Mirzo Hayit Sahbo Vobkandiy
Mirzo Hayit Sahbo Vobkandiy 1845-yillarda (shoirning evarasi Fazilat Muxtorova bilan suhbatda bo‘lganimizda, bu sanani 1842-yil bo‘lsa kerak, deb hisoblaydi) Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Arabxona qishlog‘ida tavallud topgan. Dastlab u o‘z qishlog‘idagi eski maktabda, so‘ngra Buxoro madrasalarida tahsil oladi. Madrasani tugatmayoq Karmana hokimi Abdulahad xizmatiga kiradi. Abdulahadxon Buxoro amiri bo‘lib ko‘tarilgach, Sahbo uning saroyida turli lavozimlarda xizmat qiladi. Dastlab amir Sahboni darbonlik lavozimiga loyiq ko‘radi. Keyinchalik Shahro‘dga mirobboshi etib tayinlaydi.
Sadri Ziyo “Navodiri Ziyoiya” asarida quyidagicha yozib qoldirgan :”Sahbo Mirzo Hayitboy amir Abdulahad davlatining amaldorlaridan edi. Himmatli va insofli kishi bo‘lib, amir tomonidan joriy qilinadigan har bir ish xususida haqni aytar edi. Hatto shu xususda bir yo‘la amir g‘azabiga uchrab, izza va sharmanda qilinadi. Shundan keyin ham shu ishini tark etgan emas edi”.
Sadriddin Ayniy asarlari ham bu fikrni tasdiqlaydi. Muallif haqgo‘y Sahbo bilan amir orasidagi munosabatning yildan yilga yomonlashib borganligi haqida shunday deydi: “Amirga yaqin bo‘lgan paytda u amir huzurida eshik og‘asi edi. Amir Olimxon undan ranjigandan so‘ng uni shahar arig‘iga mirob qilib tayinladi. Amir miroblarni suv sotishda, dehqonlarning haqiga xiyonat qilishda ayblardi. Biroq shunisi ham borki, miroblarning belgili maoshi yo‘q edi, binobarin, yashash uchun u ham suv sotishga majbur edi. Lekin Sahbo bu razilona ishni qilmadi, ikki yil og‘irlikni bo‘yniga olib, dehqonlarga halol xizmat qildi”.
Amir Sahboni miroblikdan olib mirshablarning boshlig‘i lavozimiga qo‘yishi bilan boshqa mirshablardek Sahbo ham o‘g‘rilar bilan sherik bo‘ladi, pora oladi va menga tortiqlar qiladi, xullas, vijdon azobida yashaydi, deb o‘ylagan edi. Ammo Sahbo bu ishda ham misli ko‘rilmagan poklik bilan xizmat qilib, xotinining ziynat asboblarini sotib faqirona kun kechirdi, o‘g‘ri va qimorbozlarga sherik bo‘lmadi, amirga sovg‘a-salomlar yubormadi. Nihoyat, amir Sahboni bu ishdan ham bo‘shatib, ozgina maosh bilan uyda o‘tirishga majbur qiladi.
”Hukumat unga ozor va izza berish uchun bahona qidirar edi”, – deb yozadi Sadriddin Ayniy. – Bu bahona ham topildi. 1915-yilda Rossiya podshohi siyosiy gumashtasining topshirig‘iga muvofiq qushbegi uni o‘z huzuriga chaqirib, gazeta o‘qishini bahona qilib, tanbeh beradi va bundan so‘ng gazeta o‘qimaslik uchun undan tilxat oladi. Fevral inqilobi boshlarida inqilobga xayrixohligi tufayli hukumat uni dastlab Buxoro arkiga qamadi, oradan ancha vaqt o‘tgach, Qabodiyonga surgun qilib yuborib, o‘sha yerda 1918-yilda Kolesov voqeasi paytida o‘ldirtirdi”.
Sahbo o‘z zamonasining ilg‘or fikrli kishisi sifatida davr voqea-hodisalaridan chetda turmagan. Ayniqsa, 1910-yillardan keyingi Rossiyadagi siyosiy voqealar, 1917-yilgi fevral inqilobi shoir dunyoqarashini o‘zgartirib yubordi. U gazeta va jurnallarni o‘qib, tevarak-atrofdagi voqealardan xabardor bo‘lib turadi. Buxorodagi ilg‘or ma’rifatparvarlar bilan aloqada bo‘ladi. Bu esa uning shu davr ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Sahbo yashagan muhit, uning oila a’zolari, tarjimayi holiga oid anchagina ma’lumotlar shoirning nevarasi Oyshabibi Muxtorovadan yozib olingan. Uning xotirlashicha, bobosi ozg‘indan kelgan, baland bo‘yli, soqollari uzun va oppoq, istarasi issiq, chiroyli kishi bo‘lganlar. Mirzo Sahbodan uch qiz va bir o‘g‘il farzand qolgan. Lekin to‘rtala farzand ham ma’lum sabablarga ko‘ra juda erta olamdan o‘tishgan. Sahbo qarilik chog‘ida hamma farzandlaridan ajralib, ularning dog‘ida kuyib o‘tgan.
Oyshabibi Muxtorova bobosining o‘limi tafsilotlarini quyidagicha eslaydi: “Bobomning ilg‘or fikrli odamligidan xabardor bo‘lgan Buxoro amiri Amir Olimxon u kishini o‘ldirish payiga tushadi. Amir bobomni qamatish, ochiqchasiga o‘ldirishga xalqdan qo‘rqar edi. Chunki xalq bobomni qattiq hurmat qilar edi. Shuning uchun Amir Olimxon hiyla-nayrang yo‘liga o‘tadi. Bobomni Qabodiyon tumani (hozirda Tojikistonning Shahartuz tumani hududi)ga hokim qilib yuborib, o‘sha yerda o‘ldirishni ko‘zlagan ekan (aslida Sahboni o‘ldirish haqida farmon yozilgan). Oradan ozgina vaqt o‘tmay, bobomni Qabodiyonda sazoyi qilib o‘ldirganliklari (ot dumiga bog‘lab sudratgan) haqidagi shum xabarni eshitdik”.
