Isroil Subxoniy

Isroil SUBHONIY

 

1959-yil, 26-aprelda Buxoro viloyati, Buxoro tumani (hozirgi Vobkent tumani), Uzro qishlog‘ida tug‘ilgan. 1958 yilda otasi  onasi Bibihajar Karimova bilan Buxoro shahriga ko‘chib keladi. Uzro qishlog‘ida buvisi, ya’ni otasining onasi Halima Ergash qizi yolg‘iz o‘zi yashab qoladi. Keyinroq buvisi ham shaharga ko‘chirib keladi.

Bobosi Ashur Subhonqul o‘g‘li adabiyot va tarix fanlari o‘qituvchisi bo‘lib, o‘tgan asrning 30-yillarida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi topshirig‘i bilan Buxoro viloyatining bir necha tumanlarida ChSB (chalasavodlikni bitirish) kampaniyasiga muvofiq boshlang‘ich va o‘rta maktablarda dars beradi. 1942-yilda garchi qo‘lida urushga jalb qilinmaslik to‘g‘risidagi o‘qituvchilik “bron”i bo‘lsa-da, ayrim sabablarga ko’ra urushga yuboriladi. U Stalingrad ostonalarida bo‘lgan ayovsiz  janglarda ishtirok etadi va shu yili bedarak yo‘qolganligi to‘g‘risida “qora xat” keladi.

Isroil SUBHONIY Buxoro shahridagi Sadriddin Ayniy nomidagi 15-son o‘rta maktabda tahsil olgan. 1976-yilda o‘rta maktabni tugatib, Buxoro davlat pedagogika institutining til va adabiyot fakultetiga hujjat topshiradi va sirtqi bo‘limga qabul qilinadi. 1978-1980 yillarda harbiy xizmatni o‘tab qaytgandan so‘ng instititutdagi o‘qishni davom ettiradi va tahsilni 1983-yilda bitiradi. 1996-yilda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining ixchamlashtirilgan 1 oylik kursida tahsil olgan.

1980-yildan boshlab “Buxoro haqiqati” viloyat gazetasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi, Respublika Kitobsevarlar jamiyati viloyat bo‘limi kabi turli tashkilot va tahririyatlarda adabiy xodim, tashkilotchi vazifalarida ishlagan. 1993-yilda Buxoro Davlat muzey-qo‘riqxonasi huzuridagi “Naqshbandiya” ilmiy markaziga rahbar etib tayinlangach, “Naqshbandiya” nomli ilmiy-irofoniy, ma’naviy-ma’rifiy gazetaga asos solgan. Bu gazeta ayni kunlarda Toshkentda xuddi shu nomdagi jurnalga aylantirilib, to hozirga qadar chop etilib kelinadi. Keyinchalik “Buxoro adabiyoti va san’ati” nomli gazeta ham nashr ergan.

G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti Samarqand filiali tomonidan   “Buxoroning yetti yulduzi” nomli  ilk she’riy to‘plami nashr qilingan. To hozirga qadar bir necha she’riy kitoblar chop etdi. Eng oxirgi “Shashqator” nomli oltiliklar to‘plami Toshkentdagi “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan 2019-yilda chop etilgan.

Ayni kunlarda “Adabiy Buxoro” MChJning xususiy nashriyoti faoliyatini yurgizish bilan birga  “Shashqator” kitobining “Ming bir qatra” nomli to‘liq nashri ustida ijodiy izlanishlar olib bormoqda.

 

She`rlaridan namunalar

 

 

              BIR TOMChI YOSh

 

Bir tomchi ko‘z yoshga arzimoq uchun,

Shu buyuk sharafga yetmoq uchun, bas

Yetti iqlimni zabt etmoqlik nechun?!

Mangu tilsimlarni yechmoq shart emas.

 

Tog‘ni urib talqon qilmoq na hojat?

Osmonning ustuni bo‘lmoqlik nadir?

Seni deb bartaraf bo‘lsa ham ofat,

Topmassan bunchalik insoniy qadr.

 

Turg‘un bo‘lib qolsa boshingda quyosh,

Odamlar soyangga bersalar salom.

