Ismat Buxoriy

Xoja Ismat Buxoriy
Xoja Ismat Buxoriyning to‘liq ismi sharifi Xoja Faxriddin Ismatulloh binni Xoja Mas’ud Ismat Buxoriydir. U “Nasiriy” va “Ismat” taxalluslari bilan asarlar yozgan.
Manbalarda keltirilishicha, Xoja Ismat Buxoriyning otasi Xoja Mas’ud Buxoroning hurmatga sazovor fozil kishilaridan biri bo‘lgan. Davlatshoh Samarqandiy “Va dar xittai Buxoro obovu ajdodi Xoja Ismat mardumoni buzurg va fozil budanad, va padari u Xoja Mas’ud akobiri Buxorost”, ya’ni Xoja Ismatning avlod-ajdodlari Buxoroning ulug‘ va fozil kishilaridan bo‘lgan. Uning otasi Xoja Mas’ud Buxoroning akobirlaridandir.
Shoirning hayotiy faoliyati va ijodini o‘rganishda ilk manba Davlatshoh Samarqandiyning “Taskirat-ush-shuaro” asari hisoblanadi. Muallif asarning oltinchi tabaqasida Xoja Ismat “fazl ahlidan” sanalib, uni “qasida, g‘azaliyot, masnaviy, muqattaot va boshqa” she’riy janrlarda boshqa shoirlar qatorida “shoirlik maqomida yagona” ekanligini, “Bisotiy Samarqandiy, Xayoliy Buxoriy va boshqa shoiru muosirlar, musohiblar uning shogirdi bo‘lgan»ligini ta’kidlab, ayrim o‘rinlarda unda rivoyat va afsonalar ham qo‘shgan. Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” asarining 7-ravzasida “Xoja Ismath alayhirrahmat Buxorodandir va Amir Xusrav Dehlaviy g‘azaliga tatabbu’ qilgan”ligi qayd etiladi. Ko‘pgina manbalarda qayd etilishicha, shoirning ismida nisbat berilgan “Xoja” unvoni uning nasl-nasabiga ishora hisoblanadi. Bu zoti sharifning tavallud sanasi deyarli barcha tadqiqot manbalarida 1365 va 1375-yillar oralig‘ida e’tirof etiladi.
Mutafakkirning adabiyotga qiziqishini ortishi, shoir bo‘lib yetishishida o‘z davrining madaniy, ilmiy muhiti, qasidanavislik an’analari, shoirlar Komil Badaxshiy, Sakkokiy munajjimlar Mavlono Ahmad va Mavlono Abdullohlar bilan zamondoshligi, naqshbandiya ta’limoti namoyandasi Xoja Muhammad Porso bilan maslakdoshligi, olimlar Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid Koshiy Mirzo Ulug‘bek va Ali ibni Muhammad Qushchilarga ustoz-shogirdlik darajalaridagi yaqin aloqalari muhim o‘rin tutgan. Shuningdek, Abdurahmon Jomiy fikricha, Xoja Ismat Buxoriy merosida Xusrav Dehlaviyning ta’siri seziladi. Jomiyning “Bahoriston” asarida “Xoja Ismat Buxorodandir va Amir Xusrav Dehlaviy g‘azaliga tatabbu’ qilgan”  degan fikrlaridan anglash mumkin. O’z davrida Bisotiy Samarqandiy, Xayoliy Buxoriy, Rustam Hur’yoniy, Tohir Abevardiy, Burunduq Buxoriy kabi shogirdlari ham bo‘lgan.
     Xoja Ismat Buxoriy yoshligidan juda o‘tkir zehnli, qobiliyatli, nozik didli, tafakkuri teran, diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy bilimlarni ham mukammal bilgan. Amir Temur va temuriyzodalarning ilm va ma’rifatga, dinu diyonatga xayrixohliklari davrning madaniy yuksalishlariga, jamiyat ma’naviy hayotining barqarorlashuviga xizmat qilgan. Bahouddin Naqshband, Alouddin Attor, Xoja Muhammad Porso, Alouddin G’ijduvoniy, Xoja Ismat Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Faxruddin Ali Safiy, Jaloliddin Davoniy kabi buyuk allomalarning yetishib chiqishida ham tarixiy shart-sharoit, ob’ektiv va sub’ektiv omillar o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgan.