Mirzo Sahbo Buxoroda Labi hovuzi Istemur mahallasida yashagan, inqilobdan keyingi yillarda bu ko‘chaga Sahbo nomi berilgan. Qaniydi, biz buxoroliklar shu ulug‘ bobokalonimiz ruhi poklarini shod aylab, ko‘chani avvalgi nomi bilan atasak, nur ustiga nur bo‘lardi. Zero, yaxshi ishlar abadiy, yaxshilarning nomi umrboqiydir.
She`rlaridan namunalar
G‘AZALLAR
Meni oxir g‘amu xizmat alamga mubtalo qilding,
Necha ranju necha kulfat va dardga oshno qilding.
Ko‘zimdan oqibat qilding ravon xunobi hasratni,
Dilimni g‘arqai xunobi anduhu balo qilding.
Tilim aylanmagay hargiz sendan arzu shikoyatga,
Sen, ey nomehribon, aytgil, qachon ahdga vafo qilding?
Na bu joni xarobimga, na boshimga rahm aylab,
Qadimni oqibat g‘amlar yukidan sen duto qilding.
Jafolar o‘qidan chok-chok titildi jismi afgorim,
Ko‘zimga keng jahonni sen chu dashti Karbalo qilding.
Dilimga nishtari mijgon suquldi bir tikon yanglig‘,
Ki ko‘ksim qonga lim to‘ldi, nechun buncha jafo qilding?
Bu Sahbo xotiri haqqi tabassum qilmading bir bor,
Nuqul ko‘z yoshi to‘kkayman, meni motamsaro qilding,
***
Zulfing g‘ami savdosi boshlarga tushdi,
Yuz dardu alam dili g‘amparvarga tushdi,
Boiski, hijroning aro men g‘ussa chekdim,
Qon bo‘ldiyu dil ko‘zdan yuzlarga tushdi.
Hajring o‘tida o‘rtandi jismu jonim,
Yuz shu’lai anduh xokistarga tushdi.
Men topmam farog‘at xobini, yor, yuzingsiz
Hajringda alam tig‘lari bistarga tushdi.
Dard shiddatiyu firoq alangasidan
Yuz larzai jonso‘z tan-paykarga tushdi.
Vasling mayi yodidan dilxun bo‘lib Sahbo,
Hasrat shurobasi bari sog‘arga tushdi.
MUXAMMASLAR
Yuzingni aylading mendan nihon ohista-ohista,
To‘libdur sho‘ru g‘avg‘ongga jahon ohista-ohista,
Olib keksayu yosh ko‘nglin, jonon, ohista-ohista,
To‘libdur sho‘ru g‘avg‘ongga jahon ohista-ohista,
Qilursan badahdliging rasmin ayon ohista-ohista.
Dili zorimni soching toriga payvasta bog‘labsan,
Menga aylab jafo, ag‘yorni ko‘nglini chog‘labsan,
Kelarsan shevalar aylab, vafo ko‘nglini dog‘lab san,
Nechun, ey bevafo, o‘zni bu badmastlikka chog‘labsan,
Ulim sori meni boshlab bu on ohista-ohista.
Hushim paymonasi jabru jafolar birla sindirding.
G‘amu kulfat yukin, berahm, g‘arib yelkamga qo‘ndirding,
Bu ishqing otashi ichra meni sho‘rlikni yondirding,
Sitamgar, hajr aro og‘u ichishga hatto ko‘ndirding.
Ki qilgaysan mendan endi gumon ohista-ohista.
Havon zulfi xushbo‘ying tusharkan qay dame yodga,
Falak ham dosh berolmaydi yurakdan uchgan faryodga,
Biror bor bermading shodlik nechun sen tab’i noshodga,
Bu ishqbozlikda men Sahbo ketarman o‘xshab Farhodga,
Lutf ayla, sen ey shirinzabon, ohista-ohista.
Agar desam, yuzing mehri jahon oro, ranjiysan,
Agar desamki, oy senga erur shaydo, ranjiysan,
Labing jon sharbati desam, o‘shal asno ranjiysan,
Agar desam, qarog‘ing sehr paydo ranjiysan,
Agar desam, qading sarvi erur zebo, ranjiysan.
Demasman, band etibdur deb, dilim zulfi sumansoying,
Asir etdi demasman qancha jonni chashmai shahloying.
Oyog‘ing ostida boshim demasman, sadqai poying,
Demasman, kel, o‘tir, diydamning ustida sening joying,
Agar desamki, ishq o‘ting ko‘ngiloro, ranjiysan.
Agar-chi qomating a’lo erur sarviravandan ham,
Labing - obi hayot, yuzing erur a’lo jinondan[1] ham,
Ko‘zing - chin ohusi, qoshing erur a’lo kamondan ham,
Seni boshdan-oyoq a’lo desam arziydi jondan ham,
Anor desamki, bo zeboyu ul ra’no, ranjiysan.
Seni ishqim samosida bamisli bir qamar ko‘rdim,
Ko‘zing bodomini noziklik niholida samar ko‘rdim,
G‘ururu nozu istig‘polaringni mo‘tabar ko‘rdim,
Malohat kishvarida, yor, seni sohib zafar ko‘rdim,
Agar desam eshigingda g‘ulom Sahbo, ranjiysan,
Samandar Vohidov tarjimasi
[1] Жинон - жаннат