Ka’baga aylansa sen o‘tirgan tosh,

Marmarga bitilsa sen aytgan kalom.

 

Jahoniy martaba bo‘lsa-da vosil,

Va qibla sanalsa sen yurgan taraf.

Shunda ham martabang bo‘lmagay hosil,

Muyassar o‘lmag‘ay buningdek sharaf.

 

Bir tomchi ko‘z yoshga arzimoq uchun

Bir sodda dil kerak, bir shaffof yurak.

Bir oddiy odamdek sevmoq, inchunin

Bir oddiy odamdek sevilmoq kerak.

 

          BIR JUFT TERAK

 

Ariq yoqasida bir juft oq terak,

Mayin shitirlaydi, bir qadar munglig‘.

O‘smirlik chog‘imdan berguvchi darak,

Ul mas’ul muhabbat elchisi yanglig‘ –

Ariq yoqasida bir juft oq terak.

         O ilohiy ishqim, qaydasan, nechun

Qalbimni tark etib, ko‘zim yoshlading?!

Turmush po‘rtanasi oqizib bugun

Meni qay sohilga eltib tashladi?!

Teraklar ham endi ilgarigidek

Ilohiy emasdir, muqaddam emas.

Mung‘ayib turishar – munglig‘ va g‘arib,

Zarra ehtirossiz olurman nafas.

Sehrli osmonim, sirli shudringlar,

Barhayot hidlarga to‘lgan, ey, dunyo!

Ertakdan shirinroq shivir-shivirlar

Nahotki, nahotki qaytmaslar aslo!

Men seni sog‘indim sevgim, kela qol,

Seningsiz yetimman, yolg‘iz, begona.

Sudralib yuribman chuvalchang misol

Xudoning kuniga aytib shukrona.

Ammo goh-gohida og‘ritib jonim.

Yuragim jizg‘anak qiladi bir kuch.

Nahot qaytmas endi ishqiy imonim,

Nahotki, bularning bari shirin tush?!

Bugun eh-hushliman, obro‘ muqarrar,

Yurish-turishim ham jurur rosmana.

Barchasini nisor aylardim magar

Bir pasgina qaytsang – “baxtli devona”.

Qalbim, biz u kunlar muazzam edik,

Asli o‘sha edi hayot degan so‘z.

Kichik bo‘lib qoldik, juda ham kichik

Garchi qo‘limizda dunyoviy nufuz.

 

Ariq yoqasida bir juft oq terak

Mayin shitirlaydi, munis va munglig‘...

 

                  XIYoNAT

 

Nechun dilim zada, ahvolim zabun,

Necha muddateki  xotir parishon.

Mendan yuz o‘girmish o‘shal baxtli kun,

Mendan yuz o‘girmish o‘shal taxtli shon.

 

Bugun sahar mardon o‘rnimdan turib,

Gunohimni anglab qoldim nogahon:

O‘z qalbimga o‘zim xiyonat qilib

She’r bitmay qo‘yganman bir necha zamon.

 

Meni qarg‘amishdir she’r ilohasi,

Yuzi qaro bo‘ldim aylab xiyonat.

O‘z-o‘zidan ayri tushganda qishi

Sodir bo‘lar ekan ulkan jinoyat.

 

                    TARJE’BAND

 

Oqil bo‘lmoq joningga

                                         ravo ko‘rmoq jabrlar,

Yegan noning toqatu

                                         ichgan suving sabrlar.

Holbuki bu dunyoning

                                         andozasi ushmundoq:

Ma’nosi munojotu

                                         hokimi “aljabr”lar

Go‘yo taqdiri azal

                                         tushdek sodir bo‘lganu,

Endi esa bu hayot –

                                         ko‘rilmoqda ta’birlar.

Har bir odam ichida

                                         bordir do‘zax – behishti,

Bordur shaytonu, rahmon

                                          behuda bu satrlar.

Maymun odam bo‘lishi

                                          ehtimolga yaqinroq,

Vale zoti pastlarga

                                          davo faqat qabrlar.

