Abduxoliq Gʻijduvoniy
Xoja Abdulxoliq 1106-yil 24-martda Buxoroning G’iduvon shahrida tavallud topgan. Gʻijduvoniy diniy ilmni Buxoroda olgan. O’z davrining mashhur olimi alloma Sadriddinning shogirdi boʻlgan. Abdulxoliq Gʻijduvoniyning ustozi Yusuf Hamadoniy boʻlgan.
Abdulxoliq tariqatining oʻziga xos xususiyati yashirin zikr bo’lib, bu yoʻlga kirganlarning maʼnaviy oʻzgarishining asosi sanalgan. U o’z tariqatida oʻn bir tamoyilini ilgari surgan. Gʻijduvoniy oʻz tariqat g’oyalarini Xorazm va Xurosonga ham yoygan.
Manbalarda yozilishicha, u baland boʻyli, oq tanli, chehrasi chiroyli, qora qoshli edi. Uning boshi katta edi. Koʻkrak va yelkalari keng, oʻzi esa katta tanali boʻlgan.
Rivoyatlarga koʻra, Xoja Abdulxoliq Xizr bilan uchrashgan. Xizr ham otasining ustozi edi. Xizr Abdulxoliqni ruhiy oʻgʻil sifatida qabul qilib, unga „vukuf adedi“ (zikr sanash zarurati) va „yashirin zikr”ni oʻrgatadi. Xoja Abdulxoliq vafotidan keyin bu zikr turi Xojigan tariqati tarafdorlari tomonidan yana ma’lum muddat unutildi, ammo Abdulxoliqning uvaysiy muridi boʻlgan Bahouvuddin Naqshband tomonidan qayta tiklangan.
Shuningdek, Xizr Gʻijduvoniyga yashirin zikrdan tashqari tavhid zikri — „nafi va isbat“ (inkor va tasdiq)ni ham oʻrgatgani aytiladi.
Gʻijduvoniyning piri Hamadoniy bilan tanishishi ham Xizr sharofati bilan yuz bergan. Hayotligidayoq u haqidagi yaxshi xabar va shuhratlar Islom xalifaligining barcha hududlariga tarqalgan. Minglab odamlar uni koʻrish va eshitish uchun kelishgan.
Abdulxoliq Gʻijduvoniy hayoti haqida toʻliq maʼlumot yoʻq, uning oʻlimi haqida ham mukammal maʼlumot kam. Ayrim manbalarda uning 1179, 1189 yoki 1220 yillarda vafot etgani qayd etilgan. Ammo uning shayxi 80 yilga yaqin yashab, 1140-yilda Gʻijduvoniy 20 yoshligida vafot etganidan kelib chiqib, uning oʻlim sanasini 1199-yil deb atash mumkin. Gʻijduvoniyning qabri Buxorodan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Gʻijduvon shahrida joylashgan.
Gʻijduvoniydan tariqatning 11 asosi bo’lgan. U tariqatning asosiy tamoyillari sifatida ilgari surgan „oʻn bir asos“ tasavvufning barcha birlamchi manbalariga kiritilgan.
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari tariqat piri, muridlar tarbiyachisi bo‘lish bilan bir qatorda, «Vasoyo» («Vasiyatnoma», «Odobi tariqat», «Haqoyiq ul-iymon», «Daqoyiq ul irfon» degan nomlar bilan ham ataladi), «Maqomoti Yusuf Hamadoniy», «Az guftori Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy» kabi asarlar muallifi hamdir. Lekin avliyo shoirning badiiy ijod namunalari bizgacha deyarli yetib kelmagan. Adabiyotshunos olim Ergash Ochilov turli manbalardan uning 25 ta ruboiysini topib, o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ular musulmon Sharqida mashhur tariqat shayxining she’riy salohiyati ham yuksakligi, mana men degan so‘z san’atkorlari muqobiliga qo‘yadigan ruboiylar yaratganligini ko‘rsatadi.
Ruboiylar
1
Gar bir kishidan dilda shikoyat bo‘lgay,
Dil og‘rig‘i undan benihoyat bo‘lgay,
Hech o‘ylama intiqom olishni, chunki
Yomonga yomonligi kifoyat bo‘lgay.
2
Dunyo g‘amidan har kishi xoli bo‘lgay,
Unga bu jahon zarra misoli bo‘lgay.
Haq berganini xalqqa ato aylasa kim,
Olam elining sohibkamoli bo‘lgay.
3
Poklashga agar dilingni mashg‘ul bo‘lasan,
Odobu muomalada ma’qul bo‘lasan.
Boq yaxshi-yomonga rahmat ko‘zi bilan,
Haq nazdida shoyad eng suyuk qul bo‘lasan!
4
Insonga go‘zal xulqi emish husnu jamol,
Topgay u go‘zal xulqi bilan fazlu kamol.
Haq rahmatiga agar yetishmoq tilasang,
Sharti shuki: xulqingni mukammal qila qol!
5
Haq tolibi, Haq tomonga yuzlan mudom,
Ilm izla safo yo‘lida, izlan mudom.
Bo‘lmoq tilasang agar ma’rifat sohibi,
Haq taqdiriga ko‘nu azizlan mudom.
