HASANXO‘JA NISORIY
(1516 -1597)
Hasanxoja Nisoriy 1516-yili Buxoroda taniqli o‘zbek shoiri va davlat arbobi Podshohxoja bin Abdulvahhobxoja ( Xoja ) oilasida dunyoga keladi. Hasanxoja boshlang‘ich ta’limni otasi qoshida va Buxoro madrasalarida oladi. U riyoziyot, handasa fanlari qatori tibbiyot, musiqa sohalarini ham puxta egallashga kirishadi, ayniqsa, otasidan aruz sirlarini yaxshi o‘zlashtiradi hamda yosh iste’dodli shoir sifatida taniladi. 1533-1543- yillari otasi Balxda shayxulislom payti Nisoriy ham shu shaharda yashab, Kamoliddin Qo‘noq madrasasida handasa fanidan dars beradi, 1545 -1550- yillari esa davlat ishlariga jalb etilib, Buxoroda Abdulazizxon , 1550 -1554-yillari Miyonkol hokimlari Rustam sulton va 1554-1566-yillar orasida Abdulquddus sulton huzurida sadrlik lavozimini boshqaradi. Shundan so‘ng umrining oxirigacha Buxoroda yashab, maktabdorlik bilan shug‘ullanadi. She’riyatda ham kamolotga erishgan Nisoriy Iskandar sulton ( v . 1581 ) va Abdulloxon II ( bosh xonl. 1581-1598) davrining «Malik ush- shuaro» si unvoniga ham sazovor bo‘ladi. Uning shoirlikdagi shuhrati Hin- diston , Qobul , Qoshg‘ar o‘lkalari adab ahli orasida ham ma’lum bo‘lib, Akbar podshoh saroyining «Malik ush - shuaro» si Kamoliddin Fayziy Dakaniy singari shoirlar Nisoriy bilan ijodiy do‘stlik aloqalarini o‘rnatadilar.
Nisoriy she’riyat sohasida Mutribiy, Fitratiy, Davoiy, Hajriy, Sho‘xiy, Shohid kabi o‘nlab iste’dodli shogirdlar ham yetishtiradi. Mutribiyning yozishicha, saxiy ustozi o‘ziga taxallusni «bor- yo‘g‘im do‘stlarga nisor bo‘lsin» degan mazmunda tanlagan ekan. Hasanxoja Nisoriy 1003 hijriy ( 1597 ) yili vafot etadi va Bahouddin Naqshbandiy maqbarasi yoniga dafn qilinadi.
Nisoriyning o‘zbekcha va forscha she’rlaridan iborat devon tartib ber- gani ma’lum bo‘lsa-da, hozircha topilgan emas, shu sababli merosidan qo‘limizda juda oz hajmdagi namunalargina mavjud. Ular asosan “Muzakkiri ahbob” va Alouddavla Qazziniyning “Nafois ul - maosir” ( 1560-1589 ), Badriddin Kashmiriyning “Ravzat ur – rizvon” ( 1589 ), Darveshali Changiyning “Risolai musiqa “ ( 1572-1604 ) va Mutribiyning “Tazkirat ush- shuaro asarlarida yetib kelgan bir nechta g‘azal, ruboiy va “Bahoriyot” qasidasi hamda "Muzakkiri ahbob" (1566) tazkirasi yetib kelgan.
"Muzakkiri ahbob" tazkiirasi maqola, 4 bob va xotimadan iborat. Maqola qismi temuriylar va shayboniylar hamda boburiylardan yetishib chiqqan shoirlarga bag‘ishlangan. 4 bobi Movarounnaxr, Xuroson, Sharqiy Turkiston, Turkiya, Ozarbayjon va Hindistonda yashagan shoirlar ijodi haqida. Xotima qismida esa muallifning she’r yozgan ota-bobolari va yaqin qarindosh-urug‘lari to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Asarda jami 288 shoir va adib haqida ma’lumot berilgan. Asarning dunyo qo‘lyozma xazinalarida 14 nusxasi mavjud. O‘zbek tiliga Ismoil Bekjon tarjima qilgan (1993). Qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №4282, 1438, 4374, 7760).