Abdurauf Fitrat
(1884–1938)
Yigirmanchi asr Sharq ijtimoiy hayoti va madaniyati tarixida Abdurauf Fitratning alohida va mumtoz o‘rni bor. Qatag‘on qurboni bo‘lgan Fitrat yuksak iste’dod sohibigina emas, balki butun umrini xalq saodatiga baxsh etgan komil inson va sobit niyat fuqaro ham edi. Isyonkor shoir, otashin ma’rifatchi va tarixshunos, publitsist va musiqashunos, dramanavis, adabiyotshunos, tilshunos olim, bir so‘z bilan aytganda, keng va serqirra faoliyat sohibi edi.
U “Sayha”, “Uchqun”, “SHe’rlar, doston”, “Mening tunim” kabi she’riy to‘plamlar tartib berdi. “Hind sayyohi”, “Munozara” asarlari bilan zamonaviy nasrimiz rivojiga hissa qo‘shdi. Dramaturg sifatida “Abulfayzxon”, “Temur sag‘anasi”, “Begijon” “Arslon”, “Qon”, “Abu Muslim”, “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”, “O‘g‘uzxon”, “Vose qo‘zg‘oloni”, “To‘lqin” kabi pyesalar yozdi. “Abulfayzxon” fojiasini yaratish bilan o‘zbek tragediyanavisligining asoschisi bo‘ldi.
Uning “Adabiyot qoidalari”, (1926), “O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi” (1927), “Aruz”(1936) kabi tadqiqotlari hamon o‘z ilmiy qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Shunisi e’tirofga arzirliki, ustod S.Ayniy fors-tojik adabiyoti tarixini umumlashtiruvchi “Namunahoi adabiyoti tojik” antalogiyasini tuzgan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat “Eng qadimgi turk adabiyoti” (1927) va “O‘zbek klassik adabiyotidan namunalar” (1928) asarlari bilan shunday sharafli vazifani bajardi.