Xoja Ismat Buxoriy nafaqat temuriyzodalarga ta’lim bergan ustoz, balki o‘z davrining ilmlarini chuqur egallagan olim, Mirzo Ulug‘bekning ehtiromiga sazovor bo‘lgan, Mirzo Ulug‘bek akademiyasining vakillaridan biri, mutafakkir, orif shoirdir. Uning merosidagi qasidalar, g‘azallar, ruboiylar, tarkibband, musammat, qit’a, muxammaslari temuriylar davri badiiy tafakkurini boyitdi. Xoja Ismat Buxoriy temuriylar saroyda nafaqat mudarris, xalq tabobati bilan ham mashg‘ul bo‘lgan. Xalq orasida u o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan tabibi sifatida ham nom qozongan.
Xoja Ismat Buxoriy ma’naviy merosi temuriylar davri tafakkuri mahsuli bo‘lib,            Amir Temurga marsiya, Mirzo Shohruh, Xalil Sulton, Ibrohim Sulton, Amirzoda Boysung‘ur, Shodmulk Og‘o, Mirzo Ulug‘beklarga bag‘ishlab yozilgan qasidalarida, g‘azallari, ruboiylarida saltanat va hukmdor, xalq va adolat, ma’rifat va johillik, iymon va e’tiqod, shariat va axloq, tarbiya va ta’lim masalalarining o‘zaro aloqadorligi o‘ziga xos tarzda ijtimoiy-falsafiy g‘oyalari asosida talqin etilgan. Mutafakkir temuriyzodalar saltanati, jamiyat, xalq hayoti, ijtimoiy munosabatlarning muhim jihatlariga e’tibor qaratgan. Uning fikriga ko‘ra, jamiyat taraqqiyoti ko‘p jihatdan adolatli hukmdorga ham bog‘liqdir. Xoja Ismat Buxoriy Amir Temur vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiyasida hukmdorning naqadar yuksak xislat va fazilatlarga ega bo‘lganini yozish bilan birga adolatli podshoh haqidagi qarashlarini ham bayon qilgan:
Din erdi justujo‘si, shar’iy edi guftugo‘si,
Millatining obro‘si, burxon o‘ldi g‘oyib.
No‘shiravondek odil, ham olim erdi, fozil,
Har ishda aqli komil, farzon o‘ldi g‘oyib.
Davlatda kim Sulaymon, fitratda chun Aflotun,
Hikmatda erdi go‘yo Luqmon o‘ldi g‘oyib.
Ehsonda misli Hotam, shavkatda erdi chun Jam,
Zo‘rlikda ham chu Rustam, pahlavon o‘ldi g‘oyib.
G’ayratda misli arslon, dasht ichra yoki qoplon,
Bahrda nahangu sa’bon, shubon o‘ldi g‘oyib.
Farzandi ahli no‘yon, Tarag‘ay Bahodur o‘g‘lon,
Sayyid Amir Temurxon Ko‘ragon o‘ldi g‘oyib .
     Demak, Amir Temur vafoti juda katta yo‘qotish ekanligidan Xoja Ismat Buxoriy ham qayg‘uga tushadi. Temurning e’tiqod va iymon, dinu diyonatda millatning obro‘si, dalili ekanligi uning mamlakatni islom ahkomlari asosida adolat bilan boshqargani, fitratda Aflotun, hikmatda Luqmon, ehsonda Hotam, g‘ayratda arslon, qoplondek, qudratda Rustam kabi tengsiz pahlavon ekanligini saltanat egasi xuddi shunday sifatlarga loyiq inson bo‘lishi kerak degan, g‘oyaga yo‘l ochadi. Har bir davrda xalq va saltanat o‘rtasida muloqotni amalga oshirish mutafakkir shoirlar, buyuk shayxlar, donishmandlar, bashoratgo‘ylar zimmasiga tushgan. Xoja Ismat Buxoriy ham o‘z davrida temuriylar saroyida yashab, temuriyzodalarga ta’lim bergan, keyinchalik ularga o‘zining maslahatlarini berib davlat ishlarida ishtirok etgan.Ularni ma’rifatli bo‘lishga, zulm va zo‘ravonlikdan tiyilishga, adolatli, insonparvar, saxovatli, mehr-muruvatli bo‘lishga chaqirgan.
