Ibrohim Haqqul – filologiya fanlari doktori, professor, “Mehnat faxriysi” II darajali koʻkrak nishoni sohibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, oʻzbek adabiyotshunosligining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan va oʻzbek adabiyoti namunalarini yangicha tahlil va talqinda tadqiq etgan olim. Taniqli adabiyotshunos 1949-yil 28-martda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tugʻilgan. 1966-1970-yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil oldi.
Ibrohim Haqqul “Oʻzbek xalq maqollari” (1978)ning tuzuvchilaridan biri. 1976-yili “Oʻzbek adabiyotida ruboiy” mavzusida nomzodlik, 1995-yili “Oʻzbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Dastlab uning “Oʻzbek adabiyotida ruboiy” (1981), “Uvaysiy she’riyati” (1982), “Badiiy soʻz shukuhi” (1987) kitoblari nashr etilgan boʻlsa, keyin “Zanjirband sher qoshida” (1989), “She’riyat – ruhiy munosabat” (1989), “Abadiyat farzandlari” (1990), “Tasavvuf va she’riyat” (1991), “Kamol et kasbkim...” (1991), “Gʻazal sogʻinchi” (1991) kabi kitoblari bosilib chiqqan. Ibrohim Haqqul ilk tadqiqotlaridanoq adabiyotning haqiqiy majnuni, sodiq jangchisi va vijdoni oʻlaroq gavdalandi hamda tan olindi. Abdulhamid Choʻlponning “Bahorni sogʻindim” (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar” (1991) majmuasini, shogirdi Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda “Boqirgʻon kitobi” (1991), “Me’rojnoma” (1995) kabi uzoq muddat nashr etilmay kelingan asarlarni oʻquvchilarga yetkazilishi buni toʻlaqonli tasdiqladi.
Ibrohim Haqqul “Ahmad Yassaviy”, “Kim nimaga tayanadi?”, “E’tiqod va ijod”, “Tasavvuf saboqlari”, “Taqdir va tafakkur”, “Ijod iqlimi”, “Mushohada yogʻdusi”, “Meros va mohiyat”, “Soʻzdagi oʻzlik”, “Shaxsiyat va she’riyat”, “Talant – jasorat javhari”, “Mushohada yogʻdusi – 2” “Hayot, adabiyot va abadiyat” deb nomlangan risola va kitoblarini chop ettirdi. Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Vilyam Shekspir, Yunus Emroday daho san’atkorlarning, shuningdek, tasavvufshunos olim Abdurahmon Goʻzalning “Yassaviy Faqrnomasi” nomli oʻzbek tiliga oʻgirilgan kitoblarga salmoqli soʻzboshi va soʻngsoʻzlar yozdi. Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”sidan tanlangan shohbaytlarning alohida kitob holida chiqarilganligi ham e’tiborga molikdir.
Professor Ibrohim Haqqul ham mumtoz, ham muosir, shuningdek, jahon adabiyoti namunalarini tadqiq eta oladigan olimlardan. I.Haqqul ijodisiz adabiyot va adabiyoshunoslik muvaffaqiyatlarini tasavvur etish qiyin. Xususan, ruhshunoslik hisoblangan mumtoz adabiyotimizdagi gʻoya, obraz, ramz va timsollar olamiga safar “Tasavvuf va she’riyat” bilan boshlangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Va aytish mumkinki, undan keyingi aksar tadqiqotlarda mana shu insonshunoslik, mohiyatbinlik, fano va baqo falsafasi nuqtai nazaridan talqinlar paydo boʻldi va hanuz davom etmoqda. Tasavvufshunos olim Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ijodkorlarimiz asarlari misolida tasavvufning turli jihatlariga e’tibor qaratdi, mazkur ijodkorlar shaxsiyati va ijodi tadqiqotidagi aniqlik qolgan barcha ijodkorlarimiz adabiy merosi haqida ham yorqin tasavvur uygʻotdi. I.Haqqul adabiyotshunoslikdagi tadqiq etilishi zarur boʻlgan masalalarga qoʻl uradiki, buning natijasida hatto kichik maqolalaridagi tezislardan ham juda katta tadqiqotlar yaratildi.
Haqiqiy adabiyot – bu Din va Tarixni, Ilohiylik va Insoniylikni bagʻriga yashirgan san’atdir. I.Haqqulning dinshunosligi va tarixshunosligi yetuk adabiyotshunos boʻlishining tub zaminlaridandir. Ruhshunos olim uchun Oʻrta Osiyodagi mashhur tariqatlar – yassaviya, kubraviya va naqshbandiyaning mushtarak va oʻziga xos ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda ularning ta’siri keng yoyilishida adabiyotning oʻrni eng dolzarb masalalardan boʻlgan. I.Haqqulning tasavvufga boʻlgan muhabbati, tinimsiz mashaqqatl iizlanishlari oʻlaroq turk soʻfiy adabiyotining asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy hayoti va ijodi keng tadqiq etildi va millatning buyuk tarbiyachisi hikmatlari yassaviyxonliklarni sogʻingan xalqimizga qaytarildi. Shuningdek, Najmiddin Kubroning uch risolasini jamlagan “Tasavvufiy hayot” kitobining ham tarjima qilinishi (Aziza Bektosh hamkorligida) adabiyotshunosligimizning ulkan yutuqlaridandir. Istiqloldan soʻng tasavvufga oid asarlar birmuncha tarjima qilindi. Ammo “Tasavvufiy hayot” risolasining tarjimasida haqiqatan soʻzni qurol etgan adabiyotning hol, tuygʻular musavviri ekanligiga iqror boʻlasiz. Asarning har bir jumlasida adabiyotshunos mutarjimning ruhi, mahorati sezilib turadi. Mazkur kitob tasavvufiy adabiyotni tushunish va uni tadqiq etish uchun bir dasturul amal ekanligi esa alohida tahsinga loyiq.
