tariqatining o‘sha davrdagi ulug‘ peshvosi Xoja Ahror Valiyga yuksak ehtirom ko‘rsatganligini ham inobatga olish lozim. U o‘g‘liga ism qo‘yishni ulug‘ shayxdan so‘ragan. Chunonchi, tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy iborasi bilan aytganda “o‘z nomlarini berishlari ul zotning zo‘r marhamatlaridan bo‘ldiki, shuning uchun ham uning bebaho asarlari va yaxshi nomlarining oqibati olamda boqiydir”.
Ta’kidlash joizki, Ubaydiy ijodida ham ma’lum ma’noda hurufiylikka qiziqish mavjud. Bu jihatdan uning hikmat janrida yaratilgan quyidagi she’ri alohida e’tiborga molik:
ٲ (Alif) – Al – kitobu val – hadisi,
ب (Be) – “Bayanun – lin – nasi” – emish, bilolinga!
ت (Te) – “Tu’izzu man tashau”ning lutfi bila,
ث (Se) – “Siyabu sundusin” – din bilolinga!
ج (Jim) – “Jannatin a’liya”ga kirgum kelur,
ح (Ho) – “Hurun maqsurotun”ni ko‘rgum kelur,
خ (Xo) – “Xamrin lazzatin” – din ichgum kelur,
د (Dol) – “Dorus-salom” sori borolinga,
ذ (Zol) – “Zuqu massa saqar” fikrinda bo‘l!
ر (Re) – “Raufur-Rahim” – din yozuqung qo‘l,
ز (Ze) – “Ziynatan va amvolan” bori mas’ul!
س (Sin) – “Saala sailun” ramzi so‘rolinga!
ش (Shin) – “Sharoban tahuro” – din ichay desang,
ص (Sod) – “Sabran jamilan” – din qilay desang,
ض (Zod) – “Zollan fahada” – din bilay desang,
ط (To) – “Toyyibuna” so‘zin avval o‘qolinga!
ظ (Zo) – “Zilalun a’lal aroiki”ni ko‘rgung,
ع (Ayn) – “A’ynan tusamma” – din ichgung,
غ (G‘ayn) – “G‘ilmanun” safosig‘a hayron qolg‘ung,
ف (Fa) – “Fa’budni” ibodatin etolinga!
ق (Qof) – “Qovlun ma’rufun”ga quloq tutg‘il,
ك (Kof) – “Kunu robbaniyin” bayonin bil.
ل (Lom) – “Lahvan va la’iban”tarkin qilg‘il,
م (Mim) – “Malikul mulki” amrini tutolinga!
ن (Nun) – “Nurun a’la nuri” turin ista,
و (Vov) – “Vaz-zuho” surasining sharhin ayla,
ه (He) – “Huvallohullaziy”ni vazar ayla,
لا (Lom-alif) – “La yazalu” oti sevolinga,
ى (Yoy) – “Yufuna bin-nazri”ning oyatini
O‘qub vafo qilg‘il, saqlab hurmatini,
Qul Ubaydiy, vafo ahli xidmatini,
Jonu ko‘ngul birla keng qilolinga!
Ubaydiy ushbu she’rda yeru ko‘kning sohibi bo‘lgan parvardigori olamni ulug‘laydi, unga munojot qilib, odamlarni yaxshilikka undaydi. Shoir hikmatda diniy, tasavvufiy, ma’rifiy va axloqiy ma’nolardan o‘quvchiga saboq berarkan, birinchi navbatda Qur’onga suyanib ish ko‘radi. Zero, butun musulmon olamining dasturul amali ٲ (Alif) – “Al-kitob val-hadis”dir. Shoir o‘z fikrlarini dalillash maqsadida iqtibos (Qur’on oyatlari va payg‘ambar hadislarini she’r ichida keltirish)san’atini ishga solib, insonlarni ب (Be) – “bayanun-lin-nas”(Qur’on odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat manbaidir. “Oli-Imron”, 138) ekanligini bilishga chaqiradi. Zotan, odamlar orasidagi mehr-oqibat, yaxshilikka muhabbat va yovuzlikka nafrat g‘oyasi Qur’on hamda hadis orqali adabiyotga ko‘chgan. Ma’lumki, Olloh insonlarni yaratib, ulardan xohlaganiga “anbiyo” va istaganiga “avliyo” maqomini nasib etadi. Ya’ni ت (Te) – “Tu’izzu man tashau” – xohlagan kishiga hukmronlik ato etur, xohlagan kishidan hukmronlikni tortib olur. (“Oli-Imron”, 26) Jumladan, hurufiylar ham Te orqali ilohiy martabaga bejiz ishorat etmagan. Ubaydiy hurufiylardagi harflarning ilohiy-irfoniy ma’nosiga mos