     Xoja Ismat Buxoriyning o‘rta asrning murakkab va ziddiyatli davrida Movarounnahr va Xuroson madaniy muhitida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan, temuriylar davri yuksalishlariga munosib hissa qo‘shgan, ikkinchi Renessans davri mutafakkiri, temuriyzodalar ustozi, mudarris, shoir va olim ekanligini tarixiy manbalarga tayanib asoslangan. Islom dini va ta’limoti ustuvor bo‘lgan o‘rta asrning o‘ziga xos muhitida kalom, tasavvuf va falsafa jamiyat ma’naviy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Chunki, ijtimoiy madaniy hayot Movarounnahr va Xuroson xalqlari turmush tarzi, tafakkuri Qur’on va Sunna asosida shakllangan edi. Bahouddin Naqshband ta’limotining “Dil ba Yor, dast ba kor” tamoyili Amir Temur va temuriylar davlatining ijtimoiy-ma’naviy, g‘oyaviy-mafkuraviy negizlari sifatida amal qilar edi. Chunonchi, Amir Temur va temuriyzodalarning shariat va tariqat shayxlariga ehtiromlari, ixloslari baland bo‘lib, ularning maslahatlari va duolarini o‘zlarining muvaffaqiyatlari kafolati deb bilganlar. Saroylariga ilmli, ma’rifatli ulug‘ kishilarni taklif qilganlar. Alixon Jahonbodiy “Nishtari ishq” asarida “Xoja Mas’ud Buxoro akobirlaridan bo‘lgan. Amir Xisrav Dehlaviyga tatabbu’si bor. Sulton Xalil ibn Mironshoh davrida saroyda osuda hayot kechirgan” deb ta’kidlaydi . Amirzodalar ularning diniy, dunyoviy, adabiyot, san’at borasidagi suhbatlaridan bahramand bo‘lganlar. Farzandlarini ularning tarbiyalariga berib, hurmat ko‘rsatganlar. Shular qatorida Xoja Ismat Buxoriy ham temuriyzodalarga mudarrislik qilgan ulug‘ ustoz, mutafakkir shoir sifatida temuriylar saroyida katta nufuzga ega bo‘lganligini ta’kidlanadi.
     Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” va “Mezon ul-avzon” asarlarida Xoja Ismat asarlari va shaxsiyatiga yuqori baho bergan, uning iste’dodi va nodir qobiliyati borligini alohida e’tirof etgan: “Xoja Ismatullo Movarounnahr buzurgzodalaridandur. Zohir ilmin takmil qilg‘ondur. G’oyat xushtab’ligidin o‘zin she’rg‘a mansub qilib, devoni mashhur bo‘ldi... Xojaning qabri Buxoroda o‘z hujrasidadur”. Xondamir “Habib-us-siyar” asarida: 
Tarixi vafoti Xoja Ismat,
Har kas ki shunid guft: “tammat”. 
Ya’ni, Xoja Ismat Buxoriy vafoti abjad hisobi bilan “tammat” hijriy 840 milodiy 1436 yillarga to‘g‘ri kelishi asoslangan. 
Xoja Ismat Buxoriy Amir Temur va temuriylar davrining yirik mutafakkir shoiri, mudarris, Mirzo Ulug‘bek akademiyasi vakillaridan biri ekanligini, zullisonayn shoir, irfoniy-falsafiy g‘azallar, ruboiylar, axloqiy-tarbiyaviy qasidalar yozgan. Ularning hajmi 10000 misradan ortiq bo‘lib, Xoja Ismat Buxoriy nafaqat mutafakkir shoir balki, xalq tabobati bilan shug‘ullangan mashhur tabibdir.
