JAMOL KAMOL
(1938-2022)
Jamol Kamol 1938-yilning 26-aprel kuni Buxoro viloyat, Shofirkon tumanidagi Chitkaron qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onadan erta ayrilgach, tog‘asi qo‘lida tarbiya ko‘rgan. U 1959-yilda Buxoro pedagogika institining filologiya fakultetini tugatgan. O‘qishni tugallab, shu yerda o‘qituvchilik qilgan. Bo‘lajak shoir 1965-1969-yillarda “Buxoro haqiqati” viloyat gazetasida ishlagan.
Jamol Kamol 1969-1972-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspiranturasida tahsil olib, “Lirik she’riyatda kompozitsiya” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1970 -11972-yillar oralig‘ida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limida mas’ul kotib, 1972-1986-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1986-1988 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir, 1991-1996-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida xizmat qilgan.
Jamol Kamolning “Olam kirar yuragimga” nomli birinchi she’riy to‘plami 1968-yilda chop etilgan. Shundan so‘ng “Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du” (1971), “Tosh tug‘yon” (1973), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) to‘plamlari, 6 jildlik tanlangan asarlar to‘plami, “Armon”, “Varaxsha”, “Eshikdagi oy to‘lqini”, “Tosh tug‘yon”, “Shahribonu” kabi dostonlari nashr etilgan.
So‘nggi yillarda uning “Asr bilan vidolashuv” (Saylanma, 2007), “Yana ko‘nglimda uch oy” (2010), “Safar daftari” (2012), “Bosh ustina, bosh ustina” (2016) singari bir qator asarlari chop etilgan.
Jamol Kamol – tarjimon. Vilyam Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venesiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi o‘ndan ortiq dramalarini bevosita ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” (2002-2004), Hazrati Alining “Devon”i (2006), Farididdin Attorning ‘Mantiq ut tayr” (2006) hamda “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma va bulbulnoma”, “Hikmatlar” (2007-7012), Abdurahmon Jomiyning “Gulshaningda so‘lmasin Gul” (2008), Vilyam Shekspirning “Sonetlar” (2009), Alisher Navoiyning “Foniy gulshani” (2011) kabi jami yigirma yettita asarni ona tilimizga o‘girgan. Shuningdek, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy”, Sotim Ulug‘zodaning “Firdavsiy” kabi romanlari tarjimasi ham Jamol Kamol qalami bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan.
U publitsist sifatida “Makkayi Mukarrama, Madinayi Munavvara” (1992), “Buyuklardan buyuk Muhammad alayhissalom” (2017) asarini yaratib, islomiy ma’rifat va ma’naviyatning rivojiga hissa qo‘shdi.
Jamol Kamol adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan munosib xizmatlari uchun 1992-yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Jamol Kamol 2022 yil 27-sentyabrda Toshkent shahrida vafot etdi.
She’rlaridan namunalar
SUVAYDO
Buyuk Navoiyning bosh lug‘atida
Ne-ne tushunchalar pinhonu paydo.
O‘sha olam-jahon so‘zlar qatida
Alomat bir so‘z ham kelur — suvaydo…
Yurak o‘rtasida nuqta emish u,
Qora nuqta emish, kuyik bir nuqta.
Xattotlar xatidek puxta emish u,
Kimlarda jizg‘anak, kimlarda so‘xta.
Marazdan tug‘ilsa — xunuk emish u,
G‘arazdan tug‘ilsa— umrning sho‘ri.
Havasdan tug‘ilsa — tuynuk emish u,
Hasaddan tug‘ilsa — qora bir mo‘ri…
Hijrondan tug‘ilsa — qonli bo‘larmish,
Armondan tug‘ilsa — dardli qorachiq.
Hamisha ko‘z kabi jonli bo‘larmish,
Hamisha ko‘z kabi olamga ochiq…
Haqiqat o‘shandan mo‘ralar emish,
Imon ham o‘shanga bog‘li emish bot.