holda Qur’on oyatlarini tanlagan. Shoir Olloh diyonatli, iymon-e’tiqodda sobit bandalariga ث (Se) – “Siyabu sundusin” – jannat libosini, (“Inson”, 21), ج (Jim) – “Jannatin a’liya”ni – oliy jannatni (“Al-Hoqa”, 22, “Al-G‘oshiya”, 10), ح (Ho) – “Hurun maqsurotun”ni – chodirlarda asraluvchi hurlarni (“Ar-rohman”,72), خ (Xo) – “Xamrin lazzatin” – lazzatli (aqldan ozdirmaydigan) mayni (“Muhammad”, 15), د (Dol) – “Dorus-salom” – tinchlik (jannat) diyorini (“Al-an’om”, 127) nasib aylashini uqtirib, kishilarni o‘zlaridan yaxshi nom qoldirishga da’vat etgan. Ubaydiy nuqtai nazarida ma’naviy hayotda eng to‘g‘ri yo‘l – yaxshilik va poklik yo‘li. Bu yo‘l Haqqa vosil eta olishi uchun ham shoir ذ (Zol) – “Zuqu massa saqar” – jahannam azoblari haqida o‘ylashga (“Qamar”, 48), ر (Re) – “Raufur-Rahim”dan – muloyim va mehribon Ollohdan (“Nur”, 20) madad tilashga, ز (Ze) – “Ziynatan va amvolan” – zebu ziynatga muhabbat qo‘ymaslikka (“Yunus”, 88) undaydi. Zero, islomda ham, tasavvufda ham gunohu savobni س (Sin) – “Saala sailun” – so‘raydi bir so‘rguvchi (“Ma’orij”,1) Haq taolodir.
Insonning har qanday yuksak maqomga erishmog‘i riyozat bilan amalga oshar, bunda esa sabrning o‘rni beqiyos. Shu bois, tasavvuf she’riyatida ham, mumtoz shoirlarimiz ijodida ham sabr holiga ko‘p e’tibor qilinadi. Buni ta’kidlab, Ubaydiy ص (Sod) – “Sabran jamilan” – chiroyli sabr (“Ma’orij”, 5) kishini jannatdagi ش (Shin) – “Sharoban tahuro” – pok sharobdan (“Inson”, 21) bahramand etadi, deydi. Shoir o‘z hikmatida har bir ish qudratli zotning istagi va amri bilan yuzaga kelishini ض (Zod) – “Zollan fahada” – “Zuho” surasining 7-oyatini keltirish (“Ul zot (Olloh) seni (Muhammad s.a.v) gumroh holda topib, o‘z yo‘liga hidoyat qildi”) bilan ifoda etgan. Ubaydiy komil inson fazilatlari haqidagi mulohazalarini davom ettirib, insoniylik qiymati poklikka bog‘liq ekanligini ta’kidlab, ط (To) – “Toyyibuna” so‘zin avval o‘qolinga”, deydi. Toyyibuna so‘zi “Nur” surasining 26-oyatidagi pokiza ayollar pokiza erlar uchun, pokiza erlar pokiza ayollar uchun nikohlanurlar yoki pokiza kishilarga yaxshi so‘zlar xos, yaxshi so‘zlar faqat pokiza kishilar og‘zidan chiqar” fikrlariga ishoratdir. Shuningdek, mazkur fikrlar keyingi misrada ham davom ettiriladi. ظ (Zo) – “Zilalun a’lal aroiki”ni ko‘ring, ya’ni har qanday poklik yo‘lini tutgan kishilar “jannat soyalarida o‘z juftlari bilan o‘tirurlar”, “Yosin”, 56. Ubaydiyning she’rlarda Qur’on oyatlariga murojaat etishi asar g‘oyaviy mazmunini yuqori ko‘taradi. Xalqda so‘zning kishi ruhiyatidagi ta’siri faqatgina so‘z mazmunidan emas, balki unda yashirin ilohiy quvvatdan ekanligiga ishonch mavjud. Shu bois shoir o‘z fikrini shunchaki Qur’oniy oyatlarni keltirish bilan ifodalabgina qolmay, balki harf va oyatning botiniy mohiyatiga e’tibor qaratadi. Zero, uning nazdida, diyonatli, halol insonlar ع (Ayn) – “A’ynan tusamma” – jannatdagi salsabil chashmasidan (“Inson”, 18) ichishga loyiq, غ (G‘ayn) – “G‘ilmanun” – pok xush surat g‘ulomlar (“Tur”, 24) ularning xizmatiga kamarbastadir. Ammo ayni maqom egasi riyozat yo‘lin tutib, ف (Fa) – “Fa’budni” – mengagina ibodat qil (“Toha”, 14) tavhid g‘oyasini to‘g‘ri anglamog‘i lozim.