Ismat Buxoriy o‘z zamonasining yetuk qasidago‘y shoiri, tafakkuri keng" Movarounnahr buzrukvorlaridan" edi. Ta’kidlash lozimki, Qasida, ayniqsa , marsiya yozish juda murakkab va nozik masalalardan sanaladi . Zero,  hech bir ijodkor ijozat olmasa yoxud talab etilmasa, o‘z - o‘zidan jur’at etib Amir Temur vafotida marsiya yozishga va sultonlarga bag‘ishlab qasida bitishga botina olmas edi. Xoja Ismat Temuriylar saroyida hurmat - e’tiborga va shon- shuhratga munosib shaxs bo‘lgani uchun ham bunga erishdi va faqat unga Amir Temur vafoti munosabati bilan marsiya yozish uchun ishonch bildirildi. Davlattoh Samarqandiy: " Mavlonoyi muazzam Aloiddin Shamshiykim, ilmi hikmatda zamonasining yaktosi erdi, mashondin Xoja Hasan Attor ... va shuarodin Xoja Ismat Buxoriy bilan Komil Badaxshiy Mirzo Ulug‘bekning sharofatli zamonida maydonga chiqqan olimlar, tariqat mashoyixlari va shuaro jumlasidandurlar", deganda shoirning qasidachilikda mahorati baland ekanligini nazarda tutgandi. Chunki Xoja Ismat qasida ilmni mukammal bilgan va unga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlardan biri sanaladi. Xoja Ismat aksariyat qasidalarida janr talablariga qat’iy rioya qilgan. Uning qasidalari lirik kirish ( nasib) bilan boshlangan. Temuriylar saltanati hukmdorlari Mirzo Ulug‘bek, Xalil Sulton, Boysunqur Mirzo, Shohrux Mirzo, Abdulqosim Bobur, Husayn Boyqaro, Shoh Malik va boshqalarga bag‘ishlangan madhiya ruhidagi qasidalar siyosiy lirika sifatida yuqori o‘ringa ko‘tarilgan. Xoja Ismatning falsafiy - badiiy ijodini shartli ravishda ikki davrga ajratish mumkin :
1 ) saroy bilan bog’liq ijtimoiy - siyosiy davr, bunga bevosita qasidalar va - tasavufiy - orifona g‘azallar misol bo‘ladi ;

2 ) keksalik va faqirlik davri. Bu davrda u ko‘proq zohidlik ruhidagi lirik asarlar yozganlini fahmlash mumkin.
Xoja Ismatning xar ikki davrdagi ijodi ham diqqatga sazovordir. Ijodkorning saroy bilan bog‘liq go‘zal qasida, g’azal va musammatlarida fozil insonning kayfiyatida ruhiy tetiklik va shijoat kuzatiladi. Do‘stlik , go‘zallik, yor vasfi, tabiat va bahor manzaralari, mamduh ( yor ) ning nozik xislatlari ko‘tarmikilik bilan tarannum etiladi. Keksalik davrida zohidning ilohiy ishqi tarannumi, ijtimoiy muammolar girdobida g’arq bo‘lgan omadsiz shaxsning firoqlari kabi mavzular she’riyatning o‘n uch janrida ko‘zga tashlanadi.
Temuriylar davri saroy adabiy muhitida qasidanavislik va qasidago‘ylik ma’rifiy, manaviy va siyosiy targ’ibot o’chog’iga aylandi. Qasidago’ylik va qasidanavislik saroy arkonlari va davlat arboblariga ma’naviy- ruhiy ozuqa va ijtimoiy- siyosiy mushohada yuritishga zamin tayyorladi.
Buyuk mutafakkir shoir Xoja Ismat Buxoriy ma’naviy merosining tahlili shuni ko‘rsatadiki, allomaning ijtimoiy - falsafiy g‘oyalarining mohiyatini sohibqiron, yirik davlat arbobi, yengilmas sarkarda, o‘rta asrlarda eng yirik davlatlardan birining bunyodkori, yetti iqlim hukmdori Amir Temur- Ko’ragon Ibn Amir Tarag’ay Bohodir ( 1336-1105 ) vafotlariga bag’ishlab yozgan marsiyasi va mashhur o’zbek astronomi va matematiki, davlat arbobi, Amir Temurning nevarasi, Movarounnahrning hokimi Mirzo Ulug‘bek ( 1394-1449 ) ga yozgan qasidalari ochib beradi.