Diyonat o‘shandan yaralar emish,
O‘shandan yog‘armish elga e’tiqod…
Odamlar birovni buyuk deganda,
Balki shu jihatni nazarga ilgan.
«Xusrav ko‘ksidagi kuyik» deganda —
Sa’diy suvaydoni sharaf deb bilgan*.
Hoy, inson, yo‘lingda yor bo‘lsin omad,
Yor bo‘lsin azaldan adamgacha to.
Endigi hamma gap shundadir faqat:
Qalbingdan joy olmish qaysi suvaydo?
Kuygansan sham kabi yo mash’almisol,
Kuyikdir ko‘ksingga «dard» deb uyganing.
Lekin sen o‘rtanib-kuyganda alhol,
Yurtim, vatanim, deb bormi kuyganing?
Yongansan, yondirgan qancha muammo,
Muammo yechgansan yonib erta-kech.
Yashamoq azmida yonarkan ammo,
Elim deb, tilim deb, yonganmisan hech?
Yoningdan beparvo o‘to bilmadim.
Benasib emasman dardingdan, bashar.
Mening ham yuragim jazillar, balkim
Mening ham qalbimda suvaydo yashar…
Bag‘rimga dog‘ qo‘ymish qaysi bir alam?
Bu qaysi alamning muhri, kasrati?
O‘g‘lini tuproqqa qo‘ygandi og‘am,
Balki bu o‘shaning dog‘i-hasrati.
Do‘st ham yig‘lar emish habib oldida,
Yuzimda ko‘z yoshim izi shashqator.
Yurtidan ayrilgan g‘arib oldida
Mening ham bosh egib yig‘laganim bor…
Suvaydo jonlarda yashaydi mutlaq,
Biz bilan kelgandir, biz bilan ketar.
Suvaydoda mardlik aks etadi — haq,
Lekin nomardlik ham unda aks etar.
Oqshomlar yuraman xayolga to‘lib,
Boshimda yulduzim bo‘lur huvaydo.
Men unga har safar boqsam termilib,
Shaffof siynasida — qora suvaydo…
BIR KEChA
Bir kecha ko‘nglim uyi shodon edi,
Bulbul o‘qib, qumri g‘azalxon edi,
Shul kecha mahvash menga mehmon edi,
Voy, uni mahvash demakim, jon edi.
Voy, uni mahvash demakim, jon edi…
Tog‘ edi, tog‘ boshida orzu kabi
Nash’ali bo‘ston edi, bo‘ston edi,
So‘ylar edim, so‘ylar edim men to‘lib,
Ul esa xandon edi, xandon edi.
Bir kecha mahvash menga mehmon edi.
Voy, uni mahvash demakim, jon edi.
Boshida yulduzli, musaffo falak,
Poyida to‘lqinli Zarafshon edi.
Oy bo‘lib olamga boqarkan malak,
Ko‘zlari cho‘lpon edi, cho‘lpon edi.
Bir kecha mahvash menga mehmon edi,
Voy, uni mahvash demakim, jon edi.
Maskan edi bizga samo, behazil,
O‘ylarimiz — orzuyu armon edi,
Nur ila otashda yonib ikki dil,
Nur to‘la, otash to‘la davron edi.
Bir kecha mahvash menga mehmon edi,
Voy, uni mahvash demakim, jon edi…
QOLDI UMRIM KO‘KLAMI…
Qoldi umrim ko‘klami kechmish yo‘lim so‘qmog‘ida,
Qatra nuru katra ko‘z yoshim yonar yaprog‘ida…
Qatra-qatra shabnamida shodligimdir yoshirin,
Yoshirindir hasratim ham qatra-qatra dog‘ida.
Qatra-qatra nur to‘kib, boshimda yondi yulduzi,
O‘pdim ilhom qatrasini g‘unchayi titrog‘ida.
Mast etib ko‘nglimni bir dam, yashnadi armonlarim,
Aks etib jonon faslning chaqnagan chaqmog‘ida.
