FITRAT VARDONZEHIY
(vafoti 1888 y.)
Mullo Qurbon Fitrat Vardonzehiy Buxoriy XІX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan taniqli shoir. U umrining oxirlarida Buxoro xonligi tumanlarining birida qozilik mansabini egallagan.
Mavjud manbalarda uning nomi turlicha qayd qilingan. Tazkiranavis Muhtaram “Tazkirat ush-shuaro” asarida Qozi Qurbonxon Fitrat desa[1], Sadr Ziyo “Navodiri Ziyoiya” asarida Mullo Qurbon Fitrat tarzida yozib, qozilik amalida ishlaganiga ishora qila turib, “husnu jamolda, fazlu kamolda betimsol, tengsiz shoir, muammo yechishda yagona” bo‘lganligini qayd etadi[2]. Ustod Sadriddin Ayniy esa “Namunahoi adabiyoti tojik” antologiyasida uning ismini Qozi Qurbonxon Fitrati Vardonzehiy tarzida yozib, vafoti hijriy 1305 (1887/88) yilda voqe bo‘lganini qayd etadi[3]. Shoirning asl nomi Qurbon bo‘lib, “mullo”, “qozi” nisbasi – shu amallarda ishlab, e’tibor qozonganini anglatsa, “Fitrat” adabiy taxallusidir. Bu haqda Sadr Ziyo “Fitrat – mullo Qurboni Buxoriyning taxallusidir”[4], -deb yozadi.
Shoirning devoni g‘azal, muxammas, ruboiylardan iborat. Fitrat Vardonzehiy 1888 yilda vafot etgan.
[1] Муҳтарам. Тазкират уш-шуаро. Душанбе: “Дониш” 1976, 289-б.
[2] Садр Зиё. Наводири Зиёия. Душанбе: “Адиб”, 1991, 44-б.
[3] Садриддин Айний. Намунаҳои адабиёти тожик. 1926, 440-446-б.
*Мақола филология фанлари номзоди Ҳ.Сафарова билан ҳамкорликда ёзилган.
[4] Садри Зиё. Ўша асар, 38-39-б.