Temuriylar saltanati davrida tarixnavislik, me’morchilik, tazkirachilik qatorida qadimiy va an’anaviy sanalgan qasidachilikka talab ortdi. Jomiy o‘zinnig " Silsilat uz - zahob " asarida Ro’dakiy, Unsuriy, Mua’zziy,  Anvariy, Sa’diy, Salmon Savojiy kabi qasidago’ylarning nomini zikr etdi.  Alisher Navoiy ham " Majolis un - nafois" tazkirasida Salmon Savojiyning mahoratiga katta baho beradi. Forsiy va turkiy tildagi g’azal, muammo, qit’a , ruboiy,  ta’rix , muxammas va boshqa janrlar qatorida qirqqa yaqin shoirlar qasidachilikda muvaffaqiyatga erishganliklari qayd qilindi. Ularning yigirmadan ortig‘i "hamd va madh qasidalar", ya’ni Alloh va uning payg’ambarlarini zikr etish bilan mashhur bo‘lgan. Bundan qasidachilik davr talabiga aylanganligi anglashiladi. Xoja Ismatning aksariyat qasidalari temuriyzodalar Xalil Mirzo, Shoxrux va Ulug‘bek madhiga bag‘ishlangan. Qasidalarning asosiy g’oyaviy mazmunida shaxs ibrati kuylanadi. Mirzo Ulug’bek hukmronligi davrida ( 1409-1449 ) Movarounnahrda tinchlik hukmron bo‘lib, ilm - fan, san’at va adabiyot taraqqiy etdi.  Xoja Ismat "Dar borayi Ulug’bek " qasidasida yozadi :
Улуғбек султоне, ки аз ҳайбати боисаш ,
Зару бох амин ҷӯяд , ба ҳар шабихи шери нар .
Чу Сухроту Букрот , басе човушу дарбон,
Чу Хуршеду Чамшидат , басе бандаву чокар .
Зи баҳси ту дар ҳайъат Арасту шуд мулзам ,
Зи нутқи ту дар хикмат шуд ба ў Али махзар
Mazmuni: Ulug’bek shunday sultondirkim, uning haybatidan barcha nafs qullari erkak sherdan qo‘rqqani kabi omonlik tilardilar. U Suqrot va Buqrot kabi xikmat eshiklarini ochuvchi , uning eshigida Xurshid va Jamshiddek buyuk shohlar ham banda va askar bo‘lishga yaraydi . Uning hay’atidan Arastu mulzam bo‘ldi . Uning hikmatli nutqidan Ibn Sino mahzar bo‘ldi .
Mutafakkir - shoir Ulug‘bekii xurshid, ya’ni quyoshga qiyoslab, undan ilmu ziyo nuri taralib turgani va bu nur asrlar osha xalqqa yog’du sochishini aytib, uni Firdavsiyning "Shohnoma" sidagi shoh Jamshidga qiyoslaydi. Mubolag’aviy tashbehlarda uning aql - zakovatini Arastudan ustun qo‘yadi. Donishmandlikda uni Abu Ali Ibn Sino bilan tenglashtiradi. Muallif : " Ulug‘bekning hikmatli nutqi olam uzra eshitilsa, go‘yo Ibn Sino hoziru nozir bo’lar edi , " - deb uni ta’riflaydi.
Xoja Ismat Buxoriy dunyoqarashi bir jihatdan islomiy ta’limot, ya’ni tasavvufga tayanadi. Ma’lumki, tasavvuf tariqatlar vositasida insonlarda Payg‘ambarimiz amal qilgan axloqni tarbiyalab bosqichma-bosqich oliy kamolot darajasiga yetkazadi. E’tiqod, iymon, ibodat insonni ruhan poklaydi, qalbiga va ruhiga osoyishtalik baxsh etadi. Tariqatga kirmasdanoq, shariat talablarini bajargan inson ma’naviyati yetuk shaxs bo‘lib shakllanishi mumkin. Yuksak insoniy sifatlarga ega bo‘lgan odam, Allohning sifatlarini chuqurroq idrok etish, anglash va unga yetishish uchun tasavvuf tariqatiga kirishi lozim bo‘lgan. Jamiyatda komil inson tarbiyasida so‘fiylar iymonsizlikka, muqaddas ma’naviyatimizga hurmatsiz-likka, inson dilining ranjishiga, umuman, jamiki adolatsizlikka qarshi kurashuvchi targ‘ibotchilar bo‘lgan, desak mubolag’a bo’lmaydi. Jumladan, ulug’ shoir Xoja Ismat Buxoriyning o‘z davri uchun ilgari surgan axloqiy qarashlari hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligini ta’kidlash lozim. Shoirning, ayniqsa,  tasavvufiy-falsafiy qarashlari o‘zining peshqadam g‘oyalari bilan ajralib turadi. Bir so‘z bilan aytganda, u Allohni inson qalbida, deb anglaydi. Bu Bahouddin Naqshbandning falsafiy ta’limotidagi tasavvufiy qarashlari bilan hamohangdir. Fikrimizning isboti sifatida  mutasavvif shoirning quyidagi she’rlarini tahlilga tortamiz:
Hijron nakashed, badii g‘ami vacl chi doned,
To dard nabined, davoro nashinosed.
