KAVKABIY NAJMIDDIN BUXORIY
(1473-1533)
Kavkabiy Najmiddin Buxoriy XV-XVI asrlarda yashab ijod etgan shoir, musiqashunos, bastakor. Najmiddin Kavkabiy, bizga ma’lum tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoroda Mavlono Gavhariy oilasida, taxminan 1473 yilda tavallud topgan. Ayrim manbalarda uning 1480 yilda tavallud topgani aytiladi. U Buxoroda ulg‘ayib, o‘sha davrda madaniyat markazi bo‘lmish Hirot shahrining madrasalaridan birida tahsil ko‘rgan. Kavkabiy Ubaydulloxon (1533-1540 yillarda hukmronlik qilgan) saroyida xizmat qilgan. Ubaydulloxon Husayn Boyqaroga o‘xshab, adabiyot va nafis san’atlar homiysi va ayni chog‘da she’riyat hamda musiqiy ilmning bilimdoni sifatida maydonga chiqdi, yorqin iste’dod sohibi Mavlono Kavkabiyni o‘z saroyining ko‘rki sifatida e’zozladi. Darhaqiqat, ko‘plab manbalarning guvohlik qilishicha, Ubaydulloxon davrida Buxoro xonligi iqtisodiy, madaniy jihatdan yuksalib, ilm-fan, adabiyot rivoj topadi, shahar obodonchiligiga, masjid, madrasalar, xonaqohu yo‘llar qurilishiga jiddiy e’tibor beriladi. Uning davrida Amir Abdulloh Yamaniy (XV asr oxiri – XVI asr boshi) nomi bilan atalgan Mir Arab madrasasi, Mirak Sayid G‘iyos bog‘i, Ko‘hak daryosiga qurilgan Mehtar Qosim ko‘prigi singari inshootlar barpo etilgan. Najmiddin Kavkabiy haqida boshqalardan ko‘ra batafsilroq ma’lumot bergan Darvesh Ali Changiy bo‘ladi. U o‘zining “Risolai musiqiy” asarida musiqashunoslar qatorida Najmiddin Kavkabiy Buxoriyga ham o‘rin ajratgan. Najmiddin Kavkabiy bastalagan kuylar orasida “Husayniy” maqomidagi “zarbul fath” usulida kuylangan payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning na’tlari alohida o‘rin tutadi. Chunki bu o‘sha davrda shuhrat qozongan va manbalarda alohida ta’kidlangan. Shunga o‘xshash “Iroq” maqomidagi “chahor zarbi” ham alohida tahsinga loyiq. Allomani eng mashhur qilgan kuy shubhasiz kulliyotdir. U Rost maqomida bastalangan. Ushbu kulliyot zamonlar sahifasiga ko‘p vaqtlar bezak bo‘lib qoldi. Kavkabiy maqomot tarixida Buxoro musiqiy maktabining namoyandalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Keyingi avlod san’atkorlari tomonidan uning ijod namunalari sevib o‘rganildi, bastalagan kuylari asrlar davomida xonanda va sozandalar dasturlaridan tushmay keldi. XIX asr o‘rtalarida Buxoroda noma’lum muallif tomonidan yaratilgan musiqiy risolada “U o‘z davrining Xoja Abdulqodiri edi”, deb qayd etiladi. Fitrat ham ushbu fikrni ta’kidlab, Temuriylar davrida Xoja Abdulqodir Marog‘iyning mavqei nechog‘lik bo‘lsa, o‘zbek xonlari zamonida Najmiddin shu martabadagi san’atkor bo‘lib shuhrat qozonganini uqtiradi. Mavlono Kavkabiy diniy va dunyoviy ilmlar borasida dong taratgan. Musiqa va she’riyatda benazir san’atkor darajasiga erishgan. Undan “Risolai musiqiy” va “O‘n ikki maqom haqidagi risola” meros qolgan. Ularning birinchisi sof ilmiy-nazariy yo‘nalishdagi nasriy, ikkinchisi maqom, sho‘ba va ovozlarning ramziy-majoziy ta’riflariga bag‘ishlangan nazmiy asardir. Bu risolalar umumiylikda Kavkabiyni ulug‘ alloma Safiuddin Urmaviy (vafoti 1294 yil) va Abdulqodir Marog‘iy (1353-1435) qatoridagi musiqiyshunos ekanligini ko‘rsatadi.
Hasan xoja Nisoriy va Darvishali Changiy ma’lumotiga ko‘ra, Kavkabiy kulliyot, qavl, amal, savt, naqsh, rexta shakllarda musiqa asarlari yaratib, maqomlarga mos g‘azallar ham bitgan. She’rlarida islom va musiqa mavzuiga yangilik olib kirib, musiqaning ilohiy kuchini tarannum etgan. Alisher Navoiy Kavkabiyga iste’dodli yosh shoir sifatida e’tibor bergan. Risolaning nusxalari Sankt-Peterburg, Dushanba, Toshkentdagi sharqshunoslik institutlarida saqlanadi. 1533-yilda Eronda vafot etganligi manbalarda qayd etilgan.