Mohitobon

Xoja Orif Revgariy ibn Ismoil
(1165—1262)
     Xoja Orif Revgariy ibn Ismoil — naqshbandiya tariqatidagi mashhur shayxlardab bo’lib, yeti pirning 2-si sanaladi. Hojagonlikdagi zikri xufiyani, jahriyaga, ya’ni zikrni ovoz chiqarib aytishga almashtirgan va bu usulni afzal koʻrgan. Ayni jihatni  oʻz shogirdi Mahmud Fagʻnaviyga oʻrgatib, insonlarni jaholatdan qutqarishga, ularning diqqat-e’tiborini zikrga qaratishga harakat qilgan. 
1165-yilda Revgar qishlogʻida tugʻilgan. Bu qishloq Buxorodan 40 kilometr, Gʻijduvondan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan. Xoja Orif Revgariy boshlangʻich diniy bilimlarni olgach, oʻsha davrning eng ulug‘ shayxi Abdulxoliq Gʻijduvoniy huzuriga boradi. Uning shogirdligi uzoqqa choʻzilmadi chunki shayxlari vafot etib, uning oʻrnini egallaganida oʻttiz besh yoshda edi. U ancha uzoq muddat tariqatni boshqargan, chunki, uning uzoq yashaganligi taxmin qilinadi. Manbalarda qayd etilishicha, shayx oʻrta boʻyli, koʻzlari qisiq, oydek yuzli bo’lgan. Qoshlari yarim oydek ingichka edi. Uning terisi pushti oq rangda boʻlib, har doim yoqimli hid chiqaradi. Ilm o’rganishda, Allohdan qoʻrqishda, dunyoviy ishlardan saqlanishda, ibodatda va sunnatga amal qilishda unga tengi yoʻq bo’lgan. „Jomiul Karamatul-Auliya“ kitobining muallifi Orif Revgariyning oʻzining ustozi Abdulxoliq Gʻijduvoniy bilan tanishishi haqida shunday deydi: “Xoja Orif dastlab buxorolik olimlardan birining shogirdi bo’lgan. Bir kuni u shahar bozoriga borib, Abdulxoliq Gʻijduvoniyni uchratadi. Gʻijduvoniy goʻsht olish uchun qassob doʻkoniga kirib, xarid qilib, chiqib ketdi. Uning koʻrkam qiyofasi, obroʻ-eʼtiboriga qoyil qolgan Xoʻja Orif darhol unga yordam taklif qildi: „Ijozat bersang, yukingni koʻtarishingga yordam beraman“, dedi. Xoja Abdulxoliq ham bu taklifni rad etmaydi va — Xoʻsh, oʻgʻlim, agar xohlasang, uni olib, men bilan bizning uyimizga kel, dedi. Xoja Abdulxoliq uy darvozasiga yetib: Xizmatingiz uchun rahmat, deydi. Ularning tanishishlari shunday bo’lgan. Shundan keyin revgariy G’ijduvoniyning majlislarida ishtirok eta boshlagan.  U Buxorodan qirq kilometr uzoqlikdagi Shofirkon tumanida dafn etilgan.
     Revgariy „Buxorolik shayxlar ichida eng taqvodori“ degan e’tirofga sazovor bo’lgan. U haqidagi maʼlumotlar juda kam yetib kelgan. Xoja Muhammad Orifning nisbasi turli manbalarda turlicha keltirilgan. Tadqiqotchilar Xoja Muhammad Orifning tavallud topgan qishlog‘i nomi Revgar bo‘lgani, uning o‘zi “Orifnoma” asarida nisbasini “Revgariy” ko‘rinishida keltirganidan kelib chiqib, uni Revgariy shaklida zikr etishadi. 
     Xoja Orif Revgariy o‘z qarashlarini “Orifnoma” asarida bayon etib, tasavvuf asoslarini belgilab bergan. 1225-yili Revgariyning muridlaridan biri Xoja Naim iltimosiga binoan Nur qasabasi (hozirgi Navoiy viloyati, Nurota tumani)da yozilgan. Asar tariqat a’zolariga murojaat va nasihat tarzida yozilgan. Unda muallifning sayru suluk bosqichlari, ma’rifat, oriflik va valiylik odoblari xususidagi qarashlari aks etgan. Bundan tashqari asarda Xoja Orif Revgariyning ustozi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, tasavvuf tarixining ilk davrlarida yashagan mashhur so‘fiylar hayoti va qarashlari to‘g‘risida rivoyatlar keltirilgan. 
     Istiqloldan so‘ng Mohitobon ziyoratgohida mahalliy namozxonlar tashabbusi bilan masjid qurilish ishlari boshlandi. 1997-yil ziyoratgoh bitkazilib, namozxon va ziyoratchilar ixtiyoriga topshirildi. “Xoja Orif Revgariy Mohitobon” jome’ masjidi 1998-yilning 10-avgustida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, diniy tashkilot maqomini oldi. So‘nggi yillar, ya’ni 2018–2019 yillar davomida Xoja Orif Revgariy ziyoratgohi yangidan ta’mirlanib, “Mohitobon bog‘i” barpo etildi. Sharq me’morchiligi an’analariga monand qurilgan ushbu maskan bugun har qachongidan ham gavjum.



Mohitobon Adibimizga tegishli asarlarimiz

Orifnoma

Mohitobon