Ey ahli ibodat, hama dar ishq nako‘shed,
Gar sajdayu cathi xudoro nashinosed.
Anglashilmoqdaki, Allohni tanimoq uchun banda unga intilishi, bu yo‘lda hijron-u azoblar, o’ziga xos riyozat amallariga tayyor turishi lozim. Mutasavvif shoir fikricha, yuzaki va soxta ibodat chinakam iymon-e’tiqod hicoblanmaydi. Allohni bilish va tanish uchun uning ma’rifatini  bilish, anglash zaruratdir. Shuningdek, alloma “ilmi nazar” iborasi orqali Naqshbandiya ta’limotining rashhalaridan biriga e’tiborni qaratganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ya’ni solik o‘z maqsadi yo‘lida qadam bosar ekan, uning e’tiboridan olamning mutlaq mo‘jizasi chetda qolmasligi lozim.
Tasavvufiy mazmunda uchraydigan asosiy holatlardan biri botiniy ma’noda yor timsolida Allohni ko‘rishdir. Unga shunday sifatlar beriladi: yorning qoshlari gajjak, ular tutashgan joy – mehrob. Islomiy udumlardan ayonki, masjiddagi toat-u ibodat qiblaga – mehrobga qarab amalga oshiriladi. Mutasavvif shoir ana o‘sha tasavvufiy mazmunga ishora qilish orqali misralarning faqatgina zohiriy jihatlariga emas, balki botiniy ma’nolariga urg‘u berishga erishgan. Buning uchun mehrob timsolidan mohirona foydalaganini ayonlashadi. Namozu ibodatdan nazarda tutiladigan tayanch maqsad, Alloh vasliga vosil bo‘lish ekanligi nozik ishoralarda o’z aksini topgan. Shu asnoda majoziy va haqiqiy ishq yonma-yon qo‘yiladi. Majoziylikning sidqu sadoqat tufayli haqiqiy ishq maqomiga ko‘tarilishi muqarrarligiga urg’u beriladi.
Xoja Ismat ijodida jamiyat osoyishtaligi bilan bog’liq mulohazalar ham muhim o’rin egallaydi:
Murodi odami az zindagi hact xotirja’mi,
Agar chunun nabud zindagiba chikor oyad?2
Mazkur baytda inson tabiatning gultoji ekanligi, tiriklik chog‘ida xotirjam, osoyishta yashamog‘i lozimligi, mavjudotdagi ne’matlardan bahramand bo‘lishi kerakligi uqtirilgan. Shuning barobarida,  inson o‘z haddini bilmog‘i, tabiat ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmog‘i zarur. Ayni choqda, uning umri mazmunsiz o‘tadi. Mutafakkir shoirning bunday oliyjanob qarashlari bugun uchun ham ahamiyatli sanaladi.
Mutafakkir shoirning yuqorida tahlilga tortilgan misralaridagi umumbashariy g‘oyalar uning quyidagi she’rida mantiqan davom ettirilgan:
Fig‘on ohicta kun Ismat shabi hajr,
Ki shahr az g‘ucca barham zad, jahon ham
Tarjimasi:   Hijron kechasi fig‘oningni pastroq qil, Ismat,
Yo‘qsa samo ham ko‘rinmay qoladi.
Mumtoz badiiy ifodalarda berilgan ma’shuqa hijronidan oshiqning fig‘oni falakka o‘rmalashi an’anaviy tasvir hisoblanadi. Ma’lum ma’noda an’anaviylikni davom ettirgan shoir o’ziga xos novatorlikni ham namoyon etadi. Ya’ni Oshiq fig’onining zarbidan “samo ham ko’rinmay qoladi”. Bu kabi o’ziga xos ifodada muallif mubolag’a san’atidan o’rinli foydalangan. Oshiqu ma’shuqa o‘rtasidagi ishq tug’yonlariga bog’liq bo’lgan ayni fikrlar chuqur ijtimoiy-siyosiy tagma’noga ham egadir. Xoja Ismat yashagan zamondagi tarixiy-siyosiy voqealar qiyosida o‘rganilsa, ularning tub mohiyati ravshan bo‘lib qoladi yoki mutasavvif shoir toju taxt, mol-u mulk uchun olib borilgan maqsadsiz kurashlar jamiyatdagi go‘zallikni yo‘qqa chiqaradi, degan fikrni o‘rtaga qo‘ygan, deb ham hisoblash mumkin.