O‘n sakkiz ming olamda

                                          o‘n sakkiz ming olam bor,

Bu o‘n sakkiz – o‘n sakkiz

                                          ming olamga tatirlar.

Aql hayron, idrok lol

                                          bu ishlarga azaldan,

Yana tavbu-tazarru

                                          qilmas mutakabbirlar.

Subhon muroding ayon –

                                          donish olmoq, lof urmoq –

Erur nodonligingga

                                           faqat imon keltirmoq.

 

           UChINChI MILLAT

 

Sen na rus, na o‘zbek, na fors, na arab,

Na hindi, na farang, na boshqa xilqat.

Magar ikki millat bo‘lsa bir taraf,

Sen o‘sha betayin uchinchi millat.

 

Senda na Vatan bor, na tarix, na ruh,

Na bir muqaddam so‘z, na Qodiri haq.

Sarobga sig‘inib yashayman yohu!

Tiriklik – muallaq, ma’no – muallaq!

 

Navoiy – beta’sir, Hofiz – bedahl,

Hazrat Tolstoy ham shunchaki graf.

Sen mansub mantaqa anvoyi fasl,

To‘rt tomoni qibla – noma’lum taraf.

 

Lug‘atingda yo‘qdir “ildiz” degan so‘z,

Vaznsiz, oyog‘i osmondan holot.

Ko‘z-qoshing bo‘lsa ham mavjud emas yuz,

Tavallud ayonu, ma’lum emas zot.

 

Besh sezgi a’zoni chalg‘ituvchi kuch,

Yetti iqlimda yo‘q antiqa guruh.

Odamzod boshiga tushgan bu azg‘ich

Rejangda yo‘q edi payg‘ambari Nuh.

 

Yo tavba, ba qanday mavjudot ishi,

O‘z “o‘qi”dan chiqib ketmoqda yurak

Odamzod, uchinchi jahon urushi.

Ehtimol, ehtimol shu bo‘lsa kerak.

 

ENDI SEN MENIKI EMASSAN...

 

Endi sen meniki emassan, tamom,

Endi sen hammasan, men esa yarim.

Endi ming urinma – qilmasman in’om

Shirindan ham shirin “haqoratlarim”.

 

Endi izzatingni keltirgum bajo,

Takalluf qilurman kiborlarga xos.

Endi sendan faqat bitta iltimos:

“Bir tarsaki ur” deb qilma iltimos..

 

Endi men sen uchun silliq begona,

Beozor o‘tkinchi, xushtabassum zot.

 

Garchi sensan hamon “ikkinchi ona”,

Garchi menman hamon tanho “zurriyot”.

 

Endi senga bergum jonu jahonim,

Qo‘limda neki bor ayamam sendan.

Faqat “o‘zing bo‘l” deb qiynama, jonim,

Devona aslimni so‘rama mendan.

 

Endi bu “gavhar” ni berolmasman, bas,

Hatto o‘zimdan ham tutarman pinhon.

Jonsiz haykalimga tig‘ ursa chiqmas –

Na bir tomchi ko‘z yosh, na bir qatra qon.

 

Sipo saltanatga erishdik, mana,

Ishqiy mojaroga qolmadi hojat.

Bunda hamma narsa qilar tantana,

Faqat bir burchakda yig‘lar muhabbat.

 

          SEVGI MOTAMI

 

Sevgi motamida ishtirok etmoq,

Naqadar mungli va naqadar qiyin.

Tasalli berguvchi, yupatguvchi yo‘q,

Motam ijrochisi faqat – sen va men...

 

O‘z qo‘limiz bilan o‘ldirdik uni,

Yurakni ilohdan ayladik judo.

Arzimagan g‘urur, rashq o‘ti uchun,

Qalbimiz manguga aytdilar vido.

 

Sen o‘tirgan tosh ham endi but emas,

Shunchaki ayanchli, oddiy xarsangtosh.

Yo‘q, yo‘q ostonangdan boshlanmas dunyo,

Boshingdan ham endi chiqmaydi quyosh.

 

Ko‘kdan oyni yulib berolmayman, yo‘q,

Bunday ishga endi yetmas madorim.