6
Xohlar bo‘lsang, Haq o‘zi yoring bo‘lgay,
Har ranju g‘amingda g‘amgusoring bo‘lgay,
Haq farmonidan tashqari hech qo‘yma qadam,
Haq lutf ila shoyad madadkoring bo‘lgay!
7
Ollohga bashar qismati boshdan ma’lum,
Rizq ustida fikr etma, bu fikring – mavhum.
Rizq izlab chopma to buyurmay qismat,
Rizq asli azaldan qilingan taqsim.
8
Yop aybu gunohini har odamini,
Dunyo g‘amini o‘ylama, chek dil g‘amini.
Olloh rizosi talabida bo‘lsang,
Qo‘y dardiga xalqni yaxshi xulq malhamini.
9
Ochmay sira og‘zingni kula olsang soz!
Ko‘zsiz yana dunyoni ko‘ra olsang soz!
O‘ltir-da, safar ayla, oyoq zahmatisiz –
Yer kurrasini agar keza olsang soz!
10
Ey pok so‘fiy, qilsang agar mayli samo’,
Bil, keltiradi samo’ nifoq birla nizo.
Bas, pok bo‘layin, desang, samo’ni tark et,
Yoinki, diling hayotiga ayla vido.
11
Mayl etma samo’ga, qilmagin ham inkor,
Sen tanla shu yo‘lni, bo‘lsa ko‘ngling bedor.
Nafsing hali o‘lmay, seni qilsa bezor,
Qil ro‘za-namoz, boshqasidan kech zinhor.
12
Biz do‘stga muborakmizu dushmanga-chi – shum,
Jang chog‘ida temirmizu sulh onida mum.
G‘ijduvon tog‘i etagi bizga makon,
Lek hukmimiz ostida erur hattoki Rum.
13
Tokaygacha ishqingda, sanam, g‘am chekaman?
Tog‘dek bu ulug‘ g‘amni damodam chekaman?
Dil olguchi gar sensanu dil berguchi – men,
Yuz g‘am chekaman ko‘yingda, ming g‘am chekaman!
14
Bir yorki, uning nomidan ishq yog‘iladi,
Har nomayu payg‘omidan ishq yog‘iladi.
Kim ko‘chasidan o‘tsa – u oshiq bo‘ladi,
Go‘yo eshigu tomidan ishq yog‘iladi.
15
Umringki, o‘tar ekan, muruvvat ayla,
Qo‘lingki, tutar ekan, saxovat ayla.
O‘z hosilini o‘zi o‘rar har kimsa,
Bas, parvarishi uchun riyozat ayla.
16
Ey bahri ulumga yot, makoni – sohil,
Bahr ichra farog‘at, sohil – dushmani dil.
Har ikki jahonni(ng) mavjidan mast o‘lma,
Har ikki nafasda qolma bahrdan g‘ofil.
17
Bir lahza tilim tin olmasin shukringdan,
Bir lahza dilim to‘xtamasin fikringdan.
Har uzvi quloqqa aylanar jismimning
Har qayda so‘z ochsalar sening zikringdan.
18
Zikr yetsa ko‘ngilga, u tamom dard bo‘lgay,
Ul zikr tufayli mardlar fard bo‘lgay.
Otashda agarchi xosiyat ko‘p, ammo
Ko‘nglingda sening ikki jahon sard bo‘lgay.
19
Bu jilvayu nozki, u dilafro‘z qilgay,
Oshiq balodan ne xilda parhez qilgay?
Gar ta’na yeli etsa qulog‘imni batang,
Ko‘nglimdagi ishq otashini tez qilgay.
20
Darvesh darayu tog‘ aro manzil tutadi,
Har lahza bu joydan sheru yo‘lbars o‘tadi.
Bor safda ulug‘ piru sara mardlarimiz,
Kim bizga g‘animdir − uni o‘lim kutadi.
21
Bizning safimizga kiru aslo cho‘chima,
Yor eshigi gardi bo‘lu ammo cho‘chima.
Qo‘zg‘olsa-da qasdingga agar jumla jahon,
Hech narsaga sen qilmayu parvo, cho‘chima.
22
Bir yurtki, butun tuprog‘i anbarsoro,
Tong qotg‘usi ko‘rsa uni Xisrav, Doro.
Yer yuzini uch marta kezib chiqdim men,
Bildim: latifu sharif zamin − Buxoro!
23
Shuhrat noni birla nafs itin shod etma,
Xalq ichra bo‘lar-bo‘lmas o‘zing yod etma.
Kamtar bo‘l − o‘zingni qilayin deb mashhur
Boy berma diningni yana, barbod etma!
24
Yomon kishilarga bo‘lma hech hamsuhbat,
Pok noming ular bulg‘agay aylab g‘iybat.
Har qancha ulug‘ bo‘lsa-da, oftobni qara,
Bir parcha bulut boshiga solgay zulmat.
25
Kim G‘ijduvon kelib ziyorat qilsa,
Jannatga kirar go‘yoki u, gar bilsa!
Tong yo‘q, Rasululloh mozorining bo‘yi
Xojai jahonning mozoridan kelsa!