Allomaning ijtimoiy-falsafiy, axloqiy qarashlariga nazar tashlar ekanmiz, ayniqsa, insonning sabr-qanoatli bo‘lishi ulug‘langanligining guvohi ham bo‘lish mumkin. Xoja Ismat ijodiyotidagi qit’a janriga mansub bo‘lgan she’rda insonlar uchun buyuk bir fazilat hisoblangan sabr-qanoat yuksak darajada badiiy ifodalangan.
Agar poktab’ivu pokizaroy,
Tavakko‘ba dargohi dunon mabor.
Tarjimasi:
Gar pokta’b san-u pokiza dilsan,
Nopoklar dargohin orzu aylama.
Xushsurat, pokiza, fikru mulohazasi puxta inson hech qachon past, nopoklar bilan hamjihat bo‘la olmaydi. Razil insonlar molidan xomtama bo‘lmasdan, ulardan hech nima talab qilmay sabr-bardoshli, qanoatli bo‘ladi. Qanoat – bu inson ma’naviyati xazinasidagi noyob va qimmatbaho gavhar bo‘lib, u kishini poklikka chorlaydi. Har bir fazilat sabr va qanoatga muhtojdir. Masalan, shijoat nafs xohishlariga sabr-qanoat qilishdir. Iffat esa shahvatlarga sabr qilishdir. Halimlik esa jahlni chiqaruvchi ko‘pgina illatlarga sabr qilishdir. Shuningdek, inson dunyoning hoy-u havas va boyliklariga uchmay ogoh bo‘lib yashashi darkorligi ta’kidlangan.
Xondamir “Habib-us-siyar” asarida zabardast adiblar jumlasida Xoja Ismat haqida, xususan, uning vafoti haqida alohida ma’lumot bergan:
Tarixi vafoti Xoja Ismat,
Har kas ki shunid guft: «tammat»
Muallif “tammat” so‘zi abjad hisobi bilan hijriy 840 (milodiy 1436) yilga to‘g‘ri kelishini” ta’kidlaydi. 
 Temuriylar tarixnavisi maqomiga sazovor bo‘lgan Ibn Arabshoh «Ajoyibul maqrur” asarida “Xoja Ismatiddin amirzoda (Xalil Sulton) yonida turib, unga adab fani sirlarini o‘rgatardi va shu tavrda uning hurmat-e’tiborini qozonardi. Ammo Xalil Mirzoning Samarqanddagi farmonravonligi juda qisqa bo‘ldi, bir oz vaqt o‘tmay, o‘z amirlari tarafidan Shohruh qal’asida zindonband etildi. Bu voqea Xalil Sulton yonida turgan Xoja Ismatni mushkul ahvolga solib qo‘ydi va o‘z jonini saqlab qolish uchun nochorlikdan Samarqandni tashlab, ikki yilga yaqin muddat ichida ovorayu sargardonlikda, boshqa bir valine’mat uni saroyga taklif etguniga qadar qochib yurdi.
Xoja Ismat Buxoriy temuriylar davrida Markaziy Osiyo jahon tamadduni uchun munosib ulush qo‘shgan bir davrda yashab ijod qildi. Bu davrda jahon madaniyati rivojiga yuksak hissa qo‘shgan Lutfiy, Atoyi, Gadoiy, Sakkokiy, Abdurahmon Jomiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Behzod, Sultonali Mashhadiy, Mirzo Bobur, Davlatshoh Samarqandiy, Ibn Arabshoh, Xondamir kabi buyuk namoyandalar dunyoga keldi. U ana shu ijodkorlar yashagan yurtning vakilidir. Temuriylar saroyining mudarrisi, fozil inson Xoja Ismat Buxoriyning ijtimoiy-falsafiy va tasavvufiy qarashlari hozirgacha o’z ahamiyatini yo’qotgan emas.
 



Ismat Buxoriy Adibimizga tegishli asarlarimiz

Monografiya

Ismat Buxoriy

Ilm fan bo`limi

Ismat Buxoriy

ILM SARCHASHMALARI

Ismat Buxoriy