Qayg‘urmoq baxtidan mahrumman bugun,

Tiz cho‘kmoq baxtiga yo‘l qo‘ymas orim.

 

Men seni yo‘qotdim, yo‘q, yo‘q o‘zimni,

Osmonimdan o‘tgan turnalar qaytmas.

Yo‘q, yo‘q, balki o‘tar, yana bir o‘tar,

Lek endi men sevgan qo‘shiqni aytmas...

 

          ALVIDO MUHABBAT

 

“Sevmayman, bo‘ldi bas, sevmayman uni

Arzimas zarracha muhabbatimga.

Yolg‘iz edim, yolg‘iz qolurman yana,

Mayli, qaramasin aslo betimga!

 

Behudadir undan vafolar kutib,

Izlagan – ikkinchi yarmimni topmoq.

Ishtahasi karnay bandalar uchun

Ul – yemish, men esa buyuk bir axmoq!

 

Yolg‘iz edim, yolg‘iz qolurman yana

Yig‘loqi she’rlarim – ovunchoqlarim.

Men uni necha yil izladim, ammo.

To hanuz bu ko‘ngil – yetim va yarim...

 

Alvido, muhabbat!

Qanoti singan

Ey, majruh tuyg‘ular yig‘laysiz nega?

Men dafn etaman o‘zimni bugun

Yana o‘sha turmush qabristoniga!”

 

Faqat yana bir bor ko‘rsaydim Uni,

Atigi bir marta, shunchaki, bir oz.

Tuzalib qoldimi og‘rigan qo‘li,

So‘rab bilmoqchiman, bor gap shu, xolos.

 

Qidirib topganim – noyob dorini,

So‘ng o‘z qo‘lim bilan o‘ramoqchiman.

Yuqorida aytgan gaplarim uchun

Tiz cho‘kib kechirim so‘ramoqchiman...

 

              MENI ESLA....

 

Ruhiy osudalik hukm surganda

Tilingda aylansin bir xotira bayt.

Yurak sog‘inch hissi bilan urganda:

Meni esla yomg‘ir yog‘ayotgan payt.

 

Deraza betiga atlas tomchilar,

Tomchimas sen uni ko‘z yoshi deb ayt.

Bir shirin xo‘rsinib qo‘ysang, bas, so‘ngra

Meni esla yomg‘ir yog‘ayotgan payt.

 

Bezovta qilmasin o‘y va tashvishlar

Bu notinch dunyodan o‘z dunyongga qayt.

Qalbingni bezasa dilbar tuyg‘ular

Meni esla yomg‘ir yog‘ayotgan payt.

 

Deraza ortidan terakka qarab,

Eng yaqin ismni so‘ng pichirlab ayt.

Sendan hech narsani so‘ramam, faqat:

Meni esla yomg‘ir yog‘ayotgan payt...

 

                 ROSBADAN

 

Mana, tag‘in keldim sizga yutoqib,

Bolalikdan tanish egri so‘qmoqlar.

Qishloq bolalari bilan qo‘y boqib,

Quyosh botishini kuzatgan chog‘lar...

 

Navmatak o‘rikka irg‘itib kesak,

Tillorang ne’matdan bahra olgan dam:

To‘rt kunlik tuyulmas umr ham beshak,

O‘ylardik: abadiy yashaydi odam.

Oqshom...

Yulduzlari siyrak bir osmon...

Yulduzlar qoraygan, anqiydi yalpiz.

Nihoyat qo‘ylar ham endi har zamon.

Qishloq tomon qarab-qarab qo‘ygan kez...

Shafaq yorug‘ida “Ilon pari”ni

O‘qirdim, tinglardi bir tup bolakay.

Hali bilmas edik – xalq dardlarini,

Ertakka yo‘girib berganin atay.

 

Men agar so‘ylasam Qo‘ng‘irot yoqdan,

Bolalar xayoli Yulg‘unmozorda.

Biri bog‘dan kelsa, birisi tog‘dan,

“Tarozilar” turfa edi “bozor”da.

Baribir ertakka ishonar edik,

Go‘dak onasiga ishongan kabi.