Ibrohim Haqqul yassaviyshunos, boburshunos, ogahiyshunos, choʻlponshunos. Bu qatorni yana davom ettirish mumkinligi ham olim muhiblari va shogirdlarining koʻpligiga sabab boʻlgan. Ammo Ibrohim Haqqul nomi zikr etilganda, avvalo, navoiyshunos degan e’tirof keladi. Darhaqiqat, Ibrohim Haqqul nafaqat turkiy, balki jahon adabiyotining eng mahobatli qasrlariga safar etadi. Biroq qaytadigan manzilu makoni aniq – bu Alisher Navoiydir. Shoirning bir necha asarlarini matnshunos sifatida qayta nashrga tayyorladi. Uning Navoiy ijodi va hayotiga bagʻishlangan tadqiqotlarining mavzu koʻlamini sanashning oʻziyoq ulkan tadqiqotni talab etadi. Jumladan, “Navoiyga qaytish” nomi bilan 4 kitob (“Navoiyga qaytish” (Toshkent: “Fan”, 2010), “Navoiyga qaytish – 2” (Toshkent: “Fan”, 2011), “Navoiyga qaytish – 3” (Toshkent: “Тафаккур”, 2016), “Navoiyga qaytish – 4” (Toshkent: “Таfakkur”, 2020)ning nashr etilishi navoiyshunoslikda alohida hodisa sanaladi. Adabiyotshunoslikda ilmiy-irfoniy bir til va ma’rifiy bir uslub yaratgan olim tadqiqotlari bilan navoiyshunoslik yangi bir oʻzanga kirdi. Bir soʻz bilan aytganda, Ibrohim Haqqul mutafakkir va mutasavvif Navoiy hayot yoʻli hamda ijodiy merosini qanday mezonlarda tahlil va talqin qilish lozimligini belgilab berdi. Uning, deyarli, barcha maqolalari navoiyshunoslikda yangilik sifatida qabul qilindi. Navoiyshunosning biror maqolasi boshqasini takrorlamaydi. Turkiy millatning eng buyuk murabbiyi Navoiy saboqlaridan butun insoniyat bahra olishini istagan ustoz Ibrohim Haqqul rahbarligida amalga oshirilgan oʻnlab ilmiy tadqiqotlar ham bevosita Navoiy hayoti va ijodi bilan bogʻliq. Nafaqat shogirdlar, balki koʻplab navoiyshunoslar izlanishlari olim maqolalari ta’sirida dunyoga kelgan. Bugun bemalol aytish mumkin, Ibrohim Haqqul navoiyshunoslikda oʻziga xos maktab yaratdi.
Ibrohim Haqqul oʻzining ilmiy-tashkiliy faoliyatini hamisha jamoatchilik ishlari bilan qoʻshib olib bordi. U bir necha yil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi ekspert kengashi a’zosi va raisi boʻlib ishladi. OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti qoshidagi fan doktori ilmiy darajasi olish uchun dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha Ixtisoslashgan kengash a’zosi. “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Tafakkur”, “Naqshbandiya” respublika hamda “Alisher Navoiy” xalqaro jurnallari tahrir hay’atlari a’zosi sifatida faoliyat olib bordi.
U adabiy jarayonga faol qatnashib, 1000 dan ortiq maqola va adabiy suhbatlar e’lon qildi, 50 ga yaqin monografiya va risolalar yozdi, turli davrlarda adabiyotga, ayniqsa, mumtoz adabiyot vakillari ijodiyotiga bagʻishlab oʻtkaziladigan ilmiy anjuman va konferensiyalarning doimiy ishtirokchilaridandir.
Uning ayrim maqola va kitoblari turk, uygʻur, ozarbayjon, tojik va rus tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Adabiyotshunos 1990-2022-yillar mobaynida Yevropa va MDH davlatlari ilmiy jurnallari hamda ilmiy-nazariy anjumanlarida oʻzining chuqur tahliliy ma’ruzalarida ilmiy maqola va ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ma’lumki, I.Haqqul yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash hamda ilmiy kengashlar ishlarini tashkil etishda faol ishtirok etgan, uning bevosita ilmiy rahbarligida 6 nafar fan doktori, 9 nafar fan nomzodi hamda 20 nafar filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) tayyorlangan. U uzoq yillar OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Mumtoz adabiyot tarixi boʻlimi mudiri, mazkur institut huzuridagi Ixtisoslashtirilgan kengash a’zosi, rais oʻrinbosari, ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat olib bordi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 2022-yil 28-iyun kuni 73 yoshida vafot etdi.