Hislarim sellarga qo‘shdim, oqdi anhori azim,
O, o‘zim sargashta qoldim termulib qirg‘og‘ida.
Ey Jamol, yozing yetishdi, bitdi umring ko‘klami,
Bir parining bir nafaslik bo‘sayi qaynog‘ida…
Q A D A H
Qatra-qatra yosh to‘karda misli bir laylo qadah,
Ham chekar mehri—vafodin ohi vovaylo qadah…
Bas, hayot bazmidadirsan, mayparastsan, o‘ylakim,
Umri inson ham misoli — nur to‘la paymo kadah.
Tong — labo-lab jom esa, oqshom — to‘la paymonadir.
Kun — yana tanho qadahdir, tun yana tanho qadah.
Lahza-lahza har nafas ham bir qadahdir, ey rafiq,
Sipqorurmiz gohi shodon, gohi g‘amoso qadah…
Kimga shavkat — bir qadahdir, shon—qadahdir kim uchun.
Manga dilbar she’ru ilhom, Savti Nasrullo — qadah!
Bas, hayot bazmida mast — ersam-da, ammo, yo‘q, demam,
Nogahon yashnab uzatsa ul ko‘zi shahlo qadah.
Nozi dildor — bir qadahdir, bir qadahdir — rozi dil,
Lekin ustozlar kalomi — chin qadah, a’lo qadah.
Ul qadahkim, kimki hushyor — erdi, hushyor ayladi,
Xudnisand mastlarni ammo ayladi rasvo qadah.
Do‘st kadah sundi Jamolga, tarki istig‘no kerak,
Teng bo‘lurmu bunga, yo rab, tutsa gar dunyo qadah!..
NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Yo‘q, chaqindin ermas ul, osmon qizil, sorig‘, yashil,
Yo shafaqdin har taraf raxshon qizil, sorig‘, yashil,
Yo chamanda lolayu rayhon qizil, sorig‘, yashil,
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,
Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil.
Zarra shafqat deb o‘tindim men munavvar mohdin,
Bir ishorat deb kutindim boz o‘shal dargohdin,
Vohkim, dodimga imdod yetmadi dilxohdin,
Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin,
Kim esar ul dasht aro har yon qizil, sorig‘, yashil.
Nolishim tonglarda, dardimning qamolidin erur,
Kiprigim changi hujumlarning shamolidin erur,
Barchasi savdoyi ishqimning kamolidin erur,
Orazi, xoling bila xatting xayolidin erur,
Ko‘zlarimning oldida davron qizil, sorig‘, yashil.
Topmadim hargiz omonlik lablaring bedodidin,
Yosh to‘karman kecha-kunduzlar ko‘zing jallodidin,
Voy, ishondim, sencha zolim yo‘q bashar avlodidin,
Shishadek ko‘nglimdadir gulzori husning yodidin,
Tobadoning aksidek alvon qizil, sorig‘, yashil.
Lahzada otashmenu, suvmen hamono lahzada,
Lahza-lahza jismu jonim, boqki, bundoq larzada,
Soqiyo, qarshingda turgan bir g‘aribu g‘amzada
Lolagun may tutqil oltin jom birlan sabzada,
Kim bulardan yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig‘, yashil,
Garchi chin sabru qanoat yor erur behad, valek,
Ham necha do‘stu anis g‘amxor erur behad, valek,
Chorai karvonda garchi nor erur behad, valek,
Faqraro beranglik dushvor erur behad, valek,
Hirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.
Ey qalam, surgin raqam, rohatni zinhor istama,
Ey ko‘ngil, ilhoming ista, o‘zga dildor istama,
Ey Jamol, she’r ziynatiga shamsi anvor istama,
Ey Navoiy oltinu, shingarfu, zangor istama,
Bo‘ldi nazming rangidin devon qizil, sorig‘, yashil.
FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Sehr aylamish to bir ajab nozik-ado mani,
Solmish, ko‘ringkim, ne ajab o‘tlarga, oh, mani,
Yo baxt, ko‘yida oqibat ayla fido mani,
Yo rab, baloyi ishq ila qil oshno mani,
Bir dam baloyi ishqdin etma judo mani.
Yo ishq, hifzu himoyatingni ahli darddin,
Andoq mehri bag‘oyatingni ahli darddin,
Ham ul tariqi oyatingni ahli darddin,
Oz aylama inoyatingni ahli darddin,
Ya’niki, cho‘x balolarga et mubtalo mani.
Otqil mani otashlara, ber bo‘yla rohatim,
Samandardek o‘tlar kechib, yonmoq — saodatim,
Shu ko‘ngil — shohidimdir, shu olam — shahodatim,
Ulguncha ko‘tarma aslo balodan irodatim,
Men istaram baloni, chun istar balo mani.
Tilagimni vaslu hajraro g‘urbatda qilma sust.
Talabimni qalbu qon aro qudratda qilma sust,
Tug‘yonimni toshir-toshir, shiddatda qilma sust,
Tamkinimni baloyi muhabbatda qilma sust,
To do‘st ta’n etib, demaya bevafo mani.
Oshir yurakda shavqini shavqi bahoriming,
Yoygil ovozasin yapa olamda boriming,
Olib rahmatin bu ko‘ngil, oshifta — zoriming,
Getdikcha husnin ayla ziyoda nigoriming,
Galdikcha dardiga batar et mubtalo mani.
Ayla ko‘ngilni shu’lamakon fikratindakim,
Oqsin ko‘zimdin shu’la tamom hasratindakim,
Jonimni tobla andoq hijratindakim,
O‘yla, zaif qil tanimi furhatindakim,
Vaslina mumkin o‘la yeturmak sabo mani.
Yo ishq, bir dam sanamimga yovush, dodim sango,
Shafqat sol ko‘ngliga, yana yetkaz ko‘nglim ango,
Jamolni yor vasliga muyassar etsango,
Nahvat qilib nasib Fuzuliy kabi mango,
Yorab, muhayyad aylama mutlaq mango mani…
MAShRAB G‘AZALIGA MUXAMMAS
Menga mohi tal’ating ko‘rmoqqa endi had emas,
Lab ochib, dardim bayon etmoqqa ham rag‘bat emas,
O‘ltiribman zoru giryon, yurgali holat emas,
Chun qo‘lim birla oyog‘im bog‘lamoq hojat emas,
Men o‘limga roziman, chun turgali toqat emas.
Manglayim sho‘rdir azaldin, sen yana sho‘r aylama,
Ko‘zlarim ham tiyrakomdir, endi sen ko‘r aylama,
Javru bedoding-ku bundoq, shiddating jo‘r aylama.
Muncha shiddat birla boshim kesgali zo‘r aylama,
Baski, odam qoni to‘kmak senga ham toat emas.
Yondi jonim hajr aro, so‘nmoqni bir dam bilmadi,
Kulfatu, ranju alamni o‘zgadin kam bilmadi,
O‘tdi shu hasratda yozim, o‘tdi ko‘klam bilmadi,
Umr chun barqi havodis, g‘ofil odam bilmadi,
Oyu kun oromiga bir lahzai fursat emas.
Yorini yig‘latmagan yori gulandom qayda bor?
Ishq aro ayyomi g‘amdir, o‘zga ayyom qayda bor?
Men kabi oshiqqa ma’shuqdin to‘la jom qayda bor?
Lashkari xunrez bo‘lsa, sabru orom qayda bor?
Majnuni devonalarning shohiga rohat emas.
To‘xta, oshiq, oqibat kor qildi afg‘oning seni —
Kim, qilich sermab,boshingga yetdi jononing seni,
Barakallo, tig‘ aro qoldi, Jamol, joning seni,
Chun muborak bo‘lsin, ey Mashrab, qizil qoning seni,
Xo‘p ish bo‘ldi senga, jon berganing ofat emas.