So‘ngroq mag‘rur turib: “Bu yolg‘on!” – dedik,

“Ma’rifatli” qilgach sho‘ro maktabi.

Muallim: “Ajdaho, dev yo‘q” – der edi, -

Odam ham maymundan tarqagan, ishon!

 

Odamlar “maymun”ga aylanib ketdi,

Maymunlar odamga aylanmas hamon.

Hozir-da bizdan-da baxtlisi yo‘qdir,

O‘sha oqshom: quyosh botayotgan payt.

Xohlagancha xayol suraver, hayqir,

Xayolga kelganni istagancha ayt.

Ko‘pchigan tuproqda “ilon izlari”

Asli bolalarning hazillari bu.

Yovondan qaytarkan qishloq qizlari

Shu yerga yetganda to‘xtaydi kulgu.

Ular davrasiga chiqib turardim,

Eshakda tashib suv – choynak-piyola...

Hazin nigohlarin o‘qib turardim:

“Naqadar baxtlisan shaharlik bola!”

Oftob jag‘-jag‘ida urishar ketmon,

Qasanoq qo‘llari oxiri sho‘rlar.

Tutning soyasiga chiqishgan zamon,

Yana hazillarin qo‘ymas qurg‘urlar.

Olisdan ko‘rinar “birgat” qorasi,

Mushtini xavoga o‘qtalib yomon.

Yana zerikarli paxta orasi,

Qizlarni yutardi bamisli o‘pqon.

Shaharga eltuvchi tanho avtobus,

Tosh yo‘ldan g‘izillab o‘tib qolgan choq,

Ketmondan qizlar bosh ko‘tarib ma’yus,

Ortidan termulib qolishar uzoq...

 

         Mana, tag‘in keldim kun botar mahal,

Ey, ona qishlog‘im, hapqirib yurak.

Eshik og‘alari kabi dastavval,

Olisdan ko‘rinar bir juft oq terak.

Quyosh botgan, nafas olaman yengil,

Chigirtkalar xonish qilgani sari.

Va naqadar orom topar bu ko‘ngil,

Uvlasa tun bo‘yi qishloq itlari.

Qishloq o‘zgaribdi zamonlar kechib,

Qancha suvlar oqib o‘tdi oradan.

O‘nqir-cho‘nqir yo‘ldan dardini to‘kib

G‘ijirlab o‘tadi eshak arava.

Qarshimda turardi ulug‘ bir inson –

Arpa, tuproq, tezak hidi qorishiq.

Qanchalar bo‘lmasin abgor, notavon,

Bahri dilim borar edi yorishib.

Shoqul tog‘a degan odam shu bo‘lar,

Yelkasida hamon o‘sha ketmoni.

 

“1 may” kuni, bayramda, jigar

Raykom bovo imlab qoldilar mani.

“Zarbdor, zo‘r suvchisan, pastlarda yurmay,

Biz bilan safda tur,“-dedilar, - sen ham”

Lekin, jiyan, minbar degani hay-hay,

Bir g‘alati bo‘lib ketarkan odam...”

 

Eh, mening “sharafli” tog‘aginam, bas.

Haykal qo‘ysa bo‘lar siz va ketmonga,

Lekin haykal – haykal, oshu non emas,

Hech kimsa alishmas bir qop somonga.

Nimadir “Uyg‘onish”, nimadir “nisbiy”,

“Referendum” nima – anglashi gumon.

Deylik, kechalari Dostoevskiy

Tushlariga kirib chiqmas hech qachon.

Lekin olma nega yerga tushishin

N’yutonsiz ham “kashf” etgani-ku rost.

Faqat “Butun olam tortishishini”

“Murosai dunyo” deb qo‘ygan, xolos.

 

Yo‘ng‘ichg‘a deganning bergan dodini

Kaftlarini mehnat qo‘ymish naqshlab:

Go‘yo chopib o‘tgan turkman otini,

To‘xtatmoqchi bo‘lgan dumidan ushlab.

 

Tuproqqa belangan etiklarin yoz –

Qish demay oyoqdan qo‘ymas umrbod.

Tagcharmi ko‘chgani aylardi go‘yo

Shu odamga nasib etganidan dod!