Ubaydiy hikmatida keltirilgan har bir Qur’oniy oyat va arabiy harflar komil inson haqidagi tushunchalar ifodasiga xizmat qiladi. Chunonchi, ق (Qof) – “Qovlun ma’rufun” – yaxshi gap va kechirim ketidan ozor keladigan sadaqadan yaxshiroqdir (“Baqara”, 263)ga quloq tutgan, ك (Kof) – “Kunu robbaniyin” – kitobdan ta’lim beradigan va o‘zingiz ham o‘rganadigan kishilardan bo‘lingiz (“Oli-Imron”, 79) bayonini to‘g‘ri anglagan, ل (Lom) – “Lahvan va la’iban” – bu hayoti dunyo bir necha soniyalik o‘yin kulgudir (“Muhammad”, 36)ni tark qilgan, م (Mim) – “Malikul mulk” – mulk hukmronlik egasi Olloh xohlagan kishisini aziz qilur va xohlagan kishisini xor qilur (“Oli-Imron”, 26) amrini tutgan kishigina ن (Nun) – “Nurun a’la nur” – nur ustiga nur (“Nur”, 35) sharofatiga erishadi. Ya’ni Olloh osmonlar va yerning nuridir. (“Nur”, 35) Ammo xohlagan odamni o‘z nuriga hidoyat qilur. Zero, ko‘zi ko‘r odam quyosh, oy, yulduz, hatto, oldida turgan chiroq nurini ko‘rmaganidek, qalb ko‘zi yumuq kishi ham Ollohning nuridan – iymon, dinu diyonat va Qur’ondan hidoyat topmaydi. Shuningdek, Ubaydiy insonlarni “Vaz-zuho” surasin sharhini to‘g‘ri anglamoqqa chaqiradi. Chunki ushbu sura و (Vov) – “Vaz-zuho” – “choshgohga qasam” bilan boshlanib, “Va amma bine’mati robbika fahaddis – “Va ammo robbingning bergan ne’mati haqida so‘zla” oyati bilan tugaydi. Ya’ni, albatta, Tangri taoloning ne’matlari behisob, lekin bandalari ne’matlar uchun shukrona aytishlari lozim. Demak, shoir dunyo moli uchun o‘z umrini behuda sarflamasdan qanoatu shukrona bilan yashash lozimligini uqtiradi. Darhaqiqat, ه (He) – “Huvallohullaziy” – Olloh shunday zotdirki, (“Hashr”, 22-23) yashirin va oshkor narsalarni bilguvchi mehribon va rahmlidir. U لا (Lom-alif) – “La yazalu” – boqiy (“Tavba”, 110)dir. Shoir o‘z hikmatini xulosalar ekan, ى (Yoy) – “Yufuna bin-nazri” – ular narzlarini ado qilurlar va yomonligi keng yoyiluvchi Kundan qo‘rqurlar (“Inson”, 7) oyatini keltirib, har bir insonni hushyor bo‘lmoqlikka da’vat etadi. Chunki har kim o‘z amaliga yarasha toifaga ajratiladigan qiyomat kunini esdan chiqarmaslik uchun “O‘qub vafo qilg‘il, saqlab hurmatini”, deya “Inson” surasini “jonu ko‘ngul birla” chuqur anglamoq lozimligini ta’kidlaydi.
Xullas, Ubaydiy ushbu hikmatida poklik, to‘g‘rilik, diyonat kabi yuksak insoniy fazilatlarni targ‘ib qiladi. Shoir komil inson haqidagi qarashlarini ifodalashda, albatta, Qur’oni Karimdan ilhomlangan. Demak, uning ijodida yassaviylik va naqshbandiylik kabi hurufiylikning ham ma’lum ma’noda ta’siri mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Shoir yuqoridagi hikmatida insonga xos noyob va oliy his-tuyg‘ularni harflar va qur’oniy oyatlar orqali ifodalashga harakat qilgan.