BUXORO DAVLAT MUZEY-QO‘RIQXONASI
O‘zlikni anglash, ota-bobolarimiz ma’naviy merosi, madaniyatimiz tarixi, diniy va dunyoviy tafakkur evolutsiyasini chuqur o‘rganish zaruratga aylanib borayotgan hozirgi davrda ushbu ma’naviy ehtiyojni qondiruvchi vosita sifatida namoyon bo‘layotgan qo‘lyozmalar va ular saqlanadigan xazinalarning ahamiyati beqiyos. Shunday xazinalaridan biri Buxoro davlat muzeyining Arab yozuvidagi qo‘lyozmalar bo‘limi (fondi) hisoblanadi. Buxoro davlat muzeyining mazkur bo‘limida VIII - XX asrlarga oid 6000 ga yaqin qo‘lyozma kitoblar, tarixiy hujjatlar va xattotlik namunalari hamda XIX-XX asrlarda Afg‘oniston, Eron, Rusiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Yaman, Qatar, Quvayt, Pokiston va Hindiston kabi jahon mamlakatlarining 90 dan ortiq taniqli matbaalarida, shuningdek, yurtimizning Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Xorazm kabi shaharlari matbaalarida chop etilgan 1000 dan ortiq arab, fors va turkiy tillardagi toshbosma kitoblar saqlanadi. Mazkur xazinadagi yozma manbalar Movarounnahr va Xuroson xattotlari tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, ular orasida Buxoroda ko‘chirilganlari ham alohida o‘rin egallaydi. Sohani rivojlantirish maqsadida chiqarilgan hukumat qarorlari qadimiy yozma meros namunalarini saqlash, asrash va o‘rganishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar yig‘indisi sanaladi. 2017-yil 24-maydagi PQ 2995-son “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 2022-yildagi PQ-126-son “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qarorlari chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” shular jumlasidandir. Mazkur qarorlarda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi jahon ilm-fani rivojiga katta hissa ko‘shgan muqaddas diyorimizning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlashga, boy yozma merosimizni saqlash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish ishlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Axtam Axmedov