Mabodo bu odam Tangri yorlaqab,

O‘z tilida she’rlar bitsaydi shoyon.

She’ridan ter hidi anqishi bor gap,

Yana jindakkina arpabodiyon.

“Dalama yemaydi, Shoqul” – deb aytgan,

Kimdir hazillashib o‘n besh yil burun.

Shu-shu dalamadan rag‘bati qaytgan

O‘sha odam beburd bo‘lmasin uchun.

Qishloqda molini qimmatga olib,

Arzon-garov pullab yurgan odam shu.

O‘ttiz yil shiyponda qorovul bo‘lib,

Toshkentni ekranda ko‘rgan odam shu.

Bu yer – Parij, tog‘a – Kristo emas,

Nima ham der edim boz arzigulik.

Shunchaki Rosbadan degan bir mo‘jaz

Qishloq...

Va bor-yo‘g‘i bir sodda o‘zbek.

- Tanu joning sog‘mi, bormisan, dagar,

Bola-chakang, otang...

- Rahmat, tog‘a, zo‘r!

Yetti pushtimgacha erinmay so‘rar,

Yelkamga qoqarkan:

-   Xudoga shukur!

 

                                          IShORAT

 

Alloh, Alloh nechun mehring daryoligini bilmasman,

Imoratlar ila garchand ifsholigini bilmasman.

 

Bu gardun kirdikori deb chekurman oh ila afg‘on,

Bule shul himmating jonga shifoligini bilmasman.

 

Ko‘z o‘ngimda ado bo‘lmish – ado bo‘lmas salotinlar,

Mani dunyoga bermak-chun – adoligini bilmasman.

 

Gaki omad ketib ko‘ngil shikoyat aylar ko‘kdin,

O‘shal majrumiyat – daf’i baloligini bilmasman.

 

Sog‘inding pok nafaskim, bas, shukrona qilsa bulmasku,

Muning payrovida nafsin havoligini bilmasman.

 

Ko‘ngil mulkida ozodmen, vale moxlik havas qildim,

Ki shohlarkim – havas qildim – gadoligini bilmasman.

 

Kalomulloni xatm etmay ilm sahrosiga chiqqan,

Chavandozmen – tanim boshdin judoligini bilmasmen.

 

Bu dunyoning safosiga uchib, marmandalar bo‘ldim,

Necha sharmanda bo‘lsamda – ro‘yoligini bilmasmen.

 

Bu Subhoniy jami illat va dardiga davo izlar,

Vale har bir ishorat – bir Sinoligini bilmasmen.

 

           LO‘LI QIZ HAQIDA QO‘ShIQ

 

Kaftimni qo‘y, ko‘zlarimga boqsang-chi, jonon,

Jonga tegdi sizning o‘sha afsun-ushuqlar.

Bu taqdirim, qolaversa o‘zimga ayon –

Yo‘llarimni kesib o‘tgan qora mushuklar.

 

Istasang, yur, Buxoroni ko‘rsatay senga,

Masha oshiq qayrag‘ochlar,

Tagida buloq....

“Qoningizda bo‘lgan o‘sha ishq jun uniga

Havasim bor” – degan edi Iskandar Blok.

 

Lekin goho taajubda qolasan, erkam

Shekspirni “fojianing piri” dedilar.

Bilsang o‘sha Romeoning hasratlari ham,

Mening chekkan ohlarimga yaqin edilar.

 

Kaftimni qo‘y, ko‘zlarimga boqsang-chi, jonon,

Vujudimda sezmoqdaman g‘aroyib bir hol:

Bobo Ishqiy qulog‘imga aytmoqda azon,

Boz ustiga o‘zing hafda ocholmaysan fol.

 

... Chorrahada nogoh ko‘zdan adashdi aqlim,

Yurak, dedim, qo‘y, endi ham aldama meni!

Ko‘k ko‘ylakli farishtaga baralla aytdim:

Kalomullo ursin agar – sevaman seni!  



Isroil Subxoniy Adibimizga tegishli asarlarimiz

Shakarob

Isroil Subxoniy